Rahmatulloh Obidov. Payg'ambarlar tarixi islomiyat tarixidir  ( 232231 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 44 B


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:09:51

Abdulloh ibn Abu Mulayka aytadi: «Men Ibn Abbos (r.a.)dan: «Yusufning moyil bo‘lishi qanday sodir bo‘lgan?» - deb so‘radim. Ibn Abbos (r.a.) dedilar: «Azizning xotini cho‘zilib yotgan. Yusuf uning oyoqlari orasiga o‘tirib olib, libosini yecha boshlagan. Shu payt Alloh taolo unga o‘z burhonini ko‘rsatgan. Ya’ni, Ya’qub (a.s.) barmoqlarini tishlagan holda ko‘rinib, bu ishdan qaytarganlar».

Ba’zilarning aytishicha, «Zino qilayapsanmi? Qanoti yulingan qushning osmonga ko‘tarilganiga o‘xshab qolasan-ku!» - degan ovoz eshitilgan.

Ba’zilarning aytishicha, uyning devorida:

وَلا تَقْرَبُوا الزِّنَا إِنَّهُ كَانَ فَاحِشَةً وَسَاءَ سَبِيلا

«Zinoga yaqinlashmanglar! Chunki u buzuqlik va yomon yo‘ldir». (Al-Isro, 32.)  - degan yozuv ko‘ringan.

Yuqorida keltirilgan misollardagi uch fikr ham, «Albatta, u dili xolis bandalarimizdandir» - deb Alloh maqtagan Yusuf (a.s.)ning pokiza sha’nlariga nomunosibdir. Bunday fikrga kelish, o‘z payg‘ambarlarini turli ayb, isyon va gunohlar bilan haqoratlovchi ahli kitoblarning ta’siriga berilish natijasidir.

«Yusuf (a.s.)ning yosh yigitliklari, husnlari Azizning qizi, Fir’avnning jiyani  bo‘lgan Zulayhoni haddan ortiq hirsini ziyoda qilgan, maqsadini amalga oshirish uchun butun imkoniyatini ishga solib, chiroyli kiyinib, xushbo‘y bo‘lib, xoli uyga kirib, eshikni qulflagan va Yusufni zinoga chorlagan bo‘lsa ham, Yusuf (a.s.) o‘zlarining payg‘ambar ekanliklarini va payg‘ambarlar avlodi ekanliklarini unutgan emaslar. Alloh taolo Yusuf payg‘ambarini bunday fahsh ishdan, unga moyil qildirmasdan saqlagan, u kishini ayollar makridan himoya qilgan. Chunki Yusuf (a.s.) sayyidlarning sayyidi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) ta’riflagan yetti toifa taqvodorlarning ulug‘i edilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:19:09

Imom Buxoriy va Muslimning sahihlarida rivoyat etilishicha, Payg‘ambarimiz (s.a.v) marhamat qilganlar: «Yetti toifa odamga Alloh taolo o‘zining arshi soyasidan joy beradi:

1. Odil imomga;
2. Bir odamgaki, xoli bo‘lganda Allohni zikr qiladi va ikki ko‘zidan yosh quyiladi;
3. Bir odamgaki, masjidda namoz o‘qib chiqib, keyingi namozgacha qalbi masjidga bog‘liq bo‘ladi;
4. Ikki odamgaki, ular Alloh uchun do‘st tutinadilar, shunga ko‘ra uchrashadilar va ajrashadilar;
5. Bir odamgaki, u qilgan sadaqasini maxfiy tutadi, hatto o‘ng qo‘li berganini chap qo‘li bilmaydi;
6. Bir yigitgaki, yoshligidan Allohning ibodatida voyaga yetsa;
7. Bir odamgaki, uni go‘zal va obro‘li ayol zinoga chaqirsa, u esa: «Men zino qilishga Allohdan qo‘rqaman» - desa». 


Yusuf (a.s.) mana shunday maqomdagi zot bo‘lib, u kishi Zulayhoning nopok istagiga moyil bo‘lishdan uzoq edilar. (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira, 182-183-6et.)

Yusuf (a.s.) ayni gurkirab turgan yoshda va husnu malohatlari benazir bo‘lishi bilan birga, yoshlikdan hikmat bulog‘idan sut ichgan, payg‘ambarlik quchog‘ida yayrab o‘sgan va o‘zlarini ham Alloh taolo payg‘ambarlik sharafiga munosib tayyorlayotgan zot bo‘lib, qalblari Rabbilari bilan mashg‘ul, uning bir chekkasida ham nopok ayollarga moyillikdan asar ham yo‘q edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:20:08

Zulayho o‘z talabini aytganda, Yusuf (a.s.) unga javoban: «Sen xohlagan narsani qilishdan xudo saqlasin! Menga yaxshi joy bergan, qul bo‘lishimga qaramay hurmatimni joyiga qo‘ygan xojamga xiyonat qilamanmi?! Men yaxshilikni inkor etuvchi, unga yomonlik bilan javob beruvchi insofsiz emasman. Sen eshikni qulflaganing, pardalarni tushirganing bilan Allohdan hech narsani yashirolmaysan. Chunki U inson ko‘zi ko‘rolmaydigan narsalarni, hatto dilingga bekitgan narsalarni ham bilib va ko‘rib turuvchidir. Allohning ma’siyatiga bo‘yin egishimdan, uning g‘azabini keltiradigan ishga qalbimning moyil bo‘lishidan Allohning o‘zi asrasin! Alloh zolimlarga najot bermaydi» - dedi.

Azizning xotini shunchalik husnu jamoli va mavqeu kamoliga qaramasdan o‘zining xizmatkor qullaridan birini bu ishga taklif etgan edi. U bo‘lsa, bosh tortdi. Axir, Zulayho kim? Saroyning yagona amirasi, uning bo‘yrug‘iga itoat etmagan, uning g‘azabidan qo‘rqmagan biror kimsa bormi?! Uning huzuriga mana shunday taklif bilan kira oladigan odam topiladimi?! Shunga qaramasdan, Zulayhoning o‘zi shuni xohlab, imkon yaratib, bir qul bo‘lgan Yusufni taklif etsa-yu, u qul malika bilan kayf-safo qilishga noz qilsa!

Mana shunday «noshukrlik» Zulayhoning qalbini o‘ynatdi, g‘azabini qaynatdi, izzat-nafsiga tegdi. U alam va sharmisorlik alangasida Yusuf (a.s.)dan intiqom olmoqchi bo‘ldi va unga tashlandi. Yusuf (a.s.) ham yomonlikka yomonlik bilan javob bermoqchi, Zulayhoning zarbasiga zarba qaytarmoqchi bo‘ldilar. Lekin o‘zlaridagi payg‘ambarlik nurining shu’lasi qalblarini yoritdi, Allohning burhonini ko‘rdilar. Alloh Yusuf (a.s.)ga: «Urushishdan qochish afzalroq, sakrashishdan o‘zni tiyish afzalroq» - degan vahiy yubordi. Yusuf (a.s.) Rabbilarining vahiysini jon deb qabul qildilar va eshik tarafga o‘zlarini otdilar. Yusufning ketidan tashlangan Zulayho, ko‘ylaklarining orqasiga chang soldi va uni yirtib ustilaridan sug‘urib oldi. Eshik oldida esa Misr azizi turardi». (Muhammad Jodul Mavlo. Qur’on qissalari. Bayrut. 2000 y.  85-6et.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:22:14

Allohdan qo‘rqqan Yusuf (a.s.) uni rad etib, yuz o‘girdilar va eshikka qarab qochdilar. Zulayhoning qo‘lida esa Yusuf (a.s.)ning orqasidan yirtilgan liboslari qoldi. Shu vaqt eshikdan kirib kelgan Misr azizi voqeadan hayron bo‘ldi. Zulayho esa haqiqatni eridan yashirib, Yusuf (a.s.)ga tuhmat qildi va:

قَالَتْ مَا جَزَاءُ مَنْ أَرَادَ بِأَهْلِكَ سُوءًا إِلا أَنْ يُسْجَنَ أَوْ عَذَابٌ أَلِيمٌ


«Sening ahlinga yomonlik qilmoqchi bo‘lgan odamning jazosi nima?», - deb so‘radi.

Misr azizi: «Zindonga tashlanadi», - dedi. Zulayhoning tuhmat tomoniga osongina o‘tayotganini ko‘rgan Yusuf (a.s.) bor haqiqatni oshkor qilishga majbur bo‘ldilar:

قَالَ هِيَ رَاوَدَتْنِي عَنْ نَفْسِي

«(Yusuf) dedi: Uning o‘zi mendan nafsim (jinsiy yaqinlik qilishim)ni talab qildi», - dedilar. So‘zlarining isboti uchun saroy ahllaridan birining chaqalog‘ini keltirdilar. U:

وَشَهِدَ شَاهِدٌ مِنْ أَهْلِهَا إِنْ كَانَ قَمِيصُهُ قُدَّ مِنْ قُبُلٍ فَصَدَقَتْ وَهُوَ مِنَ الْكَاذِبِينَ (٢٦)وَإِنْ كَانَ قَمِيصُهُ قُدَّ مِنْ دُبُرٍ فَكَذَبَتْ وَهُوَ مِنَ الصَّادِقِينَ

«Agar Yusufning ko‘ylagi oldidan yirtilgan bo‘lsa, Zulayhoning gaplari rost, Yusuf yolg‘onchidir. Agar ko‘ylakning orqasidan yirtilgan bo‘lsa, Yusufning so‘zlari rost, Zulayho yolg‘on gapirdi», - dedi va Yusuf (a.s.)ni oqladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:23:07

Yusuf (a.s.)ning pokliklariga guvohlik bergan «shohid» haqida bir necha fikrlar mavjud.

As-Sadiydan rivoyat etilishicha, bu shohid Zulayhoning amakisining o‘g‘li edi.

Ba’zi olimlar: «Bu shohid beshikdagi bir go‘dak edi» - deydilar. Bu fikrning isboti uchun hadis rivoyat qilganlar: «Ibn Abbos rivoyat qiladilarki, Payg‘ambarimiz (s.a.v) dedilar: «To‘rtta go‘dak beshikdalik paytida gapirgan: Birinchisi Fir’avn qizining pardozchisini o‘g‘li; Ikkinchisi Yusuf (a.s.)ning pokliklariga shohidlik bergan bola; Uchinchisi obid Jurayjning sohibi; To‘rtinchisi Iyso ibn Maryamdirlar.

Ba’zi olimlarning fikricha, bu shohid Yusufning ko‘ylagi edi. 

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:24:55

Misr azizi xotiniga:

إِنَّ كَيْدَكُنَّ عَظِيمٌ (٢٨)يُوسُفُ أَعْرِضْ عَنْ هَذَا وَاسْتَغْفِرِي لِذَنْبِكِ إِنَّكِ كُنْتِ مِنَ الْخَاطِئِينَ

«Siz ayollarning makringiz juda buyuk, Ey Zulayho, tavba qil, chunki sen xato qilding», dedi va Yusuf (a.s.)ga: «Ey Yusuf, tilingni tiy, bu voqea xalq orasida tarqalib ketmasin», - deb tayinladi.

Bu voqea tezda shaharga tarqaldi. Misr ahli, ayniqsa ayollari Zulayhoni buzuq ayolga chiqarib qo‘yishdi. Zulayho o‘zini oqlash va g‘iybatchilardan alamini olish niyyatida saroyda katta ziyofat tashkil qildi. Unga barcha ayollarni taklif etdi. To‘kin dasturxon atrofida o‘tirgan ayollarning har biriga bittadan pichoq berib, meva yeyishga taklif etdi. Hamma meva kesish bilan ovora bo‘lib turgan paytda Yusuf (a.s.)ni ichkariga kiritdi. Yusuf (a.s.)ning husni-jamoliga mahliyo bo‘lgan xonimlar hushlaridan ayrilib o‘z qo‘llarini kesa boshladilar. Zulayhoning qilgan xatosini uzrli deb topdilar. Ba’zi yengil tabiatlari Zulayhoga yordam bermoqchi bo‘lib, u bilan kayfu safo qilishga Yusufni tezlay boshladilar. Yusuf (a.s.) Allohga tavajjuh qilib:

قَالَ رَبِّ السِّجْنُ أَحَبُّ إِلَيَّ مِمَّا يَدْعُونَنِي إِلَيْهِ وَإِلا تَصْرِفْ عَنِّي كَيْدَهُنَّ أَصْبُ إِلَيْهِنَّ وَأَكُنْ مِنَ الْجَاهِلِينَ

«Ey Robbim, menga bular taklif qilayotgan narsadan ko‘ra zindon mahbubroqdir. Mendan bularning makrini tezroq qaytarmasang, ularga giriftor bo‘laman va johillar qatoriga qo‘shilib qolaman», - dedilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:30:53

Yusuf (a.s.) ularga:

يَا صَاحِبَيِ السِّجْنِ أَمَّا أَحَدُكُمَا فَيَسْقِي رَبَّهُ خَمْرًا وَأَمَّا الآخَرُ فَيُصْلَبُ فَتَأْكُلُ الطَّيْرُ مِنْ رَأْسِهِ

«Ey, ikki hamzindonlarim! Endi, sizlarning biringiz ko‘rgan tushga kelsak, (u ozod etilib, yana) xojasiga soqiylik qilur. Unisi bo‘lsa, (dorga) osiladi va uning boshidan qushlar cho‘qib yerlar».


Keyin sharobchiga qarab:

وَقَالَ لِلَّذِي ظَنَّ أَنَّهُ نَاجٍ مِنْهُمَا اذْكُرْنِي عِنْدَ رَبِّكَ

«Agar sen ozod bo‘lib, podshoh huzurida bo‘lsang, zindonda begunoh qamalganlar ham borligini podshohga uqtirgin», - dedilar.

Yusuf (a.s.)ning bashoratlariga muvofiq oz fursatda novvoy dorga osilib ketdi, sharobchi esa o‘z xizmatiga tayinlanib, podshohga soqiy bo‘ldi. Ammo Yusuf (a.s.) najotni Allohdan so‘rash o‘rniga soqiydan umidvor bo‘lganlari uchun zindonda yana bir necha yil qolib ketdilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:33:01

Misr podshohi yomon tush ko‘rdi. Uning xavfi va vahimasidan qo‘rqib uyg‘ondi va mamlakat olimlari, saroy a’yonlarini jamlab ularga tushini bayon qildi:

وَقَالَ الْمَلِكُ إِنِّي أَرَى سَبْعَ بَقَرَاتٍ سِمَانٍ يَأْكُلُهُنَّ سَبْعٌ عِجَافٌ وَسَبْعَ سُنْبُلاتٍ خُضْرٍ وَأُخَرَ يَابِسَاتٍ يَا أَيُّهَا الْمَلأ أَفْتُونِي فِي رُؤْيَايَ إِنْ كُنْتُمْ لِلرُّؤْيَا تَعْبُرُونَ

«Men tushimda yettita semiz sigirni ko‘rdim, keyin yettita oriq sigirlar kelib semiz sigirlarni yeb qo‘yishdi. Yana yettita ko‘m-ko‘k bug‘doy boshog‘ini, undan keyin yettita qurigan boshoqni ko‘rdim. Shu tushimning ta’birini aytinglar!», - deb amr qildi.

Bu tushning ta’biridan hamma ojiz qoldi va noiloj:

قَالُوا أَضْغَاثُ أَحْلامٍ وَمَا نَحْنُ بِتَأْوِيلِ الأحْلامِ بِعَالِمِينَ

«Bu tushingiz aralash-quralash, bosinqirash tushlar, biz buning ta’vilini bilmaymiz», - deyishdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:34:15

Nogahon soqiyning esiga zindonda yotgan tush ta’birchisi tushib qoldi va shoshilgancha zindonga bordi. Qarasa Yusuf hali ham taqdirga tan berib, zindonda yotibdi. U kishiga murojaat qilib, shunday dedi:

يُوسُفُ أَيُّهَا الصِّدِّيقُ أَفْتِنَا فِي سَبْعِ بَقَرَاتٍ سِمَانٍ يَأْكُلُهُنَّ سَبْعٌ عِجَافٌ وَسَبْعِ سُنْبُلاتٍ خُضْرٍ وَأُخَرَ يَابِسَاتٍ لَعَلِّي أَرْجِعُ إِلَى النَّاسِ لَعَلَّهُمْ يَعْلَمُونَ

«Ey rostgo‘y Yusuf, men sizdan bir tushning ta’vilini so‘ragani keldim. Agar uning ta’vilini aytib bersangiz, shoyadki sizning bu zindondan qutilishingizga sabab bo‘lsa, u tush shunday: yettita semiz sigir, ketidan yettita oriq sigirlar kelib, semizlarini yeb qo‘ydi. Keyin yettita ko‘m-ko‘k boshoq, yana yettita qurigan boshoq ko‘rilgan, shuning ta’vili qanday?».

Yusuf (a.s.) faqat tushlar ta’vilchisi emas, balki Alloh taolo odamlarni isloh va hidoyati uchun yuborgan payg‘ambar ham edilar. Shuning uchun tush bahonasida kishilar qalbiga yana Allohga bo‘lgan ishonchni, imonni solib qo‘yishni xohladilar:

«Bu tushning ta’vili shuki, sizlar yetti yil farovonlikda yashaysizlar. Suvlar serob, hosillar mo‘l, omborlaringiz g‘alla-donga to‘la bo‘ladi. Uning ketidan yetti qahatchilik yillari keladi, yomg‘ir yog‘maydi, Nil daryosining suvi quriydi, bog‘u bo‘stonlar xarob bo‘ladi, don pishmaydi. Undan keyin asta-sekin to‘kin-sochin hayot boshlanadi. Nil to‘lib oqadi, yomg‘ir serob bo‘ladi, bog‘u bo‘stonlar obod bo‘lib, hayot izga tushadi. Bu ta’vilni men o‘z ichimdan chiqarmadim, menga Alloh vahiy qilib bildirganini aytdim».

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:35:47

Podshohga bu gaplar yetkazilgandan keyin, bildiki, bu gap egasi mukammal aql va farosat sohibidir. Darhol uni zindondan olib kelishga buyurdi. Ammo Yusuf (a.s.)ga elchi kelganda, ozod bo‘lishga shoshilmadilar. Chunki Yusuf(a.s.) gunohkor emas, mazlum edilar. Zindondan ham afv etilgan gunohkor sifatida boshlarini egib emas, o‘z pokliklarini namoyish qilib, bu kishiga zulm qilganlarning tavbasiga tayantirib, ochiq yuz bilan ozod bo‘lishni xohlardilar.

Shuning uchun kelgan elchiga:
 
ارْجِعْ إِلَى رَبِّكَ فَاسْأَلْهُ مَا بَالُ النِّسْوَةِ اللاتِي قَطَّعْنَ أَيْدِيَهُنَّ إِنَّ رَبِّي بِكَيْدِهِنَّ عَلِيمٌ

«Avval podshohga borib, meni bu yerga tuhmat bilan zindonga soldirgan ayollarning qismati nima bo‘lganini so‘ra, chunki men bu yerdan chiqqandan keyin yana ularning fitnasiga uchramayin», - dedilar.

Podshoh barcha ayollarni saroyga keltirdi va:
 
قَالَ مَا خَطْبُكُنَّ إِذْ رَاوَدْتُنَّ يُوسُفَ عَنْ نَفْسِهِ

«Sizlarning Yusuf haqida fikrlaringiz qanday?», - deb so‘radi. Xonimlar endi yolg‘on gapirishga, inkor qilishga va tuhmat qilishga imkon topolmadilar:

قُلْنَ حَاشَ لِلَّهِ مَا عَلِمْنَا عَلَيْهِ مِنْ سُوءٍ

«Alloh uchun aytamizki, undan yomonlik sodir bo‘lgan emas, u nihoyatda pok inson, uning pokligiga hech shubha yo‘q», - deb haqiqatni aytdilar.

Qayd etilgan