Bu so‘zlardan keyin Jamol tirilib kelib yana qayta jon berayotganday dod-faryod ko‘tarilardi. Tashvishlangan Shukriyya xonim xonaga shoshilib kirganida qizini yana behush holda ko‘rardi. U ta’ziyaga keluvchi xotinlarga iltimos qilishning foydasi yo‘qligini anglab, boshqacharoq yo‘l tutishga qaror qildi. Darvoza ostonasini bosib o‘tgan mehmonga boshlariga og‘ir kulfat tushganini, qizi bu dardga chiday olmay xastalanib qolganini aytib, "œuyga kirgach, bolaning o‘limi haqida zinhor so‘z ochmayman", deb qasam ichishni talab etdi. Afsuslarkim, bu tadbir ham foyda bermadi. Xotinlarning ko‘plari qasam ichganlari bilan ahdlariga sodiq qola olmadilar. Qasamni buzmaganlar ham achinishlarini so‘z bilan ifoda etmasalar-da, g‘amgin qarashlari, ma’yus kulimsirashlari bilan Sabriyya xonimning yuraklarini poralab tashlardilar. Sabriyya xonim ularning ta’ziya bildirish uchun kelganlarini bilib turardi. Ularning ma’yus boquvchi ko‘zlaridan "œBechoraginam, yomon holga tushibsan-ku? Bolajoning qani? Bechora Jamol... Sening issiq bag‘ringda halovat topish o‘rniga sovuq yer qa’rida yotibdimi?" degan ma’noni uqib avvaliga xo‘rsinib, so‘ng nolasini boshlardi. Unga javoban mehmonlar ham xo‘rsinardilar. Ro‘molchalar chiqarilib ko‘z yoshlari artilardi. Bu huddi pinhona ta’ziya marosimiga o‘xshardi. Jamolning nomi ham tilga olinmasdi. Mehmonlar go‘yo ahdlariga vafo qilganday bo‘lardilar. Ammo ular ketganlaridan so‘ng Sabriyya xonimga limon hidlatishning ham, gulob yoki yurakni tinchlantiruvchi tomchidorilarning ham nafi tegmay qolardi.