Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 294886 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 ... 69 B


AbdulAziz  28 Dekabr 2008, 00:57:06

354-BOB
MAVZU: JUM’A KUNI TAHORAT BILAN KIFOYALANMOQ


496. Samura ibn Jundub (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Kimki jum’a kuni tahorat olsa, bu yetarli va juda yaxshidir. Kimki g‘usl qilsa, bas, g‘usl afzalroqdir».
Bu bobda Abu Hurayra, Anas va Oisha (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Samuraning hadisi hasan. Qatodaning birodarlaridan ba’zisi bu hadisni Qatodadan, Al-Hasandan, Samuradan rivoyat qildi. Ba’zisi esa: «Qatodadan, Al-Hasandan, Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan» deb mursal tarzida rivoyat qildi. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va keyingilardan ilm ahllarining amali shu hadis asosidadir. Jum’a kuni g‘usl qilmokni ixtiyor etmoq bilan birga bu kunda cho‘milmoqning o‘rniga tahorat bilan kifoyalanmoqni joiz deb hisoblaydilar.
Shofi’iy aytadi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamning g‘usl qilmoq borasidagi amrlari vojib darajasida bo‘lmasdan, ixtiyoriylik asosida ekanligiga dalolat qiladigan hadislardan biri ham Hazrati Umarning hadisidir».
Chunonchi, u kishi Hazrati Usmonga «Faqat tahorat xolosmi? Axir, siz bilasiz-ku, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam g‘usl qilmoqni buyurganlar», deb aytganlar. Hazrati Umar (roziyallohu anhu) Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning amrlari ixtiyoriylik asosida emas, balki vojiblik asosida, deb bilsalar edi, (Hazrati) Umar (Hazrati) Usmonni orqaga qaytarmasdan qo‘ymas edilar, u zotga: «Qayting, g‘usl qiling!» der(edilar. Hazrati Usmonning o‘zlariga ham bu masala maxfiy qolmasdi. Binobarin, bu hadisda, musulmon kishi qilishi zarur bo‘lgan bir vojib amal yo‘qligiga, balki jum’a kuni g‘usl qilmoqlikda fazilat borligiga dalolat mavjuddir» .
Jum’a kuni g‘usl qilmoq ixtiyoriy ekanligiga doir dalil ana shu tarzda keltiriladi. Ba’zilar bu qarorga ilova qilib, «Masjidda bo‘lgan sahobalar (roziyallohu aihum) Hazrati Umar bilan, Hazrati Usmonning bu holatlariga muvofaqat etgan bo‘ladilar, demak, Jum’a kuni g‘usl ixtiyoriy ekanligi borasida ittifoq qilganlar, deb aytish mumkin». Boshqa tomondan esa Hazrati Umar va Hazrati Usmonning bu qissasidan Jum’a kuni g‘usl qilmoq vojib emas degan ma’noni emas, aksincha, vojib degan ma’noni chiqarganlar bor. Bularning fikricha, Hazrati Umar xutbani bo‘lib, hammaning oldida Hazrati Usmonni ayblab, u zotga ozor berdilar, demak, jum’a kuni g‘usl etmoq muboh bo‘lsa edi, bunday qilmagan bo‘lardilar. Hazrati Usmon esa vaqt tang bo‘lganidan va Jum’a namozini boy berish xavfi bo‘lganidan orqaga qaytmadilar. Chunonchi, bir zaruriyat natijasida vaqtni o‘tkazib yuborganlarini va faqat jum’a azonini eshitgach, o‘zlariga kelganlarini ta’kidlaganlar. («Sahihi Buxoriy»da Hazrati Usmon (roziyallohu anhu) bir yumush bilan band bo‘lib qoldim» deb aytganlari keltirilgan). Bu holat Islom huquqi boy va rang-barangligini, porloq namunalardan bittasi shu ekanligini ko‘rsatadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Dekabr 2008, 00:57:31

497. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Kimki chiroyli tahorat olsa, keyin Jum’a namoziga kelsa, xutba o‘qilganda eshitib sukut qilib o‘tirsa, u jum’a bilan bu jum’a orasidagi gunohlari mag‘firat qilingay; bundan ziyoda yana uch kuni ham kechirilur. Va kimki (xutba mahalida) tosh bo‘lakchalarini tekislasa, noo‘rin ish bilan shug‘ullangan bo‘lur».
Bu hadis hasan-sahih.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Dekabr 2008, 00:58:25

355-BOB
MAVZU: JUM’AGA ERTAROQ HARAKAT QILMOQ


498. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Kimki jum’a kuni xuddi junublikda g‘usl qilgandek g‘usl qilsa-da, birinchi soatda (birinchi bo‘lib) masjidga borsa, xuddi bir tuya qurbonlik qilgandek bo‘lur. Kimki ikkinchi soatda (ikkinchi bo‘lib) borsa, xuddi bir sigir qurbonlik qilgandek bo‘lur. Kimki uchinchi soatda (uchinchi bo‘lib) borsa, xuddi bir kattakon qo‘chqor qurbonlik qilgandek bo‘lur. Kimki to‘rtinchi soatda (to‘rtinchi bo‘lib) borsa, xuddi bir tovuq so‘yib sadaqa qilgandek bo‘lur. Kimki beshinchi soatda (beshinchi bo‘lib) borsa, xuddi bir tuxum sadaqa qilgandek bo‘lur. Imom minbarga chiqqach, maloikalar xutbani tinglamoq uchun hozir bo‘lgaydirlar».
Imomi Molik mazhabiga ko‘ra hadisda aytilgan «soat»lardan murod - quyoshning zavol vaqtidan keyinga qisqa vaqt bo‘laklaridir. Molikning birodarlari, Qozi Husayn va Imom-ul-haramayn ham shu qavlga ega bo‘lganlar. (Bu o‘rinda yakka-yakka holda birinchi va ikkinchi bo‘lib borish ma’nosi emas, balki o‘sha «soatda», - ya’ni vaqtning o‘sha muayyan balki o‘n kishi borsa ham, o‘sha soatda o‘sha savobni topadi). Ularning, fikricha «ravoh» deb zavoldan keyin bo‘ladigan borish aytiladi. Bu so‘zning lug‘aviy ma’nosi shu deb aytmoqdalar. Jumhur ulamoning fikricha, jum’aga kunning boshidan harakat qilmoq - mustahab. «Ravoh» (borish, ravona bo‘lish) - zavoldan oldin ham, keyin ham bo‘laveradi. Al-Azhariy aytadi: «Xoh kunduzning avvalida, xoh oxiridaa, xoh kechqurun bo‘lsin, «ravoh» -arab tili lug‘atida - bormoq (ravona bo‘lmoq) ma’nosidadir». To‘gri ta’rif shudir, hadis va ma’no shuni taqozo qilmoqda. Chunki, agar faqat zavoldan keyingi borish «ravoh» deyilsa, unda zavoldan keyingi kelishining biror fazilati yo‘q. Zero, zavolning izidan azon aytiladiki, azondan keyin kechga qolmoq, asosan, harom.
Bu bobda Abdulloh ibn Amr va Samura (roziyallohu anhumo)dan hadis rivoyat qilingan. Abu Hurayraning hadisi hasan-sahih.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Dekabr 2008, 00:59:03

356-BOB
MAVZU: UZRSIZ HOLDA JUM’ANI TARK ETMOQ


499. Muhammad ibn Amr tomonidan sahoba deb uqdirilgan Abul-Ja’d Ad-Zobbiy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Kimki beparvolik qilib jum’a (namozi)ni uch marta tark etsa, Alloh uning qalbini muhrlab quygaydir».
Al-Iroqiy: «Beparvolik qilib» degan ta’birdan «uzrsiz holda tark etsa» degan ma’no qasd etilganini aytadi. Shayx Abdulhaq esa «Al-lamaot» kitobida «tahovun»ni «takosul» deb tafsir qilgan. Chunonchi, jum’ani ihonat (tahqir) va istixfof (kamsitish) yo‘li bilan tark etmoqlik kufri mujibdir.
Bu bobda Ibn Umar, Ibn Abbos va Samura (roziyallohu anho)dan hadis rivoyat qilingan.
Abul Ja’dning hadisi hasan. Muhammad (Al-Buxoriy)dan Abul-Ja’d Ad-Domiriyning ismini so‘radim, bilmadi va bunday dedi: «Uning Nabiy sal-lallohu alayhi va sallamdan qilgan rivoyati sifatida faqat shu hadisni bilaman».
Bu hadisni ham faqat Muhammad ibn Amrning rivoyatidan bilayotirmiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Dekabr 2008, 00:59:48

357-BOB
MAVZU: JUM’AGA QANCHA MASOFADAN KELINADI?


500. Suvayrning otasi (Abu Fohita Sa’id ibn Ulayqa)dan rivoyat qilindi; u Nabiy sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan edi; aytdi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bizlarga jum’aga Qubodan qatnamog‘imizni amr qildilar».
Bu hadisni yolg‘iz shu vajhdan bilayotirmiz. Bu bobda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan biror sahih hadis rivoyat qilinmagan.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning bunday deb aytganlari rivoyat qilindi: «Shom oilasiga qaytargan (kech tushmasdan uyiga qaytib kela oladigan) kishiga jum’a vojibdir». Bu hadisning ham sanadi zaif. Chunki yolg‘iz Muoriq ibn Abbosning - Abdulloh ibn Sa’id Al-Maqburiydan qilgan rivoyatidan kelayotir. Yahyo ibn Sa’id Al-Qatton, Abdulloh ibn Sa’id Al-Maqburiyning hadisda zaif ekanini qayd etgan.
Ilm ahllari, jum’a kimning zimmasida vojib ekanligi masalasida ixtilof qildilar. Ba’zisi: «Shom tushmasdan uyiga qayta oladigan kishiga vojib» dedi, ba’zisi esa: «Jum’a faqatgina azonni eshita oladigan kishilarning bo‘ynida vojib bo‘ladi», deydi. Shofi’iy, Ahmad va Ishoqning qavli shudir.
Ahmad ibn Al-Hasandan eshitdim; aytdiki, «Ahmad ibn Hanbalning yonida edik. Jum’a kimga vojib ekanligi masalasi o‘tdi. Ahmad Ibn Hanbal bu masalada Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan biror narsa (hadis) zikr qilmadi». Ahmad ibn Al-Hasan aytadi: «Shunda (men) Ahmad ibn Hanbalga: «Bu masalada Abu Hurayra (roziyallohu anhu) orqali Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan hadis rivoyat qilindi» dedim. Ahmad ibn Hanbal: «Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdanmi?» dedi. «Ha, - dedim. - Al-Hajjoj ibn Nisoyr, Muoriq ibn Abbosdan, Abdulloh ibn Sa’id Al-Maqburiydan, uning otasidan, Abu Hurayradan, Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan bizga bayon qildi; (Rasuli Akram) aytdilarki, «Shom oilasiga qaytargan (kech tushmasdan uyiga qaytib kela oladigan) kishiga jum’a vojibdir»... Shunda Ahmad mendan xafa bo‘ldi va: «Rabbingga tavba qil! Rabbingta tavba qil!» dedi... Ahmad ibn Hanbalning unga nisbatan bunday muomalada bo‘lganining yagona sababi shuki, Ahmad bu hadisni biror narsa hisoblamaydi va isnodidagi ahvol tufayli uni zaif deb biladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Dekabr 2008, 01:00:42

358-BOB
MAVZU: JUM’A (NAMOZI)NING VAQTI


501. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; «Nabiy sallallohu alayhi va sallam jum’a namozini quyosh (g‘arbga) moyil bo‘lganida (qiyomdan og‘gan paytda) o‘qir edilar».

502. Yahyo ibn Muso, Abu Dovud At-Toyalisiydan, Fulayh ibn Sulaymondan, Usmon ibn Abdurrahmon At-Taymiydan, Anasdan naql etib, bizga bayon qildi... O’tgan hadisning o‘zi.
Bu bobda Salama ibn Al-Aqva, Jobir va Az-Zubayr ibn Al-Avom (roziyallohu anho)dan hadis rivoyat qilindi. Anasning hadisi hasan-sahih. Ilm ahllarining ko‘pi shu hadis asosida ittifoq qilganlar: Jum’a namozining vaqti, xuddi peshinning vaqtidek, quyosh qiyomdan og‘gan paytda kiradi. Shofi’iy, Ahmad va Ishoqning qavli shu. Ba’zisi jum’a namozini zavoldan (quyosh qiyomdan og‘ishidan) oldin ham o‘qish joiz deb hisoblaydi. Ahmad, «Kimki jum’a namozini zavoldan oldin o‘qisa» deydi va u kishining zimmasida ioda qilish (qayta o‘qish) lozim bo‘ladi, degan fikrga bormaydi.
Hanbaliylar ba’zan jum’a namozini zavoldan oldin o‘qiydilar. (Eng to‘g‘risi va yaxshisi Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘qigan vaqtlari - quyosh qiyomdan og‘gan vaqtdir.)

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Dekabr 2008, 01:01:27

359-BOB
MAVZU: MINBAR USTIDA XUTBA O’QILMOG’I


503. Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi; «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bir xurmo yog‘ochi (ustuni)ga suyanib turib xutba aytar edilar. Minbar tutgan (kun)larida o‘sha ustun (alamidan) un chekib yig‘ladi. Hatto Rasuli Akram uni quchoqlab turdilar, shundagina ustun yupandi...»
«Muvohab» nomli kitobda aytiladi: «Alloh taolo bu yog‘ochga jon berib, tirgizdi. Rasululloh (s.a.v.) firoqida tirik kishidek tovush chiqarib yig‘ladi...» Shundan so‘ng bu ustun «Hannona» («Yig‘lovchi») deb nom olgan. Rasulloh (s.a.v.)ning ushbu so‘zlari zikr qilinadi: «Qasam Allohgaki, buning yig‘isini o‘zim kelib to‘xtatmasam, Qiyomatgacha shu ahvolda bo‘zlab yig‘lar edi»
Bu bobda Anas, Jobir, Sahl ibn Sa’d, Ubay ibn Ka’b, Ibn Abbos va Ummu Salama (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Ibn Umarning hadisi hasan-g‘arib-sahih.
Mu’oz ibn Al-A’lo Basralik bo‘lib, Abu Amr ibn Al-A’loning birodaridir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Dekabr 2008, 01:02:21

360-BOB
MAVZU: IKKI XUTBA ORASIDA O’TIRMOQ


504. Ibn Umardan (roziyallohu anhumo) rivoyat qilindi; «Nabiy sallallohu alayhi va sallam jum’a kuni (tik turib) xutba aytar edilar, keyin o‘tirar edilar, keyin tik turib xutba aytar edilar». (Ibn Umar) «Xuddi bu kun (imomlar) qilganlaridek...» dedi.
Bu bobda Ibn Abbos, Jobir ibn Abdulloh va Jobir ibn Samura (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan. Ibn Umarning hadisi hasan-sahih.
Ilm ahllari ikki xutbaning orasini (bir oz) o‘tirish bilan ayirmoq fikridalar.
Hanafiy mazhabida bu o‘tirish sunnatdir. «Imom ikki xutba orasida uch oyat o‘qimoq miqdori o‘tirib oladi. Agar o‘tirmasa, sunnatni tark qilgani uchun gunohkor bo‘lur». («Muxtasar ul-viqoya», 52-bet).

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Dekabr 2008, 01:02:53

361-BOB
MAVZU: XUTBANING QISQA BO’LMOG’I


505. Jobir ibn Samura (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bilan birga namoz o‘qir edim. U kishining namozlari ham mo‘tadil, xutbalari ham mo‘tadil edi».
Bu bobda Ammor ibn Yosir va Ibn Abi Avfa (roziyallohu anhumo)dan hadis rivoyat qilingan. Jobir ibn Samuraning hadisi hasan-sahih.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Dekabr 2008, 01:04:33

362-BOB
MAVZU: MINBARDA QUR’ON O’QIMOQ


506. Ya’lo Ibn Umayya (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam minbarda «Ey Malik!» deb nido qilgaylar...» (degan oyatni* qiroat qilganlarini eshitdim».
«Az-Zuxruf» surasi, 77-oyat: «Ular (dinsizlar) (do‘zaxning soqchisiga): «Ey Malik! Rabbing(dan so‘ra, azobdan kutulmoq uchun) bizlarni halok aylasin!...» deb nido qilurlar...»
Bu bobda Abu Hurayra va Jobir ibn Samura (roziyallohu anhumo)dan hadis rivoyat qilingan. Ya’lo ibn Umayyaning hadisi hasan-g‘arib-sahih. Bu hadis Ibn Uyaynaning rivoyatidir. Ilm ahllarining ba’zilari, Imomning xutbada Qur’on o‘qimog‘ini ixtiyor qilganlar. Shofi’iy aytadi: «Imom xutba aytsa-yu, xutbasida Qur’ondan biror oyat o‘qimasa, xutbani ioda qiladi (qayta o‘qiydi)».

Qayd etilgan