382-BOB
MAVZU: HAYIT NAMOZLARIDAGI QIROAT
532. An-Numon ibn Bashir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam ikki hayit (Ramazon va Qurbon hayiti) namozlarida hamda jum’a namozida («Al-a’lo») bilan «G’oshiyah» suralarini o‘qir edilar. Ba’zan ikkalasi (hayit va jum’a namozi) bir kunga to‘g‘ri kelib qolar va shunda ham (Janobi Rasululloh) shu ikki surani o‘qir edilar».
Bu bobda Abu Voqid, Samura ibn Jundub va Ibn Abbos (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan. An-Nu’mon ibn Bashirning hadisi hasan-sahih. Sufyon As-Savriy va Mis’or, Ibrohim ibn Muhammad ibn Al-Muntashirdan shu tarzda, Abu Avonaning rivoyatidek, rivoyat qildilar. Ibn Uyaynaning rivoyati esa boshqacha. Ibn Uyayna, Abu Avonadan, Ibrohim ibn Muhammad ibn Al-Muntashirdan, uning otasidan, Habib ibn Solimdan, uning otasidan, An-Nu’mon ibn Bashirdan rivoyat qiladi. Chunonchi, Habib ibn Solimning o‘z otasidan rivoyat qilgani ma’lum bo‘lmayotir. Habib ibn Solim - An-Nu’mon ibn Bashirning mavlosidir. U An-Nu’mon ibn Bashirdan bir qancha hadis rivoyat qilgan. Ibn Uyayna orqali Ibrohim ibn Muhammad ibn Al-Muntashirdan (xuddi) ularning rivoyatidek ham rivoyat qilindi .
«Ular» deganda Abu Avona, Sufyon As-Savriy va Mis’orni ko‘zda tutganlar. Bu zotlarning rivoyatiga ko‘ra sanadda Habib ibn Solim bilan An-Numon ibn Bashir orasida «uning otasidan» degan qayd yo‘q. Ya’ni Habib ibn Solim bu hadisni An-Nu’mondan, otasi orqali emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri rivoyat qilgan. Ibn Uyayna esa, bir rivoyatda hadisning isnodida «otasvdan» degan qaydni zikr etib va ikkinchi bir rivoyatda ismi kechgan zotlarga muvofaqat qilib bu qaydni ko‘targan.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam hayit namozlarida «Qof» va «Al-qamar» suralarini o‘qiganlari ham rivoyat qilinmoqda. Shofi’iyning qavli shudir.