276-BOB
MAVZU: NAMOZDA KIYIMINI OSILTIRIB OLMOQ KAROHAT EKANLIGI
375. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam namozda kiyimni osiltirib olmoqdan qaytardilar».
Ash-Shavqoniy «An-nayl»da aytadiki, «as-sidl» (osiltirmoq) - oldi ochiq libosning ikki tomonini yopmasdan, erkin tashlab qo‘ymoqdir. «An-nihoya» muallifining fikricha bu so‘z - kishining bir (qavat) libosga o‘ranib, qo‘llarini libos ichida qoldirib, ruku va sajdani shu holda qilmog‘idir. Ba’zilarning. fikricha, izorning (lungining) o‘rta joyini bosh ustiga keltirib, ikki uchini o‘ng va chap tomondan pastga osiltirib olmoq va yelkalariga to‘plamoqdir. Al-Javhariyning fikricha, libosning etak uchlarini osiltirib olmoqdir. Al-Xattobiy fikricha, kiyimni yerga tegadigan tarzda osiltirmoqdir. Al-Iroqiy esa «osiltirmoq» deganda sochni osiltirmoq ko‘zda tutilgan bo‘lishi ehtimol, deydi. Ash-Shavqoniy ulamolarning «osiltirmoq» haqidagi fikrlarini shu yo‘sin bildirgach, bunday deydi: «Hadis shu ma’nolarning hammasini qamramoqligida mone’lik yo‘q, shoyad bu kalima shu barcha ma’nolar uchun mushtarak bo‘lsa, zero sog‘lom yo‘l - mushtarak ma’noda barcha ma’nolarni qamramoqlikdir».