129-BOB
MAVZU: IMOM TA’XIR ETGAN TAQDIRDA NAMOZNI VAQTLI O’QIB OLMOQ
176. Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Yo Abo Zarr! Mendan keyin shunday amirlar (boshliqlar) keladiki, namozni o‘ldirishadi. Sen namozlarni vaqtida o‘qigil! Agar vaqtida o‘qilsa, (ular bilan qayta o‘qiganing) senga nafl bo‘ladi. Agar vaqtida o‘qilmasa, sen albatta o‘z namozingni saqlab qolgan bo‘lasan».
An-Navaviyning fikricha, hadisning ma’nosi bunday: «Bu amirlar namozni muxtor bo‘lgan vaqtidan ta’xir etib, kechiktirishlarini ahvollaridan fahmlaysan va o‘z namozingni vaqtning avvalida o‘qib olasan. Keyin ular namozni muxtor bo‘lgan vaqtida o‘qishsa, ular bilan birga qayta o‘qiysan va nafl namozi savobini qo‘lga kiritasan. Mabodo muxtor bo‘lgan vaqtida o‘qishmasa, yana ham kechiktirishsa, sen o‘z namozingni o‘qib olgan va ihroz etgan (saqlab qolgan) bo‘lasan». Bu hadis, agar bir vaqt namozi ikki marta o‘qilsa, birinchisi farz va ikkinchisi nafl bo‘lishiga dalolat qiladi. Shuningdek, bu hadis, imom namozni kechiktirgan xaqtsirda, ma’mun (himoya ostidagi kishi) o‘z namozini vaqtining avvalida o‘qib olishiga izn beradi. Shunday qilib, avvalgi vaqtning fazilatiga erishadi, keyin jamoat bilan ham o‘qisa, jamoat savobini oladi.
Bu bobda Abdulloh ibn Mas’ud va Uboda ibn As-Somit (roziyallohu anhumo)dan hadis rivoyat qilingan.
Abu Zarrning hadisi hasan. Ilm ahllaridan bittadan ko‘p kishining qavli ushbudir: Imom namozni ta’xir etgan taqdirda, kishi o‘z namozini vaqtida o‘qib olishini va keyin imom bilan birga qayta o‘qishini mustahab deb biladilar. Bunday holatda farz bo‘ladigan namoz, ilm ahllarining ko‘pchiligi nazdida, birinchi namozdir.
Abu Imron Al-Javniyning ismi - Abdumalik ibn Habib.