Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 294531 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 ... 69 B


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:45:41

446. Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; aytdilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Qur’ondan bir oyat (o‘qishlik) bilan bir kechani bedor o‘tkazdilar».
Bu oyat qaysi oyat ekanligi hadisda aytilmagan. Faqat An-Nasoiy va Ibn Mojaning Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilgan hadisida bunday deyiladi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir kechani tongga qadar bir oyat bilan o‘tkazdilar, bu oyat ma’nosi: «Ularga azob qiladigan bo‘lsang, ular Sening bandalaringdirlar va ularni mag‘firat qilsang, albatga, Sen Aziz va Hakiymsan - g‘olib, qudratli va hikmatli zotsan!» Ya’ni Sening fe’lingga va ishingga hech qanday kuch-quvvat daxl qila olmas; bandalaring ustida mutloq tasarruf sohibi yolg‘iz O’zingsan!..
Bu hadis ushbu vajhdan g‘arib.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:45:54

328-BOB
MAVZU: UYDA NAFL NAMOZI O’QIMOQNING FAZILATI


447. Zayd ibn Sobit (roziyallohu anhumo)dan ri-voyat qilindi; «Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Farzdan tashqari eng afzal namozingiz - uylaringizda (o‘qigan namozingiz)dir».
Bu bobda Umar ibn Al-Xattob, Jobir ibn Abdulloh, Abu Sa’id, Abu Hurayra, Ibn Umar, Oisha, Abdulloh ibn Sa’d va Zayd ibn Xolid Al-Juhaniy (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan. Zayd ibn Sobitning hadisi hasan. Bu hadisning rivoyati (masalasi)da ixtilof qildilar. Muso Ibn Uqba va Ib-rohim ibn Abin-Nazr uni marfu’ tarzida, ba’zilari esa mavquf tarzida rivoyat qilganlar. Molik bu hadisni Abun-Nazrdan rivoyat qilgan va Nabiy sallallohu alayhi va sallamga(cha) yuksaltirmagan. Marfu’ rivoyat yanada sahihroq.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:46:18

448. Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Uylaringizda namoz o‘qib turingizlar, uylaringizni qabristonga aylantirib qo‘ymangizlar».
Bu hadis hasan-sahih.

NAMOZ BOBLARI TUGADI

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:47:11

:bs1:

VITR BOBLARI

329-BOB
MAVZU: VITR NAMOZINING FAZILATI


449. Xorija ibn Huzofa (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizga (masjidga) chiqdilar-da, bunday dedilar: «Alloh sizlarga qo‘shimcha qilib bir namoz berdiki, bu namoz sizlar uchun qizil tuyalardan ham ko‘ra xayrliroqdir; (bu) vitr namozidir. Alloh vitrni sizlar uchun xufton bilan bomdod namozi o‘rtasida (tayin) qildi».
Bu bobda Abu Hurayra, Abdulloh ibn Amr, Burayda va Nabiy sallallohu alayhi va sallamning birodari Abu Basra Al-G’iforiy (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilindi.
Xorija ibn Huzofaning hadisi g‘arib. Uni yolg‘iz Yazid ibn Abi Habibaning rivoyatidan bilayotirmiz. Ba’zi muhaddislar bu hadisda vahmga berilib, «Abdulloh ibn Roshid Az-Zuraqiy» deyishgan, holbuki bu - yanglish.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:47:24

330-BOB
MAVZU: VITR NAMOZINING HUKMI


450. Ali (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdilar: «Vitr - farz namozlaringiz darajasida emas. Va lekin Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uni sunnat qilib, aytdilarki, «Albatta, Alloh toqdur, toqni sevgay! Ey ahli Qur’on, sizlar ham toq (vitr) qilingizlar!»
Bu bobda Ibn Umar, Ibn Mas’ud va Ibn Abbos (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilindi.
Alining hadisi hasan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:47:34

451. Ali (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdilar: «Vitr - farz namozi darjasida emas va lekin Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vojib martabasida tayin qilgan bir sunnatdir».
Bundor bu (hadis)ni bizga Abdurrahmon ibn Mahdiy orqali Sufyondan bayon qilib berdi.
Bu hadis Abu Bakr ibn Ayyashning hadisidan ko‘ra sahihroq. Bu hadisni Mansur ibn Al-Mu’tamir ham Abu Ishoqdan rivoyat qildi: xuddi Abu Bakr ibn Ayyashning rivoyatiga o‘xshash.
(Ilova: Hanafiy ulamolari qator dalillarga tayanib, vitrni vojib deb hukm qildilar. Binobarin, Imomi A’zam rahmatullohi alayh mazhablarida vitrni vojib deb etiqod qilmoq va niyat qilganda ham «Vitri vojibni» deb niyat qilmoq joizdir).

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:47:49

331-BOB
MAVZU: VITRNI O’QIMASDAN UXLAMOQ KAROHAT EKANLIGI


452. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga uxlamasdan oldin vitrni o‘qimoqni buyurdilar».
Iso ibn Abi Azza aytadi: «Ash-Sha’biy - kechaning avvalida (birinchi qismida) vitrni o‘qir, keyin uxlar edi».
Abu Hurayraning hadisi bu vajhdan hasan-g‘arib. Abu Savr Al-Azdiyning ismi - Habib ibn Abi Mulayqa.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va keyingilardan ba’zi ilm ahllari, kishi vitrni o‘qimasdan, yotib uxlamasligi kerak deb ixtiyor qilganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:47:57

453. Yana Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilindi; aytdilar: «Sizlardan kimki kechaning oxirida uyg‘ona olmaslikdan qo‘rqsa, kechaning avvalida (birinchi qismida) vitrni o‘qib olsin. Va sizlardan kimki kechaning oxirida uyg‘onishga ko‘zi yetsa, vitrni kechaning oxirida o‘qisin. Chunki kechaning oxirida Qur’on qiroat qilinganida rahmat farishtalari hozir bo‘lgaydir va bu afzalroqdir».
Bu (hadis)ni bizga Hannod - Abu Muoviyadan, Al-A’mashdan, Abu Sufyondan, Jobirdan (roziyallohu anhum), Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan bayon qilib berdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:48:20

332-BOB
MAVZU: VITR KECHANING AVVALIDA HAM, OXIRIDA HAM O’QILMOG’I BAYONI


454. Masruqdan rivoyat qilindi. U (Masruq) Oisha (roziyallohu anho)dan Nabiy sallallohu alayhi va sallamning vitr namozlari haqida so‘radi. (Oisha onamiz) aytdilar: « Ul zot kechaning barcha qismlarida vitrni o‘qiyverar edilar: avvalida ham, o‘rtasida ham, oxirida ham. Vafotlari arafasida u kishining vitri sahar ostonasida nihoya topdi».
Bu hadis Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam so‘nggi kunlarida vitr namozini (tahajjuddan keyin) sahar vaqtida o‘qiy boshlaganlariga dalolat etadi. Chunonchi, vitrni kechaning hamma vaqtida o‘qish joiz, degan hukmni bildiradi. Faqat vaqti kirgan bo‘lishi sharti bilan. Vitrning vaqti esa shafaq g‘oyib bo‘lganidan keyin xufton namozining orqasidan kiradi.
Abu Hasiynning ismi - Usmon ibn Osim Al-Asadiy.
Bu bobda Ali, Jobir, Abu Mas’ud Al-Ansoriy va Abu Qatoda (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Oisha (onamiz)ning hadisi hasan-sahih. Ba’zi ilm ahllari shuni - vitrni kechaning oxirida o‘qimoqni ixtiyor qilganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:48:48

333-BOB
MAVZU: YETTI RAK’AT VITR NAMOZI


455. Ummu Salama (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; aytdilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam vitrni o‘n uch ra’kat o‘qir edilar. Yoshlari ulug‘lashib, quvvatlari tortilgach, yetti rak’at o‘qidilar».
Bu bobda Oisha (roziyallohu anho)dan hadis rivoyat qilindi. Ummu Salamaning hadisi hasan. Vitr namozi Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan o‘n uch, o‘n bir, to‘qqiz, yetti, besh, uch va bir rak’at deb rivoyat qilingan. Ishoq ibn Ibrohim: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam vitrni o‘n uch rak’at o‘qiganlarining ma’nosi shuki, u kishi kechasi vitr bilan birgaliqda o‘n uch rak’at (tahajjud) namozini o‘qir edilar. Va shu boisdan tungi (tahajjud) namozlari vitrga izofa qilindi» deydi va bu xususda Oisha (roziyallohu anho)dan bir hadis rivoyat qiladi. Ishoq, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan: «Ey ahli Qur’on! Sizlar ham toq (vitr) o‘qingizlar» degan hadis bilan istidlol qilib, bunday deydi: «Bu bilan qiyomi layl (tungi ibodat) qasd etilgan. Va qiyomi layl faqat hamalai Qur’onga (ya’ni Qur’onni yod biluvchiga) vazifa ekanini bayon etayotir».

Qayd etilgan