336-BOB
MAVZU: BIR RAK’AT VITR NAMOZI
459. Anas ibn Siyriyndan rivoyat qilindi; aytdi: «Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan: «Bomdodning ikki rak’at (sunnat)ini uzun o‘qiyinmi?» - deb so‘radim. Shunda aytdiki, «Nabiy sallallohu alayhi va sallam tunda ikki-ikki rak’atdan namoz o‘qir edilar va bir rak’at vitr (toq) qilar edilar. (Bomdodning) ikki rak’at (sunnat)ini azon quloqlarida bo‘lgan holda o‘qir edilar».
«Azon quloqlarida bo‘lgan holda» iborasidan chiqadigan ma’no shuki, bomdodning sunnatini (azon quloqlariga yetishi bi-lan) qisqa va yengil o‘qir edilar.
Bu bobda Oisha, Jobir, Al-Fazl Ibn Abbos, Abu Ayyub va Ibn Abbos (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan. Ibn Umarning hadisi hasan-sahih. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va tobi’yyndan ba’zi ilm ahllarining amali shu hadis asosidadir: Kishi ikki rak’at bilan uchinchi (toq) rak’atning orasini salom bilan ajratib, vitrni toq rak’at tarzida o‘qiydi, deb hisoblaydilar.
Molik, Shofi’iy va Ishoqning qavli shudir. (458-hadis ylovasiga va quyidagi to‘rt ilovaga qarang).
(*Termiziy kitobiga yozilgan mo‘‘tabar sharhdan to‘rt ilova:
1-ilova: Hazrati Oisha (roziyallohu anho) Hazrati Abdulloh ibn Abi Qays (roziyallohu anhu)ning savollari ustida, Janobi (Rasuli Akram) sallallohu alayhi va sallamning kechqurundagi namozlarini bu tariqa bayon qilibdurlar: «To‘rt rak’at va uch rak’at; olti rak’at va uch rak’at; sakkiz rak’at va uch rak’at; o‘n rak’at va uch rak’at. Mana bu rivoyatda oxirgi «uch rak’at» degan kalimani to‘rt bor alohida keltirishlaridan ma’lum bo‘lurki, bu namozning adadi na ziyoda, na kam bo‘lur. Shundoq bo‘lmagan taqdirda Hazrati Oisha (roziyallohu anho) har gal «uch rak’at» kalimasini ifoda qilmay, yetti rak’at, to‘qqiz rak’at, o‘n bir rak’at, o‘n uch rak’at deb qo‘ya qolar edi.
2-ilova: Mulla Ali Al-Qoriy rahimahulloh so‘zlaricha, Hanafiylarning dalillari shuldurki, vitr namozining uch rak’at o‘qilishini joiz va mustahsin ekanligiga sahobai ‘izom (roziyallohu anhum) qaror qilgandurlar. Va uch rak’atdan kam bo‘lishida ba’zilari joiz va ba’zilari nojoiz, deb ixtilof qilgandurlar. Sahobalarning ittifoq qilgan masalalariga amal qilmoq ziyoda matlubdir.
3-ilova: Imomi Hasan Basriy (roziyallohu anhu)gaki, muhaddislarning nihoyatda buyuklaridandurlar, debdurlar: «Vitr namozining uch rak’atligiga butun musulmonlar ittifoq qilgandurlar». Bu zotga bir kishi debdurki, «Hazrati Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhumo) uch rak’at vitrning ikki rak’atiga salom berib, qolgan bir rak’atini alohida o‘qir edilar». Anga bu zot (ya’ni imomi Hasan Basriy): «Otalari Hazrati Umar uch rak’atni bir salom ila o‘qir edilar. Va otalari ul kishidan olimroq erdilar», deb javob beribdurlar.
4-ilova: Ahodisi sharifada (hadislarda) tanho bir rak’atlik namoz o‘qish man’ qilingandur. Hazrati Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)dan bir kishi savol qilib dediki, «Hazrati Sa’id (roziyallohu anhu) vitrni bir rak’at o‘qirlar». Hazrati Abdulloh dedilar: «Bir rak’atlik namoz bo‘lmas».
Bulardan boshqa ham hanafiylarda dalillar ko‘p. Hammadan jome’ va mufrid bir kitob bu masala tahqiqin ustida hazrati mavlono ustozi kabir, allomai shahir, muhaqqaq al-ahnof, a’lamul-ashrof As-Sayyid Muhammad Yusuf Al-Banuriy Allohu majdan va izzan hazratlarining «Termiziyyi sharif»ga qilgon sharhlaridan alohida qilib, tab’ va nashr etgan ta’liflaridur. (Ushbu sharhlar Sayyid Mahmud Toroziy hazratlarining Imom At-Termiziyning «Shamoyili Muhammadiya» kitobiga qilgan izohotidan olindi. Tarjimon).