Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 294683 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 ... 69 B


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:31:33

164-BOB
MAVZU: BIR MARTA NAMOZ O’QILGAN MASJIDSA IKKINCHI JAMOAT NAMOZI


220. Abu Sa’id (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam namoz o‘qib bo‘lganlaridan keyin bir kishi kelib qoldi. Shunda aytdilarki, «Qaysi biringiz bu kishidan ajr olmoqchisiz? (ya’ni u kishi bilan birga jamoat bo‘lib, savobga erishmoqchisiz?)» Shunda bir odam o‘rnidan turib, u kishi bilan birga namoz o‘qidi».
Az-Zaylo’iy «Nasb-ur-roya» kitobida bu kishi (Hazrati) Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) ekanliklarini aytadi. Chunonchi, Bayhaqiyning rivoyatida ham Abu Bakr ekanliklari ta’kidlangan.
Bu bobda Abu Umoma, Abu Muso va Al-Hakam ibn Umayr (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan. Abu Sa’idning hadisi hasan. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va tobi’iyndan mutaaddid ilm ahllarining qavli shudir. Aytadilarki, birinchi marta jamoat bilan namoz o‘qilgan masjidda ikkinchi marta jamoat bilan namoz o‘qimoqlikda zarar yo‘q.
Ahmad va Ishoqning ham qavli shudir. Boshqa ilm ahllari «Har kim namozini yakka holda o‘qisa», deydilar. Sufyon, Ibnul-Muborak, Molik, Shofi’iy shu qavlni ma’qul ko‘rganlar.
Sulaymon An-Nojiy basraliqdir va u «Sulaymon ibn Al-Asvad» deb yuritiladi. Abul-Mutavakkilning nomi - Ali ibn Dovud.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:33:52

165-BOB
MAVZU: XUFTON VA BOMDOD NAMOZLARINI JAMOAT BILAN O’QIMOQNING FAZILATI


221. (Hazrati) Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdilar: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Kimki xufton namozi jamoatida hozir bo‘lsa, unga kechaning yarmini bedor o‘tkazganlik savobi beriladi. Kimki xufton va bomdod namozlarini jamoat bilan birga o‘qisa, unga butun kechani bedor o‘tkazganlik savobi beriladi».
Bu bobda Ibn Umar, Abu Hurayra, Anas, Umaro ibn Ruvayda, Jundub ibn Abdulloh ibn Sufyon Al-Bajaliy, Ubay ibn Ka’b, Abu Muso va Burayda (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
(Hazrati) Usmonning hadisi hasan-sahih. Bu hadis Abdurrahmon ibn Abi Amra tariqi bilan (Hazrati) Usmondan mavquf tarzida ham rivoyat qilingan. Ayni vaqtda (Hazrati) Usmondan marfu’ tarzida mutaaddid vajhlardan rivoyat qilingan, deb topilmoqda.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:34:10

222. Jundub ibn Sufyon (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Kimki bomdod namozinin o‘qisa, u Allohning zimmasida (ahdu omonatida)dir. Bas, Allohning zimmasini (olgach) buzmangizlar!..».
Bu hadis hasan-sahih.

223. Burayda Al-Aslamiy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Qorong‘uda masjidlar sari yurganlarga Qiyomat kunidagi tugal nur bashorati (xushxabari)ni ber!»
Bu hadis ushbu vajhdan marfu’ tarzida g‘arib. Ammo, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamgacha yuksaltirilmay u kishining sahobalariga musnad va mavkuf bo‘lgan tarzda sahihdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:34:36

166-BOB
MAVZU: BIRINCHI SAFNING FAZILATI


224. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Erkaklar safining eng yaxshisi - birinchisi va eng yomoni oxirgisidir. Ayollar safining eng yaxshisi - oxirgisi va eng yomoni birinchisidir»
Bu bobda Jobir, Ibn Abbos, Ibn Umar, Abu Sa’id, Ubay, Oisha (onamiz), Al-Irboz ibn Soriya va Anas (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
Abu Hurayraning hadisi hasan-sahih.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning «birinchi saf uchun uch marta va ikkinchi saf uchun bir marta istig‘for aytganlari» rivoyat qilingan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:34:59

225. Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Insonlar azon aytmoqlikda va birinchi safda turib namoz o‘qimokliqda qanchalik fazilat borligini bilsalar edi, qur’adan boshqa chora topa olmasalar, hech yo‘qsa, qur’a tashlab bo‘lsa ham, bunga erishgan bo‘lar edilar».
Ishoq ibn Muso Al-Ansoriy bu hadisni bizga Ma’ndan, Moliqdan, Sumaydan, Abu Solihdan, Abu Hurayradan (roziyallohu anhum), Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan shu tarzda bayon qildilar.

226. Qutayba aynan shu hadisni bizga Molikdan bayon etdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:35:24

167-BOB
MAVZU; SAFLARNI TO’G’RILAMOQ


227. An-Nu’mon ibn Bashir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam saflarimizni to‘g‘rilar edilar. Bir kuni, ko‘ksi qavmdan tashqariga chiqib turgan bir kishini ko‘rdilar va bunday dedilar: «Yo saflaringizni to‘g‘rilangizlar yoki bo‘lmasa, Alloh yuzlaringizni (qalblaringizni) bir-biriga muxolif qilib qo‘yadi!».
Bu bobda Jobir ibn Samura, Al-Barro, Jobir ibn Abdulloh, Anas, Abu Hurayra va Oisha (onamiz) (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
An-Nu’mon ibn Bashirning hadisi hasan-sahih.
Shuningdek, Rasuli Akram sallallohu alayhi va sallamdan bunday deb aytganlari ham rivoyat qilindi: «Safni to‘g‘rilamoq namozning mukammalligidandir (ya’ni, namozning mukammal bo‘lishi shartlaridandir)».
Umar (roziyallohu anhu)dan bunday deb rivoyat qilinadi: U kishi (Hazrati Umar) ba’zi kishilarni saflarni to‘g‘rilashga ma’mur qilib qo‘yar edilar va saflar tuzatilgani haqida xabar olmagunlaricha namozni boshlamas edilar».
(Hazrati) Ali va (Hazrati) Usmon (roziyallohu anhumo)dan ham bunday deb rivoyat qilingan: «(Ular) saflarni to‘g‘rilamoqni shaxsan o‘z zimmalariga olgan edilar va: «Saflarni to‘g‘rilangizlar!» der edilar.
(Hazrati) Ali (roziyallohu anhu): «Ey falonchi, oldinga o‘t! Ey falonchi, orqaroq tur!» der edilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:36:10

168-BOB
MAVZU: «YETUK VA AHLI DONISH KISHILAR ORQAMDA (BIRINCHI SAFDA) TURSINLAR...»


228. Abdulloh (ibn Mas’ud roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Sizlardan yetuk akl va ahli donish kishilar orqamda (birinchi safda) tursinlar; so‘ng ularning ortidan kelganlar, so‘ng ularning ortidan kelganlar (tursinlar). Ixtilof qilmangizlar, yo‘qsa qalblaringiz (bir-biriga nisbatan) o‘zgaradi. Ko‘cha-ko‘y birodarligidan g‘oyat saklaningizlar!».
Bu bobda Ubay ibn Ka’b, Abu Mas’ud, Abu Sa’id, Al-Barro va Anas (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
Ibn Mas’udning hadisi hasan-sahih-g‘arib.
Shuningdek, Rasuli Akram sallallohu alayhi va sallamdan bunday deb rivoyat qilinadi: «Rasuli Akram sallallohu alayhi va sallam, muhojirlar va ansoriylar u zotdan (namozda qiroat qilganlarini) yodlab olmoq uchun darhol orqalaridan joy olmoqlaridan mamnun bo‘lar edilar».
Xolid Al-Xazzo - Xolid ibn Mihron bo‘lib, Abul-Munozil kunyasi bilan tilga olinadi.
Muhammad ibn Ismoil (Buxoriydan) bunday deganini eshitdim: «Aytishlaricha, Xolid Al-Xazzo (Xazzo - etiqdo‘z degani) hech qachon etiqdo‘zlik qilmagan. Shunchaki, bir etikdo‘zning yonida o‘tirar edi, ushbu sababdan shu kasbga mansub qilindi».
Abu Ma’sharning nomi - Ziyod ibn Qulayb.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:36:32

169-BOB
MAVZU: IKKI USTUN ORASIDA SAF TORTMOQ KAROXAT EKANLIGI


229. Abdulhamid ibn Mahmuddan rivoyat qilindi; aytdi: «Amirlardan birovining orqasida namoz o‘qidik. Insonlar (ko‘pligi) bizlarni ikki ustun orasida namoz o‘qishga majbur qildi. Namozimizni o‘qib bo‘lgach, Anas ibn Molik bunday dedi: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam davrlarida bundan saqlanar edik».
Abu Bakr ibn Al-Arabiy, ikki ustun orasida namoz o‘qimoqning makruhligi safning uzilishi tufayli yoki bu yerlar poyabzalda yuriladigan joy ekanligi tufayli, deb aytadi. Ibn Sayyidinnos birinchi sababning maqbul, ammo ikkinchi sabab muxdas (keyin paydo bo‘lgan gap) ekanligini aytadi. Ya’ni, ustunlar orasida poyafzal joyi qilinishi. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan keyin bo‘lgan. Al-Qurtubiy, «Jin toifasidan bo‘lmish mo‘‘minlarning namozgohi bo‘lgani bois, bu joylarda namoz o‘qish makruh ekanligi rivoyat qilingan», deydi.
Bu bobda Kurra ibn Iyoz Al-Muzaniydan ham hadis rivoyat qilingan.
Anas ibn Molikning hadisi hasan-sahih.
Ba’zi ilm ahllari, ustunlar orasida saf tortmoqni karih deb qaraganlar. Ahmad va Ishoqning qavli shudir. Ayrim ilm ahllari esa bunga ruxsat beradilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:36:55

170-BOB
MAVZU: SAFNING ORQASIDA YAKKA HOLDA NAMOZ O’QIMOQ


230. Hilol ibn Yisofdan rivoyat qilindi; aytdi: «Biz Ar-Raqqo (degan shahar)da ekanimizda, Ziyod ibn Abi Ja’d qo‘limdan tutdi-da, meni Bani Asad (qavmi)dan bo‘lmish Vobisa ibn Ma’bad degan bir shayxning huzuriga olib bordi. Ziyod aytadiki, «Mana shu shayx menga ushbu hadisni aytib berdi: «Bir kishi safning orqasida yakka o‘zi namoz o‘qidi, — shayx eshitib turar edi - shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam unga namozini ioda etmoqni (qayta o‘qimoqni) buyurdilar».
Bu bobda Ali ibn Shaybon va Ibn Abbos (roziyallohu anhum)dan ham hadis rivoyat qilingan.
Vobisaning hadisi - hasan.
Ba’zi ilm ahllari safning orqasida yakka holda namoz o‘qimoqni makruh deb hisoblaganlar va: «Safning orqasida yakka holda namoz o‘qisa, ioda qiladi (qayta o‘qiydi) deganlar». Ahmad va Ishoqning qavli shu. Ayrim ilm ahllari esa bunday deydilar:
«Safning orqasida yakka holda namoz o‘qisa, ioda qilish (qayta o‘qish) lozim bo‘lmaydi. Sufyon As-Savriy, Ibnul-Muborak va Shofi’iyning qavli shu.
Kufa ahlidan bir jamoat esa Vobisaning hadisiga ega bo‘lib, «Safning orqasida yakka holda namoz o‘qisa, ioda qiladi (qayta o‘qiydi)» deganlar. Hammod ibn Abi Sulaymon, Ibn Abi Laylo va Vaki’ shular orasida borlar.
Husaynning Hilol ibn Yisofdan rivoyat etgan hadisini bittadan ko‘p kishi, Abul-Ahvosning Ziyod ibn Abul-Ja’ddan, Vobisa ibn Ma’baddan qilgan rivoyatidek rivoyat qilgan.
Husaynning hadisida Hilolning Vobisa bilan ko‘rishganligiga dalolat qilgan ishorat bor. Muhaddislar bu hadis borasida ixtilof qilganlar.
Ayrimlari bunday deyishadi: «Amr ibn Murraning Hilol ibn Yisofdan, Amr ibn Roshiddan, Vabisa ibn Ma’baddan qilgan rivoyati sahihroq».
Ayrimlari esa aytadiki, «Husaynning Hilol ibn Yisofdan, Ziyod ibn Abil-Ja’ddan, Vabisa ibn Ma’ddan qilgan rivoyati sahihroq».
Menimcha, bu hadis Amr ibn Murraning hadisidan ko‘ra sahihdir. Chunki, Hilol ibn Yisofning Ziyod ibn Abil-Ja’ddan, Vobisadan qilgan rivoyatidan boshqa vajhdan ham rivoyat qilingan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:37:10

231. Vobisa ibn Ma’baddan rivoyat qilindi: «Bir kishi saflarning orqasida yakka namoz o‘qidi. Shunda Nabiy sallallohu alayhi va sallam unga namozni ioda qilmoqni (qayta o‘qimoqni) buyurdilar».
Al-Jobirdan eshitdim, aytdiki, «Vaki’ning bunday deganini uning o‘zidan eshitdim: «Bir kishi saflarning orqasida yakka o‘zi namoz o‘qisa, ioda qiladi (qayta o‘qiydi)».

Qayd etilgan