119-BOB
MAVZU: PESHIN NAMOZINI JAZIRAMA KUNLARDA TA’XIR QILIB (KECHIKTIRIB, YA’NI SALQIN TUSHMOG’INI KUTIB) O’QIMOQ
157. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Kun qattiq qizib ketganda peshin namozini salqin tushirib o‘qingizlar. Chunki jazirama issiqning shiddati jahannam nafasidandir».
Hadisda tush paytidagi jazirama jahannam harorati tufayli ekanligi bildirilmoqda. Buni haqiqat deb aytganlar bor, shuningdek tush paytidagi jazirama jahannam oloviga o‘xshatilgan, majoziy bir ta’bir, deb uqtirganlar ham bor. «Al-urf-ush-shaziyy» muallifi bu borada aynan bunday deydi: «Bu o‘rinda aqliy bir savol chiqadi: Haroratning kuchayishi va pasayishi, dunyomizning quyoshga bo‘lgan yaqinligi va uzoqligi bilan mutanosib ekanligi tajriba bilan sobit bo‘lgan ekan, jaziramaning shiddati jahannam harorati yoyilishi tufaylidir, deb qanday aytib bo‘ladi?!» Muallif o‘z savoliga bunday deb javob beradi: «Ashyoning (narsalarning) zohir sabablari bo‘lganidek, tag‘in botin sabablari bor. Shariat, tabiat hodisalarining faqatgina botin sabablarini izohlaydi; zohir sabablarini ham inkor qilmaydi». Bu javob, zohir sabablar bilan botin sabablar o‘rtasida tafovut bo‘lmagan taqdirda, to‘g‘ri. Lekin shariat hukmi bilan eski va yangi falsafiy nazariyalar o‘rtasida tafovut bo‘lsa, bordi-yu bu nazariyalar ilman va tajriba bilan sobit bo‘lgan yaqiyn darajada bo‘lmasa, unda zaruratan shariat hukmini olmoq kerak. Agar yaqin darajada bo‘lsa, unda shariat hukmi kelishuvni (mutanosiblikni) ta’minlaydigan tarzda ta’vil qilinadi.
Shuni aloqida ta’kidlamoq kerakki, ilman va tajriba bilan sobit bo‘lgan tabiat haqiqatlari bilan bu haqiqatlarga doir shariat fikr-qarashi o‘rtasida ziddiyat yo‘q va bo‘lmaydi ham. Chunki tabiat Allohning yaratgan narsasi va hukm ham Allohning hukmidir. Alloh taolo O’zi yaratgan narsa haqida yanglish hukm berguvchi emas. Mabodo, biror ziddiyat yoki tafovut kuzatilsa, bu faqatgina biz bandalarning tushunchalarimizga oiddir.
Bu bobda Abu Sa’id, Abu Zarr, Ibn Umar, Al-Mug‘iyra, Savfon, Abu Muso, Ibn Abbos va Anas (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
(Hazrati) Umar (roziyallohu anhu) orqali Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan ushbu bobda bitta hadis rivoyat qilingan; (ammo) sahih emas.
Abu Hurayraning hadisi hasan-sahih.
Ilm ahlidan ba’zilari, jazirama kunlarda peshin namozini ta’xir qilmoq (kechiktirmoq) jihatini tarjih etadilar (ustun ko‘radilar). Ibnul-Muborak, Ahmad va Ishoqning qavli shudir. Shofi’iy aytadiki, «Peshin namozini salqin tushguncha ta’xir etmoq (andak kechiktirmoq) faqatgina jamoati uzoq joydan keladigan masjid uchundir. Ammo yakka o‘zi yoki o‘z nohiyasi masjidida namoz o‘qiydigan kishilar uchun jazirama issiqlarda ham peshin namozini ta’xir qilmaslik, menimcha, ma’qulroq».
Jazirama issiq kunlarida peshin namozini ta’xir etmoq (andak keyinroq o‘qimoq) kerak, deb aytganlarning holati avlo va sunnatga ittibo’ qilmoqqa (ergashmoqqa) yanada yaqinroqdir. Shofi’iy ruxsati, uzokdan kelganlar uchun va mashaqqat chekish sababi bilandir, degan qavliga kelsak, Abu Zarrning hadisida Shofi’iyning bu ijtihodiga muxolif (qarshi) bo‘lgan bir ma’no bor. Abu Zarr (roziyallohu anhu) aytadiki: «Bir galgi safarda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bilan birga edik. Bilol peshinga azon aytdi. Shunda Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Yo Bilol! Salqinlatgil! Yaxshigina salqinlatgil!» dedilar. Agar masala Shofi’iy aytganidek bo‘lsa edi, peshin namozini salqin tushguniga qadar ta’xir etmoqliqda ma’no qolmas edi. Chunki hammalari bir joyda edilar va namozga kelmoq uchun uzoq masofani bosib o‘tmoqka ehtiyoj yo‘q edi.