Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 294821 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 ... 69 B


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:38:00

171-BOB
MAVZU: BIR KISHIGA IMOM BO’LGAN ODAM


232. Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Bir kecha Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bilan birga namoz o‘qidim, chap tomonlarida turgan edim, boshimning orqasidan ushlab, o‘ng tomonlariga o‘tkazib qo‘ydilar».
Bu bobda Anas (roziyallohu anhu)dan ham hadis rivoyat qilingan.
Ibn Abbosning hadisi hasan-sahih.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va keyingilardan bo‘lmish ilm arboblari nazdida amal shu hadis asosidadir: «Imom bilan bir kishi bo‘lsa, imomning o‘ng tomonida turadi», deganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:38:17

172-BOB
MAVZU: IKKI KISHIGA IMOM BO’LGAN ODAM


233. «Samura ibn Jundub (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizga, agar uch kishi bo‘lsak, bittamiz oldinga o‘tmog‘imizni amr qilardilar».
Bu bobda Ibn Mas’ud, Jobir va Anas ibn Molik (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
Samuraning hadisi - hasan-garib.
Ilm ahlining nazdida amal shu hadis asosidadir: «Uch kishi bo‘lsalar, ikki kishi imomning orqasida turadi», deydilar.
Ibn Mas’uddan bunday deb rivoyat qilingan:
«Ibn Mas’ud, Alqama bilan Al-Asvadga imom bo‘ldi-da, bittalarini o‘ng tomonida, bittalarini chap tomonida turg‘azdi». Ibn Mas’ud bu hadisni Rasuli Akram sallallohu alayhi va sallamga yuksaltiradi.
Ba’zi muhaddislar Ismoil ibn Muslim Al-Makkiy borasida, xotirasi jihatdan, (tanqidiy) so‘z qilishgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:38:41

173-BOB
MAVZU: ERKAKLAR BILAN AYOLLARGA IMOM BO’LGAN ODAM


234. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Uning (Anasning) buvisi Mulayka Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni u kishi uchun tayyorlangan taomga taklif qildi. (Rasuli Akram) taomdan yedilar. Keyin: «Turingizlar, sizlar bilan namoz o‘qiymiz», dedilar. Anas aytdiki, «Uzoq vaqt ishlatilmaganidan qorayib qolgan bir bo‘yramiz(ni yoymoq) uchun turdim va uni suv sepib yuvdim. Rasudulloh sallallohu alayhi va sallam bo‘yrada turdilar, men bilan bir yetim bola u kishining orqalarida saf turdik, keksa momo esa bizning orqamizda turdi. (Rasuli Akram) bizga ikki rak’at namoz o‘qib berdilar. Keyin ketdilar».
Anasning hadisi hasan-sahih.
Ilm ahllarining ko‘pchiligi nazdida amal shu hadis asosidadir: Imom bilan birga bir erkak va bir ayol bo‘lsa, erkak kishi imomning o‘ng tomonida turadi, ayol kishi esa ularning orqasida turadi, deydilar.
Ayrim ilm ahllari esa: safning orqasida yakka holda namoz o‘qigan kishining namozi o‘tadi, deydilar va buni boyagi hadis bilan istidlol qilib (dalillab) bunday deydilar: «Bola uchun namoz yo‘q va Anas go‘yoki, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning orqalarida safda yolg‘iz turib namoz o‘qigandek bo‘ldi». Holbuki, masala ular aytgandek emas. Bola uchun namoz bo‘lmasa edi, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam bolani Anas bilan birga turg‘izmas edilar va muhaqqaq, Anasni o‘ng tomonlarida turg‘izgan bo‘lardilar.
Muso ibn Anasdan, Anasdan (roziyallohu anhumo) bunday rivoyat qilingan: «Anas Nabiy sallallohu alayhi va sallam bilan birga namoz o‘qidi va Rasuli Akram u kishini o‘ng tomonlarida turg‘izdilar».
Bu hadis Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning (jamoat bo‘lib) nafl namozi o‘qiganlariga va ularning uylariga barokat kiritmoqchi bo‘lganlariga dalolat qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:39:33

174-BOB
MAVZU: IMOMLIK QILMOQQA KO’PROQ KIM HAQLI?


235. Abu Mas’ud Al-Ansoriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytadi: «Rasululloh sallallohu alaihi va sallam bunday dedilar: «Qavmga Allohning Kitobini eng yaxshi qiroat qiladigan (ahkomlaridan yaxshi voqif bo‘lgan) kishi imomlik qiladi; qiroatda teng bo‘lsalar, sunnatni eng yaxshi bilgan kishi imom bo‘ladi; sunnatda barobar bo‘lsalar, muqaddam hijrat qilgan kishi imom bo‘ladi. Kishiga uning mulkida imomlik qilinmaydi va kishining uyida uy egasi o‘ltiradigan (maxsus) joyga o‘ltirilmaydi, illo o‘zi izn bersa, (mumkin)». Mahmud aytdiki, «Ibn Numayr o‘z hadisi (rivoyati)da: «Yosh jihatidan eng muqaddamlari», deydi.
Bu bobda Abu Sa’id, Anas ibn Molik, Molik ibn Al-Huvayris va Amr ibn Salama (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
Abu Mas’udning hadisi - hasan-sahih.
Ilm ahllarining nazdida amal shu hadis asosidadir. Aytadilarki, insonlar orasida imomlikka eng loyig‘i - Allohning Kitobini eng yaxshi qiroat qiladigan va Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sunnatini eng yaxshi bilgan kishidir.
Shuningdek, «Uy egasi imomlikka ko‘proq loyiq», deydilar.
Ayrim ilm axllarining fikricha: «Uy egasi izn bersa, boshqa kishi unga imom bo‘lmoqligida zarar yo‘q». Ba’zilari buni makruh deb qaraydilar va bunday deydilar: «Sunnat - namozni uy egasi o‘qib bermog‘idir».
Ahmad ibn Hanbal aytadiki, «Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning: «Kishiga uning mulkida imomlik qilinmaydi va kishining uyida uy egasi o‘ltiradigan (maxsus) joyga o‘ltirilmaydi, illo o‘zi izn bersa, (mumkin)» degan so‘zlariga tayanib, «Uy egasi izn bersa, bu izn hammasiga (uy egasiga imom bo‘lmoqqa va uning joyiga o‘tirmoqqa ham) tegishli bo‘ladi, deb umid qilaman», deydi.
Ahmad ibn Hanbal, agar uy egasi izn bersa, boshqa kishi unga imom bo‘lmog‘i bezarar», deb hisoblaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:40:34

175-BOB
MAVZU: «SIZLARDAN BIROR KISHI ODAMLARGA IMOM BO’LSA, NAMOZNI YENGIL O’QIB BERSIN»


236. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Sizlardan birortangiz odamlarga imom bo‘lsa, (namozni) yengil o‘qib bersin. Chunki ular orasida kichiklar bor, keksalar bor, zaiflar bor, bemorlar bor. Agar yakka o‘zi o‘qisa, o‘zi xohlaganidek o‘qiyversin».
Bu bobda Adiy ibn Xotim, Anas, Jobir ibn Samura, Molik ibn Abdulloh, Abu Vokid, Usmon ibn Abil-Os, Abu Mas’ud, Jobir ibn Abdulloh va Ibn Abbos (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
Abu Hurayraning hadisi hasan-sahih.
Ilm ahllaridan ko‘pchiligining qavli shudir: Zaif, keksa va betob kishilarga og‘irlik qilmasligi uchun namozni cho‘zib yubormaslik jihatini afzal ko‘rganlar.
Abuz-Zinodning ismi - Abdulloh ibn Zakvon. Al-A’roj bu - Abdurrahmon ibn Xurmuz Al-Madiyniy bo‘lib, Abu Dovud kunyasi bilan ataladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:40:50

237. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: aytdi: «Insonlarga namozni eng yengil qilib mukammal o‘kib bergan zot Rasululloh sallallohu alayhi va sallam edilar».
Bu hadis hasan-sahih.
Abu Avonaning ismi - Vaddoh. Kutaybadan: «Abu Avonaning ismi nima?» deb so‘radim. «Vaddoh», dedi. «Kimning o‘g‘li?» dedim. «Bilmadim. Basrada bir xotinning quli edi», dedi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:41:41

176-BOB
MAVZU: NAMOZNING TAXRIMI VA TAXLILI


238. Abu Sa’id (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Namozning kaliti - tahorat, tahrimi - takbir, tahlili esa salomdir. Farz (namozlari)da va boshqa namozlarda «Alhamdu»ni va yana bir surani o‘qimagan kishining namozi yo‘q!».
Bu hadis - hasan.
Bu bobda (Hazrati) Ali va Oisha (roziyallohu anhumo)dan ham hadis rivoyat qilingan. (Hazrati) Alining bu bobdagi hadisi isnod jihatdan Abu Sa’idning hadisidan ko‘ra jayyid va sahih. Bu hadisni «Tahorat boblari»ning boshida zikr qilib o‘tdik.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va keyingilardan bo‘lmish ilm ahllari nazdida amal shu hadis asosidadir. Sufyon As-Savriy, Ibnul-Muborak, Shofi’iy, Ahmad va Ishoqning qavli shudir: namozning tahrimi takbirdir. Kishi faqat takbir bilan namozga kirgan bo‘ladi.
Vaki’ning kotibi Abu Bakr Muhammad ibn Abondan eshitdim; aytadiki, Abdurrahmon ibn Maxdiyning bunday deganini uning o‘zidan eshitdim: «Kishi, Allohu taoloning ismlaridan yetmishtasini aytib namozni ochsa-yu, takbir aytmasa, bu takbir o‘rniga o‘tmaydi. Va salom berishdan oldin tahorati buzilsa, unga tahorat olmog‘ini va keyin joyiga qaytib, salom (bermog‘ini amr qilaman. Chunki hukm hadisning ochiq va zohir ma’nosiga qarab chiqariladi».
Bunda ta’vilga bormaslikni va hadisning zohir ma’nosiga qarab xulosa qilishni ko‘zda tutmoqda. Imom Abu Hanifa va Imom Muhammadning fikrlaricha, Allohu taoloning sof ta’zimga dalolat qiladigan har qanday ismi bilan namozni ochmoq joiz. Chunki, e’tibor lafzlarga emas, ma’nolarga (qaratilgan)dir.
(Izohdagi «har qanday ism bilan» iborasini bunday tushunmoq mumkin: «Muxtasar ul-viqoya» sharhida aytiladi: «Allohu taoloning ulug‘ligiga dalolat qiladigan lafz (so‘z)lar bilan namozga kirmoq durustdir. Masalan, «Allohu akbar», «Allohu ajall» yoki «Ar-Rohmanu akbar» yoxud «La illaha illalloh»ga o‘xshagan so‘zlar bilan. Bu lafzlar yoki Alloh taoloning ismlaridan bo‘lgan lafz bo‘lgay. Allohu taoloning ulug‘ligiga dalolat qiladigan lafzini duo qiladigan lafzga qo‘shmagay, qo‘shsa namozi ravo bo‘lmas. Masalan, «Allohu akbar»ning o‘rniga «Allohuma mag‘firliy» desa bo‘lmas...» (Tarjimon ilovasi).
Abu Nodraning, ismi - Al-Munzir ibn Molik ibn Qutoa.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:42:02

177-BOB
MAVZU: TAKBIR AYTGANDA BARMOQLARNI OCHIQ TUTMOQ


239. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (namozni boshlayotib) takbir(i tahrima) aytganlarida barmoqlarini ochiq tutar edilar».
Abu Hurayraning hadisi - hasan.
Bittadan ko‘p kishi bu hadisni Ibn Abi Zi’bdan, Sa’id ibn Sim’ondan, Abu Hurayradan shu tarzda rivoyat qilgan. «Rasuli Akram sallallohu alayhi va sallam namozga kirayotganlarida panjalarini ochib qo‘llarini ko‘tarar edilar». - Bu, Yahyo ibn Al-Yamonning rivoyatidan ko‘ra sahihdir. Yahyo ibn Al-Yamon bu hadisda yanglishgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:42:50

240. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: aytdi: «Rasululloh sallallohu alaihi va sallam namozga turganlarida qo‘llarini ochib ko‘tarar edilar».
Abdulloh ibn Abdurrrahmon aytadi: «Bu hadis Yahyo ibn Al-Yamonning hadisidan sahih; Yahyo ibn Al-Yamon hadisi (ning so‘zi) yanglish».
Ya’ni, «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam namozga turganlarida qo‘llarini ochib ko‘tarar edilar» degan hadis sahih; Yahyo ibn Yamon rivoyat qilgan: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (namoz boshlayotib) takbir aytganlarida barmoqlarini ochib turardilar» degan hadis yanglish, deyilmoqda.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:43:34

178-BOB
MAVZU: BIRINCHI TAKBIRNING FAZILATI


241. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Kimki qirq kun Alloh uchun jamoat bilan namoz o‘qisa, (har namozida) birinchi takbirga ulgursa, unga ikki barot (yorliq) yozilgaydir: jahannamdan qutulish baroti va nifoqdan qutulish baroti!».
Bu hadis mavquf tarzida rivoyat qilingan. Salm ibn Qutaybaning Tu’ma ibn Amrdan, Habib ibn Abi Sobitdan, Anasdan qilgan rivoyatidan boshqa, bu hadisni Nabiy sallallohu alayhi va sallamgacha yuksaltirgan biron kishini tanimaymiz.
Bu hadis Habib ibn Abi Habib Al-Vajaliy tariqi bilan Anas ibn Moliqdan uning o‘z so‘zi sifatida rivoyat qilindi.
Hannod ushbuni bizga bayon etdi: Vaki, Xolid ibn Tahmondan, Habib ibn Abi Habib Al-Vajaliydan, Anasdan ayni shu hadisni naql etgan, lekin uni Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamgacha yuksaltirmagan.
Ismoil ibn Ayyash bu hadisni Umaro ibn G’oziyyadan, Anas ibn Molikdan, Umar ibn Al-Xattobdan (roziyallohu anhum), Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan. Bu hadis mahfuz (rojih) emas, mursal. Chunki, Umaro ibn G’oziyya, Anas ibn Molikka ulanmagan.
Muhammad ibn Ismo’il (Al-Buxoriy) aytadi: «Habib ibn Abi Habib «Abul-Qashuso» degan kunyasi bilan ataladi va uni Abu Umayra ham deyishadi».

Qayd etilgan