Rahmatulloh Obidov. Payg'ambarlar tarixi islomiyat tarixidir  ( 232250 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 44 B


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 09:45:17

2.12.  YUSUF (A.S.) 
   
         
Yusuf bolaligida bir tush ko‘rdi. Subhga yaqin ko‘rgan bu ajoyib tushidan qalbi farahga to‘lib uyg‘ondi. Quvonchini ichiga sig‘dirolmay, darhol otasi Ya’qub (a.s.) huzurlariga shoshildi va shosha-pisha:

يَا أَبَتِ إِنِّي رَأَيْتُ أَحَدَ عَشَرَ كَوْكَبًا وَالشَّمْسَ وَالْقَمَرَ رَأَيْتُهُمْ لِي سَاجِدِينَ

«Ey otajon, men tushimda o‘n bir yulduzni, quyoshni va oyni menga sajda qilib turganlarini ko‘rdim», dedi.

Ya’qub (a.s.)ning yuzlari yorishib, o‘g‘illari Yusufga dedilar: «Ey o‘g‘ilcham, bu tushingiz rost keladi. Alloh sizga xos bir fazlni, ilmni va bobolaringiz Ibrohim va Ishoqqa bergan ne’mat singari ne’mati komilni berishni iroda qilibdi. Bu sizga muborak bo‘lsin, lekin bu ko‘rgan tushingizni akalaringizga aytmang, ular bu kunlarda siz haqingizda yaxshi gap qilmayaptilar, hasad qilyaptilar, agar tushingizni eshitsalar, sizga adovatlari kuchayadi va sizga zarar yetkazish uchun makr-hiyla qilishga o‘tib qoladilar».(Yusuf (a.s.)ning qissalaridagi barcha oyatlar mazkur suraning oyatlari bo‘lib, faqat zarurlarinigina tarjimasi olingan.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 09:48:40

Jobir (r.a.) aytadilar: «Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning huzurlariga yahudiylardan Bo‘stona al-yahudiy nomli bir kishi keldi va dedi: «Ey, Muhammad, menga aytchi, Yusuf unga sajda qilayotganini tushida ko‘rgan yulduzlarning nomlari nima?». Payg‘ambarimiz (s.a.v) hech narsa demadilar. Jabroil (a.s.) kelib, ularning nomlarini bildirdilar.

Payg‘ambarimiz (s.a.v) yahudiyni ayttirib kelib, unga:

«Men senga ularning nomlarini sanab bersam, sen menga ishonasanmi?» - dedilar. Yahudiy «ha» javobini berganlan keyin Payg‘ambarimiz (s.a.v) dedilar:

«Yulduzlarning nomlari Jarayon, At-Toriq, Az-Zayyol, Zul-kitfon, Qobis, Vassob, Amudon, Al-Faylaq, Al-Masbah, Az-Zaruh, Zul-far’, Az-Ziyo, An-Nurdir».

Yahudiy: «Juda to‘g‘ri aytding, u yulduzlarning nomlari xuddi shunday edi» - dedi. (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira, 178-bet.) 

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 09:49:06

Yusuf (a.s.) yoshlikdan o‘ta go‘zal, har qanday qalbi pok kishining dilida mehr va har qanday qalbi qora kishida adovat va hasad paydo qiluvchi husnga ega edilar.

Buning ustiga Binyomin va Yusufning onalari bo‘lgan Rohiyl olamdan o‘tgan, ularning ko‘nggillari yarim, shu sababdan otalari Ya’qub (a.s.) butun muhabbatlarini va rahm-shafqatlarini Yusuf va Binyominga qaratgan edilar. Bunga tush ham qo‘shildi va Ya’qub (a.s.)ning fikr-zikrlari Yusufda bo‘lib qoldi. Bu hol Yusuf akalarining qalblarida hasad olovini alangalatdi. Ular ukalari Yusuf va Binyominga bo‘lgan adovatlari va hasadlarini bir-birlaridan yashirmas edilar. Ulardan biri dedi:

«Nima uchun Yusuf va uning ukasi otamizning mehrini qozongan, biz otamizga nima yomonlik qildikki, bizga muhabbatlari yo‘q. Bizning yoshimiz Yusuf va uning ukasidan katta, kuchimiz ko‘p, otamizning hamma xizmatlarini doim bajarsak, nima uchun otamizning ko‘ngillari ikkovini bizdan ortiq ko‘radi? Ehtimol bizlarning onalarimizdan Yusuf va Binyominning onasi Rohiyl otamiz qalbida suyukliroqdir, lekin bunda bizning aybimiz nima?»

Ikkinchisi shunday dedi: «Otamizning dillaridagi Yusuf va ukasiga bo‘lgan muhabbat kaftdagi barmoqlarday mustahkam o‘sib bo‘lgan. Agar biz otamizning oldilariga bunday savol bilan borganimizda ham dildagi mustahkam muhabbatni yulib tashlash mumkin emas. Shunday ekan faqat bir yo‘li bor, u ham bo‘lsa, Yusufni o‘ldirishimiz yoki uzoq o‘rmonga eltib tashlab, hayvonlarga yem qilishimiz yo bo‘lmasa sahroga olib borib qum ostiga ko‘mib yuborishimiz kerak, shundagina undan qutulamiz, otamiz esa bizga suyanib qoladilar. Keyinroq esa Allohga istig‘for aytib, tavba qilib yaxshi odamlar qatoriga qo‘shilib olamiz».

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 09:50:09

Yahuzo Yusuf akalari orasida rahmdilroq, fikri o‘tkirroq edi. U ham gapga qo‘shilib: «Ey birodarlar, biz payg‘ambar avlodimiz, payg‘ambar nabirasimiz, hammamizning ham aqlimiz bor, dinimiz bor, aql ham, din ham odam o‘ldirishga buyurmaydi. Holbuki, Yusuf beayb bola, hech qachon uni o‘ldirishga sabab bo‘ladigan yomonlik ham, gunoh ham qilgani yo‘q. Shuning uchun, modomiki, undan qutulishga qaror qilgan ekansizlar, Baytul-Maqdis yaqinidagi chuqur, suvi ko‘p bo‘lgan quduqqa tashlanglar, biror o‘tkinchi topib olsa, o‘zi bilan birga olib ketadi, sizlar undan qutulasizlar, qotillik gunohidan ham uzoq bo‘lasizlar», dedi. Hammalari uning fikriga qo‘shildilar.

«Haqiqatan, Yusuf va (uning) akalari (qissasi)da so‘rovchilar uchun alomatlar bordir.

O’shanda (akalari) aytdilar: «Yusuf va uning ukasi (Binyomin) otamizga bizdan ko‘ra suyukliroqdir. Vaholonki, biz bir to‘p (ko‘pchilik)miz. Haqiqatan, otamiz aniq gumrohlikdadir.

(Bir-birlariga): «Yusufni o‘ldiringiz yoki uni biror yerga chiqarib tashlangiz, shunda otangiz o‘zi sizlarga ortar (faqat sizlarga mehr qo‘yar). Undan keyin yana solih kishilar qavmi bo‘lursizlar.

Ulardan bir so‘zlovchi dedi: «Yusufni o‘ldirmangiz, balki agar qilmoqchi bo‘lsangiz, uni quduq qa’riga tashlangiz, shunda uni ba’zi yo‘lovchilar olib ketar!»

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 09:52:03

Tong otganda barcha akalar otalari Ya’qub (as)ning huzuriga bordilar va unga shunday dedilar:

«Ey otajon, nima uchun Yusufni bizga ishonmaysiz, u ham bizning ukamiz, hammamiz sizning farzandlaringizmiz, sizning barchamizga mehringiz bir, muhabbatingiz ziyoda, ertaga Yusufni biz bilan yuboring, uni shahar tashqarisiga olib chiqaylik, biz qo‘y boqqanda u keng dalada yayrab, o‘ynab kelsin, kechqurun huzuringgizga tani yayrab kirib keladi. Biz uni hamisha nazarimizdan qochirmaymiz», - dedilar.

Ya’qub (a.s.) ularga: «Men Yusufni ko‘zimdan uzoqlatsam chiday olmayman, dalada sizlar beparvo bo‘lib qolsalaringiz, payt poylab uni bo‘ri yeb qo‘yishi mumkin, unda meni abadiy g‘amga qo‘yasizlar», - deb e’tiroz bildirdilar. Ammo akalari:

«Bizdek pahlavon jigarlari turganda Yusufni qanday bo‘ri yer ekan, agar unday bo‘lsa, biz ham zarar ko‘ramiz-ku, jigarimizdan ayrilamiz-ku?», - dedilar. Nihoyat Ya’qub (as): «Bo‘lmasa, ko‘zdan hech qochirmanglar, sizlarga ham, Allohga ham amonat qildim, bilganlaringni qilinglar!» - deb ijozat berib yubordilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 09:52:36

Tong otganda Yusufni hamroh qilib quduq tomon yurdilar, unga yetmasdanoq Yusufga qo‘pol muomala qila boshladilar. Niyatlari oshkor bo‘ldi, hasadlari kuchaydi, Yusufning libosiga chang solishib, yirtib oldilar va o‘zini quduqqa tashlab yubordilar. Shu bilan ular Yusufdan qutuldik, deb o‘yladilar, otalarining Yusufga bo‘lgan muhabbati tezda unutiladi va dillari bizga moyil bo‘ladi, deb gumon qildilar. Lekin Allohning taqdiri o‘zgacha edi, ular taqdirni o‘zgartirmoqchi bo‘ldilar, ammo taqdir ular ustidan kuldi. Ular makr qilmoqchi bo‘ldilar, ammo Allohning ishi hamisha g‘olibdir.

Kech kirganda hammalari Ya’qub (a.s.) huzurlariga yig‘ilishib kirib keldilar va:

«Dod-faryod bilan dedilar: «Ey otajon, siz qo‘rqqan ish sodir bo‘ldi. Biz Yusufni narsalarimiz oldida qoldirib, o‘zimiz ishlarimiz bilan mashg‘ul bo‘lib qolgan ekanmiz, Yusufni bo‘ri poylaganini sezmabmiz, unga hamla qilib yeb qo‘yipti, mana Yusufning kiyimlarini qoniga belangan holda topdik».

Ya’qub (a.s.) ziyraklik bilan bu akalarining Yusufdan qutulish uchun qilgan tadbirlari ekanligini, Yusufga bo‘lsa, Allohning va’dasi borligini va bu, albatta bexilof amalga oshishini bildilar va o‘g‘illariga qarab:

«Sizlar yaxshi ish qilmadinglar, hasad sizlarni yomonlikka boshladi, lekin men uchun bu firoqqa chiroyli sabrdan boshqa chora yo‘q, Alloh makrlaringiz natijasini o‘zi zohir qilsin, sizlar aytgan ishning aksiga Alloh yordam beruvchidir», dedilar va Yusufning firoqidan ko‘p yig‘ladilar. Kechayu kunduz davomli yig‘idan Ya’qub (a.s.)ning ko‘zlari ko‘r bo‘lib qoldi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 09:54:42

Yusuf (a.s.) qorong‘i zax quduqda Allohning sinovini boshlaridan o‘tkazar edilar. Bunday azobga qaysi gunohi sabab bo‘ldi ekan? Shu holatda, shu choh qa’rida Yusufga Alloh taolo vahiy yuborib: «Sabrni chiroyli qil, men seni bu mashaqqatdan ozod qilaman, g‘amingni sururga aylantiraman, akalaringning hammasini sening huzuringda bosh egdiraman, faqat keyinroq», deb tasalli berdi.

Shu ondan boshlab Yusuf (a.s.) Allohning hukmini kutib turdilar, dillari ravshan bo‘ldi.

Yusuf (a.s.) yotgan quduq yonida bir karvon suv olish uchun to‘xtadi  va quduqqa chelak tashladi. Allohning amri bilan Yusuf (a.s.) arqonga osilib yuqoriga chiqdilar, o‘n to‘rt kunlik oy yanglig‘ go‘zal yigitni ko‘rgan kishilar:

«Qanday xursandchilik, mana bu bolani ko‘ringlar!», deb baqirib yubordilar. Karvon Yusuf (as)ni olib yo‘lga tushdilar va O’rta dengiz sohilida joylashgan Heyksus (Misr) davlatining poytaxti Aforis (hozirda Sonal-hijr deyiladi) shahriga olib borib, arzon garovga sotib yubordilar. Uni sotib olgan Misr azizi(Ismi Qitfir bo‘lib, Misr xazinalarn vaziyri ham edi. O’sha paytda Misr fir’avni amoliqalardan bo‘lgan Ar-Rayyon ibn Al-Valid edi) xotini Zulayho(Ibn Ishoqning aytishicha, Misr Azizining xotini Roiyl binti Ramoiyl bo‘lib, Zulayho uning laqabi edi. Ba’zilarning fikricha u ayolning nomi Fako binti Yanusdir) ga: 

«Bu bolaga yaxshi joy ber, bizga foydasi tegib qolar, yoki uni o‘zimizga o‘g‘il qilib olarmiz», - dedi.

Ibn Mas’ud (r.a.) aytdilar: «Odamlarning eng farosati o‘tkiri uchtadir:

Birinchisi, xotiniga: «Yusufga yaxshi joy ber!» - degan Misr azizi.
Ikkinchisi, otasiga: «Ey ota, u kishi (Muso)ni xizmatga oling!» - degan Shuayb payg‘ambarning qizi.
Uchinchisi, o‘zining o‘rniga Hazrat Umar (r.a.)ni xalifa qilib ketgan Abu Bakr Siddiq (r.a.)dirlar».

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:02:46

Alloh taolo oyati karimada shunday xabar beradi:

وَقَالَ الَّذِي اشْتَرَاهُ مِنْ مِصْرَ لامْرَأَتِهِ أَكْرِمِي مَثْوَاهُ عَسَى أَنْ يَنْفَعَنَا أَوْ نَتَّخِذَهُ وَلَدًا وَكَذَلِكَ مَكَّنَّا لِيُوسُفَ فِي الأرْضِ وَلِنُعَلِّمَهُ مِنْ تَأْوِيلِ الأحَادِيثِ وَاللَّهُ غَالِبٌ عَلَى أَمْرِهِ وَلَكِنَّ أَكْثَرَ النَّاسِ لا يَعْلَمُونَ (٢١)وَلَمَّا بَلَغَ أَشُدَّهُ آتَيْنَاهُ حُكْمًا وَعِلْمًا وَكَذَلِكَ نَجْزِي الْمُحْسِنِينَ

«Shunday qilib, Yusufni yerga (Misrga) joylashtirdik va gaplar (tushlar) ta’vilini bildirishimiz uchun shunday qildik. Alloh (O’z) ishida g‘olibdir, lekin odamlarning aksariyati buni bilmaydilar. (Yusuf) voyaga yetgach, unga hukm va ilm ato etdik. Chiroyli ish qiluvchilarni shu tarzda mukofotlaymiz».

«Voyaga yetish»ning ma’nosi Alloh taolo payg‘ambarlariga vahiy yuboradigan yosh, ya’ni qirq yoshdir.

Molik, Rabiy’a, Zayd ibn Aslam va Ash-Sha’biyning fikrlaricha, «voyaga yetish» balog‘atga yetishdir.

Sa’id ibn Jubayrning fikricha, «voyaga yetish» o‘n sakkizga kirishdir.

Az-Zahhokning fikricha, yigirma yosh voyaga yetish yoshidir.

Ikrimaning fikricha, yigirma besh yosh, As-Sadiyning fikricha, o‘ttiz yosh, Ibn Abbos, Mujohid va Qatodaning fikrlaricha, o‘ttiz uch yosh, Al-Hasan al-Basriyning fikricha, qirq yosh voyaga yetish yoshi hisoblanadi.       

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:05:02

Zulayho Yusufni yaxshi tarbiyalab voyaga yetkazdi, o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, bag‘oyat xushro‘y Yusuf (a.s.)ning go‘zalliklari qarshisida lol qoldi va unga oshiqi beqaror bo‘lib qoldi. Bir kuni Yusuf (a.s.) xizmat yuzasidan Zulayho huzuriga kirganlarida, betoqat ayol Yusuf (a.s.)ni o‘ziga chorladi.

وَرَاوَدَتْهُ الَّتِي هُوَ فِي بَيْتِهَا عَنْ نَفْسِهِ وَغَلَّقَتِ الأبْوَابَ وَقَالَتْ هَيْتَ لَكَ قَالَ مَعَاذَ اللَّهِ إِنَّهُ رَبِّي أَحْسَنَ مَثْوَايَ إِنَّهُ لا يُفْلِحُ الظَّالِمُونَ (٢٣)وَلَقَدْ هَمَّتْ بِهِ وَهَمَّ بِهَا لَوْلا أَنْ رَأَى بُرْهَانَ رَبِّهِ كَذَلِكَ لِنَصْرِفَ عَنْهُ السُّوءَ وَالْفَحْشَاءَ إِنَّهُ مِنْ عِبَادِنَا الْمُخْلَصِينَ

«U (Yusuf) uyida bo‘lgan ayol (Zulayho) undan nafsi (jinsiy yaqinlik qilishi)ni talab qildi va eshiklarni qulflab: «Qani kel!» - dedi. (Yusuf) dedi: «Alloh saqlasin! Axir, u (ering) xojam-ku! Menga yaxshi joy bergan bo‘lsa?! Zolimlar, zotan iqbolsiz bo‘lurlar!». Haqiqatan, (Zulayho) unga (ya’ni, Yusufning visoliga) intildi. Agar Parvardigorining ochiq hujjat-alomatini ko‘rmaganida, (Yusuf) ham unga (Zulayhoga) moyil bo‘lar edi. Undan (Yusufdan) yomonlik va buzuqlikni chetlatish uchun mana shunday qildik (ya’ni uni O’z hifzu himoyatimizda asradik). Zero, u pokiza bandalarimizdandir. (Yusuf surasi, 23-24. Shu yerdagi tarjimani Alouddin Mansurdan oldim. Izoh muharrirniki.)



Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:06:04

Oyati karimadagi «Valaqod hammat bihi vahamma biho, Lavlo arroa burhana robbih» jumlasining ma’nosida olimlar turlicha fikrlar aytganlar.

Oyatning tarjimasida Shayx Abdulaziz Mansur «Qur’oni karim ma’nolarining tarjimasi» kitobida (Zulayho) unga moyil, u (Yusuf dili) ham bunga moyil bo‘lgandi. Agar Robbining hujjatini ko‘rmaganda (bo‘lar ish bo‘lar edi) - deb ma’no beradi va bu ma’noga: «Yusufdagi moyillik dilda hosil bo‘ladigan, lekin uni ijro etish niyati bo‘lmagan moyillik edi. Zulayxodagi moyillik esa uni amalga oshirish niyati bilan edi» - deb izoh beradi. (A. Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi. Toshkent. 2001. 238-bet.)

Ibn Jarir At-Tabariy tarix kitobida keltirgan xabarida As-Sadiy shunday rivoyat qiladi: «Azizning xotini Yusufni o‘z xonasiga chaqirib, unga shunday deydi:

- Ey  Yusuf, muncha sochlaring chiroyli?
- Sochlarim qabrda badanimdan birinchi bo‘lib sochilib ketadigan narsadir.
- Ey Yusuf, muncha ko‘zlaring chiroyli?
- Ko‘zlarim qabrda jasadimdan birinchi oqib tushadigan narsadir.
- Ey Yusuf, yuzlaring muncha chiroyli?
- Yuzlarimni qabrda tuproq yeb bitiradi.

Azizning xotini besabrlik bilan Yusufga talpindi. Yusuf esa unga moyil bo‘ldi. Ikkovlari xonaga kirdilar. Ayol xona eshigini qulfladi. Yusuf esa libosini yecha boshladi. Shu payt Yusufning ko‘ziga otasi Ya’qub (a.s.) tik turgan holda ko‘rindi. U barmog‘ini tishlab: «Ey, Yusuf! U ayol bilan yotma! Agar sen u bilan yotmasang, osmonda uchib yurgan ozod qushsan. Agar u bilan yotib qo‘ysang, osmonda o‘lib qolgan qush misolisanki, yerga zarb bilan urilishdan o‘zingni saqlolmaysan!» - dedi. Yusuf yana libosini kiyib oldi va tashqariga qarab qochdi. Yusufning orqasidan chang solgan ayol uning libosi orqasidan ushlab, yirtib yubordi va ustidan yechib oldi».(Tarixi Tabariy. 1-j. 236-bet.)

Qayd etilgan