* * *
Uyning atrofini o‘rab olganlar hanuz Rasulullohni (s.a.v.) uyda deb bilishar, bunga shubha qilishmas edi. Zo‘r hayajon bilan tong otishini kutishardi. Uyga kechasi xujum qilishdan ularni qaytargan narsa, bir insonni uyida o‘ldirish o‘ta chirkin ish deb hisoblanishi edi.
Qolaversa, shoshishning zarurati yo‘q. Qush bo‘lsada, uchirmaslikka bel bog‘lab kelishgan edi ular bu yerga. Yillar davomida alangalanib kelgan intiqom o‘tini shu tariqa o‘chirishmoqchi edi. Axir baribir ushbu eshikdan chiqadi, boshqa iloji yo‘q. O’sha damda bu gala bo‘rondek yopiriladi, bor kuchini ishga solib, unga xujum qiladi, shu tariqa o‘n yildan beri har qanday qarshilikka qaramay yuritib kelingan da’voga barham beriladi...
Abu Jahl qilichini siypaladi.
— Seni mana shu kun uchun saqlab keldim, buni o‘zing juda yaxshi bilasan, — dedi.
Yigitlardan biri gap qotdi:
— Sening yordamingsizoq o‘zimiz uning masalasini hal etsakchi?
Abu Jahl «bo‘lmaydi» demoqchidek boshini saraksarak qildi:
— Uni qirq bo‘lakka parchalasangiz ham, bu qilich o‘z vazifasini biladi.
— Muhammadga seningchalik adovat hissini tuygan boshqa bir odamni ko‘rmadik, yo Abul Hakam!
— Ishonching komil bo‘lsin, bundan keyin ham aslo ko‘rmaysan.
Xo‘rozning qichqirig‘i Abu Jahlning yuzida vahshiyona bir sevinch alomatlarini uyg‘otdi. Bir burchakda kutib turgan Umayya og‘irvazmin qadamlar bilan unga yaqinlashdi.
— Turaqol endi, xo‘rozlar qichqirdi, — dedi.
— Ha, endi uning so‘nggi uyg‘onishi bo‘ladi bugun... Ubay ibn Xalaf qattiq ovoz berdi:
— Hey Muhammad, tur endi, qolgan uyquni u dunyoda davom ettirasan!..
Bu tongni u alohida hayajon bilan kutdi. Bu tong qilinadigan hujumda Muhammadning o‘ldirilishi xov birda o‘zi haqida imzolangan o‘lim farmonining bekor qilinishi demak edi. Payg‘ambarimizning bir paytlar, «Sen meni emas, men seni o‘ldiraman» deganlarini hech unuta olmagan, qachon Rasulullohning nomlarini eshitsa, «u seni o‘ldirajak» degan bir ovoz eshitilayotganday bo‘lar edi.
U ham bu muazzam zafar nashidasidan bahramand bo‘lish uchun kelgan, ammo ichichidan tinchlik bermayotgan bir tuyg‘u uni bir oz chekkaroqdan turib tomosha qilishga majbur etgan edi. Har holda, agar u ham jon achchig‘ida qarshilik ko‘rsatishga uriiib, bu qarshilik asnosida tasodifan Ubayni o‘ldirib qo‘yishi hech gap emas edida.
Hayajon qanchalik zo‘r bo‘lsa xam, vaqt har doimgiday o‘z maromida o‘tar edi. Ketmaket eshitilayotgan xo‘rozlarning ovozlari quloqlarni teshib yuborguday bo‘ldi. Yer yuzi sekinasta yorisha boshladi, shafaq ortida tug‘ilayotgan quyoshni kutib olish tantanasi boshlangan edi go‘yo.
— Tezroq chiqaqol endi, quyosh, sabrkosamiz to‘layozdiku.
— Tashvishlanma, albatta chiqadi... Chiqadi va... — So‘zlarini davom ettira olmadi. Ichkaridan allaqanday sharpa tovushlari kela boshladi. Qo‘llar qilichlarning sopiga yopishdi. Bir ozdan so‘ng eshik ochilib... Ali ibn Abu Tolib ko‘rindi.
Abu Jahl oldinga otildi:
— Hoy, sen kimsan, bir ko‘rayin?!
— Nima, meni tanimayapsanmi?
— Ollohning qahriga uchragur, seni juda yaxshi taniyman, ammo u qaerda?..
— Kim u?
— Amakingning o‘g‘li... Muhammad ibn Abdulloh.
— Bu yerda yo‘q...
— Yolg‘on gapirma, ey Ali, nima, bizni laqma deb o‘ylayapsanmi?
— Ishonmasang, tekshirib ko‘r.
Abu Jahl ichkariga qaradi. Chindan ham yo‘q edi. Mushriklar telba bo‘lib qolayozdilar.
Asablar buzildi.
Uning shu uyga kirib ketgani ham, qaytib chiqmagani ham, ayni choqda, uyda yo‘qligi ham xaq edi. Vo ajabo...
— Shu uyga kirganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Manot haqqi, ko‘rdim.
— Kecha kechqurun gapirganini eshitmagan bo‘lsam, otamning boshi itlarga yem bo‘lsin!
Oqshomdan beri hayajon bilan, vahshiy bir orzu bilan qilingan hisob-kitoblar behuda ketgan edi. Alining yoqasiga yopishishdi.
— Qani, gapir, qaerga ketdi?
— Kecha kechqurun chiqib ketgan.
— Yolg‘on gapirma. Kechadan beri shu yerdamiz.
Yana tekshirib ko‘rildi. Yana qidirildi, ammo barcha urinishlar zoe ketdi. Shu payt kimdir telbanamo bakirdi:
— Tezroq Abu Bakrni qo‘lga olish kerak!
Darxaqiqat, Payg‘ambar (s.a.v.), ularning nazarida,
Abu Bakr bilan birga bo‘lishi mumkin edi. Hammalari o‘sha yoqqa shoshilishdi. Eshikni Asmo ochdi.
— Otang qaerda?
— Bilmayman,
Darg‘azab Abu Jahl o‘zini tutolmay, Asmoning yuziga bir tarsaki tushirdi. Bu tarsaki Asmoning qulog‘ini yirtib yubordi, ziragi ham qayoqqadir uchib ketdi.
Zirak hali borib yerga tushmasidanoq ma’naviyat olamida bu voqea qayd etib qo‘yildi. Asmoning daftarida ushbu tarsaki bilan bog‘liq alohida bir sharaf sahifasi ochildi. Chunki bu shunchaki bir tarsaki emas edi. Ollohning eng suyukli bandasini Ollohning eng ashaddiy dushmanlarining biridan mudofaa etish yo‘lida to‘sqinlik qilgani uchun tushirilgan edi bu tarsaki... Uning mukofotini bevosita Janobi Haq o‘zi berajak, Asmoni mamnun etajak.
Kelganlar telbavoriy odimlar bilan u yerdan ham chiqib ketishdi.