Tobeinlardan (Tobein — Payg‘ambar (s.a.v.)ni ko‘rmagan, Payg‘ambar (s.a.v.)ning
sahobasini ko‘rgan.) bir jamoa Abu Sinonni (Abu Sinon - Hz. Muhammad s.a.v.ning sahobalaridan.) ziyorat qilgani boradi. Salom berib o‘tirishgandan so‘ng Abu Sinon ularga:
— Bir qo‘shnimiz bor edi. Akasi o‘ldi. Keling, sizlar bilan birga ularnikiga chiqaylik, ta’ziya bildiraylik! —deydi.
Hodisaning bundan bu yog‘ini jamoada bo‘lgan Muhammad ibn Yusuf Firyobiy (Muhammad ibn Yusuf Firyobiy — ilk musnad (asoslari ko‘rsatilgan hadis kitobi) yozgan mualliflardan bir (o‘limi hijriy 212 yil).) dan eshitaylik:
— Abu Sinondan bu so‘zni eshitgan zahoti baravar o‘rnimizdan turdik va aytgan qo‘shnisinikiga chiqib ketdik. Akasi o‘lgan bu odam achchiq-achchiq yig‘lar, faryod ko‘tarardi. Unga tasalli berib, sabr-to‘zim tiladik, lekin u na taskin topar, na sabr qilar edi. Shunda unga:
— Bilmaysanmi, o‘lim haq, u hammamizning boshimizda bor, undan qutulish yo‘q, - dedik.
Dediki:
— Ha, bilaman, o‘lim haq. Men unga yig‘layotganim yo‘q. Akamning kecha-kunduz tortayotgan azobiga yig‘layman.
Biz: «Alloh senga g‘oyibdan xabar berdimi, akang azob tortayotganini qayoqdan bilasan?» - deganimizda, u shularni tushuntirdi:
— Yo‘q, Alloh menga g‘oyibdan xabar bermadi. Lekin akamni dafn etib, qabriga tuproq tortganimizdan va tobutkashlar chiqib ketgandan keyin, men bir oz mozor boshida o‘tirdim. O’shanda akamning mozoridan bir ovoz chiqdi:
— Oh! Meni yolg‘iz qoldirdilar, qiynalib ketdim, - der edi akam. Men ro‘za tutardim, namoz o‘qirdim. Nechun menga bu azoblar?!
Bu so‘zlar meni yig‘latdi. Akamning holini ko‘rish uchun qabrini ochdim. Ko‘rganim nima bo‘ldi deng? Lahadning ichini olov qoplagandi. Akamning bo‘ynida olovdan bir marjon bor edi. Jigarlik qilib, rahm-shafqat bilan qo‘limni uzatdim, bo‘ynidan bu olov marjonni olib tashlamoqchi bo‘ldim. Qo‘llarim, barmoqlarim kuydi (U shunday deb, bizga qo‘lini ko‘rsatdi. Chindan ham qo‘li qop-qora bo‘lib kuygan edi).
Shundan keyin yana qabrga tuproq uyib, akamni qoldirib keldim. Akamning bu holiga men yig‘lamay, kim yig‘lasin, jigar-bag‘rim ezilib ketdi!
U odamdan: «Akang nima ish qilardi? — deb so‘radik. — Qaysi farzlarni ado etmasdi?» Dediki:
— Molining zakotini bermasdi. Biz ham:
— Bu hodisa Allohning:
— Alloh fazlu karami bilan ato qilgan narsalarning zakotini berishga baxillik qilgan kimsalar hargiz bu qilmishlarini o‘zlari uchun yaxshilik deb hisoblamasinlar! Yo‘q, bu qilmishlari o‘zlari uchun yomonlikdir. Baxillik qilib bermagan narsalari qiyomat kunida bo‘yinlariga o‘ralajak! (Barcha jonli-jonsiz narsalar ketar va) osmonlaru yer meros bo‘lib Allohning o‘ziga qolur. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir (Oli Imron surasi,180-oyat.), - degan oyatini tasdiqlaydi, akangning azobi tezlik bilan qabrdayoq boshlanibdi, endi yana qiyomatgacha davom etadi! — dedik.