(So‘ngra) aytildi: «Ey, Yer! Suvingni yutgin! Ey, osmon! O’zingni tutgin (yog‘ishni bas qil!)» Suv quridi, buyruq ado etildi va (kema) Juvdiy (tog‘i) uzra qo‘ndi hamda «Zolimlar qavmiga - halokat!» - deyildi. («Hud» surasi, 44-oyat)
Yahudiylarning muqaddas diniy kitoblari hamda boshqa xalqlarning turli madaniy mafkuralarida keltirilgan ushbu to‘fonning tafsiloti Alloh nozil kilgan va buzilmasdan qolgan yagona ilohiy matn bo‘lmish Qur’onning tafsiloti bilan taqqoslanganda, Qur’onning tafsiloti boshqa tafsilotlar ichida eng ishonchli ekanligi namoyon bo‘ladi. Tavrot (buzilgan matn)da ta’kidlanishicha, bu to‘fon umumbashariy bo‘lgan va butun dunyoni qamrab olgan. Aksincha, bunga aloqador Qur’on oyatlaridan ko‘rinib turibdiki, to‘fon hududiy bo‘lgan va butun dunyo emas, balki faqatgina Nuh Payg‘ambar (a.s.)ni inkor etgan qavmgina jazoga loyiq, deb topilgan. Bu to‘fonda halok qilinganlar Nuh (a.s.)ning xabarlarini rad etib, o‘z raddiyalarida qat’iy turgan odamlar edilar. Qur’onda mazkur to‘fonning umumbashariy bo‘lganligi qayd etilmagan. Quyidagi oyatlarda bu xususda shunday xabar beriladi:
Darhaqiqat, Nuhni o‘z qavmiga (payg‘ambar qilib) yubordik. (U dedi): «Men sizlarga aniq ogohlantiruvchiman. Allohdan o‘zgaga sig‘inmangiz! Men sizlarga alamli azob (kelishi)dan qo‘rqaman.» («Hud» surasi, 25-26-oyatlar)
Shunda uni yolg‘onchiga chiqardilar. Bas, (Biz) uni va u bilan birga (imon keltirgan)larni kema ichida (saqlab, to‘fondan) qutqardik va oyatlarimizni yolg‘onga chiqarganlarni (suvga) g‘arqqildik. Ular (qalbi) ko‘r kishilar edi. («A’rof» surasi, 64-oyat)
Shohidi bo‘lib turganimizdek, Qur’on bizga butun dunyo emas, balki faqatgina Nuh Payg‘ambar (a.s.)ning qavmi halok qilinganligi to‘g‘risida xabar beradi. Nasroniy va yahudiylarning muqaddas diniy kitoblari (ya’ni Tavrot va Injil)da buzib ko‘rsatilgan izohlarning Qur’onda tuzatilib xabar berilishi, uning butunligicha Alloh tomonidan tushirilgan bir kitob ekanligini tasdiqlaydi.
To‘fon sodir bo‘lgan, deb taxmin qilingan hududda olib borilgan qazishmalar ham to‘fon butun yer yuzida emas, balki Mesopotamiyaning bir qismiga ta’sir o‘tkazgan keng ko‘lamli falokat bo‘lganligini ko‘rsatdi.
Suvlar pasaygach, kema to‘xtaydi. Qur’onda vahiy qilinganidek, kemaning to‘xtash joyi al-Juvdiy bo‘lgan. Garchi arabcha «juudii» so‘zining o‘zi «baland joy, tepalik» degan ma’nolarni anglatsa-da, u ba’zida ma’lum bir tog‘ni anglatish uchun ham qo‘llaniladi. Mana shu nuqtai nazardan olib qaralganda, «juudii» so‘zi barcha yerlarni qamrab olish emas, balki faqat muayyan bir balandlikka yetgan suvlarni nazarda tutadi. Boshqacha qilib aytganda, biz Qur’ondan to‘fonning (yahudiylarning muqaddas diniy kitobi va boshqa afsonalarda ta’kidlanganidek) Yer yuzidagi barcha yerlarni va hamma tog‘larni emas, balki ma’lum bir joyni yutganligini bilibolamiz.