82-BOB
MAVZU: UYQUDAN UYG’ONIB, (ETAGIDA) NAM KO’RMOQ VA IHTILOM BO’LGANINI (UYQUSIDA BULG’ANGANINI) ESLAY OLMASLIK
113. Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; aytdilar: Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan, (etagida) nam topgan, ammo ihtilom bo‘lganini eslay olmagan kishi haqida savol so‘raldi. «G’usl qiladi», dedilar. Va yana ihtilom bo‘lganini payqagan, ammo (etagida) nam topmagan kishi haqida so‘raldi. «Unda g‘usl qilmaydi», dedilar. Ummu Salama dediki, «Yo Rasululloh! Agar ayol kishi ham ihtilom bo‘lib qolsa, g‘usl lozimmi?» «Ha, - dedilar, - chunki ayollar (yaratilish va tabiatda) erkaklarga o‘xshashdir».
Bu hadisni, ya’ni Oisha (roziyallohu anho)ning «nam topgan, ammo ihtilom bo‘lganini eslay olmagan kishi» haqidagi hadisini yolg‘iz Abdulloh ibn Umar, Ubaydulloh ibn Umardan rivoyat qildi. Lekin Yahyo ibn Sa’id, Abdulloh ibn Umarni hadis bobida xotirasi jihatdan zaif deb biladi.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va tobi’iyndan bo‘lgan ko‘pgina ilm ahlining qavli budir: uyqudan uyg‘onganda, etagida nam topgan kishi yuvinadi (g‘usl qiladi). Sufyon As-Savriy va Ahmadning qavli ham shudir.
Tobi’iyndan bo‘lgan ba’zi ilm kishilari bunday deydi: Agar nam nutfa (maniy) nami bo‘lsa, g‘usl lozim bo‘ladi, Shofi’iy va Ishoq shunda to‘xtamdalar.
Ihtimol bo‘lganini payqasa-yu, lekin etagida namlik topmasa, ilm ahlining hukmiga ko‘ra, g‘usl lozim bo‘lmaydi.