615. Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Bizlar Nabiy sallallohu alayhi va sallamning huzurlarida bo‘la turib, koshki bir aqlli a’robiy (badaviy) kelsayu (so‘z) boshlab, u zotdan (biror) savol so‘rasa, deb orzu qilar edik. Shunday holatda turgan paytimizda bir a’robiy keldi-yu huzurlarida tiz cho‘kib o‘tirdi. (So‘ng) dediki, «Yo Muhammad! Sizning jo‘natgan elchingiz bizlarga kelib, aytdiki, siz Alloh tomonidan yuborildim, deb aytar ekansiz?...». Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Shundoq» dedilar. A’robiy aytdi: «Osmonlarni yuksak ko‘tarib qo‘ygan, yerni tekis yoyib qo‘ygan, tog‘larni tiklab qo‘ygan zot haqi, ayting, sizni Alloh yubordimi?». Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Shundoq» dedilar. A’robiy aytdi: «Sizning elchingiz bizlarga aytdiki, siz zimmamizga bir kecha-kunduzda besh vaqt namoz farz qilindi, deb aytar ekansiz». Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Shundoq» dedilar. Dediki, «Sizni yuborgan zot haqi, ayting, buni sizga Alloh buyurdimi?» (Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Shundoq» dedilar). A’robiy aytdi: «Sizning elchingiz bizlarga aytdiki, siz, zimmamizga yilda bir oy ro‘za tutmoqlik farz qilindi, deb aytar ekansiz?...» Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Rost aytibdi» dedilar. Dediki, «Sizni yuborgan zot haqi, ayting, buni sizga Alloh buyurdimi?» Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Shundoq» dedilar. A’robiy aytdi: «Sizning elchingiz bizlarga aytdiki, siz, mollarimizdan zakot bermoqlik zimmamizga qo‘yildi, deb aytar ekansiz?...» Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Rost aytibdi, dedilar. Dediki, «Sizni yuborgan zot haqi, ayting, buni sizga Alloh buyurdimi?» Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Shundoq» dedilar. A’robiy aytdi: «Sizning elchingiz bizlarga aytdiki, siz, yo‘lga kuchi yetganlar zimmasiga Baytullohni haj qilmoqlik farz qilindi, der ekansiz?» Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Shundoq» dedilar. Dediki, «Sizni yuborgan zot haqi, ayting, buni sizga Alloh buyurdimi?» «Shundoq» dedilar. Shunda A’robiy aytdi: «Sizni haq bilan yuborgan zotga qasamki, bulardan biror narsani kam ham qilmayman, biror narsani ortiq ham qilmayman!...» Keyin sakrab turdi... (So‘ng) Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam: «A’robiy o‘z so‘zida tursa, albatta Jannatga kiradi!..» — deb aytdilar.
Bu hadis ushbu jihatdan hasan-g‘arib.
Anas orqali Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan boshqa jihatdan ham rivoyat qilingan.
Muhammad ibn Ismoil (Al-Buxoriy)dan eshitdim, aytadiki, «Ba’zi muhaddislar, (ma’lumotni) olim kishiga o‘qib arz etmogi (xuddi) undan eshitmog‘i kabi joiz, deb aytishdi». A’robiyning Payg‘ambar sallallohu alayxi va sallamga qilgan arzini va Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam uning arzini iqror qilganlarini (bunga) dalil qilib ko‘rsatishadi.