Ahmad Muhammad Tursun. Qaynona va kelin  ( 65011 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


Muslimа  22 Yanvar 2009, 14:06:25

Ahmad Muhammad Tursun. Qaynona va kelin



Muallif: Ahmad Muhammad
Hajmi: 170 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


Muslimа  22 Yanvar 2009, 14:08:10

Ahmad Muhammad Tursun

QAYNONA
VA
KELIN


«Namangan» nashriyoti


MUQADDIMA

Bismillahir rohmanir rohiym.

Xoliqimiz Alloh taologa beadad hamdu sanolar va Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga salovotu durudlar bo‘lsin.
Hayotimizning qaysi sohasida baxtu saodatni, xususan, oiladagi totuvlik-iqbolni, farog‘atni izlasak, uni albatta sharqona axloq-odobimizdan topamiz. Shu boiski, turmush tarzi buzuq aqidalar asosiga qurilgan qavmlar musulmonlarning oilaviy hayotiga, undagi ahillik va farog‘atga, axloq va odobga havas bilan qaraydilar. Sharqona axloqdan chekinilgan xonadonlarda esa oila totuvligiga putur yetib, munosabatlar keskinlashib borgan. Er va xotin, ota-ona hamda farzandlar o‘rtasida, oila va qarindosh-urug‘lar orasida arzimas sabab-bahonalar bilan urush-janjallar, murosasizliklar kelib chiqqan. Ba’zi hollarda bular yanada jiddiylashib, o‘zaro adovat, dushmanchilik darajasiga yetib boradi. Ayniqsa, bu hol butun dunyoda ma’lumu mashhur «qaynona va kelin» munosabatlarida ko‘proq ko‘zga tashlanadi.
Xo‘sh, ana shunday murosasizliklarning, kelishmovchiliklarning oldini olish mumkinmi? Buning uchun qaynona va kelin, oilaning boshqa a’zolari nima qilishlari kerak? Bu haqda Islom dinining qanday ko‘rsatmalari, tanbehlari bor? Qo‘lingizdagi ushbu kamtarona urinishga ana shu savollarga bir qadar javob topmoq niyatida tartib berildi. Agar maqsadga erisholgan bo‘lsak, bu ulug‘ Rabbimizning lutfu marhamatidan, aksincha bo‘lsa, o‘quvchilarimiz ma’zur tutgaylar. Alloh taolo barchamizni tavfiq va hidoyat nurlari ila nurlantirsin, oilalarimizga tinchlik, farog‘at va totuvlik ato etsin, omin!

Qayd etilgan


Muslimа  22 Yanvar 2009, 14:11:47

SIZ QAYNONA BO’LDINGIZ...

Mana ikki yoshga nikoh o‘qildi, to‘y ham o‘tdi. Mana siz necha yillik orzuingizga erishdingiz. Alloh taolo xonadoningizga muborak bir kelinni tuhfa etdi. O’g‘il farzand ko‘rgandayoq yuragingiz qatlariga bitilgan «bir munosib kelin olish», «kelin emas, qiz olish» haqidagi yoqimli istaklar, shirin ilinjlar ro‘yobga chiqdi. Yillab yemay yiqqanlaringizni el oldiga dasturxon qilib yozdingiz. Yillab kiymay asraganlaringizni - qo‘lingizga tushgan bir parcha matomi, birorta zirakmi - barini «egasi»ga topshirib xotirjam bo‘ldingiz. Bugun siz - qaynonasiz.

Mahallama-mahalla kezib kelin axtarganingizda, qarindosh-urug‘lar davrasida «Bu yil kelin olmoqchiman», deb qizi borning yuragiga shirin g‘uluv solganingizda, ko‘chadan o‘tib borayotgan qaqajon qizlarning ortidan ma’yus termulib yer-u ko‘kka ishonmaydigan o‘g‘lingizga munosib juft izlaganingizda, nihoyat mos kelinni topib to‘y tadorigini ko‘rayotganingizda ham faqat bugungi qaynonalik baxtini, nash’asini o‘ylab yelib-yugurgansiz. Endi siz - qaynonasiz.

Niyatlaringizning, xayollaringizning chek-chegarasi yo‘q. Keliningiz odob-axloqda, sharmu hayoda, muhabbat va sadoqatda, iffat va nazokatda yagona bo‘ladi. O’g‘lingiz bilan nihoyatda ahil-totuv, shirin turmush kechiradi. Erining soyasiga ko‘rpacha soladi, imosiga hushyor, xizmatiga tayyor turadi. U bilan gap talashmaydi, har ishga ilashmaydi.

Qaynona-qaynotaning hurmatini joyiga qo‘yadi: labidan salom, qo‘lidan taom tushmaydi. Hali choy ko‘tarib yuguradi, hali tahoratingizga suv. Bir og‘iz so‘zingizga mahtal, birgina tomoq qirishingizga shay. Bir yoqda o‘g‘il-qizlaringiz ham kelinning «xizmati»dan umidvor bo‘lib turishibdi. Yangi keliningiz birovining shimini dazmollab, birisining tuflisini moylab berishi, qaynsinglisining sochini ham turmaklab qo‘yishi kerak. Xullas, barcha xonadonlarda bo‘lgani kabi to‘y oldidagi shirin ilinjlar, havoyi xayollar sizga ham begona emas. Kelin timsolida o‘g‘lingizga bir jufti halol emas, go‘yoki bir xizmatkor, bir «qul» qabul qildingiz.
Ammo oradan ko‘p o‘tmay, qat-qat orzularingiz sarob chiqib qoldi. Ne-ne umidlar bilan, mablag‘ sarflab katta to‘ylar bilan olingan keliningiz «oltin» emas, «mis» chiqib qoldi. Nazdingizda hammaning kelini xizmatni, hurmatni, himmatni do‘ndirib qo‘yyapti-yu, sizniki hech narsaga ulgurolmaydi. U tanbal, ishyoqmas ham emas, qo‘lini sovuq suvga urishga erinadiganlardan ham emas.

Qayd etilgan


Muslimа  22 Yanvar 2009, 14:14:04

Unda gap nimada? Kechagina xonadoningizga kelin bo‘lib tushgan qiz uchun erining yumushlari, uning ko‘rsatmalari ustunroq tuyuladi. U shuning uchun avval erining kam-ko‘stini to‘g‘rilab, ishga jo‘natvolishga intiladi. Oqibatda bu yoqda sizning yumushlaringiz chala qoladi. Narigi tomonda eringiz «Dasturxonni yig‘ib olmaysizmi?» deb baqirishga tushadi. U kishini tinchitay, deb chopsa, bu yoqda qaynini, qaynsingillar to‘ng‘illashni, g‘ing‘illashni boshlab yuborishadi. Hech kim «Shu kelin bechoraning bittagina joni bor, ehtimol shuncha odamning xizmatiga ulgurmayotgandir, buning ustiga xonadonimizga yangi mehmon, bizdagi tartib-muomalotlarni, oila a’zolarining fe’l-atvorini hali tushunib ololmagandir?» demaydi. Har bir harakatidan, har bir qilig‘idan nuqs topib, «o‘tirsa - o‘poq, tursa - so‘poq» qilaveradi. Oqibat esa bir kuni kelinning bardoshi tugab, ish katta mojaroga aylanadi. Endi shu yerda diqqatingizni bu haqdagi islomiy tartiblarga qaratmoqchimiz. Dinimiz talabiga ko‘ra, keliningiz o‘g‘lingizga nikohlab berilgan va uning zimmasiga faqat o‘g‘lingiz oldidagi burchlargina yuklangan. Ana shu burchlar haqida quyiroqda batafsil to‘xtalib o‘tamiz. Shunday ekan, kelinning erning ota-onasi, ini-singillariga xizmat qilishi erga bo‘lgan hurmati, muhabbati tufaylidir, xolos. Alloh taoloning Qur’oni karimdagi «Parvardigoringiz yolg‘iz Uning o‘ziga ibodat qilishlaringizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishlaringizni amr etdi», degan ko‘rsatmasiga binoan, u erining ota-onasiga xizmat qiladi, yumushlarini bajaradi. Shunday bo‘lgach, uni qul o‘rnida ko‘rib ro‘zg‘orning hamma yukini yelkasiga ortib qo‘yish, barcha oila a’zolarining istak-xohishlarini bajartirishga urinish yosh juvonga zulmdan boshqa narsa emas. Hozirgi paytga kelib islomiy qoidalar, tartiblar unut bo‘layozgan xonadonlarda kelinga past nazar bilan qarash, bo‘lar-bo‘lmasga xo‘rlash, «xizmatkor» sifatida unga ro‘zg‘orning barcha og‘ir-engil yumushlarini qo‘sh-qo‘llab topshirib qo‘yish hollarining ko‘paygani ham shundan. Bu ishda ayniqsa siz - qaynonalarning bemehrlarcha bosh-qosh bo‘layotganingiz achinarlidir.

RIVOYAT. Ota-ona ulug‘ zot, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom «Jannat - onalarning oyog‘i ostidadur», deganlar. Musoviya ibn Hayyida (r.a.) Rasulullohdan «Yaxshiligimni kimga qilsam bo‘ladi?» deb so‘raganlarida, uch martagacha «Onangga», deganlar va to‘rtinchi marotaba so‘raganlarida, «Otangga va yaqin bo‘lgan qarindoshlaringga», deganlar. Onasini opichlab Xonai Ka’bani tavof qildirib yurgan bir yamanlik kishi Abdulloh ibn Umardan «Onamning haqqini shu xizmatim bilan ado qila oldimmi?» deb so‘raganida, u kishi: «Yo‘q, bu xizmating seni tug‘ish paytida onangni qiynab tutgan to‘lg‘oqlarning bittasiga ham teng kelolmaydi», degan ekanlar.

Qayd etilgan


Muslimа  22 Yanvar 2009, 14:15:00

Xo‘sh, ona shunchalik tabarruk, ulug‘ zot ekan, ota-onaga oq bo‘lish Alloh taologa shirk keltirish bilan baravar og‘ir gunoh ekan, unda nega «ona» so‘zi oldiga «qayn» qo‘shimchasi qo‘shilishi bilan u endi yovuz bir kimsaga aylanib qolishi kerak? Nega kelinlar bu so‘zni eshitib ranglari o‘chishi, g‘azabga minishlari kerak? «Kelin bilan qaynona bir qozonda qaynamas», deb birinchi kunlardanoq dushmanlik urug‘lari sepilishi kerak? Bu tarbiya ko‘rmaganlik, nodonlik, johillikdan boshqa bir narsa emas. Yaxshi niyatlar bilan kelin olib, ko‘zingizning oqu qorasi bo‘lmish suyukli o‘g‘lingizni unga topshirib qo‘yib, endi o‘sha aziz kelin bilan yovlashib, olishib yurish sizning onalik fitratingizga mos tusharmikan?

Bir do‘stim «Agar kelini bilan opoq-chapoq yashaydigan, o‘z qizi qatorida ko‘radigan qaynonani topib bersang, boshidan suv o‘girib ichardim, oyog‘idan o‘pardim», degan edi. Bu gapga uncha e’tibor brmagandim. Keyin xorijiy o‘lkalarda qaynonalar haqida ko‘pgina masxaraomuz so‘zlar yurganini eshitib hayron bo‘ldim. Aslida bu ham xolva ekan. Xizmat taqozosi bilan «Qaynona-kelin» mavzusida yuzlab kishilar bilan gaplashishga, ularning turmush tajribalarini o‘rganib tadqiq qilishga to‘g‘ri keldi. Natijalar dilga g‘ashlik soladi: emishki, oiladagi janjallarning 60-70 foizi qaynona «sho‘rlik»ning aybi bilan sodir bo‘larmish. Bu gaplarga ishongim kelmasa-da, na iloj, raqamlar judayam o‘jar bo‘larkan. Unda nima qilish kerak? Unda islomiy munosabatlarga o‘tish, shariat ko‘rsatmalariga bo‘ysunish kerak, xolos. Bu xushxulqli bo‘lish, o‘zgalarga rahmdillik ko‘rsatish, birovga ozor yetkazmaslik va zulm qilmaslik borasida Alloh taoloning amrlarini, Rasulullohning ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarishga kirishish kerak, deganidir.

Endi o‘zingiz tasavvur qilib ko‘ring. Ana shu ko‘zingizga mo‘ltirab, iligi qaltirab turgan ayol - o‘zga bir ota-onaning o‘n sakkiz yil avaylab, «papa»lab, o‘zi yemay yedirib, o‘zi kiymay kiydirib, yeru ko‘kka ishonmay voyaga etkazgan arzanda qizi. Uning sha’ni, iffatini asrash, yaxshi tarbiya berish, odob-axloqini o‘nglash, ro‘zg‘or ishlariga o‘rgatish uchun qancha oromidan kechgan. «O’ksiydi», «birovning xasmi», «uyda mehmon», deb hatto qattiq gapirmagan, tergamagan. Sizning «Qudachilik – ming yilchilik, o‘z qizimday ko‘raman», degan va’dalaringizga ishonib ana shu qalbining bir parchasini sizga qo‘sh-qo‘llab tutgan.

Qayd etilgan


Muslimа  22 Yanvar 2009, 14:18:14

O’n sakkiz yashar qiz hali tajribasiz, g‘o‘r, hayotning past-balandini ilg‘amaydi, ehtimol kattalarni hurmat qilishni hali o‘rganmagan, balki xonadoningizda yillar mobaynida tarkib topgan tartib-qoidalarni, an’analarni u hali tushunib yetmagandir? Oila a’zolarining tabiatini tushunib, ko‘nglini topolmagandir? Shunday ekan, nega siz bag‘rikenglik qilib, rahm-shafqat ko‘rsatib, yaxshi gapirib, alqab va aldab, aylanib-o‘rgilib yo‘lingizga sololmaysiz?

Xo‘p, u xato qilibdi, adashibdi. Biror yumushni siz aytganday, siz xohlaganday qilmabdi. Bundan qiyomat qoim bo‘lmagandir? Axir siz ham qirqqa, ellikka, oltmishga kirib endi tajriba orttirdingiz, hozirgi aqlingizni topdingiz. Shunday ekan, unga ham o‘rgating, nasihat qiling, holatiga tushuning, yo‘lingizga soling. Qizingizni uning o‘rniga qo‘yib ko‘ring. Bordi-yu, qizingiz, jigarbandingiz o‘zga xonadonga kelin bo‘lsa, unga qanday muomala qilishlarini xohlardingiz? Shu haqda bir tasavvur qilib ko‘ring.

Yo‘q, bu to‘g‘rida o‘ylab o‘tirmaymiz. Darrov ayb qidirishga o‘tamiz. Bitta kamchiligiga o‘ntasini qo‘shib shishiramiz. Hatto qo‘shnilar-u tanish-bilish, qarindosh-urug‘largacha hasrat qilib chiqamiz. Bunga achchiqlangan kelinni «Qovog‘ini uydi, to‘nini teskari kiyib oldi», deb haydashga urinamiz. Ne-ne umidlar, qancha qiyinchiliklar bilan tiklangan oila qasrini vayron qilishga chog‘lanamiz. Agar er-xotinning murosalari bo‘lmasa ham go‘rgaydi, aksincha o‘g‘lingiz bilan keliningiz o‘rtasidagi munosabatlar havas qilguday: bir-biriga muhabbatli, sadoqatli, oqibatli.

Qayd etilgan


Muslimа  22 Yanvar 2009, 14:21:12

AHILLIKKA NE YETSIN!

Xo‘sh, kelin bilan ahil yashash, oilada totuvlik va farog‘at bo‘lishi uchun qaynona nimalar qilishi kerak? Bu haqda allomalarimiz, mashoyixlarimiz juda ko‘p pandu nasihatlar qilishgan. Katta hayot tajribasiga ega bo‘lgan momolarimizning aytganlari, qilganlari hozirgi qaynonalarimiz uchun bir ibrat maktabidir. Quyidagi ana shunday hayot tajribalari, yaxshi qaynona bo‘lish qoidalari yordam beradi, degan umiddamiz:

QAYNONALARGA O‘N MASLAHAT

1. Keliningizni o‘z bolangizdan ustun ko‘rib «qizim-qizim»lab mehr ko‘rsating, uy-ro‘zg‘or ishlarini erinmay o‘rgating, aybu xatolarini yashiring. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: «Kim bu dunyoda qiynalgan bir musulmonning og‘irini yengil qilsa, Alloh uning qiyomatdagi og‘irini yengil qiladi, kimki bu dunyoda bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh dunyo va oxiratda uning aybini yashiradi», deganlar.

2. Kelin bilan o‘g‘lingizning munosabatlari birinchi kundanoq samimiy bo‘lishiga harakat qiling. Kelinga o‘g‘ilni, o‘g‘ilga kelinni maqtang, aslo shikoyat qila ko‘rmang. Chunki Rasululloh (s.a.v.): «Sizlarning yaxshilaringiz - xushxulqli, shirin suhbatlilaringizdir», deb uqtirganlar.

3. Farzandlaringiz oldida kelinning sha’ni va obro‘sini ko‘tarishga harakat qiling, chunki oilada boshqalarning kelinga muomalasi sizga qarab bo‘ladi. Janobi Rasululloh (s.a.v.): «Kimki yoshi kichiklarimizga rahmdil bo‘lmasa va kattalarimizning qadr-qimmati va haqqini bilmasa, u odam bizning qavmdan emas», deganlar.

Qayd etilgan


Muslimа  22 Yanvar 2009, 14:22:24

4. Er-xotin g‘ijillashib yoki urishib qolsa, siz kelinning tarafini oling. Chunki o‘g‘il o‘zingizniki - gapingiz botmaydi, aksincha o‘sha paytda kelinga aytgan bir og‘iz qattiq gapingiz mojaroni kuchaytiradi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom «Odamlar bilan xushmuomala bo‘linglar, ularga qattiqqo‘llik qilib behayo so‘zlamanglar!» deb ta’lim berganlar.

5. Yosh kelin ota-onasini sog‘inib qolsa, darrov ruxsat bering, chunki yangi kelinlikda uning boshqa xonadonga ko‘nikishi, yaqinlaridan uzilib qolishi ancha qiyin kechadi. Keyinchalik o‘zidan ortib ko‘pda boravermaydi. Janobi Rasulullohdan «Kim mehribonlik qilmas ekan, mehribonlik ko‘rmagaydir!» degan hadisi sharif vorid bo‘lgan.

6. Keliningiz oldida boshqa kelinlarning husnini, kiyim va taqinchoqlarini, epchilligi va epliligini, o‘zga qudalarning sarfu xarajatlarini aslo maqtamang, chunki uni kamsitgan, ozor bergan bo‘lasiz. Faqat boshqalarning odobi, muomalasini ibrat qilib ko‘rsatish mumkin. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: «Xotinlarning barakalirog‘i sarf-xarajatni kamroq talab qilganidir», deganlar.

7. Kelinning xizmatidan, ovqatidan, yurish-turishidan ayb topavermang. O’zingiz yangi kelin bo‘lgan davrlarni bir esga oling. Aybi bo‘lsa, malol kelmaydigan qilib o‘ziga ayting. Chunki oliy xulq sohibi janobi Rasululloh hech kimni yuziga yomonlamas, orqasidan ayblamas, aybini axtarmas edilar.

8. Agar o‘g‘lingiz xotiniga sovg‘a olib kelsa, «Nega menga yoki singlingga qo‘shib kelmading?» deb janjal chiqarishga shoshilmang. Balki puli yetmagandir yoki farosati! Keyinchalik buni o‘ziga tushuntiring. Rasuli akramning (s.a.v.) «Odamlar ichida xotin kishiga nisbatan haqlirog‘i uning eridir», degan hadislarini bir eslang.

Qayd etilgan


Muslimа  22 Yanvar 2009, 14:24:04

9. Qaynotalar kelin olish xarajatlarini qilgan, shuning uchun ko‘pincha kelinning yonini olib maqtab turishadi. Bundan siz «Demak, erim uni yaxshi ko‘rib qolibdi», degan noto‘g‘ri xulosa chiqarib janjal ko‘tarmang. Bu g‘irt bema’nilikdir. Janobi Rasulullohning «Kim birovning yoki o‘z xodimining oilasida mojaro yoki nizo chiqishiga sababchi bo‘lsa, u Islom ahlidan emas», degan hadislarini darrov yodga oling.

10. Hech qachon kelinim yomon chiqib qoldi, o‘g‘limni qayta uylantiraman, deb o‘ylamaslik kerak. «Yaxshi so‘z bilan ilon inidan chiqadi, yomon so‘z bilan qilich qinidan chiqadi». Qolaversa, yana to‘y qilish uchun qancha harakat va xarajat kerak bo‘ladi. Axir oliy xulq sohibi janobi Payg‘ambarimiz birovni aslo ranjitmasdilar, insonlarning xushxulqligi edilar.

Ha, muhtaram onajon va opaxon, qaynonalikning ishi og‘ir, yumushi mushkul! O’zga bir xonadonda, begona bir muhitda o‘sgan qizni o‘z oilangiz a’zosi, o‘z bolangizga aylanishi uchun, o‘g‘lingiz bilan baxtli, saodatli hayot kechirishi uchun sizdan ancha-muncha bag‘rikenglik, kechirimlilik, mehr-muhabbat talab qilinadi. Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: «Sizlar musulmoni komil bo‘lmaguningizcha jannatga kira olmaysizlar. Musulmoni komil bo‘lish uchun esa bir-biringizga muhabbat qo‘ymog‘ingiz shart», deganlar.

Jannat - har bir mo‘minning eng ulug‘ orzusi. Siz jannatga kirishni xohlaysizmi? Unda Rasulullohning o‘gitlariga amal qiling, o‘g‘lingizning et-tirnog‘iga, oilangizning a’zosiga aylangan keliningizga ham muhabbat qo‘ying, xato-nuqsonlarini kechiring, bilmaganlarini o‘rgatib yo‘lingizga soling, uning obro‘sini asrang. Ana shunda siz komil musulmon bo‘lasiz, oilangizga tinchlik, totuvlik, fayzu baraka, farog‘at oshyon quradi.

Qayd etilgan


Muslimа  22 Yanvar 2009, 14:26:50

SIZ KELIN BO’LDINGIZ...

Egningizda oppoq to‘y libosi - bugun siz kelin bo‘ldingiz. O’zga bir xonadon sizni quchoq ochib kutib oldi, boshingizdan gullar sochib qarshiladi. Yigirma yil boqib-tarbiyalab voyaga yetkazgan o‘g‘illarining taqdirini sizga ishonib topshirdi. «Hovlimizga kelin keldi, qut-baraka keldi, xursandchilik keldi, qadami qutlug‘ bo‘lsin!» deb duolar qildi. Endi siz uchun yangi bir hayot boshlanadi. O’n sakkiz yil yashagan xonadoningizni tark etib, begona kishilar bilan til topishib, el bo‘lishingiz kerak. Yaqinlaringizdan, mehribon ota-onangizdan uzilib eringizning, qaynona-qaynotangizning eng yaqin kishisi bo‘lib qolishingiz kerak. Aks holda ikki oilada ham huzur-halovat, xotirjamlik bo‘lmaydi. Buning uchun nima qilish kerak?

RIVOYAT. Horisning qizi Asmo kelin bo‘lib kuyovnikiga ketayotganida onasi Umoma unga shunday nasihat qilgan ekan: «Bolajonim, sevikli qizim, meni yaxshilab tingla! Agar bir qiz ona va otasining kambag‘alligi uchun erga berilishi kerak bo‘lsaydi, sen aslo uzatilmagan bo‘larding. Chunki otang juda badavlat, katta shuhrat va martaba egasidir. Lekin hayot boshqachadir. Alloh bizlarni yaratgan va biz uchun hayot qonunlarini bergan. Har bir yoshdagi inson ana shu qonunlar chegarasida turmush kechiradi. Alloh bergan qonunga ko‘ra, hayotga qadam qo‘yish vaqti kelganda har bir qiz bir erkakka, xojaga, u esa ayolga muhtoj bo‘ladi. Erkaklar xotinlar uchun, xotinlar erkaklar uchun yaratilgandir. Bu - Allohning qonuni, uni hech kim buza olmaydi, u qiyomatgacha davom etadi. Shu sababki, sen, qizim, tug‘ilib o‘sgan va voyaga yetgan uyingdan, yayrab-yashnab o‘ynab yurgan yeringdan o‘zing ham bilmaydigan bir notanish uyga borasan, shunga qadar o‘zing yaxshi bilmagan inson uyiga, o‘z uying bo‘ladigan joyga borasan.

Ey mening jigarporam, sen eringga shunday xizmat qilki, u ham senga qul bo‘lsin. Sen unga yer bo‘lki, u senga osmon bo‘lsin! Aytganlarimga amal qilsang, ering bilan go‘zal hayot kechirib, mas’ud, baxtiyor turmush ko‘rasizlar. Ayniqsa, eringning qarindosh va yaqinlariga hurmat ko‘rsat, chunki ularni hurmat qilish erning e’tiborini, mehr-muhabbatini qozonmoq, demakdir. Ularni hurmat qilish - erni hurmat qilish, qadrlashdir».

Qayd etilgan