Shunday qilib, Muso (a.s.) payg‘ambarlarning ulug‘laridan, shariatlari eng ulug‘ shariatlardan, ummatlari esa juda ko‘psonli edi. Ularning orasida podshohlar, amirlar, payg‘ambarlar, avliyolar, ulamolar, obidlar, zohidlar, donishmandlar va turli soha bilimdonlari bor edi. Shunga qaramay, ularning orasida itoatsizlik ko‘p bo‘ldi, Muso shariatini o‘zgartirdilar, natijada, Alloh taolo ularni ayanchli jazolar bilan jazoladi: ba’zilarini maymunga, ba’zilarini to‘ng‘izga aylantirib qo‘ydi. Shunda ham ular yomonlikni tark etmadilar, Alloh ularni bir necha bor zolim hukmdorlarga duchor qilib, ularning qatag‘oniga uchratdi.
Ulug‘ sahobalar Ibn Abbos, Abu Molik, Abu Solih va Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.)lardan as-Sadiy rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: «Alloh taolo Muso (a.s.)ga vahiy yuborib: «Men Horunni vafot ettirmoqchiman, falon joydagi toqqa olib keling!» - deb buyurdi. Muso (a.s.) Horun (a.s.)ni aytilgan joyga olib keldilar. U yerda bir ajoyib manzarali, go‘zal daraxtni ko‘rdilar. Uning yonida juda chiroyli qilib qurilgan uy bor edi. Uyning ichiga bir so‘ri qo‘yilgan bo‘lib, unga ozoda, yumshoq par to‘shaklar to‘shalgan edi. Uyning ichidan esa xushbo‘y, yoqimli hid taralardi. Horun (a.s.) toqqa nazar tashlar ekanlar, bu ajoyib daraxt, uy va so‘rini ko‘rib juda taajjublandilar va Muso (a.s.)ga dedilar: «Ey Muso, men shu yerda biroz uxlab dam olgim kelyapti» - dedilar. Muso (a.s.) ham rozilik bildirib: «Mayli so‘rida uxlab dam oling» - dedilar. Horun (a.s.): «Bu uyning egasi kelib menga g‘azab qilmasmikan?» - deb so‘radilar. Muso (a.s.): «Xotirjam uxlayvering, bu uyning egasi sizga g‘azab qilmasligiga men kafilman» - deb javob berdilar. Horun (a.s.): «Ey Muso, keling, birga uxlaylik, agar uy egasi kelib qolsa ham ikkovimizga barobar g‘azab qilsin!» - dedilar. Muso (a.s.) Horunning yoniga yotdilar va Horun (a.s.) shu yotganlaricha fanoga yo‘l oldilar. Horunning vafotlaridan so‘ng, uy ham, daraxt ham, so‘ri ham osmonga ko‘tarilib ketdi. Muso (a.s.)ning yolg‘iz kelganlarini ko‘rgan qavm: «Muso Horunni o‘ldiribdi, bani Isroilning Horunni ko‘proq sevishi Musoning hasadini qo‘zg‘abdi» - degan ig‘volarni tarqatishdi. Bu ig‘voning xabari Muso (a.s.)ga yetganda, qavmni bir yerga jamlab turib: «Ey qurib ketgurlar, Men o‘zimning akamni o‘ldiramanmi?» - dedilar va ikki rakat namoz o‘qib, Allohga iltijo qildilar. Alloh taolo Horun (a.s.) yotgan so‘rini Yerga qaytarib, qavmga ko‘rinadigan joygacha tushirdi. Bani Isroil osmon bilan Yer o‘rtasida muallaq turgan, ustida Horun (a.s.)ning jasadlari yotgan so‘rini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar». (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira. Dorul-manor. 322-bet.)