Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 240858 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 ... 69 B


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:36:38

305-BOB
MAVZU: BOMDODNING IKKI RAK’ATI FAZILATI


412. Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; aytdilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Bomdodning ikki rak’ati dunyodan va dunyodagi bor narsalardan yaxshiroqdir».
Shoh Valiyyulloh Ad-Dehlaviy «Hujjatullohil-baligoh» degan asarida bu afzaliyat sababini bunday deb izohlaydi: «Chunki dunyo va dunyo ne’matlari foniydir. O’sha ikki rak’atning savobi esa cheksiz va abadiydir».
Bu bobda Ali, Ibn Umar va Ibn Abbos (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan. Oisha (roziyallohu anho)ning hadisi hasan-sahih.
Ahmad ibn Hanbal, Solih ibn Abdulloh At-Termiziydan hadis rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:37:06

306-BOB
MAVZU: BOMDOD NAMOZINING IKKI RAK’AT (SUNNATI) YENGIL O’QILMOG’I VA NABIY SALLALLOHU ALAYHI VA SALLAMNING BU IKKI RAK’ATDAGI QIROATLARI


413. Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamni bir oy kuzatdim, bomdod namozining farzidan oldingi ikki rak’atda «Qul yaa ayyuhal-kafirun» va «Qul: Huvallohu ahad»ni o‘qir edilar».
Bu bobda Ibn Mas’ud, Anas, Abu Hurayra, Ibn Abbos, Hafsa va Oisha (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan. Ibn Umarning hadisi hasan. Bu hadis As-Savriyning Abu Ishoqdan qilgan rivoyati ekanligini yolg‘iz Abu Ahmadning rivoyatidan bilmoqdamiz. Muhaddislar nazdida ma’ruf bo‘lgani - Isroilning Abu Ishoqdan qilgan rivoyatidir. Bu hadis Abu Ahmaddan; Isroildan rivoyat qilingan. Abu Ahmad Az-Zubayriy -siqa (ishonarli) va hofizdir. Bundorning bunday deganini eshitdim: «Abu Ahmad Az-Zubayriydan ko‘ra xotirasi ajoyib bo‘lgan kishini ko‘rmadim». Abu Ahmadning ismi - Muhammad ibn Abdulloh ibn Az-Zubayr Al-Asadiy Al-Kufiy.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:37:27

307-BOB
MAVZU: BOMDODNING IKKI RAK’AT (SUNNAT)IDAN KEYIN GAPLASHMOQ


414. Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; aytdilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bomdodning ikki rak’atini o‘qiganlarida, men bilan biror hojatlari bo‘lsa, gaplashar edilar, bo‘lmasa, namozga chiqar edilar».
Bu hadis hasan-sahih.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va keyingilardan ba’zi ilm ahllari, tong otganidan boshlab to bomdod namozini o‘qigunlaricha, zikrdan boshqa va zaruriy bo‘lgan so‘zdan tashqari, dunyoviy so‘zlarni gapirmoqni makruh deb bilar edilar. Ahmad va Ishoqning qavli ham shudir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:37:50

308-BOB
MAVZU: TONG OTGANIDAN KEYIN FAQATGINA IKKI RAK’AT (SUNNAT) NAMOZ BOR


415. Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi; «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Tong (otgani)dan keyin ikki sajdadan boshqa (ya’ni ikki rak’at sunnatdan boshqa) namoz yo‘q».
Bu bobda Abdulloh ibn Amr va Hafsa (roziyallohu anhumo)dan hadis rivoyat qilingan.
Ibn Umarning hadisi g‘arib.
Bu hadisni yolg‘iz Qudama ibn Musoning rivoyatidan bilmoqdamiz. Undan mutaaddid kishilar rivoyat qilganlar. Ilm ahllari ushbu xususda ittifoq qildilar: Tong otgandan keyin kishi bomdod namozining ikki rak’at (sunnat)idan boshqa (nafl) namoz o‘qimog‘ini makruh ko‘radilar.
Hofiz Az-Zayloiy, Termiziyning «Bu hadisni yolg‘iz Qudoma ibn Musoning rivoyatidan bilmoqdamiz» degan so‘ziga e’tiroz qiladi va Tabaroniy xuddi shu hadisni Qudoma ibn Muso qatnashmagan boshqa ikki yo‘ddan rivoyat qilganini aytadi. Holbuki, bu e’tiroz o‘rinsiz. Chunki Termiziy bu hadis boshqa yo‘ldan rivoyat qilinmaganini emas, balki faqatgina bu xususda ma’lumotga ega bo‘lmaganini aytmoqda, xolos.
Ilova: Hanafiy mazhabida bomdod vaqti kirganidan keyin ikki rak’at sunnat o‘qilgach, faqat farz o‘qiladi. Nafl namozlar o‘qilmaydi.
Bu hadisning ma’nosi faqatgina bunday deb tushuniladi: «Tong otganidan keyin bomdodning ikki rak’at (sunnat)idan boshqa namoz yo‘q».

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:38:14

309-BOB
MAVZU: BOMDOD NAMOZINING SUNNATIDAN KEYIN YONBOSHLAMOQ


416. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Sizlardan birortangiz bomdod namozining ikki rak’at (sunnat)ini o‘qisa, o‘ng tomoni bilan yonboshlasin».
Bu bobda Oisha (rozyyallohu anho)dan hadis rivoyat qilingan.
Abu Hurayraning hadisi bu vajhdan hasan-sahih-g‘arib.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam bomdod namozining ikki rak’at (sunnat)ini uyda o‘qiganlaridan keyin o‘ng tomonlariga yonboshlaganlari Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilingan. Ayrim ilm ahllari shuni mustahab ko‘rmoqdalar.
Bomdod namozining sunnatidan keyin yonboshlab yotish haqida olimlarning xilma-xil fikrlari bor.
1)Termiziy ba’zi ilm ahllaridan naql etganlaricha, bu mustahabdir. Abu Muso Al-Ash’ariy, Rofi’ ibn Xorij, Anas ibn Molik va Abu Hurayra (roziyallohu anhum)ning fikrlari shu. Ular bomdod namozining sunnatidan keyin yonboshlar va boshqalariga ham shuni amr qilishardi. Imomlardan Shofi’iyning ham qavli shu. Al-Ayniy «Umdatul-Qoriy»: kitobida «Shofi’iy va uning birodarlari bu (yonboshlash) sunnat deb qaror qilishdi», deydi.
2)Yonboshlab yotishni zarur bo‘lgan vojib amal, deyishadi. Abu Muhammad Ali ibn Hazm Az-Zohiriyning qavli shudir. Shavqoniy bunday deydi: «Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam ba’zan yonboshlab yotishni tark etganlari ummatlariga tegishli bo‘lgan amrga zid emas».
3)Yonboshlash bid’at va makruh. Sahobalardan Ibn Mas’ud va ixtilofli bir rivoyatga ko‘ra Ibn Umarning qavli shu.
4)Bu ishni qilmagan avlo. Ibn Abu Shayba, Al-Hasandan rivoyat qiladi: Al-Hasan bomdod namozining sunnatidan keyin yonboshlab yotishdan xushlanmas edi.
5)Beshinchi qavlga ko‘ra, tungi (tahajjud) namoziga turgan kishi bilan turmagan kishi o‘rtasida ajrim qilinadi. Tahajjudga turganlar istirohat uchun bu ishni qilishlari mustahab ko‘rilgan, turmaganlar uchun mashru’ emas. Termiziyning shorihi Abu Bakr ibn Al-Arabiy shu qavlni ixtiyor etadi va bunday deydi: «Faqatgina tungi (tahajjud) namoziga turgan kishi bomdod namozining sunnatidan keyin farzni kutmoq uchun yonboshlab yetadi va shu asnoda vujudini tin oldirib, bomdodning farziga turadi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:38:31

310-BOB
MAVZU: NAMOZ UCHUN IQOMAT AYTILGANIDA FARZDAN BOSHQA NAMOZ YO’Q


417. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Namozga iqomat aytilganida farzdan boshqa namoz yo‘q».
Bu bobda Ibn Rayhona, Abdulloh ibn Amr, Abdulloh ibn Sarjis, Ibn Abbos va Anas (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan. Abu Hurayraning hadisi hasan.
Bu hadis sahih. Muslim bu hadisni mutaaddid yo‘llardan rivoyat qilgan. Ahmad, Abu Dovud, An-Nasoiy va Ibn Moja ham bu hadisni rivoyat qilganlar.
Ayyub, Varqo’ ibn Umar, Ziyod ibn Sa’d, Ismoil ibn Muslim va Muhammad ibn Juhoda, Amr ibn Dinordan, Ato ibn Yasordan, Abu Hurayradan, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan shu tarzda rivoyat qilganlar. Hammod ibn Zayd va Sufyon, ibn Uyayna, Amr ibn Dinordan rivoyat qiladilar va hadisni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamgacha yuksaltirmaydilar. Marfu’ bo‘lmish rivoyat, bizningcha, sahihroq.
Bu hadis Abu Hurayradan, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan boshqa vajhdan ham rivoyat qilingan. Ayyash ibn Abbos Al-Qitboniy Al-Misriy uni Abu Salamadan, Abu Hurayradan, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va keyingilardan ilm ahllarining amali shu hadis asosidadir: Namoz uchun iqomat aytila boshlaganda o‘sha farzdan boshqa namoz yo‘q. Sufyon As-Savriy, Ibnul-Muborak, Shofi’iy, Ahmad va Ishoqning qavli shudir.
Bu masalada ulamoning 9 xil qavli bor:
1-qavl. Namozga iqomat aytila boshlaganda boshqa namozni o‘qimoq makruh: u xoh vaqt sunnati bo‘lsin, xoh nafl namozi bo‘lsin. Sahobalardan, tobi’iyndan va imomlardan ko‘pgina shaxslarning qavli shu. Termiziy, jumladan, Sufyon As-Savriyning qat’iyan shu fikrda ekanini qayd etgan bo‘lsa-da, ammo Ibn Abdilbar va An-Navaviy, As-Savriyning qarashini bunday izohlaydi: «Birinchi rak’atni boy berishdan qo‘rqsa, bomdodning sunnatini tark etib, jamoat bilan birga namozga kiradi. Ammo birinchi rak’atga yetishmog‘iga ishonsa, avval sunnatini o‘qiydi va keyin imomga ergashadi». Chunonchi, keyinrokda bu bayon etiladi.
2-qavl. «Farz namozi uchun iqomat aytila boshlaganda, nafl namozlaridan hech bittasi joiz emas». Ibn Abdilbar «At-tamhid»da shunday deydi.
3-qavl. Imom farzni o‘qiyotganda bomdod namozining sunnatini o‘qimoqlikda zarar yo‘q. Bu fikrdagi shaxslar bomdodning sunnati bilan boshqa namozlarning sunnati orasida ajrim qilmoqdalar. Bu xususda Al-Bayhaqiyning Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan qilgan ushbu hadisi bilan istidlol etadilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Namoz uchun iqomat keltirilganda farzdan boshqa namoz yo‘q, faqatgina bomdodning ikki rak’at sunnati(bundan) mustasno. Ammo bu hadis istidlol uchun yaroqli emasligini, hatto Al-Bayhaqiy, Abu Hurayradan bu istisnoga zid bir hadis rivoyat qilganini dalil qiladilar.
4-qavl. Bu qavlda masjidning ichida bo‘lmoq yoki tashida bo‘lmoq va ayni vaqtda birinchi rak’atga yetib-etmasligi orasida ajrim qilinadi. Bu Imomi Molikning qavli bo‘lib, u bunday deydi: «Masjidga kirgan bo‘lsa, imomga ergashsin va sunnatni - bomdodning sunnatini demoqchi - o‘qimasin. Agar masjidga kirmagan bo‘lsa, birinchi rak’atni boy berish qo‘rquvi bo‘lmasa, masjidning tashida sunnatini o‘qisin, boy berish qo‘rquvi bo‘lsa, o‘qimasdan masjidga kirib, imomga ergashsin».
5-qavl. Ikki rak’at farzni boy berishdan va ikkinchi rak’atning ruku’ida imomga yetisha olmaslikdan qo‘rqsa, unda imomga ergashadi, yo‘qsa masjidning tashida bomdodning sunnatini o‘qiganidan keyin imomga ergashadi. Ibn Abdilbarning naql etishicha, bu qavl Imomi Abu Hanifa va birodarlarining qavlidir. Al-Xattobiy esa Imomi Abu Hanifa Imomi Molik bildirgan fikrda, bo‘lganini rivoyat qiladi. Uvda bu rivoyat Imom A’zamning birodarlarining rivoyatiga muvofiq keladi. Bu orada An-Navaviy Imom Abu Hanifa Al-Avzoiyning kuyida keladigan qavlga ega bo‘lganini bayon etadi.
6-qavl. Oxirgi rak’atga yetolmaslik qo‘rquvi bo‘lmasa, bomdodning sunnatini masjidning ichida ham o‘qiyveradi. (Jamoatda) birinchi rak’atni boy beradigan bo‘lsa ham, sunnatini o‘qishi kerak. Al-Avzoiy va Sa’id ibn Abdulazizning qavli shu. An-Navaviy, Imomi Abu Hanifa va u kishining birodarlari ham shu qavlga ega bo‘lganini rivoyat qiladi.
7-qavl. Birinchi rak’atni boy berish qo‘rquvi bo‘lmasa, bomdodning sunnatini masjid ichida bo‘lsa ham o‘qiydi. Sufyon As-Savriyning qavli shu. Ibn Abdilbar rivoyat qilgan bu qavl Termiziy Sufyon As-Savriydan rivoyat qilgan qavlga zid.
8-qavl. Vaqt bemalol bo‘lsa, imomning namozini boy bersa ham, bomdodning sunnatini o‘qiydi. Molikiylardan Ibnul-Jallobning qavli shu.
9-qavl. Iqomatni eshitgach, xoh bomdodning sunnati, xoh boshqa nafl namozga kirishmog‘i, xoh masjidning ichida, xoh tashqarisida bo‘lsin, joiz emas. Agar shunday qilsa, osiy bo‘lgan bo‘ladi. Zohiriylarning qavli shu. Ibn Hozim, Shofi’iyning va barcha salaflarning shu qavlga ega bo‘lganini naql etadi. Hadisda vorid bo‘lgan «iqomat» so‘zidan murod muazzinning farz namozi uchun keltirgan iqomat bo‘lsa, ma’lum bo‘lgan va qabul etilgan ma’no shudir, unda bu qavl hadisning zohir ma’nosiga muvofiqroq keladi. Bordi-yu, «iqomat» so‘zidan «namoz o‘qimoq» ma’nosi qasd etilsa, unda iqomat asnosida nafl namozi o‘qimoqlik karohat emas.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:38:52

311-BOB
MAVZU: BOMDOD NAMOZINING SUNNATINI O’TKAZIB, FARZDAN KEYIN O’QIMOQ


418. Qays ibn Amr ibn Sahl Al-Ansoriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam masjidga chiqdilar, darhol izlaridan namozga iqomat aytildi va men u kishi bilan birga bomdodni o‘qidim. Keyin Nabiy sallallohu alayhi va sallam namozni tamom qilgach, mening namoz o‘qiyotganimni ko‘rib qoldilar: «Shoshmagil, Qays! Bir paytda ikki (farz) namozmi» dedilar, «Yo Rasululloh? Men bomdodning ikki rakat (sunnat)ini o‘qimagan edim» - dedim, «Unda zarari yo‘q», - dedilar.
Muhammad ibn Ibrohimning rivoyati shu tarzda ekanini yolg‘iz Sa’d ibn Sa’idning rivoyatidan bilayotirmiz. Sufyon ibn Uyayna aytadi: «Ato ibn Abi Raboh bu hadisni Sa’d ibn Sa’iddan eshitgan va bu hadis faqatgina mursal tarzida rivoyat qilinayotir». Makkaliklardan ba’zilari shu hadisni qabul qilishgan. Bomdod namozining sunnatini farzdan keyin va quyosh chiqishidan oldin o‘qimoq zararsiz, deb hisoblaydilar.
Al-Xotabiy «Al-maolim»da bunday deydi: «Bomdod namozi sunnatining qazosini o‘qish vaqti borasida olimlar ixtilof qilganlar. Ibn Umar (roziyallohu anhum)dan, u kishining farzdan keyin sunnat qazosi o‘qiladi deb aytgani rivoyat qilindi. Ato, Tovus va Ibn Jurayhning qavli ham shudir. Ba’zilari esa «Quyosh chiqquncha qazoni o‘qiydi», deydi. Al-Qosim ibn Muhammadning qavli va Al-Avzoiy, Shofi’iy, Ahmad va Ishoqning mazhabi (yo‘li) shudir. Abu Hanifa va u kishining birodarlari esa bunday deyishadi: «Xohlasa, bu ikki rak’atning qazosini quyosh ko‘tarilguncha o‘qiydi. Agar o‘qiy olmasa, boshqa narsa lozim bo‘lmaydi. Chunki, bu sunnatdir». Imom Molik «Choshgoh vaqtidan zavol vaqtiga qadar qazosini o‘qiydi, zavoldan keyin qazosini o‘qimaydi», deydi.
Sa’d ibn Sa’id Yahyo ibn Sa’id Al-Ansoriyning birodari. Qays esa Yahyo ibn Sa’idning bobosi. U Qays ibn Amr ekanligi, shuningdek, Qays ibn Kahd ekanligi ham aytilgan. Bu hadisning isnodi muttasil emas. Muhammad ibn Ibrohim At-Taymiy -Qaysdan eshitgan. Ba’zilar esa bu hadisni Sa’d ibn Sa’iddan, Muhammad ibn Ibrohimdan rivoyat qilgan: «Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam chiqdilar va Qaysni ko‘rdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:39:22

312-BOB
MAVZU: QUYOSH CHIQQANIDAN KEYIN BOMDOD NAMOZINING SUNNATINI O’QIMOQ


419. Abu Hurayra (rozilllohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Kimki bomdod namozining ikki rak’at (sunnat)ini o‘qiy olmay qolsa, quyosh chiqqanidan keyin o‘qib olsin».
Bu hadisni yolg‘iz shu vajhdan bilayotirmiz. Ibn Umardan shunday qilgani (quyosh chiqqanidan keyin bomdod namozi sunnatining qazosini o‘qigani) rivoyat etilgan. Ba’zi ilm ahllarining amali shu hadis asosidadir. Sufyon As-Savriy, Shofi’iy, Ahmad, Ishoq va Ibnul-Muborakning qavli shu. Amr ibn Osim Al-Kilobiydan tashqari, bu hadisni Hammomdan shu isnod bilan va shu tarzda rivoyat qilgan biror kishini bilmaymiz. Qatodaning Nazr ibn Anasdan, Bashir ibn Nahikdan, Abu Hurayradan, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan marfu’ tarzida qilgan rivoyati ushbudir: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Kimki quyosh chiqmasidan oldin bomdod namozining bir rak’atiga ulgursa, bomdod namoziga ulgurgan bo‘lur».

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:39:46

313-BOB
MAVZU: PESHIN NAMOZINING TO’RT RAK’ATLIK AVVALGI SUNNATI


420. Ali (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam peshinning farzidan oldin to‘rt rak’at va (farzidan) keyin ikki rak’at (namoz) o‘qir edilar».
Bu bobda Oisha va Ummu Habiba (roziyallohu anhumo)dan hadis rivoyat qilingan. Alining hadisi hasan. Abu Bakr Al-Attor, Ali ibn Abdullohdan, Yahyo ibn Sa’iddan, Sufyondan naql etib, bizga bayon qilib berdi: «Sufyon aytdiki, «Al-Horisning rivoyatiga nisbatan Osim ibn Damro’ rivoyatining ustunligini bilar (va taqdirlar) edik».
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va keyingilardan ilm ahllari ko‘pchiligining amali shu hadis asosidadir. Kishi peshinning farzidan oldin to‘rt rak’at sunnat namozi o‘qimog‘i ixtiyor qilingan. Sufyon As-Savriy, Ibnul-Muborak va Ishoqning qavli shu. Ba’zi ilm ahllari esa, «Kechki va kunduzgi namozlar ikki-ikki rak’atdandir», deydi. Har ikki rak’atni bir-biridan ajratmoq lozim, degan fikrga ega bo‘lganlar. Shofi’iy va Ahmadning qavli shu.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:40:18

314-BOB
MAVZU: PEShIN NAMOZINING IKKI RAK’ATLIK KEYINGI SUNNATI


421. Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bilan birga peshinning farzidan oldin ikki rak’at
va (farzidan) keyin ikki rak’at namoz o‘qidim».

Bu bobda Ali va Oisha (roziyallohu anhumo)dan hadis rivoyat qilingan. Ibn Umarning hadisi hasan-sahih.

Qayd etilgan