Rahmatulloh Obidov. Payg'ambarlar tarixi islomiyat tarixidir  ( 232229 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 44 B


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:38:14

O’z aybini Zulayho ham e’tirof etdi. Zulayhoning shahodati soqiyning ta’rifiga mos tushdi, Yusuf butunlay pok inson ekanligi ma’lum bo‘ldi va Podshoh Yusuf (a.s.)ni Misr xazinasi sohibi etib tayinladi. Misr shahar azizi Qitfir vafot etgandan so‘ng podshoh Yusufni Misr azizi etib ham tayinladi va taqdirning taqozosi bilan uning xotini Zulayhoga uylantirib ham qo‘ydi.

Yetti yil mo‘l-ko‘lchilik davrida Yusuf (a.s.) katta-katta omborlar qurdirib, xalqdan don yig‘a boshladilar va omborlarni to‘ldirdilar. Haqiqatan ham, yetti yil mo‘l-ko‘lchilikdan keyin yetti yil qahatchilik boshlandi. Yegulik hech narsa qolmadi. Yusuf (a.s.) ning tadbirkorliklari atrof mamlakatlariga yoyildi. Hamma oziq-ovqat olib kelish uchun Misrga borardi.

Bunday qahatchilik Kan’onni ham chetlab o‘tmadi. Ya’qub (a.s.) o‘g‘illarini chaqirib: «Ey o‘g‘illarim, ko‘rib turganingizdek, qahatchilik bizga ham yetib keldi. Karvonlarning xabariga qaraganda Misr azizi saxovatli, tadbirkor odam bo‘lib, borgan kishining qo‘lini quruq qaytarmayapti ekan. Sizlar ham borib ashyolaringiz evaziga g‘alla almashtirib kelinglar. Binyomin yonimda qolsin, sizlarning sog‘inchlaringizni u bilan bosib turaman», - dedilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:41:08

Ya’qub (a.s.)ning o‘g‘illari Misrga kelganlarida Yusuf (a.s.) o‘z akalarini tanidilar va ulardan: «Sizlar kimsizlar, josus emasmisizlar?» - deb so‘radilar. Akalari: «Alloh saqlasin! Bizlar o‘zining eng suyukli farzandidan ayrilib g‘am-anduhga qolgan bir payg‘ambarning o‘g‘illarimiz. Bizlar hammamiz o‘n ikki o‘g‘il edik. Yo‘qolgan inimiz va uning birodari ota bir ona boshqa inilarimizdir. O’sha inimiz biz bilan birga o‘ynab sahroga chiqqan vaqtda yo‘qolib qolgan edi. Shu sababdan otamiz uning birodarini bizlarga ishonmay o‘zi bilan olib qoldi», - deyishdi.

Yusuf (a.s.) ularga izzat-ikrom ko‘rsatdilar.

«Agar kichik ukangizni ham olib kelsangiz, sizga yanada ko‘proq ikrom qilaman», - dedilar. Ular Ya’qub (a.s.) ning yonlariga qaytib kelishib, shunday deyishdi:

«Ey ota! Misr hokimi bizga ko‘p ikrom qildi. Agar kichik ukalaringizni ham olib kelsangiz, yanada ko‘proq ikrom qilaman», - dedi. Ya’qub (a.s.):

«Men uni sizlarga ishonmayman. Binyominning akasini sizlarga ishonganimda sizlar va’dangizga xiyonat qildingiz. Alloh eng yaxshi muhofaza qiluvchidir va mehribon zotdir», - deb yig‘ladilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:45:13

Hammalari uylariga borib, «yuklarini ochib qarasalar, olib borgan matolarini qaytarib, donni tekinga berib yuborishibdi. Otalari huzuriga borishib: «Ey ota, yaxshi, saxiy vazirga yo‘liqdik, deb sizni aldamagan edik, chunki narsalarimizni olmasdan, tekinga don berib yuborgan odam yomon odam bo‘larmidi? Shunday saxiy odamga bergan va’damizni bajaraylik, ukamizni birga olib borishga izn bering», - dedilar.

Ya’qub (a.s.) Binyominni akalariga qo‘shib Misrga yuborishdan boshqa iloj topolmadilar. Misrga kirib borgan akalarini Yusuf (a.s.) yaxshi kutib oldilar, Binyominni ko‘rib qalblari eridi, lekin oshkor qilmasdan mehmonlarni taomga taklif qildilar. Ularni ikkita-ikkita o‘tirg‘izgan edilar. Binyomin alohida dasturxonda yolg‘iz qoldi. Yusuf (a.s.) uni o‘z yonlariga chaqirib, birga o‘tirdilar. Keyin suhbat asnosida Binyominga o‘zlarining Yusuf ekanliklarini aytib tanishtirdilar. Binyominning quvonchi cheksiz bo‘ldi, g‘amlari tarqadi, o‘z jigarining bag‘rida tong ottirdi.

Mehmondorchilik odatlari nihoyasiga yetgandan keyin, akalar ketishga chog‘landilar. Ularga yuklari tayyorlab berildi, ammo Yusuf akalariga makr ishlatib, ukalari Binyominni olib qolmoqchi bo‘ldilar va uning yuklari orasiga don o‘lchab beriladigan idishni yashirib qo‘yishni xizmatkorlarga buyurdilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:45:54

Endigina yo‘lga tushganlarida jarchi ularni to‘xtashga buyurdi va ularni o‘g‘rilar deb e’lon qildi. Akalar dahshatga tushdilar va:
«Ular yaqin kelishgach: Nima yo‘qotdingiz?!», - deyishdi.

«Jarchilardan biri aytdi: «Podshohning tillodan bo‘lgan don o‘lchagichi yo‘qoldi. Agar uni kim topib, keltirib bersa unga bir tuya don hadya qilinadi, bu va’dani bajarishni o‘z zimmamga olaman», - dedi. Yusufning akalari:

«Allohga qasamki, biz fasod qo‘zg‘ash yoki o‘g‘irlik uchun kelmaganmiz-ku!», - dedilar. Jarchilar dedilar:

«Agar yolg‘onchi bo‘lsangizlar (o‘g‘rining) jazosi nima bo‘lur?» Akalar aytdilar:

«Bizning dinimiz va shariatimizda o‘g‘rilik qilgan kimsa qo‘lga tushsa, uning o‘zini qul qilib olib qolinadi, lekin biz o‘zimizni bu o‘g‘irlikdan pok, deb bilamiz», - dedilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:49:42

Akalarining javobidan Yusuf (a.s.) xursand bo‘ldilar. Taftish boshlandi va yo‘qolgan narsa Binyominning yuklari orasidan chiqdi. Hammalari boshlarini egib qoldilar:

«Ular: «Agar bu (Binyamin) o‘g‘irlik qilgan bo‘lsa (qilgandir, chunki) ilgari uning akasi ham o‘g‘irlik qilgan edi» - dedilar. Bas, Yusuf (a.s.) bu gapni ichiga solib, ularga bildirmadi va «Sizlar yomon (tuban) martabadadirsizlar. Alloh sizlarning «vasflaringizni» yaxshi biluvchidir» - dedi».

Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qiladilar: «Payg‘ambarimiz (s.a.v) dedilar: «Yusuf va uning onasiga butun husnning yarmi berilgan edi. Rohiyl o‘g‘li Yusufni tuqqan vaqtda, chaqaloqni Ya’qub (a.s.) o‘z singillariga tarbiyalash uchun berganlar».

Yusuf (a.s.) bilan u kishini tarbiyalayotgan ammalari o‘rtasida ko‘ngilxiralik sodir bo‘lgan. Bu haqda Mujohid (r.a.) shunday rivoyat qiladilar: «Yusufning boshiga kelgan birinchi balo ammasi tufayli edi. Amma Ishoq (a.s.)ning birinchi va to‘ng‘ich farzandi bo‘lgani uchun Ishoq (a.s.)dan meros qolgan kamar unga berilgan edi.

Yusuf tug‘ilganda ham uni tarbiyalashga loyiq deb eng katta amma topildi va Ya’qub (a.s.) chaqaloqni unga topshirdi. Amma Yusufni jonidan ham yaxshi ko‘rardi. Yusuf yuradigan bo‘ldi va oradan yillar o‘tdi. Ya’qub (a.s.) Yusufni juda sog‘inardilar va bu sog‘inch u kishini singillari huzuriga yetaklab keldi. Ya’qub (a.s.) dedilar: «Ey, singlim, menga Yusufni qaytarib ber. Allohga qasamki, men uni yonimdan uzoqlatishga chidamayapman» - dedilar. Amma ham bo‘sh kelmay: «Men Yusufni sizga tashlab qo‘yolmayman!» - dedi. Ya’qub (a.s.): «Men ham uni senga tashlab qo‘yolmayman» - dedilar. Nihoyat amma biroz bo‘shashdi va Ya’qub (a.s.)ga dedi: «Unday bo‘lsa, menikida bir oz tursin, qalbim tasalli topsin, keyin sizga o‘zim olib borib beraman» - dedi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:51:37

Ya’qub (a.s.) ammaning huzuridan chiqib ketishlari bilan, amma kamarni olib Yusufning libosi ichidan uning beliga bog‘lab qo‘ydi. Keyin kamarni qidirgan bo‘lib, xonadon ahllariga: «Qaranglar, kamarni kim oldi ekan» - deb hammasini taftish qildi, yechintirib ko‘rdi va nihoyat Yusufning kiyimi ostidan «topib oldi». Keyin qasam ichib: «Allohga qasamki, Yusuf o‘g‘irlik qilgani uchun menga topshiriladi, men uni nima qilsam qilaman» - deb da’vo qildi. Ya’qub (a.s.) kelganlarida esa, Yusufning «o‘g‘irlik qilgan»ini aytib berdi. Ya’qub (a.s.) noiloj: «Agar Yusuf shu ishni qilgan bo‘lsa, u senga topshirildi, bilganingni qil, boshqa narsa mening qo‘limdan kelmaydi» - dedilar. Ya’qub (a.s.) Yusufni ammasining qo‘lidan, u vafot etguncha tortib olmadilar». (Tarixi Tabariy, 1-j. 232-6et.)

Ba’zi olimlarning fikricha, Yusuf o‘zining bobosi, ya’ni Rohiylning  otasi bo‘lgan Lobonning sanamini o‘g‘irlagan va uni sindirgan edi. (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira, 195-6et.)

Yusuf (a.s.)ning akalari:
«Agar bu (Binyamin) o‘g‘irlik qilgan bo‘lsa (qilgandir, chunki) ilgari uning akasi ham o‘g‘irlik qilgan edi» - deganlarida shu voqe’ani nazarda tutgan edilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:53:02

Akalar Yusuf (a.s.)ga yana murojaat qilib:

«Ey aziz, Binyominning bir qari otasi bor. Buning ayrilig‘iga chiday olmaydi, uning o‘rniga bizlardan bittamizni olib qoling. Bizlar sizni ezgu ishlarni qiluvchi zotlardan ekaningizni ko‘rmoqdamiz», - deyishdi. Yusuf (a.s.) rad javobini berib:

«Alloh saqlasin, biz kimdan matomizni topgan bo‘lsak, o‘shani olib qolamiz. Aks holda biz zolim kimsalardan bo‘lib qolurmiz», - deb Binyominni olib qoldilar. Akalari noumid bo‘lgandan keyin endi nima qilish haqida maslahat qildilar. Yahuzo ularga dedi:

«Otamiz bizlardan Binyominni saqlashimiz haqida va’da olmaganmidi, imon bilan qasam ichmaganmidik, endi nima deymiz. Bir ukamizni yo‘qotdik, ikkinchisi uchun ichgan qasamimizni buzdik. Hali otamizning jigari Yusuf uchun ezilishdan to‘xtagani yo‘q, ko‘zyoshlari tingani yo‘q; endi otamizning ko‘ziga qanday qaraymiz? Men bir qadam ham bosmayman, to otam izn bermaguncha yoki Alloh menga hukm qilmaguncha, chunki Alloh eng yaxshi hukm qiluvchidir», - dedi.

Akalar endi Binyominni ham, Yahuzoni ham Misrda qoldirib, otalari huzuriga bordilar va bo‘lgan voqeadan xabardor qildilar. Ya’qub (a.s.)ning firoq o‘tlari yanada ziyoda bo‘lsada, «bunda albatta Allohning hikmati bor», deb sabr qildilar.

«(Ya’qub) dedi: «Yo‘q! Sizlarga havoyi nafsingiz (yomon) ishni chiroyli qilib ko‘rsatgan. Endi mening ishim chiroyli sabrdir. Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyomin va katta o‘g‘limning) barchalarini bag‘rimga qaytarsa. Albatta, U bilim va hikmat sohibidir.

Keyin ulardan yuz o‘girib: «esizgina Yusuf!» dedi. G’am-g‘ussadan uning ko‘zlari oqarib (ojiz bo‘lib) qoldi va endi u hazindir».

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:53:44

Oradan biroz vaqt o‘tgandan keyin o‘g‘illarini chaqirib: «Boringlar! Haligacha Yusufning o‘lganiga ishona olmayman. Allohning lutfidan noumid bo‘lmanglar, borib izlanglar», - dedilar.

Akalar Misrga bordilar va Yusuf (a.s.)ning huzurlariga kirib: «Misr azizi, ukamizni bizga qaytaring, otamiz juda qarib qolganlar, uning hasratida ko‘z yoshi to‘kyaptilar. Yusufning yo‘qolgani uchun ham juda mahzunlar. Yig‘lay-yig‘lay ko‘zlari ko‘r bo‘lib qoldi», - deb yolvorishdi.

Yusuf (a.s.) ularning yuzlariga kulimsirab qaradilar va: «Sizlar johillik qilib Yusufni nima qilganlaringizni bilasizlarmi?» - dedilar. Akalari baravariga Yusufning yuzlariga qaradilar va ukalarini tanishib baravariga:

«Sen Yusufmisan?!», - deb baqirib yuborishdi. Yusuf (a.s.): «Ha, men sizlar quduqqa tashlagan Yusufman. Alloh meni saqladi va Misrga hokim qildi», - dedilar.

Akalar uzr aytishib: «Ey birodarimiz Yusuf, Biz xato qildik. Alloh bizni afv etsin, uzr so‘raymiz», - deb yig‘lashdi.

Yusuf (a.s.) ularga: «Men sizlarga hech qanday yomonlik qilmayman. Alloh arhamur-rohimindir, sizni afv etsin. Mana bu ko‘ylagimni olib borib otamning ko‘zlariga suring, avvalgidek ko‘radigan bo‘ladi. Sizlar otamni va oila a’zolaringizni ham bu yerga olib keling!», - deb buyurdilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:54:17

Yusuf (a.s.) shu so‘zlarni aytayotgan paytlarida shamol ko‘ylakning hidini otalarining dimog‘iga olib bordi. Ya’qub (a.s.):
«Men Yusufning bo‘yini sezmoqdaman. Meni aqldan ozganga chiqarmasangizlar edi» - dedilar» va yig‘lay boshladilar.
Bir muddat o‘tgandan keyin Yusuf (a.s.)ning akalari ham Misrdan qaytib keldilar. Ular hayajon bilan: «Otajon! Yusufni ko‘rdik, Misrga hokim bo‘libdi. Uning ko‘ylagini keltirdik», - deyishdi.

Ya’qub (a.s.) Allohga shukronalar aytib sajdaga bosh qo‘ydilar. Yusuf (a.s.)ning ko‘ylaklarini ko‘zlariga surtdilar. Allohning izni bilan ko‘zlari ochildi.

«(Yusufning akalari) dedilar: «Ey, ota, (Allohdan) bizning gunohlarimizni mag‘firat qilishini so‘ragin. Albatta, bizlar xato qiluvchilardan bo‘ldik».

Ya’qub (a.s.) o‘g‘illarining maqsadi tavba ekanini va o‘z qilmishlaridan pushaymon ekanini bildilar va ularga:
«Albatta, Robbimdan sizlarni mag‘firat qilishini yaqinda so‘rayman. Albatta, U mag‘firat qiluvchi zotdir» - dedilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:56:50

Ibn Mas’ud, Ibrohim At-Taymiy, Amr ibn Qays va Ibn Jurayj dedilar: «Ya’qub (a.s.) darhol duoga qo‘l ochmasdan, «sizlarni mag‘firat qilishini yaqinda so‘rayman» deyishlaridan maqsad, sahar paytini kutgan edilar.

Muhorib ibn Disor aytadilar: «Umar (r.a.) masjidga borayotib, bir kishining duo qilayotganini eshitdilar. U shunday derdi: «Ey, Alloh, meni chaqirding, men ijobat qildim. Menga buyurding, men itoat qildim. Mana shu saharda meni mag‘firat qilgin!»

Bu duo Abdulloh ibn Mas’udning uyidan eshitilayotgan edi. Umar (r.a.) bu haqda Ibn Mas’uddan so‘raganlarida, u dedi: «Ya’qub (a.s.) farzandlari haqiga qiladigan duoni sahar paytida qildilar. Alloh taolo: «Saharlarda istig‘for aytuvchilar» - deb sahar payti qilingan duoni ijobat etilishiga ishora qildi. Men ham saharni g‘animat bilayotgan edim».

Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qiladilar: «Payg‘ambarimiz (s.a.v) dedilar: «Rabbimiz har kecha dunyo osmoniga tushadi va shunday xitob qiladi: «Biror tavba qiluvchi bormi, tavbasini qabul qilaman. Biror narsa so‘rovchi bormi, unga so‘raganini beraman. Biror istig‘for aytuvchi bormi, gunohini kechiraman».

Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: «Rasululloh (s.a.v) «sizlarni mag‘firat qilishini yaqinda so‘rayman» - deganlari birodarim Ya’qub (a.s.)ning «jum’a kuni so‘rayman» deganlaridir». (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira, 198-6et.)   

Qayd etilgan