TAROZI VA SIROT KO’PRIGI
Abu Dovud qayd etadi va Hz. Oyshadan rivoyat qiladi:
— Bir mahal Hz. Oysha yig‘layotgandi. Alloh Rasuli: «Nega yig‘layapsan?» deb so‘radilar. Hz. Oysha: «Jahannamni xotirladimda, shuning uchun yig‘ladim. Qiyomat kuni oila a’zolaringizni esga olasizmi?» dedi. Rasululloh bildirdilarki:
— Uch joyda birov birovni o‘ylay olmaydi:
1. — Amallar tortilayotgan vaqtda, yaxshi amallari yengil yo og‘ir kelishini bilmoqchi bo‘lib turgan chog‘ida;
2. — Amal daftarlari o‘ngga yo so‘lga uchirilayotgan vaqtda, uning daftari o‘ngdanmi, so‘ldanmi yo orqadanmi berilishini bilmoqchi bo‘lib turgan chog‘ida:
3. Sirot ko‘prigidan o‘tilayotgan vaqtda, bundan o‘ta oli-shi yo o‘tolmasligini bilgisi kelib turgan chog‘ida.
Termiziy qayd etadi va Anas ibn Molikdan - Alloh undan rozi bo‘lsin - rivoyat qiladi:
— Alloh Rasuli (s.a.v.)dan, qiyomat kuni menga shafoat qilishini iltimos qildim. «Inshoolloh, shafoat qilaman!» dedilar. Men: «Sizni qaerdan topaman?» dedim. «Meni dastavval Sirot oldidan qidir!» deb buyurdilar. Men: «U yerdan topolmasam-chi?» dedim. «Amallar tortiladigan tarozi atrofidan qidir!» deb buyurdilar. Men: «Tarozi atrofida ham topolmasam-chi!» deb so‘radim. Rasul (s.a.v.) buyurdilar:
— Kavsar hovuzi yonidan qidir! Men albatta shu uch joydan birida bo‘laman!..
Hakim qayd etadi:
— Qiyomat kuni bir Tarozi quriladi. Bu Tarozi bilan butun Osmonlar va Yer tortilsa ham bo‘laveradi.
Malaklar deydilarki:
- Ey Rabbimiz, bu kim uchun quriladi?
Alloh buyuradi:
— Yaratganlarimdan tilagan narsalarim uchun!..
Malaklar derlar:
— Seni tanzih etamiz, Rabbimiz, biz Senga bandalik vazifamizni chindan ham o‘tay olmadik!
Muslim qayd etadi va Ummu Mubashshar Ansoriya(ansoriy sahoba ayollardan.
Payg‘ambarimiz s.a.v. ul muhtaramaning xurmozor bog‘ida mehmon bo‘lganlar)dan — Alloh undan rozi bo‘lsin — rivoyat qiladi:
- Rasululloh (s.a.v.)dan eshitganman. Hafsa(Rasulullohning zavjalari. Hz. Umarning qizi)ning — Alloh undan rozi bo‘lsin — yonida shunday degan edilar:
- Inshoolloh, daraxt tagida bay’at qilganlar (qasamyod qilganlar) jahannamga tushmaydi!
Hafsa — Alloh undan rozi bo‘lsin — «Ha, ey Allohning Rasuli!» dedi. Rasululloh (s.a.v.) uning so‘zini kesdilar. Lekin Hafsa:
«Sizlardan har biringiz unga (jahannamga) tushguvchidirsiz» (Maryam surasi, 71-oyat) mazmunidagi oyatni o‘qidi. Rasululloh (s.a.v.) esa uning bilan ketma-ket:
«So‘ng taqvodor bo‘lgan zotlarni (undan, ya’ni jahannamdan) qutqarurmiz va zolim kimsalarni tiz cho‘kkan hollarida (jahannamda) qoldirurmiz» (Maryam surasi, 72-oyat) mazmunidagi oyatni o‘qidilar.