Imom G'azzoliy. Qirq hadisi qudsiy  ( 32104 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:44:56

RAHMONNING HADYASI

«Ey insonlar! Dunyo foniy va yo‘q bo‘lishini hamda hayot uziluvchi ekanini bilib turib nima uchun dunyoga rag‘bat qilasizlar? Albatta itoatkor kishilar uchun jannat bo‘lib, uning sakkizta eshigidan kiradilar. Har bir jannatning yetmish ming bog‘i bor. Har bir bog‘ning yoqutdan yetmish ming qasri bor. Har bir qasrning zumrad toshdan yetmish ming hovlisi bor. Har bir hovlining qizil tilladan yetmish ming uyi bor. Har bir uyning oq kumushdan yetmish ming ayvoni bor. Har ayvonda yetmish ming oq dasturxon bor. Har bir dasturxonda yetmish ming gavhardan tovoqlar bor. Har bir tovoqda yetmish ming alvon
taomlar bor. Har bir ayvonda yetmish ming qizil oltindan so‘ri bor. Har bir so‘rida yetmish mingta ipak, kimxob, duxobalardan to‘shaklar bor. Har bir so‘ri atrofida hayot suvi, sut, asal, sharoblardan yetmish mingi bor. Har bir anhor o‘rtasida mevalarning yetmish ming turi bor. Har bir uyda to‘q qizil rangda yetmish ming chodir bor. Har bir to‘shakda hurlar bo‘lib, ular oldida yetmish ming xizmatkor qizlar bor. Ular go‘yoki yashirib qo‘yilgan oq narsaga o‘xshaydi. Har bir qasrning boshida yetmish ming qubba bor. Har bir qubbada Rahmon tomonidan ato etilgan yetti ming hadya bor. Bu ne’matlarni biror ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan va inson qalbi his etmagan».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:45:13

DUO SENDAN, IJOBAT MENDAN

«Ey Odam farzandi! Mol-dunyo Mening molimdir. Sen esa Mening qulimsan. Molimdan senga hech nima qolgani yo‘q. Illo, yeb yo‘q qilding yoki kiyib to‘zdirding yoxud sadaqa qildingu, saqlab qolding.
Menga va senga (atalgani) uch qismdir: bir qismi Men uchun, yana bir qismi o‘zing uchun, qolgan bir qismi Men bilan sening o‘rtangdadir. Joning meniki, amaling o‘zingniki, duo sendan, ijobat Mendandir.
Ey Odam farzandi! Taqvo qil va qanoatli bo‘l, Meni ko‘rasan. Ibodat qil, Menga qaytasan. Izla, Meni topasan.
Ey Odam farzandi! Agar sen fisqu-fujurlari tufayli jahannamga kiruvchi amirlarga o‘xshasang, gunohga botgan (johil) arablarga, hasadgo‘y olimlarga, xiyonatkor savdogarlarga o‘xshasang, zulmkor johillarga, riyokor hunarmandu obidlarga, takabbur boylarga, yolg‘onchi kambag‘allarga o‘xshasang, bas, u holda jannatni kim talab qiladi?»

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:45:27

ILM AMAL BILAN GO’ZAL

«Ey mo‘minlar! Allohdan haq-rost ko‘rqish bilan qo‘rqinglar va faqat musulmon bo‘lgan hollaringizda dunyodan o‘tinglar»
(Oli-Imron, 102).
Ey Odam farzandi! Amalsiz ilmning misoli xuddi yomg‘irsiz chaqmoq va momaqaldiroqqa o‘xshaydi. Amalsiz olim xuddi ipsiz kamonga o‘xshaydi. Zakotsiz mol xuddi qoyaga tuz ekkan kishiga o‘xshaydi. Ahmoq huzurida qilingan mav’iza xuddi hayvon yonidagi duru gavharga o‘xshaydi. Ilmi bo‘laturib, qalbi qattiq bo‘lgan kishi xuddi toshloq yerga o‘xshaydi. Rag‘bat qilmaydigan kishiga qilingan nasihat qabrlar oldida nay chalishga o‘xshaydi. Haromdan qilingan sadaqa xuddi kiyimidagi iflosliklarni siydigi bilan yuvgan kishiga o‘xshaydi. Poklanmasdan o‘qilgan namoz xuddi jonsiz tanaga o‘xshaydi. Tavbasiz olim xuddi poydevorsiz binoga o‘xshaydi. Ular Allohning azobidan omon qolamiz, deya xotirjam bo‘lishyaptimi? Bas, Allohning azobidan faqat ziyon ko‘rguvchi qavmgina xotirjam bo‘ladi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:45:40

IKKI DUNYO SAODATI

«Ey Odam farzandi! Menga bo‘lgan qalbingdagi muhabbat sening dunyoga bo‘lgan mayling miqdoridadir. Albatta Men O’zimga bo‘lgan muhabbat bilan dunyo muhabbatini hech qachon bir qalbda jamlamayman.
Ey Odam farzandi! Taqvo qil, Meni taniysan. Och yur, Meni ko‘rasan. Ibodatimga beril, Menga yetasan. Amalingni riyodan xalos et, muhabbatim senga libos bo‘lajak. Zik-rimga vaqt ajrat, farishtalar huzurida seni eslayman.
Ey Odam farzandi! Qalbingda Allohdan o‘zgasi bo‘laturib, Allohdan o‘zgasidan umid qilaturib, Allohdan o‘zgasidan qo‘rqaturib, yana qachongacha (dilda emas, faqat tilda) «Alloh oliy», deysan?! Agar haqni taniganingda Allohdan o‘zgasi seni mashg‘ul qilolmas, Allohdan o‘zgasidan qo‘rqmas, Allohning zikridan tilingni to‘xtatmas eding. Tavba qilgan holda gunohda davom etish yolg‘onchilarning tavbasidir.
Ey Odam farzandi! Agar qashshoqlikdan qo‘rqqaning kabi do‘zaxdan qo‘rqqaningda edi, kutilmagan joydan (rizq berib), seni boy qilib qo‘ygan bo‘lardim.
Ey Odam farzandi! Agar dunyoga qiziqqaningdek jannatga rag‘bat qilganingda edi, ikkala diyorda (dunyo va oxiratda) ham seni saodatmand etar edim. Bir-birlaringizni eslagandek, zikr qilgandek Meni ham zikr qilganlaringizda edi, farishtalar ertayu kech sizlarga salom yo‘llagan bo‘lardi. Agar dunyoni yaxshi ko‘rganingizdek ibodatimga muhabbat qo‘yganingizda edi, sizlarni ham payg‘ambarlarga ko‘rsatilgan hurmat bilan hurmatlagan bo‘lardim. Bas, qalbingizni dunyo muhabbati bilan to‘ldirmang, chunki dunyoning zavoli yaqindir».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:45:59

JANNATGA MUSHTOQ - YAXSHILIKLARGA SHOSHADI

«Gunohdan tiyilish uchun ozgina sabr qilishing jahannamning ko‘p azobiga sabr qilishingdan yengilroqdir. "Darhaqiqat, jahannam azobi ketmas, mangu(azob)dir" (Furqon, 65). Toatta ozgina sabr qilishing senga doimiy ne’matdan iborat tuganmas rohatni olib keladi.
Ey Odam farzandi! Sening rizqingni o‘zgaga yedirishdan avval seni kafolatlab qo‘yganimga aniq ishonch hosil qilishing lozim. Sendan kechishimdan oldin dunyodan kech! Hisob kuni savoblaring yo‘qolishidan oldin shubhalardan xalos bo‘l. Qalbingni oxirat zikri bilan obod qil, chunki sening qabrdan boshqa maskaning yo‘q.
Ey Odam farzandi! Jannatga mushtoq kishi yaxshiliklarga shoshadi, do‘zaxdan qo‘rqqan kishi yomonliqdan tiyiladi. Kimki nafsini shahvatlar (dunyo istaklari)dan qaytarsa, oliy darajalarga erishadi.
Ey Muso ibn Imron! Tahoratsiz paytingda senga bir musibat yetgan ekan, nafsingdan o‘zgasini malomat qilma. Ey Muso! Yaxshiliklardan mahrumlik eng dahshatli o‘limdir. Ey Muso! Kim maslahatlashmasa, pushaymon bo‘ladi. Kim istixora qilsa (ya’ni, xayr tilagida bo‘lsa), nadomat chekmaydi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:47:18

QASHSHOQLIKDAN QO’RQMA

«Kim bir amali bilan odamlar orasida ovoza bo‘lishni xohlasa, u bamisoli orqasiga suv ortib, toqqa ko‘tarilayotgan kimsaga o‘xshaydi. Unga charchoq va mashaqqat yetadi, amalidan birortasi qabul qilinmaydi...
Ey Odam farzandi! Bilginki, faqat Men uchun xolis bajarilgan amalni qabul etaman. Amalni xolis bajaruvchilar naqadar baxtiyor!
Ey odam farzandi! Agar qashshoqlik sen tomon kelayotganini ko‘rsang: "Marhabo solihlar tantanasi!" - degin.
Ey Odam farzandi! Agar boylik sen tomon kelayotganini ko‘rsang, «Marhabo, jazosi tezlatilgan gunohlar!» degin. Agar mehmonni bog‘liq holda ko‘rsang (ya’ni, uyingga mehmon kelishi uzilsa, "a’uzu billahi minash-shaytonir rojim" - degin).
Ey Odam farzandi! Mol-dunyo Meniki, sen esa qulimsan, mehmon Mening elchim. Ne’matimni sendan tortib olishimdan qo‘rqmaysanmi? Rizq Mening rizqim, shukr qilish sendan, foydasi ham o‘zingga qaytguvchidir. Senga bergan ne’matlarim uchun Menga hamd aytmaysanmi?
Ey Odam farzandi! Zimmangda uchta majburiyat bor: molingdan zakot berish, qarindoshlar bilan aloqani uzmaslik, oilang va mehmonlaringga taalluqli ishlar. Agar buyurganimni qilmasang, (sharmandali jazolash bilan) seni butun olamlarga ibrat qilaman.
Ey Odam farzandi! Agar qo‘shningning haqqiga oilang haqqini ado qilgandek rioya qilmasang, senga nazar solmayman, amalingni qabul qilmayman, duongni ijobat etmayman.
Ey Odam farzandi! O’zingga o‘xshagan maxluqlarga suyanma. (Suyansang), ularga topshirib qo‘yaman. Maxluqotlarimga takabburlik qilma, chunki kelib chiqishing nutfadandir. Men seni siydik yo‘lidan, erkak kishining beli bilan ayolning ko‘krak qafasi o‘rtasidan otilib chiquvchi bir suvdan yaratganman. Sen uchun harom qilgan narsalarimga qarama. Chunki (qabrda) birinchi qurt yeydigan a’zoing ikki ko‘zingdir. Bilginki, sen nazar solganingga ham, muhabbatingga ham hisob-kitob qilinasan. Ertaga oldimda turadigan maqomingni esla. Albatta Men ko‘z ochib-yumguncha ham qalbingdan g‘ofil emasman. Albatta Men qalblarni bilguvchi Zotman».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:47:32

OXIRAT BOQIYDIR

«Ey Odam farzandi! Menga xizmat qil, chunki Menga xizmat qilgan kishini yaxshi ko‘raman va bandalarimni ham unga xizmat qildiraman. Albatta sen umringning o‘tgan qismida Menga qancha osiylik qilganingni bilmaysan va qolgan qismida ham qancha osiylik qilishingni bilmaysan. Meni eslashni unutma. Albatta Men O’zi istagan ishni qilguvchi Zotman. Menga ibodat qil, chunki sen xor bir qulsan, Men esa ulug‘ Parvardigorman. Agar Odam farzandi bo‘lgan birodarlaring-u suyukli do‘stlaring gunohlaring hidini sezishganida, gunohlaring bildirgan narsadan xabar topishganida albatta ular sen bilan birga o‘tirmas, senga yaqinlashmas edilar. Bu gunohlar har kuni ko‘payib boraversa, qanday bo‘ladi?! Umring esa tug‘ilganingdan buyon qisqarmoqda.
Ey Odam farzandi! Kemasi parchalanib, yog‘och taxta ustida qolgan, dengiz to‘lqinlari o‘rab olgan kishining musibati ham senikidan katta emas. Gunohkor ekaningni aniq bil, amaling (qabul bo‘lmay qolishi)dan xavfda bo‘l!
Ey Odam farzandi! Men senga ofiyat nazari bilan boqaman. Gunohlaringni yopaman. Men sendan behojatman. Sen esa Menga hojating bo‘lishiga qaramasdan, gunohlaring bilan Menga yuzlanyapsan.
Ey Odam farzandi! Qachongacha aldaysan?! Dunyoni tuzatish payidasan, holbuki u o‘tkinchi. Oxiratni xarob qilyapsan, holbuki u boqiy.
Ey Odam farzandi! Agar osmonlaru yer sen uchun mag‘firat tilasa, gunohlaringga yig‘lamog‘ing lozim bo‘ladi. Chunki hali Menga qay ahvolda yo‘liqishingni bilmaysan.
Ey Muso ibn Imron! Aytmoqchi bo‘lganlarimni eshit, haqni aytaman: bandalarimdan birortasi mo‘min bo‘lolmaydi, toki odamlar uning yomonligidan, zulmidan, makridan, chaqimchiligidan, zo‘ravonligidan va hasadidan omon bo‘lmagunicha (ya’ni, odamlarga mazkur yomonliklarni qilmagan kishigina haqiqiy mo‘min bo‘ladi).
Ey Muso! Ayting: «Haq Parvardigoringiz tomonidandir. Kim xohlasa, iymon keltirsin, kim xohlasa, kofir bo‘lsin».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:47:44

AMALINGNI RIYODAN XALOS ET

«Ey Odam farzandi! Sen ikki ne’mat orasida tong ottirding. Ulardan qay biri senga zararliroq ekanini bilmaysan: odamlardan bekitilgan gunohlaringmi yoki sen haqli bo‘lmagan holda eshitgan maqtovlaringmi? Agar odamlar sen haqingda Mening bilganlarimni bilganlarida senga salom ham berishmas edi. O’sha berganlarimdan ham ulug‘rog‘i ofiyat, odamlarning hojati senga tushib turganida sening odamlardan behojat bo‘lishing, ularning ozoridan himoya qilinishingdir. Menga hamd ayt, ne’matimning qadriga yet, amalingni riyodan xalos et. Doimo safar xavfida bo‘lgan musofir kabi yo‘l ozig‘ini g‘amla. Xayr amalingni Arshim ostiga joyla.
Ey Odam farzandi! Tosh qalblaringiz amallaringizni ko‘rib yig‘laydi, amallaringiz jussangizni ko‘rib yig‘laydi, jussalaringiz tillaringizni ko‘rib yig‘laydi, tillaringiz ko‘zlaringizni ko‘rib yig‘laydi.
Ey Odam farzandi! Xazinalarim hech qachon tugamaydi. Infoq qilganing miqdorida senga infoq qilaman, baxillik qilganing miqdorida senga baxillik qilaman.
Sen bergan rizqimni miskinlardan qizg‘anishing yomon gumon, qashshoqlikdan qo‘rqish va Menga ishonchsizliging tufaylidir. Chunki Men asl xilqatingni rizqqa e’tibor beradigan qilib yaratdim. Bas, qachonki sen rizqqa intilsang-u, Men seni rizqlantirsam, infoq qil, qo‘lingdagi rizq Meniki, bas, bandalarimga baxillik qilma. (Infoq qilgan narsaning) o‘rniga (undan ham yaxshirog‘ini) berishga kafilman, ajrini va’da etdim. Yana nega Kitobimga shak keltirasan?! Va’damni rost deb bilmading. Kim payg‘ambarlarimni tasdiqlamasa, Parvardigorligimni inkor etibdi. Kim Parvardigorligimni inkor etsa, uni yuzi bilan do‘zaxga qulataman».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:47:55

VALIYLAR ALLOHNING DO’STLARIDIR

«Ey Odam farzandi! Men Allohdirman, Mendan boshqa iloh yo‘q. Menga ibodat qiling, Menga shukr qiling, kufr keltirmang.
Ey Odam farzandi! Kim valiylarim - do‘stlarimga dushmanlik qilsa, Men bilan urishishga bel bog‘labdi. Mendan boshqa yordamchisi bo‘lmagan kimsaga zulm qilgan kishi uchun g‘azabim qattiqdir. Kim taqsimlab qo‘ygan nasibamga rozi bo‘lsa, rizqiga baraka berib, xohlamasa ham, dunyoni u kishining oyog‘i ostiga keltirib qo‘yaman».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Yanvar 2009, 08:48:15

SO’NGGI PUSHAYMON - O’ZINGGA DUSHMAN

«Ey Odam farzandi! Qo‘lingni ko‘kraging ustiga qo‘y. Nimaniki o‘zing uchun yaxshi ko‘rsang, o‘zingdan boshqasi uchun ham uni yaxshi ko‘r.
Ey Odam farzandi! Taning zaif, tiling yengil, qalbing esa zolimdir.
Ey Odam farzandi! Oxirgi chegara o‘lim, o‘lim kelishidan oldin amal qilib qol.
Ey Odam farzandi! To rizqini ham yaratmaguncha, birorta a’zongni yaratmadim.
Ey Odam farzandi! Agar seni soqov qilib yaratganimda til uchun, ko‘r qilib yaratganimda ko‘z uchun, kar qilib yaratganimda quloq uchun hasrat chekkan bo‘larding. Bas, bergan ne’matimning qadriga yet, Menga shukr qil, kufr keltirma, chunki Menga qaytajaksan.
Ey Odam farzandi! Senga taqsimlab qo‘ygan narsam talabida o‘zingni qiynama. Senga taqsimlagan har bir narsam to tugagunicha, o‘zi seni talab qilib boradi.
Ey Odam farzandi! Meni o‘rtaga qo‘yib yolg‘on qasam ichma. Kim Mening nomim bilan yolg‘on qasam ichsa, do‘zaxga kiritaman.
Ey Odam farzandi! Bergan rizqimni yeganingdan so‘ng toatimga kirish.
Ey Odam farzandi! Mendan ertaning rizqini so‘rama, chunki Men ham sendan ertaga qiladigan amalingni (bugun) talab qilayotganim yo‘q-ku!
Ey Odam farzandi! Men sening ozgina amalingga roziman. Sen esa bergan ko‘p rizqimga ham rozi emassan.
Ey Odam farzandi! Agar dunyoni bandalarimdan birortasiga qoldirganimda albatta uni payg‘ambarlarimga qoldirgan bo‘lardim, ular (shu dunyo orqali) bandalarimni toatimga va buyruqlarimni bajarishga chaqirgan bo‘lardilar.
Ey Odam farzandi! Ulim senga tushishidan oldin o‘zing uchun amal qil. Xato(lar) seni aldab qo‘ymasin.
Chunki (hali) xatolar izidan yurish bor. Hayot va uzun orzu-havaslar seni tavbadan chalg‘itmasin. Negaki, tavbani kechiktirganing uchun pushaymon foyda bermaydigan kunda pushaymonlar ichra qolasan.
Ey Odam farzandi! Senga rizq etib bergan moldan Mening haqqimni chiqarmasang va kambag‘allarni u moldagi haqlarini olishdan to‘ssang, ustishta shunday bir zolim hukmron qilinadiki, u sendan molni tortib oladi, Men ham mol tufayli keladigan savobdan seni mahrum qilaman.
Ey Odam farzandi! Agar dunyo sen tomon yuz tutsa, o‘limni esla, agar gunohni qasd qilsang, tavbani esla, mol-dunyo qo‘lga kiritsang, hisob-kitobni esla, taomga o‘tirsang, ochlarni esla, nafsing zaifni (jazolashga) undasa, Allohning sening ustingdagi qudratini esla. Agar Alloh xohlasa, qudratini ustingda hukmron qilib qo‘yadi. Agar ustingga bir balo tushsa, «La havla vala quvvata illa billahil aliyyil ‘aziym»ni aytish bilan yordam so‘ra. Agar kasal bo‘lsang, nafsingni sadaqa bilan muolaja qil. Agar senga biror musibat yetsa, «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un», "Albatta biz Allohning (bandalarimiz) va albatta biz u Zotga qaytguvchilarmiz" (Baqara, 156) degin».

Qayd etilgan