96. Sofvan ibn Assal (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; u dedi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizga, safarda bo‘lgan chog‘imizda, uch kecha-kunduz mahsilarimizni yechmaslikni, illo junub bo‘lgandagina yechishni, lekin katta qazoi hojat, peshob qilish va uxlaganlik tufayli yechmaslikni amr qildilar».
Bu hadis hasan-sahih.
Al-Hakam ibn Utayba va Hammod bu hadisni Ibrohim Al-Nahoiydan, Abu Abdulloh Al-Jabaliydan, Xuzayma ibn Sobitdan rivoyat qilishdiki, bu rivoyat sahih emas. Ali ibn Al-Madaniy aytadiki, Yahyo ibn Sa’id, Shu’badan naql etib, bunday deydi: «Abu Abdulloh Al-Jabaliydan Ibrohim An-Nahoiy mash hadisini eshitmagan».
Zoida Mansurdan naqlan bunday deydi: «Ibrohim At-Taymiyning hujrasida edik, Ibrohim An-Nahoiy ham biz bilan birga edi. Ibrohim At-Taymiy bizga mash hadisini Amr ibn Maymundan, Abu Abdulloh Al-Jabaliydan, Xuzayma ibn Sobitdan, Ra-sululloh sallallohu alayhi va sallamdan naql etdi».
Muhammad ibn Ismoil (Al-Buxoriy) aytadiki, «Sofvan ibn Assal Al-Murodiyning hadisi bu bobda rivoyat qilingan hadislarning eng chiroylisidir».
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan, tobi’iyndan ilm odamlarining ko‘plari va keyingilaridan Sufyon As-Savriy, Ibnul-Muborak, Shofi’iy, Ahmad va Ishoq kabi fiqh ahlining qavli ushbudir: «Muqim kishi bir kecha-kunduz, musofir kishi esa uch kun, ya’ni uch kecha-kunduz mahsilariga mash tortishlari mumkin».
Ilm ahlidan ba’zilari, mash tortish uchun vaqt belgilanmaganligini rivoyat qilishadi. Molik ibn Anasning qavli ham shunday. Ammo tavqid (vaqt belgilangani) sahihroqdir.
Imomi Molik va Lays fikricha, mahsilarga mash tortishning muayayan bir muddati yo‘q. Poklangan holda mahsisini kiygan kishi, xoh safari bo‘lsin, xoh muqim bo‘lsin, (uch kun va bir kun orasida) istagan muddatgacha mahsilariga mash tortishi mumkin. Hazrati Umar ibn Al-Xattob, Uqba ibn Omir, Abdulloh ibn Umar va Hasan Al-Basriy ham shu fikrda ekanliklari rivoyat qilingan. (Shavqoniy).
Bu hadis Osimning rivoyatidan boshqa vajhdan ham Sofvan ibn Assaldan rivoyat qilingan.