Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 294831 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 62 63 64 65 66 67 68 69 B


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:24:17

658. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Sadaqa Rahmonning g‘azabini so‘ndirgay va yomon (xunuk) o‘limni daf’ etgay!»
Yomon (xunuk) o‘lim - vayrona ostida qolmoq, baland joydan yiqilmoq, cho‘kmoq yoki yonmoq kabi fojiali hollarda o‘lmoqdir; ayni vaqtda yomon (xunuk) o‘lim shayton tuzog‘ida (shaytoniy bir ish ustida) va harbdan qochish natijasida o‘ldirilmoqdir. Ba’zilari esa xunuk o‘limni - kutilmagan oniy o‘lim tarzida tafsir qilishgan. Ba’zilarning fikricha esa chormix qilib o‘ldirilmoq va shar’iy hukm asosida oshkor - hammaga bildirib o‘ldirilmoqdir.
Ushbu hadis bu vajhdan g‘arib.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:24:28

659. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Alloh sadaqani qabul etib, uni o‘ngiga olgaydir. So‘ng uni har bittalaringiz uchun ulg‘aytirgaydir. Xuddi har bittalaringiz o‘z toychog‘ini boqib ulg‘aytirgan kabi! Hatto bir luqma, shubhasiz, bamisoli Uhud (tog‘i)dek bo‘lur. Va uning tasdiqi Alloh azza va jallaning kitobida shundaydir:
Al-Iroqiy aytadiki, «Bu oyati karima ba’zi roviylar tomonidan chalkashtirib yuborilgan. Oyatning asl matni ushbudir: «At-tavba» surasining 104-oyati bo‘lgan bu oyati karimaning ma’nosi quyidagichadir: «Ular (gunohkorlar) Allohning O’zi bandalari tomonidan bo‘lgan tavbani qabul etishini, sadaqalarni ham (o‘z dargohida) qabul qilishni va haqiqiy tavbalarni qabul etguvchi va mehribon zot Allohning o‘zi ekanini bilmadilarmi?»
«Al-Baqara» surasi, 276-oyat. Ma’nosi: «Alloh sudxo‘rlikni(ng foydasini) yo‘q qiladi va sadaqalar (ning foydasi)ni ziyoda qiladi».
Bu hadis sahih.
Oisha (roziyallohu anho) vositasida Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan shunga o‘xshash bir hadis rivoyat qilingan.
Bittadan ortiq ilm ahllari ushbu hadis, shunga o‘xshash rivoyat va sifatlar haqida hamda Alloh taborak va ta’loning har kecha dunyo osmoniga (birinchi osmonga) tushmog‘i haqida bunday deydilar: «Bu xil rivoyatlar sobit bo‘lishi mumkin. Ularga iymon keltiramiz, vahmga (tafsilot va ta’vilga) berilmaymiz va «Qanday?» deb aytmaymiz». Molik ibn Anas, Sufyon ibn Uyayna va Abdulloh ibn Al-Muboraqdan shu tarzda rivoyat qilingan. Bu xildagi hadislar haqida aytisha-diki, «Ularni «Qanday»siz holda o‘tkazing!» Ahli sunnat val-jamoat mazhabidagi ilm ahllarining qavli ana shunday. Jahmiya (firqasi) esa bu rivoyatlarni rad etib, «Bu tashbihdir» deydi. Allohu taolo o‘z kitobining bittadan ko‘p joyida «yad» (qo‘l) «sam’» (quloq) va «basar» (ko‘z) ta’birlarini zikr etadi. Jahmiya (Juhamiy mu’taziliy) bu oyatlarni ta’vil etib, ilm ahllarining tafsiriga muxolif tarzda tafsir qilishadi. Aytadilarki, «Allohu taolo Odamni qo‘li bilan yaratmagan. Qo‘lning ma’nosi faqatgina quvvat va qudratdir».
Ishoq, ibn Ibrohim bunday deydi: «Qo‘lga o‘xshagan qo‘l» yoki «qo‘l singari qo‘l» yoxud «quloqqa o‘xshagan quloq» yoki «quloq singari quloq» degan vaqtda faqat tashbih (o‘xshatish) bo‘ladi. «Quloq singari» yoki - «quloqqa o‘xshash» desa, tashbih ana shudir. Ammo Allohu taolo marhamat qilganidek, «yad» (qo‘l), «sam’» (quloq) va «basar» (ko‘z) desa-yu, kayfiyatidan (qandayligidan) so‘zlamasa, «quloq singari» yoki «quloqqa o‘xshash» demasa, bu tashbih bo‘lmaydi. Bu so‘z Allohu taoloning kitobida kelgan qavli sharifiga o‘xshaydi: «Unga o‘xshaydigan hech narsa yo‘qdir, Ul (Alloh) Sami’ va Basirdur (hamma narsani eshitguvchi va hamma narsani ko‘rib turguvchidir)» «Sho‘ro», surasi, 11-oyat.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:24:42

29-BOB
MAVZU: TILANCHI HAQIDA


660. Ummi Bujayd (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; u Nabiy sallallohu alayhi va sallamga bay’at qilgan ayollardan edi; Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga aytdiki, «Agar miskin kishi kelib eshigimda turib olsa-yu, men unga beradigan biror narsa topa olmasam, nima qilaman?» Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘sha ayolga bunday dedilar: «Agar beradigan biror narsa topa olmasang, hech yo‘qsa, bir kuydirilgan qo‘y tuyog‘i topib bo‘lsa ham unga ber, uni tilanchining qo‘liga tiqib qo‘y!».
Kuydirilgan qo‘y tuyog‘idan murod tilanchini eshikdan kuruq qaytarmaslikdir. Oz yoki arzimas bo‘lsa ham, mumkin bo‘lgan nar-sani bermoq ma’nosini ifoda etadi.
Bu bobda Ali, Husayn ibn Ali, Abu Hurayra va Abu Umoma (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan. Ummi Bujaydning hadisi hasan-sahih.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:24:54

30-BOB
MAVZU: QALBLARI MOIL (DO’ST VA ULFAT) QILINADIGAN KISHILARGA (NARSALAR) BERMOQ HAQIDA


Bunday kishilar Islomda «Muallafai qulub» nomi bilan mashhur. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam hayotlarida ularning qalbini islomga moyil qilish uchun zakot va o‘lja mollaridan ularga ulush berar edilar. Ibn ul-Arabiy «Oribat ul-ahvoziy» nomli Termiziy kitobi izohlariga oid asarida bunday deydi: «Muallafai qulub kimlar ekanligi borasida ixtilof qilindi. Ba’zilari, ular musulmon ekanliklarini, ammo diniy e’tiqodlari zaif bo‘lganidan musulmonliklarini sobit va quvvatli qilish uchun ularga pullar va mollar berilgan, deb aytadi. Ba’zilari esa, ular kofir bo‘lib, faqat yomonliklaridan saqlanmoq uchun hamda musulmonlarga yordam va muzoharalarini (qo‘llab-quvvatlashlarini) ta’minlamoq uchun ularga mollar va pullar berilgan, deydi. Sahihrog‘i shu gapdir va barcha rivoyatlar shuni qo‘rsatmoqda.

661. Safvon ibn Umayya (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, xalq (orasi)da mening eng yomon ko‘rgan kishim edilar. Hunayn g‘azoti) kunida menga (o‘ljalardan) berdilar va berishda davom etdilar. Nihoyat, xalq orasida eng yaxshi ko‘rgan kishimga aylandilar».
Al-Hasan ibn Ali shuni yoki shunga o‘xshash bir hadisni menga bayon qildi.
Bu bobda Abu Sa’id (roziyallohu anhu)dan hadis rivoyat qilingan.
Safvonning hadisini Ma’mar va tag‘in boshqalar, Az-Zuhriydan, Sa’id ibn Al-Musayyabdan rivoyat qiladilar: Safvon ibn Umayya aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga berdilar»: Shu rivoyat yanada sahih va yanada maqbulroq bo‘lib ko‘rinadi. Hamda hadis (sanadi) bunday: «Sa’id ibn Al-Musayyabdan, Safvon ibn Umayya aytdi».
Termiziy sanadda voqe bo‘lgan «‘an» va «an» so‘z rivoyatlariga ishorat qilib, «an» rivoyatini ustun qo‘ymoqdalar. Shunga qaramay hadisni «‘an» rivoyati bilan taxrij qilganlar.
Ilm ahllari muallafa-i qulubga (mollardan) berilmog‘i borasida ixtilof qildilar. Ilm axllarining ko‘pi bermaslik kerak, degan fikrdadir. Aytdilarki, «Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam davrlarida (ular) bir jamoatdan iborat edi. Rasuli Akram ularni Islomga moyil qilishga urinar edilar va natijada (ular) musulmon bo‘ldilar. Bu kun bu ma’noda ularga zakot berilmasligi kerak degan fikrga ega bo‘lishayotir. Sufyon As-Savriy, Kufa ahli va tag‘in boshqalarning qavli shudir. Ahmad va Ishoq ham shu qavlga ega bo‘lganlar.
Ba’zi ilm ahllari esa bunday deydilar: «Bu kun o‘shalarning holatida bo‘lganlar topilsa, Imom (Davlat boshlig‘i) ularni Islomga moyil qilish uchun (pul yoki mol) bersa, bu joizdir. Shofi’iyning qavli shu.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:25:13

31-BOB
MAVZU: SADAQA BERGAN KISHI O’Z SADAQASIGA VORIS BO’LMOG’I


662. Burayda (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamning huzurlarida o‘tirgan edim. Bir xotin keldi-da, «Yo Rasululloh! Men onamga sadaqa qilib bir joriya bergandim, onam vafot qildi», dedi. (Rasuli Akram): «Ajring vojib bo‘ldi (savobing yozildi) va meros uni (joriyani) senga qaytardi!» dedilar. Xotin aytdi: «Yo Rasululloh! Onamning bir oylik ro‘za qarzi (qazosi) bor edi, uning o‘rniga ro‘za tutsam bo‘ladimi?» «Uning o‘rniga ro‘za tut!» dedilar. Xotin: «Yo Rasululloh! Onam umrida haj qila olmadi, uning o‘rniga haj qilsam bo‘ladimi?» dedi. (Rasuli Akram): «Ha! Uning o‘rniga haj qilgin!» dedilar...».
Bu hadis hasan-sahih.
Va bu Buraydaning rivoyatidan ekanligi bitta shu vajhdan ma’lum bo‘layotir. Abdulloh ibn Ato muhaddislar nazdida siqa (ishonchli)dir.
Ilm ahllari ko‘pchiligining amali shu hadis asosidadir. Kishi sadaqasi meros sifatida o‘ziga intiqol etsa (o‘tsa), o‘sha sadaqa unga halol. Ba’zi ilm ahllari esa bunday deydilar: «Sadaqa Alloh uchun qilingan bir narsadir. Meros sifatida o‘ziga intiqol etganida (qaytganida) uni shunga o‘xshash joyga sarf etmog‘i vojib».
Sufyon As-Savriy va Zuhayr ibn Muoviya bu hadisni Abdulloh ibn Atodan rivoyat qiladilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:25:35

32-BOB
MAVZU: SADAQASIDAN QAYTMOQ KAROHAT EKANLIGI


663. Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; (Hazrati) Umar Alloh yo‘lida (bir g‘oziyni o‘zlariniki bo‘lmish) bir otga mindirdilar. Keyin otning sotilayotganini ko‘rib, uni sotib olmoqchi bo‘ldilar. Shunda Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam: «Sadaqangdan qaytma!...» dedilar.
Ba’zi ilm ahllarining fikricha, sadaqa bergan kishi, sadaqasini sotib olmog‘i, hadisning zohiriga ko‘ra, harom. Ammo ilm ahllarining ko‘pchiligi bu o‘rindagi qubh (qabohat, yomonlik, xunuklik) lizotihi bo‘lmasdan, lig‘ayrihi bo‘lgani uchun karohati tanzihiya bilan makruh ekanligini aytganlar. Chunonchi, sadaqani olgan kishi, sobiq (avvalgi) yaxshiligi bois sadaqani bergan kishiga narxini tushiribroq sotish ehtimoli bor. Demak, narxi pasaytirilgan miqdor sadaqadan qaytmoq kabi bir holatni yuzaga keltiradi. (Hazrati) Umar (roziyallohu anhu) Alloh yo‘lida g‘azotga ketayotgan bir mujohidga tamlik yo‘li bilan (butkul egalik qilishi uchun) bir ot berganlar. Buning tamlik (egalik qilishi) yo‘li bilan bo‘lganini, o‘sha mujohid keyinchalik otni sotishga chog‘langanidan anglaymiz. Ba’zilari bu sotish harakatini bunday izohlaydi: «Ot zaiflashgan va zaiflik bois boshqa otlarga yetolmaydigan va foydalanib bo‘lmaydigan holatga yetgan edi»... Ash-Shavqoniy, farz sadaqa, ya’ni zakot bo‘lsa, uni sotib olmoq zararsiz, deydi. Chunki ixtiyoriy tarzda berilgan sadaqa masalasi bu o‘rinda vorid emas.
Bu hadis hasan-sahih.
Ilm ahllari ko‘pchiligining amali shu hadis aso-sidadir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:26:25

33-BOB
MAVZU: O’LIKNING (MARHUMNING) RUHI UCHUN SADAQA BERMOQ


664. Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi: «Odamlardan biri aytdiki, «Yo Rasululloh! Mening onam vafot qildi. Uning (ruhi) uchun sadaqa qilsam, unga foydasi tegadimi?». (Rasuli Akram sallallohu alayhi va sallam): «Ha», dedilar. Kishi aytdi: «Mening bir mevazor bog‘im bor. Sizni shohid qilgaymanki, uni onam (ruhi) uchun sadaqa qilib berdim!».
Bu hadis hasan.
Ilm ahllari bunga tan berganlar. Aytadilarki, «O’likka sadaqa va duodan boshqa hech narsa yetib bormaydi!»
Ba’zilar bu hadisni Amr ibn Dinordan, Ikri-madan, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan mursal tarzida rivoyat qiladilar. «Mening bir maxrafim (mevazor bog‘im) bor» degan so‘zdan ekinzor poliz ko‘zda tutilgan.
Duo va sadaqaning foydasi o‘likka yetib bormog‘i haqida mutobaqat (kelishuv) qilingan. Ahli sunnat val-jamoat ulamosi orasida bu xusuda ixtilof yo‘q. Faqat namoz, ro‘za va Qur’on o‘qimoq kabi jismoniy ibodatlar masalasida ixtilof qilingan. Al-Qoriy hazratlari «Al-fiqhul-akbar»ning sharhida bunday deydilar: «Abu Hanifa, Ahmad va salaf (olimlari)ning barchasi, jismoniy ibodatlar savobi ham o‘likka yetib boradi, degan fikrga ega bo‘lganlar. Shofi’iy va Molik mazhablarida, mashhur bo‘lgan qavl - yetib bormaydi, degan fikrdadir». As-Suyutiy «Sharhus-sudur»da aytadi: «Xatm savobi o‘likka yetish-etmasligi haqida ixtilof qilindi. Butun salaf (olimlar) va uch imom yetib boradi, deb tan berishgan. Imom Shofi’iy «Inson uchun o‘z sa’y-harakatidan boshqa narsa yo‘qdir». «An-najm, 49) oyatiga tayanib, bu qavlga muxolafat qildi: Oldingilar bu oyatni muxtalif jihatdan javoblantiradi. Quyida shu javoblardan ba’zilarini zikr qilamiz.
1) Mazkur oyat, boshqa oyati bilan mansuhdir (hukmi bekor qilingan). Chunonchi, otalar farzandlarining taqvo va yaxshiligi sababidan jannatga kiritilishlari rivoyat qilingan.
2) Bu oyat, Ibrohim va Muso (alayhissalom) qavmiga tegishli. (xos). Ummat uchun esa ham o‘z sa’y-harakatidan, ham uning uchun qilingan sa’y-harakatdan foyda yetadi. Bu Ikrimaning so‘zidir.
3) Bu oyatdagi «Inson uchun» deyishdan murod - kofir insondir. Mo‘‘min inson esa ham o‘z sa’y-harakatidan, ham uning uchun qilingan sa’y-harakatdan foyda topadi. Bu so‘zni Robi’ ibn Anas aytadi.
4) Inson uchun sa’y-harakatining samarasidan boshqa biror narsa bo‘lmasligi adliy tariyqdandir (adolatli yo‘ldir). Ammo ehson bobidan Allohu taolo O’zi xohlaganicha berishi mumkin. Buni Al-Husayn ibn Fazl aytadi.
5) «Lil-inson» birikmasidagi «Lom», «‘ala» ma’nosidadir. Ya’ni insonga gunoh sifatida faqat qilgan gunohi yoziladi va inson faqat sodir qilgan gunohlaridan so‘roq qilinadi, deganidir.
Shuningdek, o‘qilgan Qur’on va tushirilgan xatmning savobi o‘liklarga yetib boradi, deb aytgan olimlar ba’zi hadislar bilan istidlol qiladilar. (dalil-hujjat keltiradilar). Suyutiy: «Bu hadislar zaif bo‘lishi bilan birga, majmu’i e’tibori bilan, o‘liklar ruhiga Qur’on o‘qimoqning bir asl-manbai borligiga dalolat qiladi» deydi va musulmonlar o‘sha paytdan beri shu tartib-qoida asosida davom etib kelayotganlarini va buning bir ijmo’ ekanligini ta’kidlaydi...

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:26:56

34-BOB
MAVZU: XOTIN ERINING UYIDAN (OLIB CHIQIB) INFOQ QILMOG’I MASALASI


665. Abu Umoma Al-Bohiliy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eshitdim, Vido hajlari yilidagi xutbalarida bunday dedilar: «Xotin kishi erining uyidan, molidan erining iznisiz, zinhor biror narsa infoq qilmasin!..» Aytdiki, «Yo Rasululloh! Taom ham bermasinmi?» Aytildiki, «Molning eng afzali shudir!».
Bu bobda Sa’id ibn Abi Vaqqos, Asmo binti Abu Bakr, Abu Hurayra, Abdulloh ibn Amr va Oisha (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Abu Umomaning hadisi hasan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:27:06

666. Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Ayol erining uyidan (ezgu niyatda) sadaqa bersa, unga bundan ajr-savob tekkay va eriga ham shuncha, xazinabonga ham shuncha savob berilgay. Ulardan hech bittasining ajri o‘rtog‘ining ajr-savobidan bir zarra kamaytirilmas. Kishi ishlab topgani uchun, ayol infoq qilgani uchun (savob olur)».
Bu hadis hasan-sahih.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:27:17

667. Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; aytdilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Ayol erining uyidan xolis niyatda va sochib-sovurmasdan (sadaqa) bersa, unga erining ajr-savobicha savob berilgay. Ayol ezgu niyatda bo‘lgani uchun (berilur); xazinabonga ham shuncha ajr-savob tekkay».
Bu hadis hasan-sahih.
Bu Amr ibn Murraning Abu Voildan rivoyat qilgan hadisidan ko‘ra sahihroq. Amr ibn Murra o‘z rivoyatida «Masruqdan» demaydi.

Qayd etilgan