Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 294544 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 69 B


AbdulAziz  17 Dekabr 2008, 09:18:49

130-BOB
MAVZU: UXLAB QOLIB NAMOZNI O’TKAZIB YUBORMOQ


177. Abu Qatoda (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; u dedi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga, uxlab qolib namozni o‘gkazib yuborishgani haqida aytib berishdi. Shunda aytdilarki, «Tafrit (ayb) uyquda emas. Tafrit (ayb) faqat uyg‘oqlik holatidadir. Sizlardan birortangiz namozni unutsa yoki uxlab qolib o‘tkazib yuborsa, yodiga tushgan zahoti darhol o‘qib olsin».
Bu bobda Ibn Mas’ud, Abu Maryam, Imron ibn Husayn, Jubayr ibn Mut’im, Abu Juhayfa, Abu Sa’id, Amr ibn Umayya Ad-Darmiy, Zu Mihbarki, An-Najoshiyning birodarzodari bo‘lgan bu zotni Zu Mihmar ham deydilar, (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
Abu Qatodaning hadisi hasan-sahih.
Uxlab qolib yoki unutib namozni o‘tkazib yuborgan va keyin boshqa namoz vaqtida, quyosh chiqayotganda yoki botayotganda uyg‘ongan yoxud esiga tushgan kishi haqida ilm ahllari ixtilof qilishdi: Birovi: «Quyosh chiqayotganda yoki botayotganda bo‘lsa ham, uyg‘ongan zahoti yoki yediga tushgan zahoti o‘sha namozni o‘qiydi», deydi.
Ahmad, Ishoq, Shofi’iy va Molikning qavli shu. Ba’zilar esa: «Quyosh chiqib bo‘lguncha yoki botib bo‘lgunicha o‘qimay turadi», deydi.
Abu Hanifa (rahmatullohi alayh)ning qavli shudir. Quyosh chiqayotgan bo‘lsa, to chiqib bo‘lgunicha va botayotgan bo‘lsa, to botib bo‘lgunicha namoz o‘qilmaydi. Imom Buxoriy (Hazrati) Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilgan bir hadis bilan istidlol qiladi (dalil keltiriladi). Hadis ushbudir: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Quyoshning qoshi ko‘ringan maxal (yoy shaklidagi bosh qismi chiqqan mahal) to ko‘tarilguniga qadar namozni ta’xir qiling, quyoshning qoshi botgan bo‘lsa, to (to‘liq) botgunicha namozni ta’xir qiling».

Qayd etilgan


AbdulAziz  17 Dekabr 2008, 09:20:04

131-BOB
MAVZU: NAMOZNI UNUTIB O’TKAZIB YUBORGAN KISHI


178. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Kimki namozni unutsa, yodiga tushgan zahoti darhol o‘qib olsin».
Bu bobda Samura va Abu Qatoda (roziyallohu anhumo)dan hadis rivoyat qilingan.
Ali ibn Abu Tolib (karromallohu vajhahu)dan, namozni unutgan kishi haqida bunday deganlari rivoyat qilinadi: «U namozni, vaqtlimi yoki kechmi, esiga tushgan mahal o‘qiydi». Shofi’iy, Ahmad ibn Hanbal va Ishoqning qavli shudir.
Abu Bakra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Abu Bakra asr namozida uxlab qolibdilar-da, quyosh botayotganda uyg‘onibdilar. Quyosh botib bo‘lgunicha namozni o‘qimay turibdilar.
Kufa faqihlarining ba’zilari shu qavlga ega bo‘lganlar. Ammo birodarlarimiz Ali ibn Abu Tolibning qavlini olayotirlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  17 Dekabr 2008, 09:21:55

132-BOB
MAVZU: BIR NECHTA NAMOZNI O’TKAZIB YUBORGAN KISHI (QAZOSINI O’QISHNI) QAYSI NAMOZDAN BOSHLAYDI?


179. Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Xandaq (urushi) kunida mushriklar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni to‘rt vaqt namozdan qoldirdilar. Hatto kech tushdi, vaqt allamahal bo‘lgach, Bilolga (azon va qomat aytishni) buyurdilar, u azon aytdi, keyin takbir keltirdi, peshin namozi (qazosi)ni o‘qidilar. Keyin takbir aytdi, asr namozi (qazosi)ni o‘qidilar. Keyin takbir aytdi, shom namozi (qazosi)ni o‘qidilar. Keyin takbir aytdi, xufton namozini o‘qidilar».
Bu o‘rinda «to‘rt namoz» so‘zi yanglishdir. Chunki xufton namozi qazo qilib emas, balki, vaqtida o‘qilgan. Chunonchi, mu’tod vaqtidan ta’xir qilingani (kechiktirilgani) uchun qazo namozlariga qo‘shilib qoldi.
Hadis, qazo namozlarini avval birinchisidan boshlab, tartib bilan o‘qilishi kerakligiga dalolat qiladi. Hofiz ibn Hajar, «Aksariyat, ulamo bilib yoki unutib qazo qilingan namozlar o‘rtasida tartib vojibdir degan fikrda», deydi. Shofi’iy esa, o‘tgan (qazo) namozlarda tartib vojib emas, deydi. Ayni paytda, vaqti torayib qolgan ado namozi paytida favt bo‘lgan, o‘tgan namozni eslamoq masalasida olimlar ixtilof qilishgan. Ado namozining vaqti chiqsa ham, avval qazo namozini o‘qiydimi yoki (avval) ado namozini o‘qiydimi? Yoki namozxon bu ikki namoz o‘rtasida ixtiyorli qilinadimi? Imomi Molik birinchi qavlga ega bo‘lganlar. Hanafiylar, Shofi’iylar va muhaddislarning ko‘pchiligi ikkinchi qavlni yoqlaganlar. Ashhab: «Ikki namoz o‘rtasida muxayyar (ixtiyorli) qilinadi» deydi. Qozi Iyoz aytadiki, «Bu masalada ixtilof nuqtasi sohibi tartib bo‘lgan kishidir. Sohibi tartib bo‘lmagan kishi oldin ado (vaqtidagi) namozni o‘qib olishligi borasida ixtilof yo‘q. Faqatgina «sohibi tartib»likdan chiqaradigan ozgina hadni belgilash borasida ixtilof qilingan: birovning fikricha bir kunlik namoz va birovning fikricha esa to‘rt vaqt namozidir».
Bu bobda Abu Sa’id va Jobir (roziyallohu anhumo)dan hadis rivoyat qilingan.
Abdullohning hadisi isnodida zarar yo‘q. Chunonchi, Abu Ubayda Abdullohdan eshitgan.
O’tgan namozlar qazosini o‘qishlik borasida ilm ahllari ixtiyor etgan hukm ushbudir: Kishi o‘qiydigan har bir qazo namozi uchun alohida takbir aytadi. Takbir aytmasa ham, joizdir. Shofi’iyning qavli shu.

Qayd etilgan


AbdulAziz  17 Dekabr 2008, 09:22:21

180. Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Handaq kunida Umar ibn Al-Xattob gapirib, Quraysh mushriklarini so‘ka boshladi va dediki, «Yo Rasululloh! Sal qoldiki, quyosh botgunicha asr namozini o‘qiyolmay qolardim!». Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Alloh haqi, men asr namozini o‘qiy olmadim!» dedilar. Jobir aytadi: «So‘ng Buthon (vodiysi)ga tushdik. (Rasululloh sallallohu alayhi va sallam) tahorat oldilar, bizlar ham tahorat oldik. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam quyosh botganidan keyin asr namozini o‘qidilar, so‘ng uning ketidan shom namozini o‘qidilar».
Bu hadis hasan-sahih.

Qayd etilgan


AbdulAziz  17 Dekabr 2008, 09:22:55

133-BOB
MAVZU: (QUR’ONI KARIMDA ZIKR QILINGAN) «SOLATI VUSTO» (YA’NI «O’RTA NAMOZ») - ASR NAMOZI EKANLIGI, U PESHIN NAMOZI, DEB HAM (FIKR) AYTILGANI


181. Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «O’rta namoz - asr namozidir».
Bu hadis hasan-sahih.

182. Samura ibn Jundub (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «O’rta namoz — asr namozidir».
Bu bobda Ali, Abdulloh ibn Mas’ud, Zayd ibn Sobit, Oisha (onamiz), Hafsa(onamiz), Abu Hurayra va Abu Hoshim ibn Utba (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
Muhammad, Ali ibn Abdullohdan naql etib, bunday deydi: «Al-Hasanning Samura ibn Jundubdan rivoyat qilgan hadisi - sahih, Hasan Samuradan eshitgan».
Samuraning «Solati vusto» («O’rta namoz») borasidagi hadisi hasan. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va keyingilardan bo‘lmish ilm ahllari ko‘pchiligining qavli shu.
Zayd ibn Sobit va Oisha (onamiz) (roziyallohu anhumo) «O’rta namoz - peshin namozidir» deydilar.
Ibn Abbos va Ibn Umar (roziyallohu anhum) esa o‘rta namoz - bomdod namozi ekanligini aytadilar.
Abu Muso Muhammad ibn Al-Musanna’ bizga Kuraysh ibn Anas orqali, Habib ibn Ash-Shahiddan so‘zlab berdi. Habib aytadiki, «Muhammad ibn Siyriyn menga «Al-Hasandan so‘ra-chi, Al-Aqiqa hadisini kimdan eshitibdi?» dedi. Shunda undan so‘radim, u: «Buni Samura ibn Jundubdan eshitdim», dedi.
Muhammad ibn Ismoil menga xabar berib aytdiki, «Ali ibn Abdulloh ibn Madaniy bu hadisni (so‘zni) Quraysh ibn Anasdan naql etib bizga yetkazdi».
Muhammad ibn Ismoil, Alidan naql etib, «Hasanning Samuradan eshitgani to‘g‘ri» deydi va bu hadisni dalil sifatida qabul qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  17 Dekabr 2008, 09:24:03

134-BOB
MAVZU: ASR VA BOMDOD NAMOZIDAN KEYIN NAMOZ O’QISH KAROHAT EKANLIGI/


183. Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan bittadan ortiq kishidan eshitdim; menga juda sevimli bo‘lmish Umar ibn Al-Xattob ham shular orasida bor; «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, bomdod namozidan keyin to quyosh chiqqunicha namoz o‘qimoqdan va asr namozidan keyin to quyosh botgunicha namoz o‘qimoqdan qaytardilar».
Bu bobda Ali, Ibn Mas’ud, Uqba ibn Omir, Abu Hurayra, Ibn Umar, Samura ibn Jundub, Abdulloh ibn Amr, Mu’oz ibn Afro, As-Sunobihiy (Rasulullohning o‘zlaridan eshitmagan), Salama ibn Al-Akva’, Zayd ibn Sobit, Oisha, Ka’b ibn Murra, Abu Umoma, Amr ibn Abasa, Ya’lo ibn Umayya va Muoviya (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
Ibn Abbos (Hazrati) Umardan (roziyallohu anhumo) rivoyat qilgan hadis hasan-sahih. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va keyingilardan bo‘lmish faqihlarning ko‘pchiligi fikri ushbudir: Bomdod namozidan keyin to quyosh botgunicha va asr namozidan keyin to quyosh chiqqunicha namoz o‘qishni makruh deydilar. Ammo qazo namozlari asrdan keyin va bomdoddan keyin o‘qilishida zarar yo‘q.
Ali ibn Al-Madaniy, Yahyo ibn Sa’id tariqi bilan (ya’ni shu kishi orqali) Shu’badan naql etib, bunday deydi: Qatoda, Abul-Aliyadan faqat uchta hadis eshitgan: (Hazrati) Umarning «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam asr namozidan keyin to quyosh botgunicha va bomdod namozidan keyin to quyosh chiqqunicha namoz o‘qishdan qaytardilar», degan hadisini, Ibn Abbosning «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilarki, «Meni, Matto’ning o‘g‘li Yunusdan ko‘ra xayrliroq deb aytmoqlik hech kimga yarashmaydi» degan hadisini hamda Alining: «Qozilar uchtadir...» degan hadisini (eshitgan, xolos).

Qayd etilgan


AbdulAziz  17 Dekabr 2008, 09:24:23

135-BOB
MAVZU: ASR NAMOZIDAN KEYIN NAMOZ (BORMI?)


184. Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam asr namozidan keyin ikki rak’at namoz o‘qiganlarining yagona sababi shuki, u kishiga bir mol keltirilib, u zotni peshinning ikki rak’at namozidan qoldirgan edi. Asrdan keyin o‘sha ikki rak’atni o‘qnb oldilar va keyin zinhor bu ikki rak’atga qaytmadilar».
Bu rivoyat bilan (Hazrati) Oisha (onamiz (roziyallohu anho)dan kelgan rivoyatlar orasida muoraza bor. Chunonchi, Oisha onamiz, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam asr namozidan keyin Oysha onamizning yonlariga kelganlarida har holda ikki rak’at namoz o‘qiganlarini va bu hol Payg‘ambarimizning vafotlarigacha davom etganini ta’kidlaganlar. Imomi Buxoriy va boshqalar bu xabarlarni taxrij qilganlar. Bu holatda Ibn Abbosning «keyin biror marta bu ikki rak’atga qaytmadilar» degan so‘zi, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam bu ikki rak’atni masjidda o‘qimasdan, (Hazrati) Oisha onamizning huzurlarida o‘qiganlari va Ibn Abbos buni ko‘rmagani sabablidir. Chunki Imom Buxoriyning bir rivoyatida hazrati Oisha onamiz (roziyallohu anho) bunday deydilar: «Ummatlariga mashaqqat bo‘lishdan xavotirlanib, bu ikki ra’katni masjidda o‘qimas edilar».
Bu bobda Oisha, Ummu Salama, Maymuna va Abu Muso (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilindi.
Ibn Abbosning hadisi hasan.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam asrdan keyin ikki rak’at namoz o‘qiganlarini bittadan ko‘p kishilar rivoyat qilgan. Bu rivoyat, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam, asrdan keyin to quyosh botgunicha namoz o‘qishdan qaytarganlari haqidagi rivoyatga muxolifdir...
Ibn Abbosning hadisi yanada sahihroq, chunki u: «keyin zinhor bu ikki rak’atga qaytmadilar» demoqda. Ibn Abbosning hadisidek yana bir hadis Zayd ibn Sobitdan rivoyat qilingan. Oisha (onamiz)dan bu bobda mutaaddid rivoyatlar kelgan; shulardan birida bunday deyiladi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam asrdan keyin Oisha (roziyallohu anho onamiz)ning huzurlariga borganlarida har holatda ikki rak’at namoz o‘qir edilar». Boshqa bir rivoyatda Oisha, Ummu Salama (roziyallohu anhumo) tariqi bilan Rasululloh sallallohu alayhi va sallam asr namozidan keyin to quyosh botgunicha va bomdod namozidan keyin to quyosh chiqqunicha namozni man’ etganlarini aytadilar.
Binobarin, ilm ahllarining ko‘pchiligi, asrdan keyin to quyosh botgunicha va bomdod namozidan keyin to quyosh chiqqunicha namoz o‘qish karohat, degan to‘xtamda mutobiq (fikrdosh) qolganlar. Shu bilan birga bu qoidadan istisno qilingan o‘rinlar ham bor. Masalan, asrdan keyin to quyosh botgunicha Makkada (Ka’ba va tavofidan keyin) namoz o‘qiladi va bomdod namozining orqasidan tavofdan keyin to quyosh botgunicha namoz o‘qiladiki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunga ruxsat berganlari rivoyat qilingan. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va keyingilaridan bo‘lmish ilm ahllaridan bir qismining qavli shudir. Shofi’iy, Ahmad va Ishoqning ham qavli shunday. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va keyingilardan bo‘lmish bir qism ilm ahllari esa asr va bomdod namozidan keyin Makkada bo‘lsa ham namoz o‘qilishini makruh deb aytganlar. Sufyon As-Savriy, Molik ibn Anas va Kufa ahlidan ba’zilarining qavli shudir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  17 Dekabr 2008, 09:24:47

136-BOB
MAVZU: SHOM NAMOZINING FARZIDAN OLDINGI NAMOZ


185. Abdulloh ibn Mug‘affal (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Har bir azon bilan takbiri qomat o‘rtasida xohlagan kishi uchun namoz bor».
Bu bobda Abdulloh ibn Az-Zubayrdan hadis rivoyat qilingan. Abdulloh ibn Mug‘affalning hadisi hasan-sahih.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalari shom namozining farzidan oldin namoz bor-yo‘qligi haqida ixtilof qildilar. Ba’zilari, shomning farzidan oldin namoz yo‘q, degan fikrdadir. Bu orada, Payg‘ambar sallallohu ayaayhi va sallamning sahobalaridan bittadan ortiq kishidan rivoyat qilinganki, ular shomning farzidan oldin azon bilan takbiri qomat o‘rtasida ikki rak’at namoz o‘qirdilar.
Ahmad va Ishoq bunday deyishadi: «Bu ikki rak’atni o‘qisa, qanday yaxshi!». Ular bu ikki rak’atni mustahab deb qabul qilayotirlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  17 Dekabr 2008, 09:26:18

137-BOB
MAVZU: QUYOSH BOTISHIDAN OLDIN ASR NAMOZINING BIR RAK’ATIGA ULGURGAN KISHI


186. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; «Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Quyosh chiqishidan oldin bomdod namozining bir rak’atiga ulgurgan kishi, albatta, bomdod namoziga ulgurgan va quyosh botishidan oldin asr namozining bir rak’atiga ulgurgan kishi, albatta, asr namoziga ulgurgan bo‘ladi».
Bu bobda Oisha (onamiz roziyallohu anho)dan hadis rivoyat qilingan.
Abu Hurayraning hadisi hasan-sahih. Birodarlarimizning Shofi’iy, Ahmad va Ishoqning qavli shudir. Ularning fikricha, bu hadisning ma’nosi uxlab qolib yoki unutib, quyosh chiqadigan paytda yoki botadigan paytda uyg‘ongan yoki eslab qolgan kishi singari sohibi uzr bo‘lgan kishi uchundir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  17 Dekabr 2008, 09:26:51

138-BOB
MAVZU: HAZARDA (MUQIMLIKDA) IKKI VAQT NAMOZINI JAM’ QILMOQ


187. Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, xavf-xatar va yomg‘ir bo‘lmay turib, Madinada peshin bilan asr namozini hamda shom bilan hufton namozini jam’ qildilar (qo‘shib o‘qidilar)»
Ibn Abbosdan: «Bu bilan (Rasululloh sallallohu alayhi va sallam) nimani murod etdilar? deb so‘raldi. Aytdi: «Ummatlariga qiyinchilik bo‘lmasligini murod etdilar».
Hofiz ibn Hajar «Fath-ul-boriy» kitobida bunday deydi: «Ulamodan bir guruhi bu hadisning zohir ma’nosi bilan amal qilish jihatiga sohib bo‘lib, hazarda (muqimliqda) mutloq extiyoj sababi bilan jam’ qilmoqni joiz ko‘rdilar. Faqat buni odat qilib olmaslikni shart qiladilar. Ibn Siyriyn, Robi’a, Ashhab, Ibn-ul-Munzir va boshqalar shular jumlasidandir. Al-Xattobiy, muhaddislardan ba’zilari shu fikrda ekanliklarini qayd etgan». Jumhurning (qo‘pchilikning) fikricha, jam’ qilmok, uzrsiz holda, joiz emas. Jumhur Ibn Abbosning hadisiga bir qancha javoblar beradi. Shulardan ba’zilarini quyida bayon etamiz.
1.Mazkur jam’ qilmoq betoblik tufayli bo‘lgandi. Hofiz ibn Hajar, bu javobning izohtalab ekanini aytadi. Chunki Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, agar betoblik sababi bilan jam’ qilgan bo‘lsa edilar, o‘zlarida betoblik uzri bo‘lgan kishilar u kishining orqalarida namoz o‘qib, uzrsiz kishilar o‘qishmas edi. Holbuki, Ibn Abbos ikki vaqt namozini sahobalari bilan birga jam’ qilganlarini aytmoqda.
2.Mazkur jam’ qilmoq yomg‘ir sababi bilan edi. Ammo bu «yomg‘ir» rivoyati hadisda ta’kidlangan «xavf-xatar va yomg‘ir bo‘lmay turib» degan rivoyatdan zaifdir.
3.Mazkur jam’ qilmoq, havoning bulutli bo‘lishi sababi bilan edi. Binobarin, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam, peshin namozini o‘qiganlaridan keyin havo ochilgan va asr vaqti kirganini aniqlagach, darhol orqasidan asr namozini o‘qiganlar. Bu javob ham to‘g‘ri emas. Chunki, peshin bilan asrda bu borada zaif bir ehtimol bo‘lsa-da, shom bilan xuftonda bunday ehtimol zinhor vorid emas.
4.Mazkur jam’ qilmoq shakliydir. Ya’ni, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam peshinni oxirgi vaqtigacha ta’xir qilib, asr vaqtining avvalida o‘qiganlar. An-Navaviy: «Bu ehtimol zaif yoki botildir, chunki hadisning zohir ma’nosiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ziddir». Hofiz Ibn Hajar, Navaviy zaif yoki botil deb bilgan bu ehtimolni, Qurtubiy, Imom-ul-Haramayn va boshqalar ma’qullaganini, hatto Ibn Sayyidinnos kuchli, deb topganini aytadi.
Bu bobda Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan hadis rivoyat qilingan. Ibn Abbosning hadisi u kishidan vajhlardan rivoyat qilingan. Buni Jobir Ibn Zayd, Sa’id ibn Jubayr va Abdulloh ibn Shaqiq Al-Uqayliy rivoyat qilganlar.
Tag‘in Ibn Abbos tariqi bilan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan shu hadisning aksi rivoyat qilingan.

Qayd etilgan