Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 239720 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 69 B


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:34:25

Sayohat va izlanishlari

Imom At-Termiziy 20 yoshga yetganlarida Xuroson shayxlaridan Ishoq ibn Rohvayh Marvaziy va boshqalardan ilm o‘rgandilar, so‘ng 25-26 yoshlarida Iroqqa (Basraga) borib, u yerdagi allomalardan dars oldilar. Undan so‘ng Hijozga ketdilar. Lekin manba’larda ul zotning Bag‘dodga, Misrga va Shomga borganlari haqida xabar keltirilmagan. Bunga o‘sha vaqtda bu yurt-lardagi notinchlik sabab bo‘lgan, degan fikr bor.
Bu sayohatlari ko‘p yillar davom etdi, imom Termiziy Termizga 250 hijriy (864 m.) yildagina qaytib keldilar, bunga qaraganda, taxminan 20 yil davomida o‘zga yurtlarda hadislarni o‘rganib, yig‘ib yurganlar. Imom Buxoriy bilan Nishopurda (250 hijriy yil) uchrashib, ko‘p hadislar xususida muzokaralar olib borganlari haqida ma’lumotlar bor. Shundan so‘ng «Al-jomi’-as-sahih» («Sunani Termiziy») kitoblarini yoza boshlaganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:34:44

Ustozlari va shogirdlari

Termiziy oldingi imomlarning ko‘plari bilan ko‘rishganlar va ulardan bahramand bo‘lganlar. Termiziy davri - hijriy 3 asr, hadis ilmlarida buyuk yuksalish bo‘lgan davr edi. Kutubi sitta - olti eng mashhur hadis kitobi muallifi bo‘lgan imomlar, ya’ni olti eng ulug‘ muhaddis ana shu oltin davrda yashab kamol topdilar. U zotlarning tavallud va vafot yillari quyidagicha:
1.   Muhammad ibn Ismoil Abu Abdulloh Al-Buxoriy - hijriy 194-256.
2.   Muslim ibn Hajjoj Al-Qushayriy Abul Husayn - hijriy 204-261.
3. Abu Iso Muhammad at-Termiziy - hijriy 209-279.
4. Abu    Dovud     Sulaymon    ibn    Al-Ash’as    As-Sajistoniy - hijriy 202-275.
5. Ahmad ibn Shuayb Abu Abdurrahmon An-Nasoiy -   hijriy 215-303.
6. Ibn Moja Muhammad ibn Yazid ibn Moja Abu Abdulloh - hijriy 209-273.
Ushbu olti imomdan oltovlarining ham rivoyatlarida ishtirok etgan shayxlar quyidagilar:
- Muhammad ibn Bashshar Bundor -  hijriy   167-252.
-   Muhammad ibn Al-Musanna Abu Muso - hijriy167-252.
-   Ziyod ibn Yahyo Al-Hassoniy - hijriy 254 yilda vafot etgan.
-   Abbos ibn Abdulazim Al-Anbariy - hijriy 246 yili vafot etgan.
-   Abu Sa’id Al-Ashaj Abdulloh ibn Sa’id Al-Kindiy - hijriy 257 yili vafot etdi.
-   Abu Hafs Amr ibn Ali Al-Fallos - hijriy 160-249.
-   Yaqub ibn Ibrohim Ad-Darakiy - hijriy  166-252.
-   Muhammad ibn Ma’mar Al-Qaysiy Al-Bohroniy - hijriy 256 yilda vafot etgan.
-   Nasr ibn Ali Al-Jahdamiy - hijriy 250 yilda vafot etgan.
Imom Termiziy bu shayxlardan ko‘ra oldinroq o‘tgan shayxlarni ham ko‘rganlar va ushbu «Sunan» kitobida ulardan hadis rivoyat qilganlar. Usha shayxlardan ba’zilari quyidagilardir:
-   Abdulloh ibn Muoviya Al-Jumahiy - hijriy 243 yili yuz yoshida vafot etdi.
-   Ali ibn Xujr Al-Marvaziy - hijriy 244 yily yuz yoshga yaqinlashganda vafot etgan.
-   Suvayd  ibn  Nasr  ibn  Suvayd  Al-Marvaziy  - hijriy 241 yilda 91 yoshda vafot etgan.
-   Qutayba  ibn   Sa’id   As-Saqofiy  Abu   Rajo - hijriy 150-242.
-   Muhammad ibn Abdulmalik ibn Abushshavorib - hijriy 244 yilda vafot etgan.
-   Ibrohim ibn Abdulloh ibn Xotam Al-Haraviy - hijriy 178-244
-   Ismoil   ibn   Muso   Al-Fazoriy   As-Suddiy - hijriy 245 yilda vafot etgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:35:07

Termiziy yana boshqalardan, Imom Al-Buxoriy shayxlarining ko‘pidan ham hadis rivoyat qilganlar, U kishi   asosan   Imom   Al-Buxoriyning  shogirdi   bo‘lib, ijozatlari o‘sha kishidandir. Hadis ilmini u zotdan oldilar va u zotning qo‘llarida kamol topdilar. U kishida o‘qib, u kishidan bahra topdilar. Hadis ilmiga taalluqli ba’zi ishlarda ustoz bilan munozara qildilar. Ustozlar bilan qay bir o‘rinda muvofaqat qiladilar va qay bir o‘rinda muxolafat qiladilar. O’sha davr olimlarida bu xususiyat bor edi. Taqlidni tan olmas edilar. Taqliddan qochish va har qayda hamisha Haqqa, haqiqatga tobe’ bo‘lish ularning odatlari edi.
Masalan, Termiziy ushbu «Sunan» kitobining 17-hadisida roviylar ixtilof qilayotganini ko‘rib, «Men o‘zim Abdulloh ibn Abdurrahmondan so‘radim: «Bu hadisda Abu Ishoqdan qilingan rivoyatlarning qaysi "biri sahihroq?» desam, hech qanday hukm bildirmadi. Buni Muhammad (Buxoriy)dan so‘radim, u ham biror hukm bildirmadi», deydilar. Ya’ni ikki imom ham rivoyatlardan birontasini ustun qo‘ymaydilar. Keyin Imom Buxoriy rivoyatlardan bittasini tanlab, «Al-Jomi’...» kitobiga kiritganlarini Termiziy bayon etadilar. Lekin Termiziy bu fikrga taqlid qilmasdan, o‘z dalillariga tayanib, boshqa rivoyatni afzal ko‘rib, kitobga kiritadilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:35:40

Abu Iso Muhammad Termiziyning o‘lkalarni kezganlari, Xuroson, Iroq, Hijoz olimlarini tinglaganlari «At-tahzib» kitobida bayon etilgan. Misrning avvalgi shariat qozisi Ahmad Muhammad Shokir: «Termiziy Bag‘dod shahriga borgan, deb taxmin qilmayman. Chunki, Bag‘dodga kirgan bo‘lsa edi, muhaddislarning ulug‘i va peshqadami sanalmish Ahmad ibn Muhammad ibn Hanbaldan (164-241) hadis eshitgan bo‘lardi va Hofiz Abu Bakr Al-Xatiyb «Tarix-ul-Bag‘dod» kitobida bu hakda yozgan bo‘lardi», deydi.
Termiziydan hadis rivoyat qilgan kishilar ko‘p. «Tazkirat-ul-huffoz» («Hofizlar yodnomasi») va «At-tahzib» kitoblarida bulardan ayrimlari zikr qilingan.
Al-Mahbubiy, Termiziydan hadis rivoyat qilgan zotlarning eng birinchilaridandir. Ibnul-Imod bu zot haqida bunday deydi: «Abul-Abbos Al-Mahbubiy; Muhammad ibn Ahmad ibn Mahbub Al-Marvaziy, Marv o‘lkasiniig muhaddisi, shayxi va raisidir. 346-hijriy yilning Ramazon oyida 97 yoshida vafot etdi. «Sunani Termiziy» kitobining muallifidan (ya’ni Termiziy hazratlaridan) hadislar rivoyat qilgan zotdir»(«Shuzurot-uz-zahab»: 2/373.)

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:35:59

Termiziyning shaxsi va asari haqida ulamolarning fikrlari

Ulug‘ ustoz imom Buxoriy o‘z shogirdi imom Termiziyni alqab, kamtarinlik bilan: «Sen mendan bahra topganingdan ko‘ra men sendan ko‘proq bahra topdim», deydi. Bu Termiziyga berilgan juda katta baho edi. («Al-Mirqot», 1-jild, 22-bet).
Hofiz Abul-Fazl Muhammad ibn Tohir Al-Makdisiy, Hasan ibn Ahmad Abu Muhammad As-Samarqandiydan, Abu Bishr Abdulloh ibn Muhammad ibn Amrdan, Hofiz Abu Sa’id Abdurrahmon ibn Muhammad Al-Idrisiydan naql etib, bunday deydi: «Hofiz va a’mo (ko‘zi ojiz) Muhammad ibn Iso ibn Savra At-Termiziy - hadis ilmida iqtido etiladigan (ergashiladigan) imomlardan biridur. «Al-Jomi’» («Sunani Termiziy»), «At-tavorix» va «Al-hol» kitoblarini olim va diroyatli (aql-idrok va tajribali) bir inson sifatida qalamga olgan. Hofizasi (xotirasi) kuchliligi jihatdan o‘rnak qilib ko‘rsatilar edi»(«Majmuat-u favoida(i) hadisiyya».Qadim qo‘lyozma asarlardan.)
Sam’oniy «Al-ansob» kitobida Termiziyni bunday tavsif etadi: «Munoqashasiz u o‘z asrining imomi bo‘lib, turli tasniflar sohibidir». Ibn Halqon ham u zotni «Hadis ilmida iqtido etiladigan imomlardan biridir», deb tavsiflaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:36:37

Alloma Toshko‘prulizoda, «Miftoh-us-sa’oda» kitobida bunday deydi: «Ulamolarning hofiz va a’lamlaridan biri edi. Fiqhda qimmatli asarlari bor. Hadisni, imomlardan tashkil topgan bir jamoatdan egalladi. Birinchi tabaqa shayxlarini ko‘rmoqqa muyassar bo‘ldi»
Ibnul Imod Al-Hanbaliy «Shuzurot-uz-zahab» kitobida «Aqronlaridan (yoshdosh) yaqinlaridan ustun, hifz (xotira) va itqon (ustivorlik va mustahkamlik) bobida bir mo‘‘jiza edi», deydi.
Al-Hokim Abu Ahmad, o‘z ustozlaridan bittasi Termiziy haqlarida bunday deganini bayon etgan: «Muhammad ibn Ismoil Al-Buxoriy vafot etganlarida Xurosonda edim. U kishining ortidan ilm, hifz, vara’ va zuhd bobida Abu Iso (Termiziy)dek boshqa bir zot qolmadi. Termiziy, yig‘layverganidan ko‘zlaridan judo bo‘lib qoldi va bir necha yillar amo (ko‘rmas) holatda yashadi».
«At-tahzib» kshpobida Hofiz Yusuf ibn Ahmad Al-Bagdodiy, Termiziy. haqlarida bunday deydi: «Termiziy umrlarining oxiriga borib ko‘zdan qoldi».
Bu o‘rinda ulamoning Termiziy haqlaridagi ta’rif va tavsiflaridan faqat bir qisminigina bayon etdik. Endi Termiziyning kitobi borasidagi fikr-mulohazalardan ham bir qadar so‘z yuritaylik.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:38:20

Termiziyning «Sunan» kitobi haqidagi fikrlar

Ibnul-Asiyr o‘z «Tarix»ida bundai deydi: «(Termiziy) imom va hofiz edi. Bebaho asarlar tortiq qildi. «Al-jomi’ ul-kabir» («Katta to‘plam», ya’ni «Sunani Termiziy») bu asarlarning eng mukammalidir».
«Kashf-uz-Zunnun» kitobida «Sunani Termiziy» asari borasida bunday deyiladi: «Bu hadis bobida tasnif etilgan kutubi sitta (olti ulug‘ kitob)ning uchinchisidir. Bu kitob «Al-jomi’-as-sahih» («Ishonarli to‘plam») deyiladi, shuningdek «Sunan» ham deb ataladi. Ammo birinchi nomi ko‘proq qo‘llanadi».
Hofiz Abul-Fazl Al-Maqdisiy aytadi: «Hirotda imom Abu Ismoil Al-Ansoriydan eshitdim. U o‘z majlisida, Termiziy va uning kitobi borasida so‘z ketganida bunday dedi: «Mening uchun uning (Termiziyning) kitobi Buxoriy va Muslim kitoblaridan ko‘ra foydaliroq. Chunki Buxoriy va Muslimdan faqat mutaxassis olimlargina istifoda etadi. Termiziydan esa har kim foydalanishi mumkin».
Alloma Toshko‘prulizoda Termiziyning tarjimai holi haqida bunday deydi: «(Termiziy) hadis ilmida ko‘pgina asarlar takdim etdi. Uning ushbu «Al-jomi’-as-sahih» kitobi bu asarlar orasida foydasi eng ko‘p, tartibi eng ixcham, takrori eng oz kitobdir. Unda boshqa hadis kitoblarida uchramaydigan xususiyatlar bor. Mazhablar va istidlol (dalil keltirish) jihatlari e’tiborga olingan; sahih, hasan va g‘arib deb hadis turlari aniq belgilangan. Bu kitobda jarh va ta’dilga o‘rin ajratilgan; kitob oxirida illatlarga doir maxsus bir bob ilova qilingan. Xullas, bu kitobda ulkan foydalar jamlangandir. Kitobni mutolaa qilgan kishilar bunga tan beradilar». (Jarh yoki jurh va ta’dil - nuqson va taqqos jihatlari, roviyning qiyofasi, biror sifati, aybi yoki fazilati, ishonchli yoki ishonchsiz ekanligi haqidagi fikrlardir).

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:38:30

Hofiz Abul-Fazl Al-Makdisiy, Termiziyning kitobini o‘ta tanqidiy nazar bilan tadqiq etganidan keyin, bunday deydi: «Abu Iso (Termiziy)ning kitobida to‘rt qism hadislar o‘rin olgan;
a) sahih ekanligi qat’iyan qabul qilingan hadislar qismi; bu qismdan Buxoriy va Muslimga muvofaqat qilingan hadislar o‘rin olgan;
b)   uchlik shartiga asoslangan hadislar qismi; (uchlik: Abu Dovud, An-Nasoiy va Ibn Moja nazarda tutilgan.) Bu qismdagi hadislar toliy (ikkinchi) darajadadir;
v)   ziddiyat qismi, bu qismdagi hadislarning illatlari ochilgan va bu borada qattiq talabchanlik namoyon qilingan;
g) bu to‘rtinchi qism hadislar borasida (Termiziy) «Ushbu kitobimda faqatgina faqihlar (olimlar) amal qilgan hadislarni taxrij qildim» deydi. Bu shartning hududi keng. Shu asosga tayanib, Termiziy, bir olim kishi hujjat sifatida qabul qilgan yoki kerak bo‘lganda amal qilgan hadisni uning sanadi   xoh  sahih  bo‘lsin,   xoh  bo‘lmasin,  lekin   o‘zi haqida so‘z yuritilishiga imkon qoldirmaganini kuzatamiz. Ya’ni taxrij etilgan har bir hadis haqida kerakli izohni berib, ko‘ngillarni xotirjam qiladi».
Termiziyning o‘zlari  o‘z  kitobi  haqida  bunday deydilar: «Ushbu kitobni tasnif qilganimdan keyin, uni Hijoz, Iroq va Xuroson ulamolariga taqdim etdim. Ular rozilik bildirib, qabul qildilar. Kimning uyida bu kitobdan bo‘lsa, o‘sha xonadonda xuddi Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam gapirayotgandek bo‘lur...»

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:39:02

Termiziyning boshqa asarlari

Olimlar, Imom Termiziy turli asarlar tortiq etganlarini ta’kidlashadi. Ularning fikriga ko‘ra, u zotning asarlari quyidagilardir:
1.   «Al-Jomi’-as-sahih»      (Ishonarli      to‘plam, ya’ni «Sunani Termiziy»).
2.   «Ash-shamoil» («Shamoili Muhammadiya»).
3.   «Al-Hol»
4.   «At-tarix»
5.   «Az-zuhd»
6. «Al-asmo’ va al-kuno» («Ismlar va kun’yalar»)
Termiziyning boshqa asarlari ham bo‘lishi mumkin. Bunda zikr qilingan kitoblarni ayrim manba’larga tayanib bayon etdik.(Ahmad Muhammad Shokirning Termiziy  kitobiga yozgan «Muqaddima» sidan olindi. 90-sahifa.)

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:39:20

«Sunani Termiziy» kitobida hadis martabalarining belgilanishi

«Sunani Termiziy» kitobida hadislarning darajalarini belgilashda ikki ibora qo‘llangan. Noaniq va mubham qolmasin deb bu ikki iborani muhtaram o‘quvchiga tushuntirib o‘tmog‘imiz lozim:
birinchisi - «Bu hadis hasan-sahih» degan ibora;
ikkinchisi - «Bu hadis hasan-sahih-g‘arib» degan ibora.
Termiziy ayrim hadislarni «hasan-sahih» yoki «hasan-g‘arib» deb, yoki «sahih-g‘arib» va yoxud «hasan-sahih-g‘arib» deb ataydilar. Lekin bu birikmalarni ta’riflamaydilar. Masalan, bir hadisni faqatgina «sahih» deb yoki «g‘arib» deb ataganlarida, buning ta’rifini keltirmaganlar. Balki bular hadischilar nazdida tushunarli bo‘lgani uchun ta’rifni lozim ko‘rmagandirlar. Ammo ajabki, faqatgina «hasan»ning ta’rifini keltiradilar. Bu noma’lum bir ifoda yoki yangi bir istiloh bo‘lgani uchun ta’rifga ehtiyoj his etgan bo‘lsalar kerak, degan fikrdamiz.
Hadisni uch qismga bo‘lish Termiziyning ijodi ekanligini yuqorida ta’kidlagan edik. Termiziydan oldingi muhaddislarning asarlarida «hasan» iborasiga duch kelgan bo‘lsakda, ammo hadisni «hasan, sahih va zaif» deb uch qismga bo‘lgan va «hasan» iborasini ilk marotaba ilmiy istiloh sifatida qo‘llagan zot Termiziyning o‘zlaridir.

Qayd etilgan