Ahmad Muhammad Tursun. Qaynona va kelin  ( 64459 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


Muslimа  22 Yanvar 2009, 14:28:11

Umoma qiziga qilgan nasihatlarida erning yaqinlariga alohida hurmat ko‘rsatishni ta’kidlaydi. Er uchun eng yaqin inson kim? Albatta uni tug‘ib, oq sut berib, qancha tunlarini bedor o‘tkazish evaziga avaylab katta qilib, mana shunday ko‘rkam, aqlli, sog‘lom, baquvvat yigit holiga keltirgan ona erning eng yaqin kishisidir. Demak, erning onasi, ya’ni qaynonaning hurmatini joyiga qo‘yish, ko‘nglini olish, xizmatini qilish lozim bo‘larkan.

Bu aqlli, dono qizlar uchun, kelinlik majburiyatlarini boshdanoq to‘g‘ri anglab olgan qizlar uchun eng to‘g‘ri yo‘ldir. Ota-bobolarimiz «Gulni sevgan tikonini ham e’zozlaydi», deyishadi. Tikonini izzat qilmagan gul isidan bebahra qoladi. Erning borligi, sizni suyib-erkalashi, aytganingizni muhayyo qilishi yaxshi-yu, uning ota-onasi, yaqinlari «puf sassiq» bo‘lishi mumkinmi? Erning xeshlarini, ayniqsa, ota-onasini hurmat qilolmagan kelin xojasining ko‘nglini ololmaydi, mehrini qozonolmaydi, nafratiga uchrab, muhabbatidan bebahra bo‘ladi. Bora-bora erining ko‘ziga xunuk ko‘rinib, oila baxtiga darz keta boshlaydi. Kelin - qaynonaning ma’naviy qizi, qaynona - uning ikkinchi onasi, deyishadi. Birinchi onangiz o‘z uyingizda qoldimi, demak, kuyov xonadonida siz uchun eng yaqin, mehribon, g‘amxo‘r kishi qaynona bo‘ladi. Qaynona -hayotdagi yo‘ldoshingizning, suyukli eringizning tuqqan onasi, tanasining bir parchasini sizga tortiq qilgan saxovatpesha, bag‘rikeng bir inson. Agar u eringizni tug‘ib bermaganida bu yaxshi insonga zavja bo‘lolmasdingiz. Agar u xohlamaganida sovchi yuborib sizni kelin qilmasdi. Demak, siz uchun erni qancha hurmatu izzat qilish lozim bo‘lsa, uning onasini (otasini) ham ardoqlash, ta’zimu rioyat qilish shunchalik zarurdir. Agar uni qaynona sifatida izzat  qilolmasangiz, hech bo‘lmasa, yoshi ulug‘ligi uchun hurmat ko‘rsatishga majbursiz. Chunki Payg‘ambar alayhissalom «Kimki kichiklarga rahmu shafqatli, kattalarga izzat-ikromli bo‘lmasa, u  bizlardan emas», deb ta’lim berganlar. Mana siz kuyov xonadoniga kelin bo‘lib tushdingiz. Qaynonangiz birinchi kunlardanoq «qizim-qizim»lab hurmatlab turibdi. Siz ham o‘sha hurmatga yarasha itoat ko‘rsating, gapini qaytarmang. Uning yoshi ulug‘, hayotda ko‘pni ko‘rgan. Nima yaxshi-yu, nima yomon, anglab yetgan. Shunday bo‘lgach, bilmaganlaringizni o‘rgatadi, ro‘zg‘orni yuritish sirlaridan voqif qiladi, epli, tejamli, sarishta bo‘lishdan saboq beradi. Uning aytganlarini jon qulog‘ingiz bilan tinglang, sizga yoqmasa ham, burningizni jiyirib, labingizni burmang. Xo‘p bo‘ladi, deb bajarishga shoshiling. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda ota-onaga yaxshilik qilishni, ularga qarab «uf» tortmaslikni, ularning so‘zlarini qaytarmaslikni buyurgan. Ular oldida o‘zini xokisor tutishga amr qilgan. Qaynona ham - ona, ona bo‘lganda ham er-xotin - ikkovingizning onangiz. Qaynonangiz sizni kelin qilayotganida siz bilan darrov yovlashib qolamiz yoki dushmanimga aylanadi, deb niyat qilmaydi. Har qanday «marshal» qaynona bo‘lmasin, itoatli, odobli, hayoli kelin qarshisida qilichi sinib, so‘zi tinib qolaveradi. Uning yoshini, eringizning onasi ekanini, ro‘zg‘or yuritishdagi katta tajribasini inobatga olib muomalada bo‘lsangiz, faqat yutasiz.

Qayd etilgan


Muslimа  22 Yanvar 2009, 14:30:29

Qaynonaning xayrixohlik bilan o‘rgatgan ishlariga jahlingiz chiqmasin. Chunki u sizni kamsitmoq yoki bilmaganingizni ta’na qilmoq uchun emas, o‘z bilganini sizga ko‘rsatmoq uchun o‘rgatyapti. Bunga rahmat aytib qabul qiling. Qarichilik ortidanmi yoki jahli chiqib turganidanmi, qizishib tanbeh bersa, arazlamang, muloyimlik ko‘rsating, sabr qiling. Aks holda murosa buziladi, dilidan qolasiz. Oilada notinchliklar, sovuqchiliklar shamoli esib qoladi. Orada eringiz bechora eziladi. Chunki u ikki o‘t orasida qoladi. Bir tomonda - oq yuvib-oq taragan, voyaga yetkazgan onasi, ikkinchi tomonda - o‘z xonadonini tark etib, qolgan hayotini eriga baxshida qilishga ont ichgan suyukli yori.

Onangiz sizga baxt tilayversa-yu, sizni turmush, deya atalmish katta hayot sinoviga tayyorlamagan bo‘lsa, hayot saboqlaridan ta’lim bermagan bo‘lsa, ovqat pishirish, non yopish, kir yuvish, bola tarbiyalash kabi turmushning zaruriy yumushlarini o‘rgatmagan bo‘lsa, qaynonangiz aybdor emas-ku! Qaynona va kelin mojarolarining aksariyatiga bo‘lg‘usi kelinlarimizning yengiltakligi, tarbiyasizligi, turmush sinovlariga tayyor emasligi sabab bo‘lmayaptimikan?

O’zbek xonadonida, islomiy tarbiya ko‘rgan oilalarda qadim-qadimdan qizlarni boradigan yeridagi issiq-sovuqqa, achchiq-tiziqqa ko‘nikishga o‘rgatadilar. «Endi uying o‘sha yer, u joydan gap tashib kelma, qaynonang bilan murosa qil, sen yaxshi bo‘lsang, xizmatingni ayamasang, ular ham boshga ko‘tarib yuradi» qabilida nasihatlar qilingan.

Qayd etilgan


Muslimа  22 Yanvar 2009, 14:36:54

VOQEA. «Men 1996 yili turmushga chiqdim. Erim bilan juda ahil va inoq edik. Qaynonam esa o‘z qiziday sevardi. Ammo arzimas bir voqea baxtimni poymol qildi, shirin turmushga og‘u soldi.

O’sha kuni erim ishxonasidan mukofot puli olib, onasiga ko‘ylak olib kelgan edi. Buni ko‘rib fe’lim buzildi. «Turmush qurganimizga uch yil bo‘libdi-yu, hali menga tuzukroq bir sovg‘a qilmadi», deb o‘yladim. Erimga aytuvdim, «Farzand ko‘rganimizda ko‘ylak olib berdim-ku», dedi u bamaylixotir. Xunobim oshdi. Keyin uyga borganimda oyim yaramga tuz sepdilar: «O’zi ering orzu-havasni bilmagan yigit ekan... Munkillagan onasini yasantirish o‘rniga oilasini o‘ylasa bo‘lmaydimi? Axir sen yoshsan, avji o‘ynab-kuladigan davring. Hozir kiymasang, qachon kiyasan? Adashdim, adashdim, bo‘lmasa, o‘sha tagi pastlarga qiz berarmidim...» Oyimning gaplari meni tamoman yo‘ldan ozdirdi. To‘nimni teskari kiyib oldim. Erim va qaynonam hayron. Ona-bola nasihat qilishsa - kar, yo‘l ko‘rsatishsa - ko‘r bo‘lib oldim. Go‘yo izzat-nafsim poymol, qadrim yer bilan yakson, obro‘yim bir pul, dillarim vayron. Ammo qattiq yanglishgan ekanman.

Xullas, erim va qaynonamning yalinib-yolvorishlari, pandu nasihatlari kor qilmadi, ajrashib ketdim. Ishga kirib dil yaralarim tuzalganday bo‘ldi. Ammo o‘g‘lim «dada, dada»lab yig‘laganida, «Tor qornimga siqqan, keng uyimga ham sig‘adi», deb meni ajratib olgan onamning endi malol ko‘rganday qovoq-tumshuq osiltirib olganida naqadar mash’um xatoga yo‘l qo‘yganimni tushunib yetdim. Bir parcha matoh, deb shunday mehribon, yaqin kishilarimdan yuz o‘girganimni o‘ylab tuni bilan oh chekaman, ko‘z yoshlarim jaladay quyiladi».

Ha, qaynona - xonadonning eng katta bekasi, xonimi, eringizning mehribon, saxiy onasi. Eringizning muhabbati va hurmati boshingizni aylantirib qo‘ymasin, uyda o‘zingizni xo‘jayin his etib hukm yuritmoqchi bo‘lmang. Bu bilan qaynonangiz va o‘zingiz o‘rtangizga sovuqchilik tushirasiz, choh paydo qilasiz, eringiz va yaqinlaringizning nazaridan qolasiz.

Qayd etilgan


Muslimа  22 Yanvar 2009, 14:40:38

RIVOYAT. Alqama ismli dindor bir yigit bo‘lib, u namoz o‘qir va sadaqa berardi. Kunlardan bir kuni uning tobi qochib xotinini Rasulullohga (s.a.v.) yubordi. Yigitning ahvoli jiddiyligini eshitib Payg‘ambar alayhissalom hazrat Bilol, hazrat Ali, Salmon Forsiy va Ammorlarni uning huzuriga yubordilar. Borishsa, bemor og‘ir ahvolda, hatto tavhid kalimasini aytolmay tutilib, g‘o‘ldirab yotibdi. Hazrat Bilol ahvolni Rasulullohga tushuntirdi. U zot: «Ota-onasi hayotmi?» deb so‘radilar. Hazrat Bilol: «Otasi o‘lgan, keksa onasi bor», dedilar. Rasululloh onasini ko‘rib surishtirdilar. Nihoyat sir oydinlashib shu narsa ma’lum bo‘ldiki, o‘g‘il xotinining gapiga kirib onasini qattiq og‘rintirgan, xotinini onadan afzal ko‘rib dilini vayron, kunini xufton qilgan ekan. Shu bois tavhid kalimasini ayta olmay tili tutilgan. Rasulullohning aralashuvlari bilan ona o‘lim to‘shagida yotgan o‘g‘lidan rozi bo‘ldi va u shahodat keltirib jon taslim qildi. Rasululloh janoza namozini o‘qiganlaridan so‘ng qabr boshida ashoblarga shunday dedilar: «Ey ashobim! Har kim xotinining so‘zi bilan onasini xafa qilsa, xotinini onasidan ustun tutsa, ul odamga Allohning la’nati bo‘ladi. Uning farz va nafl namozlari qabul bo‘lmaydi. Ul odamning borar yeri jahannamdir». Muhtaram kelinlar, o‘zingizning huzur-halovatingizni deb eringizni onasidan yuz o‘girishga majburlamang, tantiqligingiz va izzattalabligingiz bilan uning iymondan, diyonatdan ajralib, ota-onasiga osiy bo‘lib qolishiga sababchi bo‘lmang. U holda siz ham Alloh taoloning la’natiga duchor bo‘lishingiz aniq!

Qayd etilgan


Muslimа  22 Yanvar 2009, 14:43:10

QIZIM, SENGA AYTAMAN...

«Oynai jahon» orqali namoyish etilgan ko‘rsatuvlardan birida turmush qurganiga endigina uch oy bo‘lgan bir kelin hech istiholasiz, uyalmay-netmay kuyov xonadonidagilar unga jabr-sitam o‘tkazganliklari haqida gapirdi. Haqli suratda shunday savol tug‘iladi: «Sen uch oygina turmush qurgan bo‘lsang, ne-ne orzular bilan seni kelin qilgan ota-onaning, shirin ilinjlar bilan senga uylangan yigitning orzularini ro‘yobga chiqarish, ko‘nglini topish uchun nima qilib ulgurding? Ularni qaysi xizmatlaring bilan rozi qilolding?»

O’zbek xonadonida kelinni qadrlaydilar, avaylaydilar. «Birovning bolasi, ko‘niksin, o‘rgansin», deydilar. Sen qanday kelin bo‘ldingki, ana shu uch oydayoq ko‘nikish, ko‘ngil ovlash, yangi xonadonga moslashish o‘rniga zulm ko‘rdim, deya jar solib yuribsan? Axir kelinchaklik davri ko‘nikish, mehr qozonish, uyning og‘irini yengil qilib, kattalarning va eringning muhabbatiga sazovor bo‘lib olish davri emasmi? Bilmaganlaringni o‘rganish, tanbeh bersalar yoki tanqid qilsalar, undan to‘g‘ri xulosa chiqarib, o‘zingni oila bekaligiga tayyorlash davri emasmi? Oila baxtini ushlab asrab qolish ko‘p jihatdan kelinlarimizga bog‘liq. Ammo eri yoki qaynonasi bilan oriyat yo «huquq» talashadigan, birinchi kunlardanoq qaynonaga aql o‘rgata boshlaydigan, pandu nasihatini nazarga ilmaydigan, eng dahshatlisi, behurmat qiladigan kelinlar o‘zlari bilmagan holda o‘z baxtlariga zomin bo‘lib qoladilar. Shirin turmushlari zahar-zaqqumga aylanadi. Keyin afsus-nadomatlar ichra idorama-idora «haqiqat izlashga» tushadilar.

Ko‘pincha yosh kelinchaklar zorlanib qolishadi: «Nima qilsak, qaynonalarimizga yoqarkanmiz, ularning ta’na-dashnomlaridan, malomatlaridan qutilarkanmiz?» Hamma uchun birday yoqishning iloji yo‘q. Kattalar va yoshlar o‘rtasidagi avlodlar ixtilofi tufayli qaynonangiz bilan darrov, osongina til topishib ketishingiz qiyindir. Ammo siz birovning xonadoniga kelin bo‘lib, begona bir ayolni ona o‘rnida qabul qilmasangiz, u bilan murosa qilish yo‘llarini axtarmasangiz, aslo baxtli bo‘lolmaysiz. Eringiz sizni qanchalik sevmasin, aylanib-o‘rgilmasin, qaynonangizga yoqmas ekansiz, oilangizda farog‘at va saodat bo‘lmaydi. Buning uchun nima qilish kerak? Qaynona bilan til topishish, unga yoqishning hech qanday yashirin yo‘llari, sir-sinoatlari yo‘q. Faqat donishmandlarning pandlariga quloq solish, kattalarning nasihatiga ko‘nikish, qaynonani ona o‘rnida ko‘rib u bilan nizo chiqarishdan, ixtilofga borishdan qochish kerak. Keling, manavi o‘nta o‘gitni yaxshilab eslab, unga rioya qilishga urining:

Qayd etilgan


Muslimа  22 Yanvar 2009, 14:45:15

KELINLARGA O‘N MASLAHAT

1. Qaynonangiz ona bo‘lgani, yoshi ulug‘ligi, tajribasi kattaligi, sizdan donoroq, tadbirliroq bo‘lgani uchun ham uning izzat-hurmatini joyiga qo‘ying. O’zingizni aslo katta tutmang, itoatsizlik ko‘rsatmang. Chunki onaning o‘g‘lidagi haqlari bisyor. Bir kishi Abu Dardoning (r.a.) huzuriga kelib: «Onam xotinimni taloq etishimni talab etyapti», dedi. Abu Dardo unga bunday javob qildi: «Rasululloh (s.a.v.): «Ona jannatning o‘rtasidagi bir eshik. Xohlasang, o‘sha eshikni boy ber, xohlasang, saqlab qol», deb aytganlar».

2. Ro‘zg‘orning bor-yo‘g‘iga chidamli, sabrli, qanoatli bo‘lishga o‘rganing, aytganingiz bo‘lmay qolsa, janjal ko‘tarishni odat qilmang. Payg‘ambar alayhissalomning zavjai mutahharalari Oisha onamizning gaplarini eslang: «Muhammad (s.a.v.) xonadonidagilar Madinaga kelgandan to ul zot vafot qilgunlariga qadar ham loaqal uch kecha to‘yib bug‘doy noni yeyishmagan. Rasululloh xonadonidagilar bir kunda ikki mahal taom yemagandirlar. Biz bir oyda bir marta bo‘lsa ham, o‘choqqa o‘t yoqolmas edik, agar ahyonda hadya qilinadigan ozroq go‘shtni hisobga olmasak, yeyishimiz nuqul xurmo, ichishimiz suv edi».

3. Ota-onangizga gap tashib borishga, uydagi sirlarni ko‘chaga chiqarishga odat qilmang. Bu bilan qudalar o‘rtasidagi hurmat-oqibatni barbod qilasiz, turmushingizga sovuqlik tushirib, eringiz xonadoniga xiyonat qilgan bo‘lasiz. Alloh taolo Qur’oni karimda «Barcha (kishilarga dilozorlik qilib, chaqimchilik bilan ularning obro‘larini to‘kib yuradigan) bo‘htonchi-g‘iybatchiga halokat bo‘lg‘ay», deydi. Huzayfadan rivoyat qilinishicha, Rasululloh (s.a.v.): «Chaqimchi jannatga kirmaydi», deganlar.

4. Nima ish qilmoqchi bo‘lsangiz, qaynona bilan maslahatlashing, mablag‘ingizni qaynona bilan kelishib xarjlang, tejamkor bo‘ling. Chunki u ro‘zg‘orning past-balandini, oila sarfiyotini, qattiq-quruqni sizga qaraganda yaxshiroq biladi. O’zboshimchalik, itoatsizlik, pala-partishlik o‘rtadagi muhabbatni barbod qiladi.

5. Tilingizga ehtiyot bo‘ling, yolg‘on so‘zlashga o‘rganmang. Kattalarning izzat-nafsiga tegadigan botil so‘zlar bilan tilozorlik qilmang. Chunki Rasululloh (s.a.v.): «Odamlarni yuzlari bilan do‘zaxga tashlanishlariga faqat tillari sabab bo‘ladi!» deganlar. Bir marta yolg‘on gapirish bilan bir umrga ishonchdan chiqib qolishingiz mumkin.

Qayd etilgan


Muslimа  22 Yanvar 2009, 14:46:50

6. Ota-onangizni sog‘inib uyingizga yoki biror ma’rakaga bormoqchi bo‘lsangiz, avval qaynonangizdan (qaynotangizdan), so‘ngra eringizdan ijozat so‘rang. Bu bilan kattalarni hurmat qilgan, ularning ko‘nglini topgan bo‘lasiz. Chunki Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ota-onaga itoat etmoqni namozni vaqtida o‘qishdan keyingi Alloh taologa eng mahbub (sevikli) amal, deb hisoblaganlar.

7. Biror nojo‘ya ish qilib qo‘ysangiz yoki qaynonangizning biror topshirig‘ini bajarmagan bo‘lsangiz, darrov uzr so‘rashga odatlaning. Xalqimizda «Egilgan boshni qilich kesmaydi», degan naql bor. Kechirim so‘rash bilan obro‘ingiz tushib, martabangiz pasayib qolmaydi. Aksincha, yanada ardoqliroq, suyukliroq bo‘lasiz.

8. Qaynonaning xizmatidan aslo bo‘yin tovlamang. Chunki ko‘p hollarda janjal-mojarolar ana shu «qildi-qilmadi»lardan kelib chiqadi. Axir siz yoshsiz, g‘ayratingiz joyida, xizmat qilish bilan biror joyingiz kamayib qolmaydi. Bir sahoba Payg‘ambar alayhissalomdan «Ey Rasululloh, mening kasalmand onam bor, uni o‘zim ovqatlantiraman, suv ichiraman, tahorat qildirib qo‘yaman, orqamda opichlab yuraman, haqqini to‘la ado qilibmanmi?» deb so‘raganida, Rasululloh: «Yo‘q, yuzdan birini ado etibsan, xolos», degan ekanlar.

9. Qaynona ko‘z o‘ngida eringiz bilan aslo apoq-chapoq bo‘lib ko‘rinmang. O’g‘lining sizning pinjingizga kirib ketayotganini sezsa, «Bolam ikkita bo‘ldi», deb quvongan ona o‘zini kamsitilgan his etadi, bu unga og‘ir botadi. Buning «sababchisi» bo‘lgan, o‘g‘lini «og‘dirib olgan» kelinini yoqtirmay qoladi.

10. Xonadondagi qaynsingillaringiz, ovsinlaringiz bilan ahil bo‘lishga, ularning ko‘nglini topishga harakat qiling. Qaynonaga yoqishni o‘ylasangiz-u, ammo uning suyukli qizlariga, sizdan oldin kelib qadrdonlashib qolgan kelinlariga nopisand muomalada bo‘lsangiz, maqsadga erisharmikansiz? Payg‘ambar alayhissalomning quyidagi hadislari bor: «Odam farzandi uchun namoz, murosasozlik va xushxulqlikdan afzal ish yo‘qdir». «Qiziga joni achigan kelinini qarg‘aydi», degan maqol ham bor. Baxt va farog‘at cho‘g‘lari ustiga kul tortmay, erimnikida izzat va hurmat ko‘ray, hayotim osoyishta o‘tsin, desangiz, yuqoridagi ana shu pand-u nasihatlarni quloqqa olib, bugundanoq bajarishga kirishing. Ehtimol, sizdan ko‘ngli sovib, boshini qayoqqa urishni bilmay yurgan eringiz uchun baxt-iqbol eshiklarini yana ochib berayotgan bo‘larsiz?! Ehtimol, kelindan yolchimadim, deya xafsalasi pir bo‘layotgan qaynonangizning qalbida umid shul’alarini uchqunlantirib yuborarsiz?! Alloh taolo qaynona va kelin - ikkovingizning yulduzingizni bir-biringizga issiq ko‘rsatsin, qalbingizga mehr-muhabbat, ishonch, oqibat urug‘larini sepib, rizqlantirsin!

Qayd etilgan


Muslimа  26 Yanvar 2009, 11:30:35

IXTILOF ABADIYMI?

Nega qaynona va kelin muammosi ming yillardan buyon insonlarning boshini qotirib kelyapti? Nima uchun xilma-xil davlatlar, butun-butun xalqlar bir-biri bilan til topishib, ahil yashayotgan bir paytda bir xonadondagi ikki ayol o‘zaro murosa qilolmaydi, biri ikkinchisining hayotini zaharlaydi? Bu ixtilof abadiymi? Uning ne sabablari, omillari, bahonalari bor? Ana shu ixtilofga barham berib, murosaga kelish mumkinmi?

Odamlarimiz hali bu savollarga to‘la javob topishganicha yo‘q. Buning sababi - hammamiz oila, nikoh, er-xotin munosabatlari, kattalar va kichiklar borasidagi islomiy haqiqatlardan chekinib ketganmiz. Sharqona axloq-odobdan «eskilik sarqiti», deb voz kechib yuborganmiz. Kattalarni hurmat, kichiklarni izzat qilmay qo‘yganmiz. Toki axloqimizning, odobimizning azaliy musaffo chashmalaridan suv ichmas ekanmiz, toki oilamizda chinakam munosabatlarga - rahm-shafqat, mehr-oqibat, hurmat-izzat, muhabbat-sadoqat kabi fazilatlarga qaytmas ekanmiz, bu ixtiloflar, janjal-mojarolar davom etaveradi, murosasizlik kuchayaveradi.

Xo‘sh, qaynona va kelin o‘rtasidagi azaliy mojarolarga, ixtiloflarga asosan nimalar sabab-bahona bo‘ladi? Ularni bartaraf etishning, yo‘l qo‘ymaslikning imkonlari, yo‘llari bormi? Keling, endi shular haqida bir gaplashib olaylik.

Qayd etilgan


Muslimа  26 Yanvar 2009, 11:33:00

MA’NAVIY QASOS

Aytaylik, xonadonga yangi kelin keldi. Uch kun o‘tmayoq u o‘zini xizmatga uradi. Qaynonaning ko‘nglini olish, qaynotaga yoqish, ikki o‘rtada erini xursand qilish uchun subhi sodiqdan yarim tungacha tinmaydi. Og‘zidan «labbay», «xo‘p bo‘ladi», «kechirasiz» tushmaydi. Qaynonasini «oyi-oyi»lab, yengidan kirib yoqasidan chiqadi, o‘tqazgani joy topolmaydi. Qaynsingillari, qayninilari haqida og‘zidan bol tomib gapiradi. Lekin o‘zini ming alfozga solmasin, aylanib-o‘rgulmasin, baribir qaynonasiga yoqmaydi. Uning mulozamatini, tili shirinligini ko‘rib qaynona bir o‘qrayadi: «Ilonning yog‘ini yalagan, ayyor-da!» Yelib-yugurishini ko‘rib yana xunobi oshadi: «Shapillamay o‘l, biram shoshilib urinadiki, xuddi yov quvganday». Xullas, o‘tirsa - o‘poq, tursa - so‘poq, yursayam - yomon, tursayam -yomon. Nima qilish kerak? Kelin bechoraning gunohi nima? Aslo tushunolmaydi. U yoqda er bechora hayron. U-bu desa, onaizorning dili og‘riydi. Demasa, bu yoqda aybsiz bir juvon nohaq zulm ko‘ryapti.

VOQEA. «Turmush o‘rtog‘im o‘z maishatlari bilan bandlar. Turib-turib jahlim chiqadi. Erkaklarga qanday yaxshi! Ular erkin qush, hech kim bilan hisoblashib o‘tirishmaydi. Haftada choyxonada osh. Tanish-bilishlarinikida to‘y bo‘lib qolsa, ikki-uch kunlab qolib ketaveradilar. Oyiga bir marta «gap» o‘ynashadi. Bundan tashqari tez-tez shahar chetiga chiqib, boshqa shaharlarga borib «havo almashtirib» keladilar. Oila-chi? Oila bilan mutlaqo ishlari yo‘q. Nima bor-u nima yo‘q, kimga nima kerak - xayollariga ham kelmaydi. Ro‘zg‘orga qaramaydilar. Men va bolalarim o‘zimizni o‘zimiz boqishga majburmiz. Bir-ikki bor qaynonamlarga hasratimni ochdim. Parvo ham qilmadilar. Qaytanga ahvolimizning tangligidan huzur qilganday ermakladilar: «Qo‘yavering, erkak kishi-da! Dadangiz ham yoshliklarida shunaqa edilar, uyga birorta cho‘p ko‘tarib kelmasdilar. Ro‘zg‘orning butun tashvishi xotin boshimda mening zimmamda edi. Ayol kishi hamma narsaga chidashi kerak. Bir kun aqli kirib quyulib qolar!» O’ttizdan o‘tgan kap-katta kishi qachon quyularkinlar? Kun ora mast-alast kelib o‘ringa tappa tashlaydilar, hatto bolalarni ko‘rishga, ular bilan gaplashishga ham toqatlari yo‘q. Masalaning nima ekanini tushunib ham ko‘rmay, qaynonamning «aniq ma’lumotlari» asosida kunda janjal ko‘taradilar, nohaq haqoratlaydilar. Ba’zida kaltaklaydilar. Tinchligim yo‘qolib hayotdan ham to‘yib ketdim».

Bu bir bechora kelinning gazetaga yozgan arzi-dodlari. Uning aybi nima? Erning, qaynonaning zulmiga «miq» demay chidaganimi? O’g‘lining xurmacha qiliqlaridan nega qaynona xijolat bo‘lmaydi, keliniga rahm-shafqat ko‘rsatib tasalli bermaydi? O’g‘lini tergash, yaxshi bo‘lishga undash o‘rniga xotinini xo‘rlashga loqayd tomoshabin bo‘lib turadi, ich-ichdan pinhona huzurlanadi.

Qayd etilgan


Muslimа  26 Yanvar 2009, 11:34:48

Bu holni oddiygina qilib «ma’naviy qasos», deb atash mumkin. Bu nimasi dersiz? Aftidan shunday qaynonalar yangi kelin bo‘lib tushganlarida yo zolim erlarining yoxud toshbag‘ir qaynonalarining jabr-sitamlarini xo‘p tortishgan. Xizmat va hurmat evaziga ulardan haqorat va nadomat ko‘rishgan. Alam va sitamlarni chorasizlikdan ichga yutishavergan. Yuraklari zardobga to‘lgan, dillari xun bo‘zlagan. Ammo biror kimsa ularning yonini olmagan, tasalli bermagan, ko‘ngil ko‘tarmagan. Mana endi uning o‘zi qaynona bo‘lib, yangi kelinga «hukmronlik» qilish imkoniyati tug‘ilganida ana shu alam va armonlar «isyon» ko‘targan, tashqariga yorib chiqqan.

Bunday qaynonalarning o‘g‘ilning o‘z xotiniga shirin muomalasini ko‘rib bir alami o‘n bo‘ladi: «Axir erimning qamchisidan qon tomardi, kelinligimda boshimga ne azoblarni solmagandi. Bu so‘tak bo‘lsa, xotinchasini yer-u ko‘kka ishonmaydi, boshidan suv o‘girib ichadi. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘libman, chuchvarani xom sanabsanlar!» Keyin kelinning shinam, qulay oshxonada xotirjam urinib yurganini ko‘rib yana alami ortadi: «Tappi tutatib, choydish qaynatib rosa qiynalganmiz. Suvni uch chaqirim naridan tashib kelardik. Bular bo‘lsa, tayyor krandan suv olishga erinadi, kir yuv, desang, qancha noz-u firoq. O’lib bo‘ldim bu dangasa kelinning dastidan».

Hasrat-nadomatlarning cheki yo‘q. Go‘yoki qaynonaning kelinlikda chekkan mashaqqatlari va azoblariga ana shu hali ona suti og‘zidan ketmagan kelini aybdorday. Bunday qaynonalar «Alloh taqdirimni shunday yaratgan, shukr qilayin, hozirgi yoshlarning baxti bor ekan, biz ko‘rmagan kunlarni ko‘ryapti», deb qismatiga rozi bo‘lmaydi, taqdiriga ko‘nmaydi. Vaholanki, Payg‘ambar alayhissalomdan «Ona qornidan sizga nima taqdir qilingan bo‘lsa, o‘sha bo‘ladi», degan hadis bor.

Qayd etilgan