Kinona ibn al-Axnas aytadi: «Men Abu Muso al-Ash’ariyning baland minbardan turib shunday deganini eshitdim: «Zul-Kifl payg‘ambar emas, bir solih odamdir. Uning davrida boshqa bir solih odam har kuni yuz bor namoz o‘qir edi. Solih odam vafot etgandan keyin, uning yuz vaqt namozini qoldirmay o‘qib yurishni o‘z bo‘yniga olgani uchun, Zul-Kifl deb nomlandi.
Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyatlarida, Abu Umar aytadilar: «Men Rasululloh (s.a.v)dan bir hadis eshitdim, uni bir yoki ikki marta eshitgan bo‘lsaydim, sizlarga rivoyat qilmas edim, balki men bu hadisni yetti marta eshitganman. Al-Kifl Baniy Isroil qavmidan bo‘lib, taqvosiz, gunohdan qaytmagan odam edi. Uning oldiga bir ayol keldi. Al-Kifl ayolga oltmish dinor berib, uni zinoga ko‘ndirdi. Ikkovi yechinib, zinoni boshlash oldida, ayolni qattiq qaltiroq tutdi va yig‘lab yubordi. Al-Kifl sababini so‘raganda, ayol: «Men bunday ishni hech qilmagan edim. Muhtojlik meni shunga majbur etdi» - dedi va yana qattiqroq yig‘ladi.
Al-Kifl: «Sen ilgari bunday ishni qilmaganmi ding? Muhtojlik seni shunga boshladimi? Tur o‘rningdan! Dinorlar ham o‘zingga!» - dedi va o‘rnidan turib ketdi. Shu kundan boshlab al-Kifl ham hech qachon Allohga osiy bo‘lmaslikka ahd qildi va o‘sha kecha vafot etdi. Ertalab janozaga kelganlar uning uyi eshigida: «Alloh taolo al-Kiflni mag‘firat etdi!» - degan yozuvni ko‘rdilar». (O’sha manba. 209-6et.)
Bu hadisning sahihligida muhaddislarning ixtilofi mavjud. Agar hadis sahih bo‘lganda ham, unda aytilgan odamning nomi «al-Kifl» bo‘lib, baniy Isroil qavmidan bo‘lgan biror odam bo‘lishi mumkin. Qur’onda nomlari payg‘ambarlar qatorida zikr etilgan kishi esa, Zul-Kifldirlar.