Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (2-kitob). Oydinliklar sari  ( 145376 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 29 B


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:21:21

* * *
«O’ligini yo tirigini keltirganga yuz tuya...» deya katta mukofotning qo‘yilishi hijrat hodisasining har majlisu yig‘inlarda gapirilishiga sabab bo‘lgan, har yerda har kim bu yo‘lchilardan bahs etar, so‘z qabiladan qabilaga o‘tib, to Yasribga qadar yetib kelgan edi.
Hisob-kitob qilindi, necha kunda Yasribga kirib kelishlari taxmin etildi. Tongning ilk soatlaridan e’tiboran yo‘llar ko‘zlanadigan bo‘ldi. Kattakichik juda ko‘p odam soatlarcha yo‘lga boqdi. Tush issig‘i qiziguncha nigohlar ufqlarda kezdi. Ko‘zlar toliqdi, ammo kutilayotganlardan darak bo‘lmadi.
Tushki istirohatga chekilishdi. Chunki bu issikda na yo‘l yurib, na ularni poylab bo‘lar edi. Ehtimol asr sarinligi cho‘ksa, kelib qolarlar, deyishdi.
Oqshomga qadar juda ko‘p insonlarning ko‘zi yo‘llar kezdi, qotdi.
Bu orada Sultoni Zishon (s.a.v.) janobimiz «Omiym» degan joyga yetib keldilar. Shu yerda yetmishga yakin odamlari bilan birlikda Burayda ibn Husayn Nabiyyi akram (s.a.v.) janobimizni uchratdi. Bir muddat suhbatlashdilar. Hazrati payg‘ambarimiz unga Islom dinini anglatdilar va musulmon bo‘lishga taklif qildilar.
Burayda hamrohlari bilan birga musulmon bo‘ldi.
Makkada yillarcha davom etgan mujodalada qo‘lga kiritilmagan buyuk bir natijaga bu yerda tezgina erishilgan edi.
Hayvonlarining oz sut berayotganidan shikoyat qilgan edi, Rasulullohdan barakat duosini oldi. Olamlar Sarvaridan Maryam surasining ba’zi oyatlarini o‘rgandi. Boshidagi matoni nayzaning uchiga bog‘lab, «Shaharga bayroqsiz kirishingiz uyg‘un bo‘lmaydi», deya Janobimizni kuzatib qoldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:21:57

YASRIBDA MUJDA SASLARI

Yasribliklarning hisob-kitobi aslida to‘g‘ri bo‘lgan edi. Makkadan chiqqan odam jiddiy bir yo‘l bossa, Yasribga falon muddatda yetib keladi, degan taxminida xato qilmagan edi. Faqat, ular e’tiborga olmagan jihat — Janobi payg‘ambarimizning (s.a.v.) uch kun Savr tog‘idagi g‘orda turib kolishlari edi. Bundan, albatta, yasribliklarning xabari yo‘q edi.
Ikkinchi kun oqshomga qadar cho‘zilgan kutishlar ham yuzlarga bir tabassum keltirmadi.
Uchinchi kun erta soatlardan boshlab uylarning tomlariga chikdilar. Xurmo daraxtlariga tarmashdilar. «Ollohim, rasulingni bizga sog‘salomat qovushtir. Sen har narsaga qodirsan...» duolari Ulug‘ Mavloning dargohiga yuksalaverdi.
Tushki issiq boshlangunga qadar ilk mujda sasini baralla e’lon etish umidida sabrsizlarcha yo‘l qaradilar, qaradilar...
Daqiqalar, soatlar bir-birini quvalardi. Yana kutilayotganlar ko‘rinmadi, yana erkin nafaslar olinmadi. Ko‘zlar yana horg‘in, ko‘ngillar yana mahzun va andishali qoldi.
Imomul anbiyo valmursalin janobimiz esa, Zubayr ibn Avvomdan olgan xabardan so‘ng yurishlarini tezlashtirgan, mo‘minlarni bir on ilgari faraxlantirish, yo‘lini kutayotganlarga bir on ilgari qovushish uchun istirohat muddatlarini ham ozaytirgan edilar.
Kun tikkaga kelib, issiq zabtiga olganda odamlar qaylula uyqusini urish uchun tomlardan tushdi. Bu orada bir yumush ila uyining tomiga chiqqan bir yahudiy olisda kelayotgan oppoq libosli yo‘lchilarni ko‘rib qoldi.
— Mujda, ey Yasrib xalqi, kutgan odamlaringiz kelayotir!.. — deb qichqirdi. Ovozining boricha qichqiraverdi.
Birdan hamma qalqdi. Erkagu xotin, bolayu baqra yana tomlarga, daraxtlarga chikdi. Oq libosga burkangan uch yo‘lchi tobora yaqinlashishar edi.
Shaharga jon kirdi.
— Ollohning rasuli kelayotir!..
— Buyuk Payg‘ambar kelyapti!.. — deya bolalar ham qichqiraqichkira, nash’a ichida irg‘ishlayirg‘ishlay, kattalarning sevinchiga sherik bo‘lishar edi.
Yahudiylar Rasulullohga (s.a.v.) biror zarar yetkazmasin tag‘in, degan andisha yildirim tezligida zehnlarni qopladi. Zudlik bilan qilichlarini tutib, janobi payg‘ambarimizni qarshilash uchun shoshildilar.
Bu sirada Sarvari Olam (s.a.v.) ham issiqning va charchoqning ta’sirila bir xurmo daraxtining soyasida tin olishga to‘xtagan edilar.
Besh yuzga yaqin odam «Ollohu akbar!.. Otlohu akbar!..» deya Rasulullohga peshvoz chikdi.
Bir muddat soyada hordiq chiqargan payg‘ambarimiz Qubo qishlog‘iga keldilar va Kulsum ibn Hidmning uyiga mehmon bo‘ldilar. Hazrati Abu Bakr Hudayb ibn Isof xonadoniga qo‘noq bo‘ldi.
O’sha kecha Qubo xalqi qishloqlariga tongga qadar nur yog‘ilib turganini ko‘rganday bo‘ldi. Hech bo‘lmaganda, Kulsum ibn Hidmning uyi haqiqiy bir jannat bog‘chasiga aylangan edi.
Makkada qolgan insonlarning dushmanlik guyg‘ulari kabi, endi qovushganlari yasribliklarning sevgilari ham o‘lchovga sig‘adigan darajada emasdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:22:34

* * *
Eng og‘ir sharoitlar ostida yuritilgan diniy tablig‘ vazifasi eng so‘ng chora qolmaguncha ham to‘xtatilmagan, jiddiy shaklda hayotlariga suiqasd tayyorlangani ma’lum bo‘lganidan so‘nggina, bu vazifani tashqaridan turib davom ettirish niyatida hijrat qilingan edi.
Yasrib mo‘minlarining, sizni har qanday sharoitda ham o‘zimizni va oila a’zolarimizni qo‘riqlaganday qo‘riqlaymiz, deya so‘z berganlariga qaramay, Rasuli akram (s.a.v.) avval barcha musulmonlarni kuzatib bo‘lgachgina xijrat qilishlari botayotgan kemani eng oxirda tark etadigan Ulug‘ Darg‘a ekanlaridan edi. «Men ketyapman, sizlar orqamdan borarsizlar», tarzida ish tutish u Zoti Sharifning (s.a.v.) xayollariga ham kelmasdi!..
Bu hijrat asnosida istasalar edi, Jabroili amin u kishiga yo‘lboshchi bo‘lishi mumkin edi. Malaklar hech zahmat yetkazmay xohlagan yerlariga eltib qo‘yishardi. Shunday bir istak bo‘lganida, Ulug‘ Mavlo Habibi adibining duosini qaytarmas, orzuini bajo keltirar edi.
Ammo bu zot har turli mashaqqatlarni bo‘yinga olib, shunday tahlikali yo‘lchilikni tanlagan, mushrik bo‘lishiga qaramay, Abdulloh ibn Urayqitni o‘zlariga yo‘lboshlovchi kilib olgan edilar. Bu tutimlarining sababi —har turli g‘ovlarni matonat ila yengib o‘tishni va qiyinchiliklarga chidashni maqsad qilib olganlaridan, har ishni o‘sha ishning bilag‘oniga topshirish yo‘lini zehnlarga jo etish g‘oyasini ko‘zlashlaridan edi.
Ishni bilag‘oniga qildirilishi lozimligini Hazrati Payg‘ambarimiz bu harakatlari bilan anglatmasalar, yana qanday anglatishlari mumkin edi?!.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:22:43

*   * *
Abdulloh ibn Urayqit zimmasiga yuklangan vazifani to‘lato‘kis ado etdi. So‘zida turgan, darhaqiqat, taqdirga loyiq tarzda yo‘lboshlovchilik qilgan bu odamga tashakkur bildirib, haqini ziyoda qilish ham foydadan xoli emasdi.
Chunonchi, uni mamnun etib, kutganidan ham ziyoda haq to‘ladilar.
Suroqa ham Rasulullohga (s.a.v.) bergan va’dasida turdi. Makkaga qaytar ekan, hamon har tomonda zo‘r berib hijratchilarni qidirib yurishganini ko‘rdi.
—   Yo‘l bo‘lsin? — deb so‘raydi.
—   Muhammad bilan uning hamrohlarini topishga, — deb javob qilishadi.
—   Qoyilman sizga. U bu yerdan o‘tadiyu, yuzta tuyani bila turib men o‘zimni ko‘rmaganga olamanmi? Suroqa hali aqldan ozgani yo‘q. Qaytinglar, boshqa yoqdan axtaringlar, yana qo‘ldan chiqazib o‘tirmanglar. Ammo shuni yaxshi bilinglarki, u bu tomonlarga kelguday bo‘lsa, yuzta tuya meniki bo‘ladi!
Mushriklar qaytib ketadilar. Ular boshqalarni qaytaradilar.
Suroqa chindan ham bu yo‘lni berkitgan, yuzta tuya ilinjida ketmaket kelayotgan guruxlarni qaytarish usulini topgan edi.
Rasululloh (s.a.v.) Quboga yetib borgailari haqidagi xabarni eshitgachgina, ko‘ngli xotirjam bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:23:02

*   * *
Suhayb ko‘pdan beri Rasululloh (s.a.v.) bilan birgalikda hijrat qilish orzuida edi. Biroq Buyuk Olloh suyukli payg‘ambarshshng faqat Hazrati Abu Bakr bilan hijrat qilinshni ma’kul ko‘rdi. Shu bois uning bu orzui ushalmay qoldi. Rasululloh (s.a.v.) hatto oila a’zolarini ham o‘zlari bilan birga olib ketmagan edilar.
Rasululloh (s.a.v.) ketganlarini eshitgan zahoti u ham safarga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Endi uni Makkaga bog‘lab turadigan hech narsa qolmagan edi. O’qyoyini, kerakli miqdorda oziqovqatini olib, vaqtni o‘tkazmay yo‘lga tushdi.
Biroq orqasidan eshitilgan dag‘dag‘ali ovoz uni bir oz cho‘chitdi:
— Yo‘l bo‘lsin, ey Suhayb?!
—   Sizlardan qutulmoqchiman... Parvardigorimga erkin toatibodat qilish mumkin bo‘lgan bir joyga ketayotirman.
—   Bu hunaring o‘tmaydi, seni qo‘yib yubormaymiz. Bu yerga qo‘ling bo‘sh kelib, so‘ngra boyiginda, tuz yegan tuzlug‘ishta tuiurib ket ekanda.
—   Men bu yerdan butunlay ketmoqchiman.
—   Biz esa seni hech qayoqqa jo‘natmaymiz.
— Sizlar menga yaqinlashguningizgacha bir nechtangizni yer tishlatib ulguraman. O’q otishda mergan ekanimni yaxshi bilasizlar. Bilmaganlar sinab ko‘rsin. Shundan keyin qilichimni olamanda, bir tomchi qonim qolguncha kurashaman. Istasangiz, marhamat, keling. Ammo insof qilsangiz, boshqa taklifim xam bor.
— Qanaqa taklif ekan u?
— Shu kungacha yiqqan mol-mulkimni beraman. Evaziga meni o‘z holimga qo‘yasiz.
— So‘zlaring jiddiymi, ey Suhayb?
— Menku jiddiy aytyapman, lekin sizlar ham jiddiyat bilan so‘z berishingiz lozim.
—   Gapimiz gap. Taklifishta rozimiz. Orqaga qaytib, Suhaybning uyiga kelishdi.
—   Shu yerni qazinglar.
Darhol qaziy boshlashdi. Ko‘p o‘tmay yuzlarda mamnunlik ifodasi paydo bo‘ldi.
—   Mana, uyimdagi bor davlatim shu. Bundan tashqari, mening nomimdan falon xotinning oldiga borsangiz, ikki xalta omonatim bor, sizlarga beradi. Boshqa gapingiz yo‘qmi?
—   Birgina gapimiz qoldi: istagan joyingga omoneson yetib ol, ey Suhayb. Xudo haqqi, sen so‘zingning ustidan chiqding, biz ham va’damizga xiyonat qilmoqchi emasmiz.
Suhayb Makkani tark etdi. Darhaqiqat, hech kim uni bezovta qilmadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:23:36

* * *
Rasululloh (s.a.v.) ketganlaridan bir necha kun o‘tgach, odamlar Ali ibn Abu Tolibni «Abtox» deb ataluvchi joyda, tepalikda ko‘rdilar.
— Kim amakivachchamga omonat qo‘ygan bo‘lsa, kelib mendan olsin, — derdi u.
Egalari kelib omonatlarini oldilar. Rasulullohning topshiriqlarini bajarib bo‘lgach, Ali ham «Qaydasan, Yasrib» deya darhol yo‘lga tushdi. Kechalari yurib, kunduzlari yashirinar edi.
Rasululloh (s.a.v.) dastlab Kulsum ibn Xddmdan xurmo yoyadigan joyni hadya etishini so‘radilar. Namozgoh qilmoqchi edilar. Kulsum bu taklifdan boshi osmonga yetdi. Nuroniy yuzli payg‘ambarimiz o‘sha yerda namoz o‘qiy boshladilar. Mo‘minlar bilan so‘qqabosh Sa’d ibn Haysamaning uyida uchrashardilar.
Kubo qishlog‘ida masjid qurishga bel bog‘ladilar.
— Menga Xorradan tosh olib kelinglar, — deb bu yurdilar. Mo‘minlar darhol ishga kirishishdi. Bir zumda toshlar uyulib ketdi. Shu asnoda payg‘ambarlar sultoni Muhammad Rasululloh (s.a.v.) masjidning qibla devorini shaxsan o‘zlari chizdilar, so‘ngra qo‘llariga bir toshni olib, ushbu devorning poydevoriga qo‘ydilar.
Hali ham shu qishloqda mehmon edilar. Lekin ilk ish o‘laroq bir ibodatxona qurishni lozim topdilar. Masjid poydevori insoniyat erishishi mumkin bo‘lgan eng ustivor imon ishqi tuyg‘ulari bilan qo‘yildi. Bu masjidning qurilishini rejalashtirgan va uning tamal toshini qo‘ygan inson esa, payg‘ambarlar imomi, ulug‘ Rasululloh (s.a.v.) edilar.
Payg‘ambarimiz yori g‘or birodalariga o‘girildilar:
— Siz ham bir tosh qo‘ying, yo Abu Bakr.
Hazrati Abu Bakr bajonudil rozi bo‘ldilar.
Tosh keltirib, janobi payg‘ambarimiz (s.a.v.) qo‘ygan toshlarining yoniga qo‘ydilar.
— Siz ham bir tosh qo‘ying, yo Umar.
Hazrati Umar ham bir toshni olib Hazrati Abu Bakr toshining yoniga qo‘ydi.
— Yo Usmon, bir tosh qo‘ying.
U ham qo‘ydi.
Shundan keyin Rasululloh (s.a.v.):
— Hamma toshini qo‘ysin, — deb buyurdilar.
Shu yo‘sinda masjidning devorlari Olloh roziligidan boshqa hech narsani umid qilmagan kamsuqum insonlar tomonidan qad ko‘tara boshladi.
Bir necha kun ichidayoq Kubo masjidi qurib bitkazildi. Ulug‘ hidoyat yo‘lining beqiyos yo‘lboshchisi endi namozlarini shu yerda o‘qiy boshladilar.
— Xushxabar, yo Rasululloh, Ali keldi! Payg‘ambarimiz fidokor Alini ko‘zyoshlari bilan kutib oldilar, qattiq quchoqlab, bag‘rilariga bosdilar.
Alining rosa charchagani shundoqqina ko‘rinib turardi. Ammo u ham og‘ir mashaqqatlar endi orqada qolganini his etgan, Ollohning nafakat insoniyat, balki butun koinotga rahmat qilib jo‘natgan Rasuli Zishoni bilan diydor ko‘rishgach, charchog‘ini ham unutgan edi. Holbuki, necha kunlar yayov yurib bosib o‘tilgan yo‘llar uni rosa holdan toydirgan, oyoqlari qavarib, yorilib ketgan edi.
Alining yorilib ketgan oyoqlarini ko‘rib Janobi Payg‘ambarimiz shafqat va marhamat daryosi bo‘lgan qalblaridan otilib chiqqan ko‘zyoshlarini to‘xtata olmadilar. Muborak qo‘llari bilan Alining oyoqlarini siladilar. Ali bu qo‘llarning taftidan yengil tortib, bir zumda og‘riq ham bosildi.
Rasululloh (s.a.v.) chiqib ketganlaridan keyin Makkada sodir bo‘lgan voqealarni birmabir so‘zlab berdi. Omonatlarni egalariga topshirganini bildirdi. So‘ngra endigina musulmonlikni qabul etgan bir beva ayolning mehmoni bo‘ldi.
Shu asnoda Suhayb ibn Sin’on ham yetib keldi. Rasululloh (s.a.v.) bilan diydor ko‘rishdi.
Payg‘ambarimiz uni:
— Juda to‘g‘ri ish tutding, barakali oldisotdi qilding, ey Suhayb! — deya taqdirladilar.
Suhayb bu gapdan ham hayron, ham xursand bo‘lib ketdi.
— Yo Rasululloh. Makkadan chiqqanimdan buyon hech kim mendan oldinga o‘tib ketmadi. Xoynahoy bu xabarni sizga Jabroili amin yetkazgan bo‘lsa kerak, — dedi...
Qisqa vaqt ichida qurib bitkazilgan masjidning ilk imomi Rasulullohning (s.a.v.) shaxsan o‘zlari bo‘ldilar. Bu masjid dunyo turguncha turajak, mo‘minlarning qalbida alohida, muborak, muqaddas o‘rin tutajak edi.
Necha yillardan buyon Yasrib shahrida bir yahudiyning quli sifatida xizmat qilib kelayotgan Salmon bir kuni daraxt ustida xurmo terish bilan band edi. Xo‘jayini daraxtning tagida turardi. Shu asnoda xo‘jayinining bir qarindoshi keldi. Mezbon unga joy ko‘rsatdi.
—   Xafahol ko‘rinasan, — dedi.
—   To‘g‘ri topding.
—   Nima bo‘ldi?
— Makkada payg‘ambarlik da’vosi bilan chiqqan odam Quboga kelganmish. Hozir Avs qabilasi ham, Hazraj qabilasi ham uning atrofida parvona.
Salmon bu so‘zlarni eshitar ekan, hayajondan quloqlarigacha qizarib ketdi. Daraxtdan sakrab pastga tushdi, kelgan odamning yoqasiga yopishdi.
— Nima deding, nima deding? Xudo haqqi, gaplaringni yana bir qaytargin!
Shu zahoti Salmonning orqasiga qamchi tushdi.
— Sening nima ishing bor? Tur, yo‘qol bu yerdan!.. Salmon o‘zini tutib oldi va orqaga chekindi. Oqshom tushgunga qadar o‘tgan soatlar yillarday cho‘zilib ketganga o‘xshardi. Nihoyat ishini tugatib ijozat olgach, bir oz xurmo olib Quboga yo‘l oldi.
Rasulullohni (s.a.v.) topdi, keltirgan xurmolarini oldilariga qo‘ydi.
— Anchamuncha sadaqa berishim kerak edi aslida. Oz bo‘lsa ham, ko‘pday ko‘ring, — dedi.
— Men sadaqa olmayman, — deb javob qildilar Rasululloh (s.a.v.) va Salmon keltirgan xurmolarni do‘stlariga tarqatib berdilar.
Bir muddatdan keyin Salmon izn so‘rab tashqariga chiqar ekan, «bu birinchi», deya ming‘irlab qo‘ydi o‘zicha. Qorong‘u kechada Yasribga yo‘l olar ekan, «yana ikkitasi qoldi», der edi o‘ziga o‘zi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:23:58

YASRIBGA HARAKAT. ILK JUMA NAMOZI

Rivoyat qilinishicha, Rasululloh (s.a.v.) Savr tog‘idagi g‘ordan chiqqanlarida rabiul avval oyining dushanba kuni bo‘lgan. Quboga o‘n ikki kun deganda, ya’ni, o‘n beshinchi rabiul avval kuni yetib kelganlar. U kun juma kuni edi. Quboda o‘n to‘rt kun dam olgach, ayni yigirmato‘qqizinchi rabiul avvalga to‘g‘ri kelgan juma kuni yana otlanib, Yasrib sari yo‘lga chiqqanlar.
Orada to‘rt chaqirimcha masofa bor edi. Atroflarida Makkadan ko‘chib kelgan muhojirlar va Yasribda ularni quchoq ochib kutib olgan ansorlar. Payg‘ambarimiz hijrat safariga chiqish oldidan sotib olgan Qasva ismli tuyalariga mingan edilar. Orqa o‘rkachiga Hazrati Abu Bakrni mingashtirib oldilar.
Salim ibn Avf oilasi maskan tutgan «Rauna» deb ataluvchi joyga yetib kelganlarida vaqt qoq tush edi. Tuyalarini to‘xtatib, pastga tushdilar. Hamma peshin namozini o‘qishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Holbuki, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Islom dinida haftada bir marta ado etiladigan juma namozini o‘qimoqchi edilar.
Dastlab sunnat namozi o‘qildi. Payg‘ambarimiz oyoqqa qalqdilar. Diqqat bilan tikilib turgan sahobalariga qarata ilk juma xitobini qildilar:
— Ey insonlar, sizlarni najotga eltadigan amallarni bajarishda hushyor bo‘ling. Shu narsani yaxshi bilingki, barchalaringiz vaqtisoati kelib foniy dunyodan ko‘z yumasiz, suruvingizni cho‘ponsiz qoldirasiz. So‘ngraqiyomat kuni Rabbimiz sizlarga pardasiz, tarjimonsiz shunday deydi: «Mening rasulim senga kelib dinimni yetkazmadimi? Men senga mol-dunyo berib ehson qilmadimmi? O’zing uchun nimalar qilding?» Shunda bandasi bechora yonatrofga alanglaydi. Qaraydiki, hech kim yo‘q. Oldiga qarasa, jahannamdan o‘zga hech narsa ko‘rinmaydi. Shunday ekan, kuchingiz yetganicha, bir xurmoning yarmini birodaringizga bo‘lishib berish orqali bo‘lsa ham, o‘zingizni do‘zax o‘tidan qutqarishga harakat qiling. Chunki u yerda yaxshi amallar evaziga uning o‘n mislidan yetti yuz misligacha ajr beriladi. Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh...
So‘zlarini tugatib, Muhammad Rasululloh (s.a.v.) o‘tirdilar. Qisqa muddat dam olgach, yana o‘rinlaridan turdilar va quyidagi tarzda gapira boshladilar:
— Hamdu sano Ollohgadir. Unga hamdu sanolar aytaman. Undan yordam so‘rayman. Nafs balosidan, gunohlardan qochib Ollohga sig‘inamiz. Olloh bandasini hidoyatga erishtirsa, hech kim uni yo‘ldan ozdira olmaydi. Jaholat botqog‘iga cho‘ktirganini esa, hech kim qutqara
olmaydi. Men guvohlik beramanki, Ollohdan o‘zga hech bir iloh, ma’bud yo‘qdir. Yolg‘izdir, sherigi yo‘qdir. Eng go‘zal kalom Olloh taoloning muqaddas kitobidir. Olloh kimning yuragini ushbu kitobi bilan ziynatlantirsa, kufrdan qutqarib Islom diniga kirgizsa va u Ollohning kitobini bandalarining so‘zlaridan ustun qo‘ysa, salomatga, saodatga erishibdi demakdir. Chunki u so‘zlarning eng go‘zali, eng ta’sirchanidir... Olloh sevgan narsani seving. Olloh taoloni chin yurakdan, butun borlig‘ingiz bilan seving. Ollohning kalomidan, uni zikr etishdan zerikmang. Qalbingiz nafsingizga asir tushmasin. Chunki Qur’on Ollohning yaratgan narsalaridan tanlangani va saralanganini ifoda etadi. Olloh taolo kitobida amallarning eng xayrlisi, itoatning eng qadrlisi, so‘zlarning eng ta’sirchanini bayon etib, insonlarga yetgan turlituman rizqlarning harom va haloli unda belgilangandir. Shunday ekan, Ollohga toatibodatlaringizni davom ettiring, unga hech narsani sherik qilmang, uni jondilingiz bilan seving. Tillaringiz so‘zlagan chiroyli so‘zlaringizni amalda tasdiqlab, Ollohga sadoqat ko‘rsating. Yuragingizni Ollohning roziligiga uyg‘un sevgi tuyg‘usi bilan to‘lg‘azing. Hech shubha qilmangki, Olloh taolo amrining buzilishidan g‘azabga keladi. Salom bo‘lsin sizlarga, ey do‘stlarim.
So‘ngra Rasululloh (s.a.v.) imomlik qildilar, ikki rakat namoz o‘qidilar. Kecha namozlaridagiday, baland ovozda o‘qidilar.
Shu zayl ilk juma namozi o‘qildi. Islom dini vujudga kelganidan buyon o‘tgan yillar ichida ilk bor ulkan bir jamoat, hech bir xavfxatarsiz, tashvishsiz namoz o‘qidi.
Namoz o‘kib bo‘lingach, Ulug‘ Yo‘lovchi yana tuyaga mindilar. Yori g‘orlarini yana orqaga mingashtirdilar. Ikkala tomonlari mo‘minlar bilan qurshalgan holda Yasrib sari yo‘l oldilar.
Payg‘ambarimiz Qasvaning jilovini qo‘yib yuborgan edilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:24:11

Yo‘llar, uylarning tomlari odamlarga to‘lib ketgan. Erkagu ayol, kattayu kichik, bolabaqra — hamma xursand.
Bolalar:
— Rasululloh keldilar!.. Ollohning payg‘ambari kelyaptilar!.. — deb tinmay baqirib-chaqirar edilar.
Yosh qizlar: «Tola’ albadru ‘alayna min saniyatil vado’...» deb boshlanadigan baytlarini qo‘shiq qilib kuyladilar:
Vado’ tepaliklari uzra (o‘n to‘rt kunlik) oy ko‘rindi.
Ollohga da’vat etuvchi paydo bo‘lgach,
bizga ham shukr qilish vazifasi tushdi.
Ey Ollohning rasuli, sen bizning oramizga yuksak
bir din bilan kelding,
Keldingu bizlarga sharaf berding...

— Ey Ollohning rasuli, uyimizga marhamat qiling!.. Sizga xizmat qilishni sharaf deb bilguvchi bir oilaning mehmoni bo‘lmaysizmi?..
O’ta samimiylik bilan qilingan bu taklifga Rasululloh (s.a.v.) qanday javob bera olardilar?..
Har birining ko‘ngli samimiyat va sevgiga to‘liq insonlarni qanday rad etadilar? Qanday qilib ularga: «Yo‘q, sizlarnikiga kirishni istamayman», deya olardilar? Binobarin ularning ko‘ngillarini ranjitmaslik uchun tuyalarining jilovini qo‘yib yubordilar. Qaerga qo‘nish masalasini xal qilishni ilohiy dargoh ixtiyoriga topshirdilar.
Yo‘l o‘rtasida turib, tuyaning jiloviga osilib:
— Yo Rasululloh, mana bizning uyimiz, ichkariga marhamat qiling, bizni bu sharafdan mahrum etmang!.. — deya yoshli ko‘zlar bilan yolvorgan insonlarning dillarini og‘ritib bo‘larmidi?
Har gal ularga: «Tuyani o‘z holiga qo‘yinglar. U o‘ziga buyurilganini bajaradi...» deb javob berardilar.
Tuya jimgina yo‘lida davom etar, chapga, o‘ngga qarayqaray ilgarilar edi.
Nihoyat Najjor o‘g‘illarining uylariga yaqinlashishdi. Tuya keyinchalik Nabiyyi akram masjid qurdirgan, bugun qad rostlab turgan ochiq joyga yetganida cho‘kdi.
Rasululloh (s.a.v.) tuyadan tushmadilar. Tuya turdi, bir oz oldinga yurib yana orqaga qaytdi va haligi joyga cho‘qdi. Bo‘ynini cho‘zib, bo‘kira boshladi. Shundagina:
— Inshaolloh, manzilimiz shu joydir, — deya tuyadan tushdilar payg‘ambarimiz (s.a.v.).
Atroflarida amrlarini kutib turgan odamlarga o‘girildilar:
— Bu yerga eng yaqin uy kimniki? — deb so‘radilar.
Abu Ayyub Xolid ibn Zayd otilib chiqdi:
— Mening uyim, yo Rasululloh, mana, shundoqqina oldimizda.
Shundan keyin xotini bilan birgalikda tuyaning ustidagi yukni, egarjabduqni tushirdilar va aziz mehmonlarni uylariga boshlab kirdilar.
Sultoni anbiyo payg‘ambarimiz Bani Najjor qizlarining «Biz Bani Najjor qizlarimiz. Muhammad bizga qo‘shni bo‘lganidan baxtiyormiz», deya o‘qigan she’rlarini tinglab, Abu Ayyubning uyiga kirdilar.
Abu Ayyub Ollohning rasulini mehmon qilish sharafiga muyassar bo‘lganidan g‘oyat xursand edi. U ham boshqa musulmonlar kabi ushbu sharaf toji uning boshiga kiygizilishini orzu etgan edi. Qubo qishlog‘idan shu yergacha jilovi qo‘yib yuborilgan holda og‘irog‘ir qadam bosib kelgan tuya har bir uy oldidan o‘tar ekan, hayajoni kuchaygan, nihoyat uning uyi oldidan o‘tayotganida:
— Ollohim, endi to‘xtat bu tuyani!.. — deyishdan o‘zini tiya olmagan edi.
Ammo bu voqelikdan nafaqat Abu Ayyub va Ummu Ayyub, balki butun Najjor o‘g‘illari, butun madinalik musulmonlar xursand bo‘ldilar.
Rasululloh (s.a.v.) har uyga birdaniga mehmon bo‘lolmasdilar, albatta. Shu bois bu masalani hal etishni Buyuk Ollohga havola qilgan edilar. Har narsaga qodir bo‘lgan Ollohga ishonishdan o‘zga baxt bormidi mo‘minlar uchun!
Ko‘chalarda xamon «Rasululloh keldilar!.. Ollohning ulug‘ payg‘ambari shahrimizga fayz kiritdi!..» degan ovozlar eshitilib turardi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:24:36

HIJRAT YURTIDA ZAFARLAR

Atrofni o‘rab olgan xushbo‘y vahiy quchogi,
Malaklar ila birga Jabroil kelgan chogi,
Ta’sis bo‘ldi u yerda buyuk irfon o‘chogi,
Bir yonda shonli Badr, bir yonda Uhud togi,
Qarorgohi Nabiydir Madinaning tuprogi.
Ko‘ngil u yerda topur shifoni har dardiga,
U yerdan yo‘l topilur Rabbimning jannatiga.
Ming salom, ming tahiyya u shaharning ahliga.
Xohlang «Yasrib» deysizmi, xohlang, go‘zal «Madina»,
Tanlagandir yurtp deya Habibi adibiga.
Nur gulidir sahrosi, nurdir yashil qubbasi,
Malaklarga o‘rnakdir ham Xazraj, hamda Avsi.
Abu Bakri, Umari, Zaynabi va Oyishasi...
Bir o‘lkaki, masjidi — go‘zal jannatp bogchasi.
O’sha yerdan yuksaldi jahonga azon sasi.


* * *
Madinaning Bani Najjor mahallasidagi boloxonali muborak uy...
Uning boshqa uylardan farqli bir ahamiyat qozonishi mumkinligi shu kungacha hech kimning tushiga ham kirmagan edi. Hatto xonadon sohibi Abu Ayyub Xolid ibn Zaydning o‘zi ham necha soatlar avval bu uyda farishtalar Nabiylar Sultoni payg‘ambarimizni (s.a.v.) kutib olish shodiyonasiga tayyorgarlik ko‘rganlarini xayoliga keltirmagan. Bu xonadonda Ollohning eng oxirgi va eng buyuk payg‘ambari mehmon bo‘ladi. Uning bu yerda to‘xtashini, bu yerda qo‘nim topishini, bir qaraganda, uy sohibi Abu Ayyub istadi, ammo xaqiqatda buyuk Olloh taqdir etgan edi...
* Eskidan «Yasrib» deb atalib kelgan bu shaxar Hazrati Rasululloqga (s.a.v.) ikkinchi vatan bo‘larkan, o‘sha kunlardan beri «Payg‘ambar shaxri» ma’nosida «Madinatun Nabaviyya» kiskacha «Madina» deb atala boshlandi. (Muxarrir izohi.)
Boshini ko‘targan holda bir o‘ngga, bir chapga burib ilgarilayotgan tuya bu xonadonning ostonasiga o‘z xohishi bilan cho‘kmagan edi. Zero, Nabiylar sarvari bu tuya xususida: «Unga tegmanglar, u ma’lum bir vazifaga ma’murdir», deb ta’riflaganlar. Binobarin, belgilangan joydan bir qadam ham u yeqbu yoqqa o‘tib ketishi imkonsiz edi. Butun dunyo birlashsa ham, uni shu cho‘kkan joyidan boshqa bir yerga cho‘ktirolmasdi.
Boshiga baxt qushi qo‘nganini ko‘rib, ko‘zlari sevinch yoshlariga to‘lgan Abu Ayyub tushda ham ko‘rilmaydigan bir tolening o‘ziga nasib etganini nihoyat his eta boshladi. Payg‘ambarimizga:
—   Ey Rasululloh, siz lutfan yuqoriga chiqing, men ayolim bilan pastda turaqolamiz, — dedi.
—   Ey Abu Ayyub, bizga va bizni ko‘rgani kelganlarga qulayroq yer pastki qavatdir...
E’tirozga o‘rin qolmadi. Eru xotin shu kecha Rasululloh (s.a.v.) joylashgan xonaning ustida qanday yotib uxlashlarini tasavvur etdilar. Xonaning bir burchagiga qisilib yotishdan boshqa chora yo‘q edi. Ammo ish shu bilan bitmadi. Obdasta ag‘darildi. Darhol yopinchiq ko‘rpalarini suv ustiga tashladilar. Pastga chakka o‘tish xavfi takapukalarini chiqarayozgan edi. Hech kimga nasib bo‘lmagan saodat bu kecha ularga nasib etgan, endi qo‘ldan kelgancha xurmat va ikrom ko‘rsatish lozim bo‘lgan bir paytda, tepalaridan chakka o‘tkazib yuborilsa... Axir, Nabiylar sarvari o‘sha zahoti uyquga tolgan bo‘lsalarda, yo‘l charchog‘i hali ketmagan edi.
Uyda yopinadigan boshqa hech narsa yo‘q edi.
Abu Ayyub bilan xotini shu kecha necha bor uyg‘ondi. Har uyg‘onganida «Rasululloh (s.a.v.) pastimizda yotibdilar, biz bo‘lsak, u kishining ustlarida bemalol dam olib yotibmiz», degan xijolatli tuyg‘u hech tinchlik bermasdi.
Tong otgach, Rasulullohga (s.a.v.) yana yuqoriga chiqishni taklif etishdi. Rasuli akram (s.a.v.) yana ayni javobni berdilar. Bu kez Abu Ayyub odob, imon va vijdon azobidan sizib chiqqan bir ifoda bilan:
— Siz pastda qolarkansiz, biz yuqoriga chiqa olmaymiz, ey Rasululloh — dedi. Bu samimiy ifodalar o‘rinlar almashishi uchun go‘zal bir vosita bo‘ldi.
Nonushta qilindi. Quyosh bir mikdor ko‘tarildi. Bani Najjor oilalaridan yoshyosh qizlar daf (childirma) chalib, bir ovozdan:
«Najjor qizlarimiz biz, ne baxt, ne saodat! Qo‘shni bo‘ldilar bizga payshmbar Muhammad (s.a.v.)», baytini o‘qiy boshlashdi. Nabiyyi akram (s.a.v.) tashqariga chiqdilar, kulimsiragan holda:
—   Sizlar meni yaxshi ko‘rasizlarmi? — deya so‘radilar.
—   Ha, ey Ollohning rasuli, yaxshi ko‘ramiz, — degan javoblar yangradi.
—   Ollohga qasam, men ham sizlarni yaxshi ko‘raman. Vallohi, sizlarni sevaman. Olloh shohid, ko‘nglim sizlar bilandir, — dedilar Sarvari Olam (s.a.v.) to‘lqinlanib.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Yanvar 2009, 04:24:51

*   * *
Rasululloh (s.a.v.) ziyoratga kelganlar bilan ko‘rishdilar. Madinani aylangani ko‘chaga chiqdilar. O’rin bo‘ldi deguncha do‘stlariga Islom dinining ahkomidan og‘iz ochardilar.
Bu orada yahudiy olimlarining kattalaridan Abdulloh ibn Salom ham Rasulullohning suhbatlarini eshitib qoldi.
— Ey insonlar, oralaringizda salomni va salomlashishni yo‘lga qo‘ying. Mehmonlaringizga ikrom ko‘rsating. Qarindosh-urug‘ingizga hurmat bilan muomala qiling. Hamma uyquga ketsa, siz Ollohga ibodat qiling, salomatlik ila jannatga kirgaysiz! — der edilar u zot.
So‘zi go‘zal, dilbar, nutqi viqorli bir shaxsiyat edilar. Abdulloh u yerdan ketar ekan, ichida tipirchilagan bir tuyg‘u tilga kirdi: «Bu chehraning egasi yolg‘onchi bo‘lolmaydi».

*   * *
O’sha kecha Xuyayy va Abu Yasir ismli ikki yahudiy akauka, uylariga so‘lg‘in bir holda qaytishdi. Boshlari egik, qo‘llari tolg‘in, iyaklari osilib ketgan. Go‘yo dahshatli bir narsa ro‘y bergandek yo biror noxush xabar olgandek yoki haqoratlangandek.
Xuyayyning qizi Safiyya har oqshom otasini yo‘ldayoq qarshilar, quchog‘iga otilar edi. Bu oqshom ham uzoqdan ko‘riboq chopqillab keldi, ammo otasi go‘yo hech narsa ko‘rmaganday yonidan o‘tib ketdi.
Ichkari kirishdi. Sassizsadosiz o‘tirishdi. Vaqt xiyla o‘tdi, lekin ko‘zlaridagi so‘lg‘inlik o‘zgarmadi. Nihoyat, Abu Yasir tilga kirdi. Boshini ko‘tarmasdan, yerdan ko‘zini uzmay, so‘z boshladi:
—   Seningcha, o‘sha odam haqiqatan shumikan? Xuyayy g‘amgin, kin aralash ohangda javob qildi:
—   Aslo shubham yo‘q, mutlaqo o‘sha...
—   Ya’ni, uni tanidinga, aminmisan shunga?
—   Ha.
—   Xo‘sh, endi nima qilish kerak deb o‘ylaysan? Biror fikring bormi?..
—   Dushmanlik va kin, — dedi Xuyayy. — To o‘lgunimcha, o‘ligim bilan mozorga kirgunimcha kin va dushmanlik qilaman...
Shu yerda gapi uzildi.
Safiyya ham bu gaplarni eshitdi, lekin hech narsa anglamadi. O’lgunicha dushmanlik qilinadigan odam kim edi? Uning gunohi ne? Otasiga, amakisiga yoki oila a’zolariga nima yomonlik qilgan u?
«Kim bu odam, otajon? Bizga nima yomonlik qildi?» — Safiyyaning ko‘zlarida shu savollar yozilgan edi. Bu ko‘zlar bir oz so‘ngra amakisiga ham tikildi, ammo javob topmadi. Otasidan, amakisidan sado chiqmadi. Qani qovoqlari ochilsa. Aksincha, tishlari g‘ichirlar, hamon huzursiz bir holatda edilar. Safiyya bu vaziyatda biron javob olish imkoni yo‘qligini angladi.

Qayd etilgan