147-FATVO
Namozda shunday beshta amal borki, ularni imom bajarmasa muqtadiy ham bajarmaydi — ikki hayit namozidagi qo‘shimcha takbirlar, uch, to‘rt rak’atli namozlardagi birinchi qa’da (o‘tirib «Attahiyyot» o‘qish), tilovat sajdasi, sajdai sahv, duoi qunut. Yana to‘rt amal borki, imom bajarsa ham muqtadiy bajarmaydi — biror sajdani ortiqcha qilsa, hayit namozidagi takbirlar soniga qo‘shsa, janoza namozida 5-takbir aytsa, beshinchi rak’atga sahvan turib ketsa. Agar imom esiga tushib, 5-rak’atga sajda qilmay turib qaytib salom bersa, muqtadiy ham birga salom beradi. Bordi-yu, imom sajda qilsa, muqtadiy unga qo‘shilmaydi, balki salom beradi. Imom beshinchi rak’at sajdasini qilmay turib muqtadiy salom berib qo‘ysa, har ikkisining namozi ham buziladi.
«Olamgiriya», «Vajizi Kardariy», «Xulosa»
148-FATVO
Namozga kech kelib qo‘shilgan kishi (masbuq), agar imom tovush chiqarib (jahriy) qiroat qilayotgan bo‘lsa «tahrima takbiri»ni aytib iqtido qiladi. Lekin «sano» o‘qimaydi. Namoz oxirida qolgan qismini o‘qish oldidan sano bilan «auzu»ni o‘qib qiroat qiladi. Imom tovushsiz qiroat qilayotganda iqtido qilgan odam «sano» o‘qiydi. Abu Yusuf (rh.) «Auzu»ni sanodan keyin ham, qiroatdan oldin ham o‘qiydi, degan ekanlar.
«Olamgiriya», «Vajiz», «Zahiriya», «Qozixon»