Xuddi shunday ilmiy kitoblar ham uni miskinliqdan chiqara olmaydi. Faqat kitoblarga ega odamga fitr sadaqa berish lozim bo‘lmaydi. Kitobning hukmi kiyim va jihozning hukmidek. Chunki u bunga muhtojdir. Lekin kitobga bo‘lgan qat’iy ehtiyojni aniqlashda ehtiyot bo‘lish lozim. Kitobga uchta maqsad bilan muhtoj bo‘linadi: ta’lim berish; istifoda etish; mutolaa bilan zavqlanish. Zavqlanish ehtiyojiga e’tibor yo‘qdir. Bunga she’riy kitoblar, voqealar tarixi va shunga o‘xshash oxiratda naf bermaydigan va dunyoda faqat zavqlanish, odatlanish o‘rnida yuradigan kitoblarni yig‘ish misol bo‘ladi. Bular kafforat va fitr zakoti uchun sotiladi. Miskinlik nomidan mahrum qiladi. Ta’lim berish ehtiyoji kasb uchun bo‘lsa, tikuvchi va boshqa hunarmandlarning anjomlari singari fitr sadaqani berish uchun sotilmaydi. Bunga haq evaziga odob beruvchi, muallim va mudarris misol bo‘ladi. Chunki bu kishilarning kitoblari asbob-anjomlaridir. Agar u farzi kifoyani barpo qilish uchun dars bersa, kitoblari sotilmaydi, undan miskin nomi olinmaydi. Chunki bu juda muhim ehtiyojdir. Ammo kitobdan istifoda etish va o‘rganish ehtiyoji bo‘lsa, bu o‘zini muolaja etish uchun tib kitoblari, ibrat olish uchun va’z kitoblarini yiqqanga o‘xshash. Agar shaharda tabib va voiz bo‘lsa, bu kitoblar hojatsizdir. Agar bo‘lishmasa, ehtiyoj bordir. Keyingi masala: kitob mutolaasiga bir muddat o‘tgandan so‘ng muhtoj bo‘linadi. Bunda ana shu muddatni aniqlab olish lozim bo‘ladi. Aytishga eng ma’quli bir yil ichida muhtoj bo‘linmagani - hojatsizidir. Agar bunda kunlik ozuqasidan biror narsa ortsa, fitr sadaqa lozim bo‘ladi. Ozuqa kunlik hisoblansa, uy jihozi va badan kiyimi yillik bilan belgilanishi lozim. Yozgi kiyim qishda sotilmaydi. Kitoblar esa kiyim sababidan pullanmaydi. Jihoz ham shunga o‘xshash. Kishida bir kitobdan ikki nusxa bo‘lishi va biriga hojat bo‘lmasligi mumkin. Agar u: «Kitoblardan biri sahih, boshqasi esa chiroyli. Men ikkoviga ham muhtojman», desa, aytamizki: «Sahihi bilan kifoyalan, chiroylisini sot. Zavqlanish va dabdabani qo‘y!» Agar bir ilm to‘g‘risida ikki nusxa topilib, biri keng, ikkinchisi qisqa bo‘lsa, agar maqsadi undan istifoda etish bo‘lsa, keng berilgani bilan kifoyalansin. Agar qasdi dars berish bo‘lsa, ikkoviga ham ehtiyoji bo‘ladi. Zero, bularning har birida boshqasida yo‘q foyda mavjud. Bu ko‘rinishlarning misollari sanoqsizdir. Fiqh fanida bunga to‘xtalinmaydi. Bizning to‘xtalishimiz esa baloi om bo‘lgani va bu qarashning boshqasidan yaxshi ekaniga tanbeh etish uchundir. Bu ko‘rinishlarni chuqur tadqiq etish imkonsizdir. Zero, uy jihozi xususidagi bunday qarashda uning miqdori, adadi va naviga, badan kiyimi va hovli xususida esa uning kengligiga va torligiga o‘tiladi. Bu ishlarda esa chegaralangan hudud yo‘qdir. Lekin faqih bunda o‘z ra’yi bilan ijtihod qiladi. Hududlarni aniqlashni ra’yiga nisbatan yaqinlashtiradi. Bundan shubhalanish xatarini parchalabtashlaydi. Taqvodor bunda ehtiyotni ushlaydi va shubhalanganini qo‘yib, qanoat hosil qilganini oladi. Bir-biriga ravshan muqobil taraflar o‘rtasida shakllangan o‘rta darajalar ko‘pdir. Bundan faqat ehtiyot bilangina najot topiladi