635. Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhumo) orqali Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilindi; «(Rasuli Akram) sallallohu alayhi va sallam: osmon (yomg‘ir) va buloklar (oqar suvlar) yoki yer osti sizot suvlari bilan sug‘orilgan ekinga bir ushr (hosilning o‘ndan biri), chig‘ir orqali sugoriladigan ekinlarga esa yarim ushr (zakot) qo‘ydilar».
Bu hadis hasan-sahih.
Suv havzalari, chig‘irlar (charxpalak) yoki to‘plangan suvlar va pullik suvlar bilan sug‘orilgan ekinlardan ham yarim ushr (hosilning yigirmadan biri) olinadi. Hanafiy mazhabiga ko‘ra bu tur sug‘orish yil bo‘yi yoki yarim yildan ortiq davom etishi kerak.
Butun ulamo va to‘rt imom mazhabiga ko‘ra, bug‘doy, arpa, mosh, no‘xat, sholi(guruch) va shu kabi barcha donli-dukkakli ekin hosillaridan ushr bermoq vojib. Imomi Molik «Al-muvatto’» kitobida bunday deydi: «Zakotda tabiiy bo‘lgan g‘alla ushbulardir: bug‘doy, arpa, javdar, makkajo‘xori, tariq, sholi, mosh, suli, loviya, juljulon va shunga o‘xshash osh-taom qilinadigan donlar. Pishib, don bo‘lganidan keyin bularning hammasidan zakot olinadi».
Bu mazhabning yo‘lboshchisi ushr vojib bo‘lishiga dalolat kiladigan hadis va oyatlar ma’nosi bilan amal qilayotir. Hasan Al-Basriy, Hasan ibn Solih, As-Savriy va Ibn Siyriyn arpa, bug‘doy mayiz va xurmolardan boshqa narsada zakot yo‘q degan fikrga ega bo‘lganlar. Bularning fikricha, ushr faqat shu to‘rt narsada vojib. Taboroniy, Al-Hokim va Ad-Doruqutniyning Abu Muso Al-Ash’ariy va Mu’oz (roziyallohu anhumo)dan taxrij qilgan hadislari bilan istidlol qiladilar. Bu hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bu ikki sahobaga bunday deb aytganlari rivoyat qilinadi: «Zakotni faqatgina ushbu to‘rt sinf (narsa)dan olingizlar: arpa, bug‘doy, mayiz va xurmodan». «Subulus-Salom» muallifi Bayhaqiyning bu hadis haqida bunday deganini yozadi: «Bu hadisning roviylari siqa (ishonchli) kishilardir va sanadi mutassildir». Ash-Shavqoniy ham «An-Nahiy» kitobida shu usulni tarjih etadi va bunday deydi: «Haqiqat shuki, «zakot faqat bug‘doy, arpa, mayiz va xurmodan vojib va shu to‘rttadan boshqa yer mahsulotlarida zakot (ushr) yo‘q. Amr ibn Shu’aybning hadisida makkajo‘xori bu to‘rt narsaga qo‘shilgani masalasiga kelsak, bu hadisda rivoyati matruk bo‘lgan roviy uchramoqda, shu bilan birga, Mujohid va Al-Hasanning mursal rivoyatlari bilan quvvat kasb etgan». Muborakfuriy, «Abu Muso va Mu’ozning mazkur hadisi sanadida Talha ibn Yahyo borki, bu zot borasida ixtilof qilingan» deydi va bunday davom etadi: «Bu o‘rindagi cheklash haqiqiy emas. Haqiqiy bo‘lsa edi, bu to‘rt sinfdan boshqa narsada zakot vojib emasligi lozim bo‘lardi. Lozim botil bo‘lganidek, malzum (lozim qiluvchi) ham aynan botildir. Bu o‘rindagi chegara faqat nisbiydir».