Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 294527 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 69 B


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:47:16

HADISLARNING QABUL QILINISHI VA RAD ETILISHI JIHATDAN TURLARGA BO’LINISHI

Hadis yo maqbul (qabul qilinadigan) yoki mardud (nomaqbul) bo‘ladi. Maqbul hadis - sahih, mardud hadis - zaifdir. Hadislarning tabiiy taqsimi ana shudir, bunday taqsim, ya’ni bo‘linish ortida roviylarning va hadis matnlarining ahvollari o‘zgarishi bilan birga, sihhat va za’f, ya’ni sog‘lomlik yoki zaiflik jihatidan o‘zgargan bir qancha qismlar bor.   Biroq muhaddislar uch qismga bo‘lish borasida kelishib, bu uchga bo‘lish ikkiga bo‘lishdan ko‘ra afzal deb sanashgan. Shunday qilib, hadis sahih, hasan va zaif tarzida uch turga bo‘lingan.
Mavzu’ degani esa bu turlarga kirmaydi. Chunki, mavzu’ degani Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamga yoki sahobalardan va tobi’iyndan biror kishiga taqalgan gap bo‘lib, aslida yolg‘on va uydirmadir. Va’z qilayotgan kishi nazdida bu hadis hukmida bo‘lsa-da, lekin mavzu’ ekanligining isbot etilishi undan «hadis» degan sifatni ketkizadi. Biroq to bu masala isbot etilmagunicha, uni hadis deb atash mumkin. Agar biron bir kitobda «Bu hadis mavzu’dir» degan iboraga ko‘zingiz tushsa, shuni bilingki, o‘sha o‘rinda «hadis» so‘zining ishlatilishi mazkur so‘zni hadis sifatida naql etish va rivoyat qilish harom ekanligini bildirish uchun bo‘ladi. Endi tartibi bilan shu uch tur hadisni qisk.acha izohlab o‘taylik.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:47:38

1. SAHIH.
Sahih hadis - to‘g‘ri va aql-idrokli kishi to‘g‘ri va aql-idrokli kishidan rivoyat qilgan, sanadi boshidan oxirigacha uzilmay muttasil bo‘lgan, shoz(z) va muallal bo‘lmagan (uzilmagan va nuqsonsiz) musnad hadisdir.
Sanadning muntahosi - to‘xtalgan joyi (tayanch nuqtasi) Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam bo‘ladilar, shuningdek, biror sahoba va tobi’iyn ham bo‘lishi mumkin. Ba’zi ulamolar musnad bilan muttasil orasini ajratgan hollar ham uchraydi. Ular: Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan ko‘tarilgan hadisni musnad deb, sanadi tutashgan hadisni esa muttasil deb aytadilar. Ularning fikricha, muttasil hadis marfu’ ham bo‘lishi mumkin; mavquf yoki maqtu’ ham bo‘lishi mumkin; musnad hadis esa faqatgina Rasuli Akramning o‘zlaridan ko‘tarilgan hadisdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:47:58

Sahih hadisning turlari:
Sahih hadis mutavotir, ahad, mashhur, mustafiz, aziz va g‘arib kabi turlarga bo‘linadi.
Mutavotir - aqlan va odatan yolg‘on narsa ustida ittifoq qilishlari mumkin bo‘lmagan bir jamoat, sanadi boshida, o‘rtasida va oxirida xuddi shunday sifatga ega bo‘lgan bir jamoatdan rivoyat qilgan sahih hadisdir.
Bu jamoatning sanog‘ini belgilash borasida turli va qarama-qarshi fikrlar ilgari surilgan. Biz bu fikrlarga to‘xtalmaymiz, ayni vaqtda, mutavotir lafzi va ma’nosiga ko‘ra ikki qismga bo‘linishini ham sharhlab o‘tirmaymiz. Chunki, sahih hadis - «sahih lizotihi» va «sahih lig‘oyrihi» kabi ikki turga ajraladi. Ammo bu borada ham to‘xtalmay o‘tamiz. Chunki, maqsadimiz hadis istilohlari haqida ta’lim berish emas, balki tarjimamizda uchraydigan ayrim ilmiy istilohlarni tushunib olishda yordami tegadigan muhim ma’lumotni yetkazishdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:48:51

Ahad - bunday hadislarning har bittasi «xabari vohid» deyiladi. «Xabari vohid» - lug‘aviy ma’nosiga ko‘ra, bitta kishi rivoyat qilgan hadis, degani. Istilohiy ma’nosiga ko‘ra - tavotur darajasiga yetmagan hadisdir.
Bu ta’rifdan ma’lum bo‘ladiki, qo‘yidagi hadis turlari «xabari vohid»ning alohida-alohida xillaridir.
Mashhur - siqa (ishonchli) bir imomdan jamoat (ikkitadan ortiq kishi) mushtarak tarzda rivoyat qilgan hadisdir. Aniqliq, ochiq-ravshanlik kasb etgani bois bunday hadislar mashhur deb nomlangan. Ayrim fiqh imomlari bunday hadisni ayni vaqtda mustafiz deb ataydi. Holbuki, mashhur hadis bilan mustafiz hadis o‘rtasida farq bor.
Mustafiz - yoyilmoq, tarqalmoq (fayz olmoq) ma’nosida keladigan «istifoza» so‘zidan kelib chiqqan ismi foildir. (fe’ldan yasalgan ot). Mashhur hadisni «mustafiz» deydigan fiqh imomlari, so‘zning lug‘aviy ma’nosini diqqat markazida tutgan bo‘ladilar. Istilohiy ma’nosi esa boshida va oxirida roviylar sanog‘i teng - bir xil bo‘lgan hadisdir; bunda roviylar sanog‘i ikkitadan ko‘p bo‘lishi shart qilingan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:49:41

Aziz - ikki kishi rivoyat qilgan, ammo hamisha, har qaysi davrda roviylar sanog‘i ikkitadan kam bo‘lmagan hadisdir. Bunday hadislarning aziz deb atalishiga sabab: yo nodir bo‘lgani uchun, yoki boshqa yo‘ldan kelishi bilan quvvat kasb etgani uchundir.
G’arib va fard - sahobadan keyin sanadining har qanday bir joyida bitta roviy yakka holda rivoyat qilgan hadis. «G’arib va fard» so‘zlari orasida lug‘at va istiloh jihatidan mushtarak uyqashlik bor. Bu bog‘liqlik faqat yakka-yolg‘izlik va toqlik ma’nosida bo‘lib, hadis olimlaridan ayrimlari bu xil hadislarni ba’zan «fard», ba’zan «g‘arib» deb atashlarining sababi shudir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:50:15

2. HASAN HADIS
Hasan hadis
- odil, sidq va omonatda mashhur, ammo qamrovda sahih talabi darajasiga ko‘tarilmagan roviy rivoyat qilgan, sanadi muttasil bo‘lib, tobi’iyndan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamgacha yetib borgan, shuzuzdan va illatdan salomat bo‘lgan hadisdir.
Ko‘rinib turibdiki, sahih hadis bilan hasan hadis o‘rtasidagi farq faqatgina qamrov (zabt, ya’ni egallash, ishg‘ol etish) sahihda tugal, to‘liq, «hasan»da esa bir oz pastroq martabada bo‘lishidan iborat.
«Sunani Termiziy» hasan hadislarni aniqlashda asos-manba’dir. «Hasan» istilohini kashf etgan, hadislarni sahih, hasan va zaif tarzida uch qismga bo‘lgan zot Termiziyning o‘zidir. Undan avval muhaddislar zaifni ikki xil tarzda qabul qilishardi. Birinchisi - o‘sha hadis asosida amal qilinishi joiz bo‘lgan zaif hadis bo‘lib, bu Termiziy istilohida kelgan hasan hadisga o‘xshashdir. Ikkinchisi - tark etish vojib bo‘lgan, o‘ta zaif ma’nosida kelgan, «vahiy» (quloqqa shivirlangan so‘z) deb nomlangan hadis edi.
Muhaddislar, sahih bilan hasan o‘rtasida mushtarak bo‘lgan ba’zi lafzlarni zikr qilishgan. Maqbul va mo‘‘tabar hadis borasida qo‘llangan bu lafzlar: jayyid, mujavvad, qaviy, sobit, maxfuz, ma’ruf, solih va mustahzan singari so‘zlardir. Bularning ishlatilishida istilohiy ma’nodan ko‘ra lug‘aviy ma’nosi ko‘proq mulohaza qilinadi. Chunonchi, mujavvad bilan jayyid, sobit bilan qaviy so‘zlari bir-biri bilan qiyoslanganda bu lafzlar ta’birda farqli ma’noda qo‘llangani ravshan bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:51:22

3. ZAIF HADIS
Zaif
- tarkibida «sahih» va «hasan» hadislarning sifati bo‘lmagan hadis. Uchinchi tur hisoblangan zaif hadisning eng muvofiq ta’rifi ana shu.
Zaif hadisning ko‘pgina xillari bor. Bulardan o‘ziga xos nomga ega bo‘lgan xillarini quyida izohlaymiz.

Zaif hadisning turlari:
Mursal - sanadidan sahoba tushirib qoldirilgan hadis.
Masalan, tobi’iyndan bo‘lmish Nofi’: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar» yoki «Bunday kildilar» yoxud «U zotning huzurida bunday qilindi» deydi yoki shunga o‘xshash bir ta’birni qo‘llaydi, deylik; bu o‘rinda hadis ittisolni (bog‘liqlikni) yo‘qotgani uchun - zaif; roviysi tomonidan sahoba tushirib qoldirilgani uchun - mursal bo‘ladi. Mursal hadis din bobida hujjat hisoblanmaydi. Muhaddislarning qarori ana shu. Lekin ko‘pchilik ulamolar bir sahoba mursal tarzida rivoyat qilgan hadisni hujjat deb qabul qilishadi va bunday hadislarni zaif deb hisoblashmaydi. Chunki, o‘sha sahoba mursal tarzida rivoyat qilgan shu hadisni mutloq boshqa bir sahobadan eshitganki, u sahoba ahvolining noaniqligi hadisni zaif deb hisoblashga asos bo‘lolmaydi. Suyutiy, «Sahihayn»da bu tur hadislar jiddiy bir sanoqni tashkil etishini aytadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:51:57

Munqoti’ - sanadida bir roviy tushirib qoldirilgan yoki sanadida mubham (noma’lum) bir kishiga o‘rin berilgan hadis.
Munqoti’ hadis ham xuddi mursal hadisdek sanadida ittisolni (bog‘liqlikni) yo‘qotgani tufayli zaifdir.
Hofiz Al-Xatiyb Al-Bag‘dodiy, «Al-kifoya fiy ilmir-rivoya» nomli asarida bunday deydi:
«Munqoti’ mursal kabidir. Faqat bu istiloh ko‘pincha sanadida tobi’iyn tushirib qoldirilgan rivoyat haqida qo‘llaniladi». Hofiz Al-Xatiybning «ko‘pincha» degan ta’kidi bilan, munqoti’ borasida biz keltirgan ta’rif orasida hamma jihatdan mutanosiblik yo‘qligi ayon. Al-Xatiybning so‘zi, munqoti’ hadislarda ko‘pincha namoyon bo‘ladigan bir sifatga nisbatan alohida istilohdir. Haqiqiy ta’rif yuqorida biz taqdim etgan ta’rifdir.
Mu’dal - sanadidan ikki yoki ko‘proq roviysi tushirib qoldirilgan hadis.
Mu’dal maxsus vajh asosida munqoti’ning bir qismi hisoblanadi. Bu o‘rinda ham za’fning sababi, xuddi mursal va munqoti’da bo‘lganidek, sanadida ittisolni (bog‘liqlikni) yo‘qotganligidir. Agar bu uch istiloh orasida bir o‘lchov-daraja qo‘yadigan bo‘lsak, mu’dalning ahvoli munqoti’dan ko‘ra yomonroq, munqoti’ning ahvoli esa mursaldan ko‘ra yomonroq deb aytishimiz mumkin. Demak, mu’dalning munqoti’dan ko‘ra yomonroq ekanligi - inqito’, ya’ni uzilish sanadining bir joyida bo‘lgani uchundir. Mabodo, inqito’, ya’ni uzilish sanadining ikki joyida. yoki yanada ko‘proq joyida bo‘lsa, unda mu’dalning ahvolidan farqi qolmaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:52:25

Mudallas - aybi yashiringan hadis. Shu ma’noni bildiradigan mudallas ikkiga bo‘linadi:
a)   Isnod tadlisi. Bir roviyning, o‘zi bilan bir davrda yashagan va o‘zi bilan uchrashgan kishidan eshitmagan holda undan hadis rivoyat etmog‘i yoki bir davrda yashagan, lekin o‘zi bilan uchrashmagan bir kishidan, xuddi uning og‘zidan eshitgandek qilib hadis rivoyat qilmog‘i isnod tadlisi deyiladi. Ibnus-Saloh mudallas hadisni ana shunday ta’riflaydi. Tadlis borasida boshqa ta’riflar ham zikr qilingan. Bu ta’riflarning hammasi, bir shayxdan eshitmagan hadisni xuddi undan eshitgandek qilib rivoyat qilish holatiga asoslangan.
b)   Shayxlar tadlisi. Bir shayxdan eshitgan hadisni undan rivoyat qilganda, o‘sha shayxning tanilmasligi uchun uni taniqsiz bir ismi yoki kunyasi (taxallusi) bilan atalmog‘i yoki shayxini yoxud shayxining shayxini taniqsiz bir sifat bilan sifatlantirmog‘i - shayxlar tadlisidir.
Ayrim muhaddislar tadlisni kengroq qilib, atf tadlisi, qat’ tadlisi, tasviya tadlisi, sukut tadlisi, tavriya tadlisi, istidroq tadlisi va shu kabi boshqa atamalar bilan turli xillarga ajratishgan. Bu xillarning hammasi «isnod tadlisi» qismiga tegishli.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:52:52

Muallal - zohiran illatsiz ko‘rinsa ham, sahihligiga jarohat yetkazadigan bir illati yuzaga chiqarilgan hadis. Imom al-Buxoriy, Imom At-Termiziy va Al-Hokim iboralarida qo‘llanganidek, bu hadis «ma’lul» ham deyiladi. «Muoll» deb atalsa, yanada yaxshiroq.
Muztarib - boshqa-boshqa (beqaror) va bir-biriga yaqin sabablar bilan rivoyat qilingan hadis.
Imom an-Navaviyning fikricha, ta’rif shu. Bordi-yu, rivoyatlardan birontasini boshqasidan ustun qo‘yish mumkin bo‘lsa, unda bu hadis «muztarib»lik holatidan chiqadi. Iztirob (beqarorlik) ko‘p marta sanadda va ba’zan matnda yuz beradi, agar iztirob faqat matnda yuz bersa, u hadis kamdan-kam «muztarib» deb nomlanadi. Iztirob ham sanadda, ham matnda uchrashi mumkin. Biz tarjimada «chalkashlik» iborasini «iztirob»ning muqobili tarzida qo‘llayotirmiz. Bu so‘z lug‘aviy jihatdan asosan «beqarorlik» ma’nosini bildiradi.
Maqlub - roviylardan birontasi, matnda biror so‘z o‘rnini yoki sanadda biror roviy nomini yoki nasabini aniq tutmasdan, orqaga olinishi lozim bo‘lgan so‘z, nom yoki nasabni oldinga o‘tkazishi, nom yoki nasabni orqaga olishi yoxud bir narsani boshqa bir narsaning o‘rniga qo‘yishi tarzida rivoyat qilgan hadis. (Qisqasi, maqlub - matnda biror so‘z o‘rni yoki sanadda biror roviy nomi yoki nasabi o‘rni almashib qolgan hadis). Maqlub - o‘zgartirmoq ma’nosida keladigan «qalb» so‘zidan yasalgan ismi maf’uldir. (fe’ldan yasalgan ot). (Masalan, biror narsa o‘zgartirilganda yoki soxtalashtirilganda «qalbaki» deb ataladi).
Ta’rifdan anglashilgan sababga ko‘ra, «qalb» (o‘zgarish) isnodda ham, matnda ham bo‘lishi mumkin.

Qayd etilgan