13-BOB
MAVZU: IKKITA TOSH BILAN ISTINJO QILISH
17. Abdullohdan rivoyat qilindi; aytdi: Nabiy sallallohu alayhi va sallam qazoi hojat uchun chiqqan edilar, «Menga uchta tosh topgin», dedilar. U kishiga ikkita tosh va bitta tezak keltirdim. Ikkita toshni olib, tezakni tashladilar va «Bu najasdir», dedilar.
Tahoviy bu hadisni, uchta toshning shart emasligiga dalil qilib keltiradi va «Agar shart bo‘lsa edi, uchinchisini ham toptirar edilar», deydi. Lekin Tahoviyning bu so‘zi izohga muhtoj. Chunki Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning uchinchi toshni o‘zlari olgan bo‘lishlari yoki istinjo qilganda bir toshning ikki tomonini ishlatgan bo‘lishlari ehtimol, shunda uchta tosh ishlatgan bo‘ladilar. (Muborakfuriy).
Qays ibn Ar-Robi’ bu hadisni Abu Ishokdan, Abu Ubaydadan, Abdullohdan xuddi shunday tarzda, aynan Isroil rivoyatidek rivoyat qilgan. Ma’mar va Ammor ibn Ruzayq bu hadisni Abu Ishoqdan, Alqamadan, Abdullohdan rivoyat qildilar. Zuhayr esa Abu Ishokdan, Abdurrahmon ibn Al-Asvaddan, uning otasi Al-Asvad ibn Yaziddan, Abdullohdan rivoyat qilgan. Zakariyo ibn Abu Zoida ham Abu Ishoqdan, Abdurrahmon ibn Yaziddan, Al-Asvad ibn Yaziddan, Abdullohdan rivoyat qildi. Bu, rivoyat tarzida chalkashlik bo‘lgan bir hadisdir. Amr ibn Murra aytadiki, Abu Ubayda ibn Abdullohdan: «Abdullohdan biron narsa eslaysanmi? deb, so‘rasam, «Yo‘q» dedi. Men o‘zim Abdulloh ibn Abdurrahmondan so‘radim: «Bu hadisda Abu Ishoqdan qilingan rivoyatlarning qaysi biri sahihroq?» desam, hech qanday hukm bildirmadi. Buni Muhammaddan so‘radim, u ham biror hukm bildirmadi. U zikr qilingan Zuhayrning Abu Ishoqdan, Abdurrahmon ibn Al-Asvaddan, uning otasidan, Abdullohdan qilgan rivoyatni muvofiqroq ko‘rib, «Al-Jomi’» kitobiga kiritgan.
Menimcha, bu hadisdagi eng sahih rivoyat Isroil va Qaysning Abu Ishoqdan, Abu Ubaydadan, Abdullohdan qilgan rivoyatidir. Chunki Isroil Abu Ishoqning hadisini ularning hammasidan ko‘ra yaxshiroq saqlagan va yod olgan. Qays ibn Robi’ ham bu rivoyat borasida unga mutobaat qilgan.
Abu Muso Muhammad ibn Al-Musanna’dan eshitdim; dediki: Abdurrahmon ibn Mahdiydan bunday deganini eshitdim: «Sufyon As-Savriyning Abu Ishoqdan qilgan rivoyatidan nimaiki boy bergan bo‘lsam, uni Isroildan olishimga ishonganim uchun boy berdim. Chunki, u (bu hadisni) juda mukammal tarzda keltirar edi».
Zuhayrning Abu Ishoqdan qilgan rivoyati unchalik sog‘lom emas. Chunki undan eshitishi oxirgi kunlarda sodir bo‘lgan.
Ahmad ibn Hasan At-Termiziydan eshitdim, ibn Hanbalning bunday deganini rivoyat qildi, deydi: «Bir hadisni Zoida va Zuhayrdan eshitsang agar, xuddi shu hadisni boshqalardan eshitmaganingga qayg‘urma! Faqat Abu Ishoqdan rivoyat qilingan hadis mustasnodir» Abu Ishoqning ismi - Amr ibn Abdulloh As-Sabi’iyn Al-Hamadoniy. Abdulloh ibn Mas’udning o‘g‘li Abu Ubayda otasidan hadis eshitmagan va u kunyasi bilan tanilgan bo‘lib, ismi noma’lumdir.