Avvalgi ulamolardan Ibn Abbos, Ka’bul-Ahbor va Vahb ibn Munabbahdan, keyingi ulamolardan Burayda ibn al-Xasib, Ikrima, Qatoda, az-Zuhriy va boshqalardan qilingan rivoyatlarga qaraganda mazkur qavm yashagan qishloqning nomi «Antokiya»dir.
Ibn Ishoq nomlari zikr etilgan avvalgi ulamolardan yana shuni ham rivoyat qilganki, mazkur qavmning Antixus ibn Antixus ismli podshohlari bo‘lib, ular sanamlarga sig‘inardilar. Alloh taolo ularga Sodiq, Masduq va Shalum ismli uch payg‘ambarni yubordi. Qavm esa payg‘ambarlarning da’vatiga quloq tutmadilar, ularni yolg‘onchi qildilar. (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira. 212-6et.)
Qatodaning taxmin qilishicha, Antokiya xalqiga yuborilgan uch payg‘ambarning ismlari Sham’un, Yo‘hanno va Pavlus bo‘lib, ular Iso (a.s.)ning elchilari edilar.
Qatodaning fikri noto‘g‘ri, chunki tarixda Antokiya shahri Iso Masih dinlarini qabul qilgan birinchi shahardir. Shuning uchun ham mazkur shahar dunyoda eng katta bo‘lgan to‘rt patriarxiya — Antokiya, Quddus, Iskandariya va Rumiyaning bittasi hisoblanadi. Qustantiniya esa beshinchi o‘rindadir. Qur’onda zikr etilgan qavm esa, payg‘ambarni tan olmagani uchun halokatga uchragan. (Ibn Kasir. Qisasul anbiyo. Qohira. 213-6et.)
Lekin ikki rivoyatni quyidagicha jamlash mumkin. Ya’ni Antokiya qavmiga qadimda ham mazkur uch payg‘ambar — Sodiq, Masduq va Shalum ismli payg‘ambarlar yuborilgan. Ular inkor etilgach, qavmni Alloh taolo halokatga uchratgan. Oradan uzoq yillar o‘tgandan keyin, Iso Masih davrida ham shu shahar aholisiga yana uch havoriy-Sham’un, Yuhanno va Pavlus Iso payg‘ambar tomonidan da’vat uchun yuborilgan. Qavm ularni yaxshi kutib olishib, Iso (a.s.) shariatlarini qabul etishgan. Ammo bu fikr tarixiy nuqtai nazardan ancha uzoq, chunki, Antokiya tarixida hech qachon, Iso (a.s.)ning davrida ham, undan oldin ham biror qavm ommaviy halokatga uchramagan. (Muxtasari tafsiri Ibn Kasir. 3-j. 121-6et.)