ASHOBI KAHF
«Kahf (g‘or) sahobalari» deb ataluvchi dovyurak yigitlar o‘z davrlarida butga sig‘inishni rad etib, bu yo‘lda butparst bir podshohga qarshi fidoyilarcha bosh ko‘targanlar. Ular yettisakkiz nafar bo‘lib, o‘zlariga yetkazilgan zulmlarga qaramay, imonlarida mustahkam qolgan edilar. Bir ilojini topib, zolim podshohning zindonidan qochishga muvaffaq bo‘ldilar. Oxirida bir g‘orga yetib keldilar. Ta’qibdan qutulishlariga va jonlarini saqlab qolishlariga bois bo‘lgan bu g‘or ichida Janobi Haqqa yolvordilar: «Ey Rabbimiz, bizga o‘z tomoningdan bir rahmat ehson qil, og‘irimizni yengil etib, ishlarimizni o‘ngidan keltir», deb duo o‘qidilar. Juda ham holdan toygan edilar, bir zumda g‘orning bir devoriga suyanib, uyquga ketdilar. Ortdan qolmay yetib kelgan kuchuklari ham g‘orning og‘ziga cho‘zilib, oyoqlarini uzatdi.
Qattiq uyquga toldilar. Kunlar, haftalar... oylar... yillar... Ketmaket asrlar o‘tdi. Quyosh nurlari ertalab g‘orning bir tomoniga, peshindan keyin narigi tomoniga tushar, uxlayotganlar ba’zan chapga, ba’zan o‘ngga o‘girilib yotar edilar. Yuzlaridan hech kim ularni uzoq zamonlardan beri uxlab yotibdi demasdi. Asrlar bo‘yi davom etgan bu uyqu ularning tashqi qiyofalarini zarracha o‘zgartirmadi. Na sochsoqollari o‘sdi, na vujudlarida bir chirish, aynish hodisasi ro‘y berdi. Hatto tirnoqlari ham o‘smadi.
Oradan uch yuz yil o‘tdi. Yigitlar uyg‘ondilar. Uyquga to‘ygan, toza miriqib damlarini olgan edilar.
— Birodarlar, rosa uxlabmiza? Nazarimda, bir necha kun uxlagandayman.
— Yo‘g‘e, atigi bir kechayu bir kunduz uxlagan bo‘lsak kerak.
Ba’zilari bu fikrga ham qo‘shilmadi.
— Menimcha, undan ham kamroq uxladik.
— Qancha uxlaganimiz yolg‘iz Ollohga ayon. Darhaqiqat, Ollohdan o‘zga hech kim ular qancha vaqt uxlaganlarini bilmas edi. Bila olmas ham edi. Ularga ayon va aniq bo‘lgan narsa miriqib uxlaganlariyu endi rosa ochiqqanlari edi.
— Bittamiz borib non va oziqovqat olib kelaylik, — deyishdi.
Boradigan kishi hech kim bilan ortiqcha gaplashmaydi, nihoyatda nozik muomala qiladi, pinhona boribpinhona keladi, deya maslahat qilindi. Va oralaridan bittasi yo‘lga tushdi. Shaharni aylandi, yonatrofni kuzatdi. G’alati bir o‘zgarish yuz bergandek. Ikki kecha oldingi shaharga sira ham o‘xshamasdi. Bundan tashqari, shahar ahli ham butunlay begona, bironta tanish kishi uchramadi. Ammo bu narsalarga u ortiqcha qiziqmasligi, bular bilan mashg‘ul bo‘lmasligi kerak edi. Podshohning odamlari ko‘rib qolsa bormi, oqibati yaxshi bo‘lmasdi.
Non sotib olish uchun bir nonvoyxonaga kirdi. Qo‘l uzatib, non berishini so‘radi. Biroq sotuvchi non berish o‘rniga tikilib qoldi.
— Qaerdan olding bu pulni? — deb so‘radi qiziqsinib.
— Qaerdan olardim, o‘zimning pulim.
—Ammo, o‘g‘lim, bu pullar necha yuz yillardan beri ishlatilmaydiku? Bu bir necha yuz yil oldin yashagan ajdodlarimizning puli. Hatto bobom ham bu pulni ishlatgan emas.
— Otajon, meni mazax qilmang.
— Mazax qilayotganim yo‘q, bolam. Biroq bu pul bugun bu shaharda o‘tmaydi.
— Juda g‘aroyibku? Axir, biz kuni kecha ham shu pullarni ishlatib yuruvdik.
Gapso‘z ko‘payishi mumkin edi. Pulini qaytarib oldida, boshqa nonvoyxonaga bordi. U yerda ham ayni shu muomalani ko‘rdi. Lekin masala shu bilan hal bo‘lmadi. Bir zumda odamlar to‘planib, uning atrofini o‘rab oldilar, tushunarsiz savollar bera boshladilar:
— Mana, bizning pulimiz! — deb ko‘rsatdilar chindan ham ular boshqacha pul edi.
Nihoyat, ulardan biri:
— Bu pul uch yuz yil oldin yashab o‘tgan Daqyonus ismli bir podshohning davrida muomalada bo‘lgan, —deb qoldi.
Yigit quloqlariga ishonmas, uning ko‘z o‘ngida bir-biridan g‘aroyib hodisalar ustmaust qatlanar edi.
«Kimsiz? Qaerdan keddingiz, qaysi podshohning o‘lkasidansiz? Kasbingiz nima?» kabi savollar qalashib ketdi. Eng yaxshisi — tezroq shahardan chiqib ketish edi. Ulardan qutulib, g‘orga tomon yo‘l oldi. Izidan shaharliklar ta’qib qilib kela boshladilar. Yigit ulardan burunroq do‘stlarining qoshiga yetib bordi. G’aroyib hodisalarni hikoya qilib berdi.
Orqadan ta’qib qilib kelgan kishilar o‘sha g‘orni topganlarida, ichkarida yettisakkiz nafar cho‘zilib yotgan jasadni topdilar. Tekshirib ko‘rdilar: hammasining o‘lgani aniq edi. Bu g‘ariblarning kimlar ekanini aniqlay olmadilar. Shu bois «Ashobi Kahf» — «G’or do‘stlari» deb nom berdilar.
Keyinroq ustlariga qabr yasadilar.