Rahmatulloh Obidov. Payg'ambarlar tarixi islomiyat tarixidir  ( 232207 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 44 B


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 22:34:47

Qavm ham to‘polonda unga biror zarar yetib qolishini nazarda tutib, uning qolishiga rozi bo‘lishdi. Hamma bayram yig‘iniga ketganda, Ibrohim (a.s.) butxonaga kirsalar, butlarning oyoqlari ostiga turli meva-chevalar uyub tashlanganini ko‘rdilar. Ibrohim (a.s.) butlarni masxara qilib, yuzlariga shapaloq bilan urib: «Ey butlar, ovqatlardan yemaysizlarmi, nega gapirmaysizlar?», dedilar va g‘azablari qo‘zg‘ab, bir boltani qo‘llariga olib, hamma butlarni sindirib chiqdilar va eng katta butning bo‘yniga boltani osib qo‘ydilar. 

Qavm bayramdan qaytib kelib, butxonaga kirishdi. U yerda hamma butlarning pachoqlanib yotganini ko‘rib hammalarining hushlari boshlaridan uchdi. Bir-birlaridan gumonsirab, buni kim qildi, deb so‘ray boshladilar. Ba’zilari: «Ibrohim degan yigit bizni ayblab, butlarimizni haqoratlab yurar edi, bayramga ham chiqmagan edi», - deyishdi.

Hamma Ibrohimni qidirishga tushdi, qavm undan qasos olishga shoshilardi. Ibrohim (a.s.) esa ko‘pdan buyon qavm bir joyga jamlanishini, ularga e’tiqodlarining botilligini aytib, hidoyatga chaqirishni orzu qilardilar. Hamma jam bo‘lgan joyga Ibrohim (a.s.)ni keltirishdi va bu ishni kim qilganini so‘rashdi:
«Ilohlarimizni sen shunday qildingmi, ey, Ibrohim?» Ibrohim (a.s.) bamaylixotirlik bilan:

قَالَ بَلْ فَعَلَهُ كَبِيرُهُمْ هَذَا فَاسْأَلُوهُمْ إِنْ كَانُوا يَنْطِقُونَ

«Balki bu ishni qilgan eng kattasidir, agar ular gapira olsalar, o‘zlaridan so‘rab ko‘ringlar!», (Anbiyo, 63.)-  dedilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 22:37:23

Qavmning ko‘pchiligi bir-birlarini ayblab, nega olihalarni qarovsiz qoldirdinglar, desalar, ba’zilar haqiqatni tushunib, botil yo‘lda yurganliklarini e’tirof qilardilar. Ko‘pchilikning diliga g‘ulg‘ula tushganini ko‘rgan qabila kattalari Ibrohimni kuydirib, yo‘q qilishga amr qildilar:

قَالُوا حَرِّقُوهُ وَانْصُرُوا آلِهَتَكُمْ إِنْ كُنْتُمْ فَاعِلِينَ

«Ibrohimni olovda kuydiringlar, shu ishni qilib olihalaringizga yordam beringlar». (Anbiyo, 68.)

Ibrohim (a.s.)ni «Alloh bir» deganlari uchun o‘tda yondirmoqchi bo‘ldilar. Katta miqdorda o‘tin jamlanib, uni yoqib, obdan qizdirib, keyin Ibrohimni manjaniqqa (qadimiy tosh otish quroli) solib olovga otdilar.

Ibrohim (a.s.) manjaniqdan olovga otilgan lahzada Jabroil farishta kelib: «Mendan biror tilaging bormi?», deb so‘radilar. Ibrohim (a.s.): «Mening Allohdan o‘zga biror kimsaga ehtiyojim yo‘q. U mening holimni bilguvchi, ko‘rguvchidir», deb javob berdilar. Shunda Alloh taolo olovga:

قُلْنَا يَا نَارُ كُونِي بَرْدًا وَسَلامًا عَلَى إِبْرَاهِيمَ

«Ey olov, sen Ibrohim uchun salqin va omonlik bo‘l!» (Anbiyo, 69.) , — deb amr qildi.

Allohning qudrati va marhamati bilan Ibrohim (a.s.) olovning o‘rtasiga tushdilar, tutun va alanga orasida ko‘rinmay qolib, olov yonib tugagandan so‘ng esa sog‘-salomat chiqib keldilar. Bundan hayratlangan dushmanlar qattiq xijolatdan o‘zlarini qo‘yarga joy topolmay, odamlar ko‘zidan yashirindilar. Bu Ibrohim (a.s.) uchun berilgan payg‘ambarlik mo‘‘jizasi edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 22:44:24

Ba’zi tarixchilarning yozishiga qaraganda, Ibrohim (a.s.) olovga otilgan joy Turkiyaning Urfa shahrida bo‘lib, hozirda ham mashhurdir.

Mamlakat podshosi Namrud Ibrohim (a.s.)ni huzuriga chorladi va: «Sen nima uchun fitna qo‘zg‘ab yuribsan, sen chaqirgan iloh qanday iloh? Dunyoda mendan boshqa iloh ham bor ekanmi, mendan mavqe’i baland iloh qani u?» deb po‘pisa qildi.

«(Ibrohim (a.s.) Namrudga): «Men chaqirayotgan Rabbim o‘likni tiriltiradi, tirikni o‘ldiradi, yolg‘iz o‘zigina hayot baxsh etib, uni olib qo‘yishi mumkin», - dedilar. (Namrudning g‘azabi qo‘zg‘ab): «Men ham xohlagan kishini afv qilib, unga hayot ato etaman, xohlagan kishini o‘ldiraman, xohlaganimni dunyo berib boy qilsam, xohlaganimni boyligini tortib olib, gado qilaman», - dedi. (Ibrohim (a.s.):

فَإِنَّ اللَّهَ يَأْتِي بِالشَّمْسِ مِنَ الْمَشْرِقِ فَأْتِ بِهَا مِنَ الْمَغْرِبِ فَبُهِتَ الَّذِي كَفَرَ

«Rabbim amr qilib, nizom o‘rnatganki, quyosh har kun mashriqdan chiqib mag‘ribga botadi. Agar senda ham qudrat bo‘lsa, shu nizomni o‘zgartirib quyoshni mag‘ribdan chiqar-chi?», - deganlarida (Namrud) mot bo‘ldi».(Baqara, 258.)         

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 23:14:51

Ibrohim (a.s.)ning qalblari imonga to‘la bo‘lishiga qaramay, Allohning qudratini o‘z ko‘zlari va ilmi yaqinlari bilan ko‘rishni istadilar. Bir kun Allohga iltijo qilib dedilar:

وَإِذْ قَالَ إِبْرَاهِيمُ رَبِّ أَرِنِي كَيْفَ تُحْيِ الْمَوْتَى قَالَ أَوَلَمْ تُؤْمِنْ قَالَ بَلَى وَلَكِنْ لِيَطْمَئِنَّ قَلْبِي قَالَ فَخُذْ أَرْبَعَةً مِنَ الطَّيْرِ فَصُرْهُنَّ إِلَيْكَ ثُمَّ اجْعَلْ عَلَى كُلِّ جَبَلٍ مِنْهُنَّ جُزْءًا ثُمَّ ادْعُهُنَّ يَأْتِينَكَ سَعْيًا وَاعْلَمْ أَنَّ اللَّهَ عَزِيزٌ حَكِيمٌ

«Ey Rabbim, o‘lgandan so‘ng qanday qilib qayta tiriltirishingni menga ko‘rsatgin». (Alloh aytdi): «Ishonmaysanmi hali!». «Yo‘q, ishonaman — dedilar Ibrohim (a.s.). — Lekin qalbimning xotirjam bo‘lmog‘ini istayman». (Alloh) buyurdi: «Unday bo‘lsa, to‘rt xil parranda olgin, ularni so‘yib, go‘shtlarini aralashtirgin va to‘rt qismga bo‘lib, turt tog‘ning ustiga bir qismdan qo‘ygin, keyin ularni chaqirgin, tirilib chopganlaricha huzuringga kelishadi». (Baqara, 260.)

Ibrohim (a.s.) bu tajriba bilan guvoh bo‘ldilarki, Allohning qudrati oldida o‘likni qayta tiriltirish hech narsa emas ekan. Alloh bir ishni xohladimi, unga hech qanday to‘siq yo‘q.

Qavmdan faqat Lut (a.s.)gina imon keltirgan edilar, xolos. Ibrohim (a.s.) Lut (a.s.) bilan birga Harronga safar qildilar.

Ibrohim (a.s.) Harronda yashab turgan davrlarida amakilarining qizi Soraga uylandilar, oilali bo‘ldilar.

As-Sadiydan rivoyat qilinishicha, Sora Harron podshohining qizi edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 23:16:50

Payg‘ambarlik mo‘‘jizasiga odamlar guvoh bo‘lib turib, imonga kelishmagani, buning ustiga kofir qavm va zolim hukmdor bilan bir joyda yashashning qiyinligi va kundan-kunga oradagi dushmanlik va adovatning kuchayib borishi tufayli, bu munkir qavm orasidan ketishni, hijrat qilishni xohladilar. Ibrohim (a.s.) o‘zlariga tobe’ musulmonlarni olib vatanni tark etdilar va Kan’on yerlariga qarashli Falastinga intiqol qildilar.

قَدْ كَانَتْ لَكُمْ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ فِي إِبْرَاهِيمَ وَالَّذِينَ مَعَهُ إِذْ قَالُوا لِقَوْمِهِمْ إِنَّا بُرَآءُ مِنْكُمْ وَمِمَّا تَعْبُدُونَ مِنْ دُونِ اللَّهِ كَفَرْنَا بِكُمْ وَبَدَا بَيْنَنَا وَبَيْنَكُمُ الْعَدَاوَةُ وَالْبَغْضَاءُ أَبَدًا حَتَّى تُؤْمِنُوا بِاللَّهِ وَحْدَهُ

«Ibrohim bilan birga bo‘lgan kishilarda go‘zal namuna bordir. Qaysiki, ular o‘z qavmlariga: «Bizlar sizlardan va sizlar Allohni qo‘yib ibodat qilayotgan narsalaringizdan bezormiz. Bizlar sizlarni inkor etdik. Toki, sizlar yolg‘iz Allohga imon keltirmagunlaringgacha, sizlar bilan bizning o‘rtamizda mangu adovat va nafrat paydo bo‘ldi» - dedilar». (Mumtahana, 4.) 

U yerda qattiq ocharchilik boshlandi. Ibrohim (a.s.) xotinlari Sorani olib, Misrga rizq axtarib keldilar. Misr podshohiga Ibrohimning xotini Soraning husnu jamoli ta’rif qilib berilgandan so‘ng podshoh Ibrohim (a.s.)ni huzuriga chaqirib, Soraning kimligini so‘radi. Xotinlari ekanini aytsalar, o‘zlarini o‘ldirib, xotinlarini tortib olishi turgan gap edi. Shuning uchun falokatdan qutulish maqsadida Sorani singlim dedilar, chunki nasab jihatidangina emas, baki din, til va millat jihatidan ham singil deb atash mumkin edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 23:37:18

Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar: «Payg‘ambarimiz (s.a.v.) dedilar: «Ibrohim (a.s.) hech qachon bo‘lmagan narsani bo‘lgan, demagan edi, magar uch bor shunday deyishga majbur bo‘lgan: birinchisi, o‘zlari kasal bo‘lmasalarda, «men bemorman», dedilar; ikkinchisi, butlarni o‘zlari sindirgan bo‘lsalarda, «Balki bu ishni qilgan eng kattasidir, agar ular gapira olsalar, o‘zlaridan so‘rab ko‘ringlar!» - dedilar; uchinchisi, Fir’avn Soraning kimligini so‘raganda, xotinlari bo‘lsada, uni «singlim», dedilar». (Tarixi Tabariy, 1-j. 172-6et.)

Podshoh Sorani boshi ochiq ekan, deb o‘ylab Ibrohim (a.s.)ni saroydan chiqarib yubordi va Sorani o‘z haramiga keltirishni buyurdi. Ibrohim (a.s.) Soraning oldiga borib bo‘lgan voqe’ani batafsil tushuntirdilar va Allohning omonatiga topshirib saroyga yubordilar. Kechqurun podshoh haramga kelib Sorani ko‘rdi, husniga qarab hayratga tushdi, yaqin borib qo‘l tekkizay deganda vujudi qaltirab, boshi aylanib, o‘zini lohas sezdi va joyiga uzala tushib yotdiyu qotib uxlab qoldi.

Shu uxlagancha bir tush ko‘rdi. Tushida ayon bo‘ldiki, bu ayolning eri bor ekan, nihoyatda pok ayol ekan, shuning uchun u ayolni o‘z eriga qaytarish lozimligini, unga yomon niyat bilan qo‘l tekizish mumkin emasligini tushundi. Uyqudan turib o‘zining eng go‘zal cho‘risi bo‘lgan Hojarni Soraga hadya qilib, ikkovini Ibrohim (a.s.)ning qo‘llariga topshirdi. Ibrohim (a.s.) uchun Soradan judo bo‘lish og‘ir musibat edi, chunki och qolib, non izlab, musofirlikka tushib qolsa-yu musofirlikda xotinini  ham tortib olishsa, bu dahshatli xo‘rlik edi. Lekin Ibrohim (a.s.)ni olov qa’ridan saqlab olib chiqqan Alloh xotinlari Sorani ham o‘z panohida asradi.

Ibrohim (a.s.) harakatchan bo‘lganlari uchun tez fursatda mol-dunyolari ko‘payib, obro‘lari oshib ketdi. Buni ko‘rgan hasadchilarning hasad olovi kuchayib, Ibrohim (a.s.)ga ozor yetkaza boshladilar. Shu sababli Ibrohim (a.s.) yana muqaddas joy hisoblangan Falastinga qaytib, u yerda Alloh muyassar qilganicha yashadilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 23:39:41

Alloh taolo Ibrohim (a.s.)ni bir necha marta imtihon qildi va har bir imtihondan yaxshi o‘tganlari va har bir buyruqqa samimiyyat bilan itoat etganlari uchun o‘ziga «Xalil» qilib oldi. Alloh taolo shunday deydi:

وَإِذِ ابْتَلَى إِبْرَاهِيمَ رَبُّهُ بِكَلِمَاتٍ فَأَتَمَّهُنَّ قَالَ إِنِّي جَاعِلُكَ لِلنَّاسِ إِمَامًا قَالَ وَمِنْ ذُرِّيَّتِي قَالَ لا يَنَالُ عَهْدِي الظَّالِمِينَ

«Eslang: Ibrohimni bir necha so‘zlar bilan Robbi imtihon qilganida, ularni mukammal ado etdi. Shunda Alloh:

«Albatta, Men seni odamlarga imom (peshvo) qilaman», - dedi». (Baqara,  124.) 

Ushbu oyati karimada aytilgan «bir necha so‘zlar» borasida ulamolar turli fikrlar bildiradilar.

Ar-Rabi’ning fikricha, mazkur kalimotlar:
«Albatta, Men seni odamlarga imom (peshvo) qilaman»,
«Eslang: Bayt (Ka’ba)ni odamlar uchun ziyoratgoh va xavfsiz joy qilib qo‘ydik»,
«Ibrohim maqomini namozgoh qilib olinglar!»
«Ibrohim va Ismoilga: «Tavof, e’tikof va ruku’-sujud qiluvchilar uchun Baytimni poklangiz!»
«Eslang: Ibrohim o‘z o‘g‘li Ismoil bilan birgalikda Uy (Baytulloh)ning poydevorini ko‘tardilar» - degan oyatlardir.

Ibn Abbosning fikricha, bu kalimotlar: Ibrohim (a.s.)ning peshvo qilinishlari, Ibrohim (a.s.) o‘g‘illari Ismoil bilan Ka’ba binosini qurishlari, Haj manosiklari, Maqomi Ibrohim, Makkada yashovchilarning rizqlarini barakotli qilish va U kishining zurriyotlariga Muhammad (s.a.v)ning payg‘ambar qilib yuborilishlari to‘g‘risidagi oyatlardir.

Ibn Abbosning yana bir fikricha, mazkur kalimotlardan murod Haj manosiklaridir.

Ibn Abbosning yana bir fikricha, mazkur kalimotlardan murod  poklikdir; beshtasi boshda, beshtasi badanda. Boshdagisi: mo‘ylabni qirqish, og‘izni chayish, burunni tozalash, misvok tutish, sochning farqini ochishdir. Badandagisi: tirnoqlarni olish, avratni tozalash, xatna qilish, qo‘ltiqni tozalash va najosat va siydik chiqqan joyni suv bilan yuvishdir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 23:41:51

Qatoda (r.a.) va Abu Xolid ham Ibn Abbos (r.a.)ning oxirgi fikrini quvvatlaydi.

Ibn Abbosning yana bir fikricha, «mazkur kalimotlar»dan murod, insonda oltita, masho‘irlarda to‘rtta amallardir. Oltita insondagisi: avratni tozalash, xatna qilish, qo‘ltiqni tozalash, tirnoqlarni olish, mo‘ylabni qirqish, jum’a kuni g‘usl qilish, masho‘irdagi to‘rttasi esa: Ka’bani tavof qilish,  Safo va Marvani sa’y qilish, Shaytonga tosh otish va ifoza tavofini qilishdir.

Ash-Sha’biyning fikricha, «mazkur kalimotlardan biri Ibrohim (a.s.)ni xatnaga buyurilishlaridir.

Abu Ishoqning Ash-Sha’biydan rivoyat qilishicha, mazkur kalimotlardan murod Ibrohim (a.s.)ning haqiqiy Rabbini qidirib, yulduzga, oyga, quyoshga qarab gumon qilishi, olovga tashlanishi, vatandan hijrat qilishi va o‘z-o‘zini xatna qilishidir. Ibrohim (a.s.) shularning bariga sabr qilganlar.
Mu’oz ibn Anas otalaridan rivoyat qiladilar:

«Payg‘ambarimiz (s.a.v) shunday derdilar: «Men sizlarga Alloh taolo Ibrohim (a.s.)ni nima uchun «xalil» deganining sababini aytib berayinmi? Chunki Ibrohim har tong otganda va har kun botganda:

فَسُبْحَانَ اللَّهِ حِينَ تُمْسُونَ وَحِينَ تُصْبِحُونَ (١٧)وَلَهُ الْحَمْدُ فِي السَّمَاوَاتِ وَالأرْضِ وَعَشِيًّا وَحِينَ تُظْهِرُونَ (١٨)يُخْرِجُ الْحَيَّ مِنَ الْمَيِّتِ وَيُخْرِجُ الْمَيِّتَ مِنَ الْحَيِّ وَيُحْيِي الأرْضَ بَعْدَ مَوْتِهَا وَكَذَلِكَ تُخْرَجُونَ

«Bas, tunga kirish paytlaringizda ham, tongga kirish paytlaringizda ham Allohga tasbeh aytingiz! Osmonlar va Yerdagi (bor) hamd Unikidir. Oqshomda ham, peshin paytiga kirishlaringizda ham (tasbeh aytingiz)!». Alloh o‘likdan tirikni chiqarur, tirikdan o‘likni chiqarur va yerni «o‘lgandan» keyin (bahorda qayta) tiriltirur. Sizlar ham qiyomat kunida qabrlaringizdan shu tarzda chiqarilursizlar» (Rum, 17-19.) - degan mazmundagi ushbu duolarni o‘qir edilar».

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 23:43:12

Ibrohim (a.s.)dagi barcha buyruqlarga itoatni, barcha ibodatga sabrni Alloh ko‘rib, uni «xalil» qilib oldi va boshqa xalqlarga payg‘ambar qildi, o‘zidan keyingi odamlarga peshvo qildi, uning zurriyyotidan payg‘ambarlarni chiqardi, muqaddas kitoblarga ega qildi, uning nomini barcha millat va xalqlar tilida hurmatli qildi, qaysi millat va din egalari bo‘lmasin, hammalari uning otalari va ulug‘ payg‘ambar ekanini tan oladigan qildi, oxiratda ham e’zozli odam ekanligiga ishora qildi.

Ibrohim (a.s.)ning eng katta xotinlari Sora, undan ikkinchi o‘g‘illari Ishoq (a.s.) tug‘ildilar.

Ikkinchi xotinlari Misrning Qibt qabilasidan Hojar, undan birinchi o‘g‘illari Ismoil (a.s.) tug‘ildilar.

Uchinchi xotinlari Qanturo binti Maftur, undan Madon, Madyan, Yaqson, Zamron, Yasbaq va Suh ismli o‘g‘illar tug‘ildi.

Yaqson avlodlari Makkada joylashdilar. Madon va Madyan avlodlari Shuayb payg‘ambarning yurti bo‘lgan Madyan shahrida qo‘nim topdilar. Boshqa avlodlari turli yerlarga tarqalib ketdilar. Ular otalariga: «Ey, otajon, akalarimiz Ismoil va Ishoqni yaxshi shaharlarga joyladingiz, biz esa notanish yerlarga tarqalib ketdik» - deyishganda, Ibrohim (a.s.) ularga: «Allohning buyrug‘i shunday bo‘ldi» - deb javob berdilar. Keyin ularga Allohning ismlaridan birini o‘rgatdilar va: «Shu ism bilan yordam va suv so‘rasangizlar, najot topasizlar» - dedilar. O’g‘illarining ba’zilari Xurosonga ketdilar va u yerda podshohlik martabasida bo‘lib, ular «Hoqon» deb nomlandilar.

To‘rtinchi xotinlari Hajur binti Arhir, undan beshta o‘g‘il: Kayson, Shavrax, Umaym, Lo‘ton va Nofis tug‘ildi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 00:05:32

Shu’ayb ibn Al-Jubboiyning rivoyat qilishicha, Ibrohim olovga tashlanganda, uning yoshi o‘n oltida bo‘lgan, Ishoq zabh etilganda, uning yoshi yettida bo‘lgan, Sora Ishoqni tuqqanda, yoshi to‘qsonda bo‘lgan. Shuning uchun Ishoq so‘yiladigan bo‘lganini eshitib, onasi Sora ikki kun kasal yotgan va uchinchi kunda vafot etgan. U vafot etganda yoshi to‘qson yettida edi.

Ba’zi olimlarning fikricha, Sora binti Horon bir yuz yigirma yetti yoshda vafot etgan va Ibrohim (a.s.) sotib olgan Hibrun deb nomlangan maydonga dafn etilgan.

Hojar esa Soradan avvalroq vafot etgan edi.

As-Sadiydan rivoyat qilinishicha, Ibrohim (a.s.) o‘g‘illari Ismoilni sog‘indilar. Soradan ijozat so‘rab, buroqqa minib Makkaga yo‘l oldilar. Bu vaqtda Hojar olamdan o‘tgan, Ismoil (a.s.) esa Jurhum qabilasidan Ibrohimga manzur bo‘lgan xotinga uylangan edilar. (Tarixi Tabariy, 1-j. 216-6et.)   

Ibrohim (a.s.)ning vafotlari haqida As-Sadiy shunday rivoyat qiladi: «Ibrohim (a.s.) Allohdan o‘zlari so‘ramagunlaricha Azroilni yubormaslikni tilab duo qilgan edilar. O’zlari juda saxovatli kishi edilar. Bir kuni odamlarni mehmon qilib turganlarida, uzoqdan bir keksa kishining issiqda qiynalib kelayotganini ko‘rdilar. Uning oldiga darhol eshaklarini yuborib, unga o‘tirg‘izib olib keldilar. Keksa kishi yetib kelgandan keyin uning oldiga ham taom qo‘ydilar. Mehmon juda keksaligidan luqmani yeyish uchun qo‘li bilan og‘ziga emas, balki ko‘ziga, qulog‘iga olib borib, keyin og‘zini zo‘rg‘a topdi va unga luqmani tashladi. Ovqat oshqozoniga tushishi bilan, to‘xtamasdan orqasidan chiqib ketdi. Buni ko‘rgan Ibrohim (a.s.) keksa kishidan: «Bu nima qiliq?» - deb so‘radilar. Mehmon: «Uzr, qarilik-da!» - dedi. Yoshini so‘ragan edilar, Ibrohim (a.s.) ning yoshlaridan ikki yosh kattaligini aytdi. «Mendan bor-yo‘g‘i ikki yosh katta ekansiz, men ham sizning yoshingizga borganimda shunday ahvolga tushamanmi?» - dedilar va Allohga iltijo qilib: «Ey, Alloh! Mana shu odamning holi boshimga kelmasdan turib mening ruhimni qabz qilgin!» - dedilar. Kelgan keksa mehmon o‘lim farishtasi edi, shu ondayoq o‘rnidan turib, Ibrohim (a.s.)ni qabzi ruh qildi.

Ibrohim (a.s.) vafot etganlarida, yoshlari ikki yuz yoshda edilar. Ba’zi rivoyatlarda, bir yuz yetmish besh yil yashaganlari aytiladi. Ibrohim (a.s.) xotinlari Sora dafn etilgan Falastindagi Madinatul-Xalil (Hibrun)(Ba’zi rivoyatlarda Jayrun) shahariga dafn etildilar.               

Qayd etilgan