Imom G'azzoliy. Qirq hadisi qudsiy  ( 41166 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:41:45

QACHONGACHA?..

«Ey Odam farzandi! Meni kimga shikoyat qilyapsan? Holbuki, shikoyat qilishing (uchun) Menga barobar zot yo‘q! Qachongacha Meni unutasan, holbuki buni sendan talab qilmadim?! Qachongacha Menga itoatsizlik qilasan, holbuki Men bandaga zulm qilguvchi emasman?! Qachongacha ne’matimni inkor qilasan? Qachongacha Kitobimni arzimas sanaysan, holbuki senga toqatingdan tashqari narsa yuklamadim?! Qachongacha Menga xunuk muomalada bo‘lasan, Meni inkor qilasan, holbuki Mendan o‘zga Parvardigoring yo‘q?!
Agar bemor bo‘lsangiz, Mendan boshqa qaysi tabib dardingizga shifo beradi?! Mendan norozi bo‘lib, qazoi qadarimdan nafratlandingiz. Samodan ustingizga sharros yomg‘ir yog‘dirgan Menman. Siz esa: «Mana bu yulduz tufayli bizga yomg‘ir yog‘di», deb Menga kufr, o‘sha yulduzga iymon keltirdingiz. Men sizlarga rahmatimni taqdirga muvofiq belgilab, o‘lchab, sanab, tortib, taqsimlab berguvchi Zotman. Agar sizlardan birortangizga uch kunlik rizqi kelsa ham, «Mening ahvolim yomon, yaxshi emas», deydi. Ne’matimga aniq noshukrlik qiladi. Kim molidan zakot berishga qarshi bo‘lsa, Kitobimni tahqirlabdi. Kimki namoz vaqtini bilaturib unga hozir bo‘lmasa, Mendan g‘ofil qolibdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:42:01

UMRING ZIYODA BO’LGAY

«Ey Odam farzandi! Sabr qilib, tavoze’li bo‘l, O’zim seni baland qilaman. Menga shukr qil, O’zim seni serob qilaman. Menga istig‘for ayt, O’zim gunohlaringni kechiraman. Agar Menga duo qilsang, ijobat etaman. Menga tavba qil, qabul etaman. Mendan so‘ra, ato qilaman. Sadaqa ulash, rizqingni barakali qilib qo‘yaman. Qarindoshlar bilan aloqani uzmagin, umringni ziyoda qilaman. Davomli sihat bilan Mendan ofiyatni talab qil. Tinchlik tanholikdadir. Ixlos rag‘batdadir. Tavbada Allohga taqvo bor. Boylik qanoatdadir.
Ey Odam farzandi! Qorning to‘q bo‘laturib, ibodatga qanday xohishing bo‘lishi mumkin?! Mol-dunyoga mehring bo‘laturib, qanaqasiga Allohning muhabbatini tama’ qili-shing mumkin?! Qashshoqlikdan qo‘rqib, yana qanday Allohning qo‘rqinchini orzu qilasan?! Dunyoga hirs bo‘laturib, qanaqasiga taqvoni tama’ qilasan?! Miskinlarsiz Allohning roziligiga qanday yetishing mumkin?! Baxillik bilan Allohning rizoligini qanday topishing mumkin?! Dunyoga muhabbat va maqtovu olqishlarlar bo‘laturib, qanaqasiga jannatni orzu qilishing mumkin?! Ozgina ilm bilan qanday qilib saodatni istashing mumkin?!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:42:14

ODOBDAN YUKSAK MUHABBAT YO’Q

«Ey insonlar! Tadbirdek hayot yo‘q. Aziyat yetka-zishdan tiyilishdek taqvo yo‘q. Odobdan yuksak muhabbat yo‘q. Tavbadek shafoat qiluvchi yo‘q. Ilmdek ibodat yo‘q. Allohdan qo‘rqishdek salotu salovot yo‘q. Sabr kabi g‘alaba, tavfiq kabi saodat yo‘q. Aqldan chiroyliroq ziynat, hilmdan mehribonroq hamroh yo‘q.
Ey Odam farzandi! Ibodatimga mashg‘ul bo‘l, qalbingni boylikdan to‘ldiraman, rizqingga baraka beraman, rohatni jismingga joylayman. Meni zikr qilishdan g‘ofil bo‘lma! G’aflatda qolsang, qalbingni qashshoqlikka, badaningni charchog‘u mashaqqatga, ko‘kragingni g‘amga to‘ldiraman. Agar umringdan qolganini ko‘rganingda bundan buyon orzu-havas qilmagan bo‘larding.
Ey Odam farzandi! Men ato etgan tinchligu salomatlik tufayli toatimga toqatli bo‘lding. Tavfig‘im tufayli farzlarimni ado qilding. Bergan rizqim bilan Menga itoatsizlik qilishga kuch topding. Xohishim tufayli xohlagan narsangni xohlading. Irodam tufayli nafsing neni istasa, istading. Ne’matim tufayli turding, o‘tirding, qaytding. Himoyatim bilan kunni bottirib, tongni ottirding. Fazlim bilan maishat kechirib, ne’matim bilan to‘kis yashading. Ofiyatim bilan bezanding. Keyin Meni unutib, o‘zgani zikr qilding. Nega haqqimni va shukrimni ado qilmayapsan?!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:42:26

QALB ALLOHNING NAZARGOHIDIR

«Ey Odam farzandi! O’lim sirlaringni ochadi. Qiyomat xabarlaringni sinaydi. Azob yopganlaringni fosh qiladi. Gunoh qilar ekansan, gunohning kichikligiga emas, kimga osiylik qilayotganingga qara! Ozgina rizqlanar ekansan, rizqingning ozligiga emas, kim berayotganiga nazar sol! Gunohi sag‘irani kichik sanama, chunki sen qaysi gunoh bilan Allohga osiylik qilayotganingni bilmaysan. Mening makrimdan omon qololmaysan. Chunki makrim qorong‘u kechada Safo tog‘idagi chumolining o‘rmalashidan ham maxfiyroqdir.
Ey Odam farzandi! G’azabimni eslab, yana Menga osiylik qildingmi? Qaytarganlarimdan qaytdingmi? Farzimni senga buyurganimdek ado qildingmi? Molingdan berib, miskinlarning ko‘nglini oldingmi? Senga yomonlik qilganga yaxshilik qildingmi? Senga zulm etganni kechirdingmi? Sendan uzilgan kishi bilan bog‘landingmi? Senga xiyonat etgan kishiga insof qildingmi? Sendan arazlagan kishiga gapirdingmi? Farzandingga tarbiya berdingmi? Qo‘shningni rozi qildingmi? Olimlardan dining va dunyoingga bog‘liq ishlar xususida so‘radingmi? Albatta, Men sizlarning na suratlaringizga, na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga nazar solaman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:42:54

BOLANING SOCHINI OQARTIRGAN KUN

«Ey Odam farzandi! O’zingga va jamiki maxluqotlarimga nazar sol. Agar o‘zingdan azizrog‘ini topsang, uning hurmatini qozon. Illo, o‘zingdan azizini topolmasang, nafsingni tavba va solih amal bilan e’zozla. Allohning senga ato etgan ne’matini va U Zotning sizlar bilan bog‘lagan ahd-miysoqini esla. Sizlar o‘shanda «Eshitdik va itoat etdik», degan edingiz. Qiyomat kuni, "Tag‘obun" kuni (ya’ni, bir-birlarini aldash - ziyon yetkazish Kuni. Chunki bu dunyoda mo‘‘minlarni aldab, ularga ziyon yetkazish harakatida yurgan kofirlar u Kunda do‘zaxga giriftor qilinishlari bilan o‘zlarining ziyon ko‘rib, aldanib qolganlarini bilishib, nadomat qilurlar), Al-Haqqa (aniq ro‘y beruvchi) kun, miqdori-uzunligi (dunyo hisobida) ellik ming yil bo‘lgan bir Kun, bu (Kun) ular so‘zlay olmaydigan va ular uchun uzr aytishlariga ham izn berilmaydigan Kun, balo va dahshatli qichqiriq kuni kelishidan oldin Allohdan qo‘rqinglar. U kunda dahshatli azobdan yuzlar tirishib, burishib qoladi. U kunda hech bir jon (boshqa) bir jonga biron narsa qilishga (ya’ni, biron foyda yetkazishga yoki undan biron ziyonni ketkazishga) ega bo‘lmas! U kunda barcha ish yolg‘iz Allohniki bo‘lur! U to‘xtovsiz davom etadigan kundir. U zilzila kuni, qalblarni qattiq qoquvchi "qoria" kunidir. U kunda tog‘lar titraydi. U kun ibratli jazolar boshlanadigan, kun tez botadigan, dahshatli qichqiriq va eng so‘ngga yetiladigan, bolalarning sochlarini oqartirib, chollarga aylantirib qo‘yadigan kundir. O’zlari eshitmagan (ya’ni, anglab, iymon keltirmagan) hollarida eshitdik, degan kimsalar kabi bo‘lmangiz!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:43:07

TIL OFATI

«Ey iymon keltirganlar! Allohni ko‘p zikr qilinglar, ertayu kech Unga tasbeh aytinglar. Ey Muso ibn Imron, ey bayon qiluvchi Zot! So‘zlarimni eshit! Men mukofot beruvchi podshohdirman. Men bilan sening o‘rtangda tarjimon yo‘q. Ribo yeyuvchi kishiga Rahmonning g‘azabi va do‘zaxning ziyoda azobi bo‘lsin.
Ey Odam farzandi! Agar qalbingda g‘ashlik, badaningda bemorlik, rizqingda mahrumlik, molingda kamchilik topsang, demak, bilginki, sen befoyda narsani (ko‘p)gapiribsan.
Ey Odam farzandi! Tilingni to‘g‘ri qilmaguningcha, dining to‘g‘ri bo‘lmaydi. Robbingdan hayo qilmaguningcha, tiling to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Ey Odam farzandi! Agar o‘z aybingni unutib, odamlarning aybiga nazar solsang, unda sen shaytonni rozi qilib, Rahmonning g‘azabini keltiribsan.
Ey Odam farzandi! Tiling sher (kabi)dir. Agar uni qo‘yib yuborsang, seni o‘ldiradi. Sening halokating tilingni qo‘yib yuborishingdadir».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:43:21

SHUNDAY KUN KELADI...

«Ey Odam farzandi! Albatta shayton sizlarga dushmandir. Siz uni dushman tuting. Bilinglar, u kunda to‘p-to‘p bo‘lib qayta tirilasizlar. Rahmon huzurida saf-saf bo‘lib tizilib turasizlar. (Nomai a’mol) kitobini harfma-harf o‘qiysizlar. Maxfiy va oshkora qilgan ishlaringiz haqida so‘ralasizlar. Biz taqvodor zotlarni otliq hollarida Rahmon huzuriga to‘playdigan, jinoyatchi kofirlarni esa jahannamga tushishlari uchun haydaydigan kunda sizlarga va’da va va’idlar bor. Men o‘xshashi yo‘q Allohdirman. Mening sultonligim kabi sultonlik yo‘qdir. Kim o‘z vaqtida Men uchun ro‘za tutsa, turli-tuman (ne’mat)lar bilan iftor qildiraman. Kim kechasini ibodatda bedor o‘tkazsa, e’tiborimdan biri unga bo‘ladi. Kim ko‘zini harom narsalardan yumsa, do‘zaximdan saqlayman. Men Parvardigorman, Meni taninglar. Men ne’mat beruvchiman, Menga shukr qilinglar. Men saqlovchiman, Mendan saqlashimni so‘ranglar. Men yordam beruvchiman, Mendan yordam so‘ranglar. Men gunohlarni kechiruvchiman, Mendan mag‘firat tilanglar. Men maqsad qilinadigan Zotman, Men sari yuringlar. Men ato qiluvchiman, Mendan so‘ranglar. Men Ma’budman, Menga ibodat qilinglar. Men har narsani bilguvchi Zotman, Mendan ogoh bo‘ling».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:43:32

ALLOH KIBRLILARNI SUYMAS

«Ey Odam farzandi! Alloh guvohlik beradiki, Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir. Farishtalar, ilm egalari adolatda barqarordir. Hakimu Aziz Zotdan o‘zga iloh yo‘q. Albatta Alloh nazdidagi (maqbul) din Islom (dini)dir. Kimki Islomdan boshqa dinni xohlasa, (bu «dini») undan hech qachon qabul etilmaydi. Oxiratda u kimsa ziyon ko‘rguvchilardan bo‘ladi. Alloh barcha narsalarning eng yaxshisi jannatda ekanining xabarini berdi. Kim Allohni xolis holatda tanisa, keyin U Zotta itoat etsa, najot topdi. Kim shaytonni tanib, unga itoat etmasa, salomat bo‘ldi. Kim haqni tanib, unga ergashsa, (xavf-xatarlardan) omon qoldi. Kim botilni tanib, undan saqlansa, g‘olib bo‘ldi. Kim shaytonni va dunyoni tanib, ularni tark etsa, saodatga erishdi. Kim oxiratni tanib, keyin uni talab qilsa, hidoyat topdi. Albatta Alloh O’zi xohlagan kishini hidoyat qiladi va yolg‘iz Unga qaytarilajaksiz.
Ey Odam farzandi! Modomiki, Alloh taolo senga rizqingning kafolatini bergan ekan, nega bu yo‘lda uzundan-uzoq tashvish chekasan?! O’rnini qoplash Allohdan ekan, baxillik nega kerak?! Iblis Alloh taoloning dushmani ekan, g‘aflat nechun? Jahannamda azob bor ekan, rohat nechun?! Allohning savobi jannat ekan, gunoh qilish nechun?! Barcha narsa Mening qazoi qadarim bilan bo‘lar ekan, sabrsizlik nechun?!
Boy berganlaringizga g‘am chekmasligingiz uchun qo‘lingizga kirganlariga ham suyunib ketmang. Alloh barcha kibr-havoli, maqtanchoq kimsalarni suymas».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:43:43

UZUN YO’LNING OZIG’I

«Ey Odam farzandi! Yo‘l ozig‘ini ko‘proq g‘amla, chunki yo‘l olis. Alloh uchun qoyim bo‘lishni kanda qilma, negaki dengiz chuqur. Amallarni tatbiq qilinglar, chunki sirot ko‘prigi nozik. Ishing xolis bo‘lsin, chunki tekshiruvchi ziyrak. Istaklaring jannatda, rohating oxiratdir. (Chunki u payt) Huzuringda ohu ko‘z hurlar (bo‘ladi). Men uchun (hozir) ekansan, Men ham sen uchun (hozir) man. Dunyoni xor tutib, Menga yaqinlash. Yaxshilarga muhabbatli bo‘l. Chunki Alloh muhsinlarning mukofotini zoe qilmaydi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:44:08

O’ZINGIZGA RAHMINGIZ KELSIN

«Ey odam farzandi! Quyoshning haroratiga toqat etolmayapsanu, yana qanday gunoh qilayapsan?! Jahannam yetti qavatdir. Ularda bir-birini yeyayotgan olovlar bor. Har qavatda olovdan bo‘lgan yetmish ming dara bor. Har darada yetmish ming hovli bor. Har hovlida yetmish ming uy bor. Har uyda yetmish ming quduq bor. Har quduqda olovdan bo‘lgan yetmish ming sandiq bor. Har sandiqda olovdan bo‘lgan yetmish ming chayon bor. Har sandiqda yetmish ming zaqqum daraxti bor. Har daraxt ostida yetmish ming qo‘mondon bor. Har qo‘mondonning yonida olovdan bo‘lgan yetmish ming farishta va olovdan bo‘lgan yetmish ming ilon bor. Har ilonning uzunligi yetmish ming ziro’dir (61.6 sm). Har ilonning qornida qora zahar dengizi bor. Har chayonning mingta dumi bor. Har dumining uzunligi yetmish ming ziro’dir. Chayonning har dumida yetmish ming ratl (0,5 l) qizil zahar bor.
O’zimga qasam, "Tur (tog‘iga), ochiq sahifaga bitilgan Kitobga (Qur’onga), Baytul-Ma’murga (obod uyga), (baland) ko‘tarilgan tomga (osmonga) va to‘lib-toshgan dengizga qasamki, Parvardigoringizning azobi shak-shubhasiz, voqe bo‘lguvchidir" (Vat-Tur, 1-7).
Ey Odam farzandi! Jahannam olovini har bir kofir uchun, chaqimchi uchun, ota-onasiga oq bo‘lgan kishi uchun, riyokor uchun, molidan zakot bermaydigan kimsa uchun, zinokor uchun, sudxo‘r va aroqxo‘r uchun, yetimga zulm qiluvchi uchun, xoinga xizmat qiluvchi uchun, o‘likka bo‘kirib yig‘lovchi uchun va qo‘shnilarga ozor beruvchi har kimsa uchun, faqat shular uchun yaratdim. "Magar kim tavba qilsa va iymon keltirib, yaxshi amallar qilsa, bas, Alloh ana o‘shalarning yomonlik gunohlarini yaxshilik-savoblarga aylantirib qo‘yur. Alloh Mag‘firatli, Mehribon bo‘lgan Zotdir" (Furqon, 70).
O’zingizga rahmingiz kelsin, ey bandalarim! Chunki, badanlar zaif, safar uzoq, yuk og‘ir, ko‘prik nozik, kuzatuvchi o‘tkir, hakam butun olamlar Parvardigoridir".

Qayd etilgan