Jahon tarixida rus imperiyasi nisbatan ancha yosh imperiya hisoblanadi. Podsho Petr Birinchi 1721 yilda Rossiyani imperiya deb e'lon qilgan bo‘lsa, 1917 yilgi oktyabr to‘ntarishini amalga oshirishi bilan V. I. Lenin bu saltanatning vorisi, yanada dahshatliroq davomchisi bo‘lgan qizil imperiyaga asos soldi. Holbuki, paydo bo‘lgan kunidan boshlab (hatto hali g‘oya darajasida bo‘lganida ham) butun dunyoda to‘ntarish yasab, tanho hukmron bo‘lish niyati bilan insoniyatga dag‘dag‘a qilib kelgan o‘sha «qizil imperiya» egallab turgan behad katta hududda qadimda ko‘plab imperiyalar hukmronlik qilib yoki ta'sir o‘tkazib kelganlar: Rum, Yunon, Germaniya, Vizantiya imperiyalari, Polsha, Litva, Shved qirolliklari, qator Osiyo, ya'ni Fors, Xitoy, Turk imperiyalari shular jumlasidandir. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, turkiy xalqlarning ota-bobolari o‘tmishda o‘n olti buyuk imperiya ko‘rganlar: Buyuk Xun, Boti Xun, Ovrupo Xun (eramizning IV asrida Atoma Ovrupoda barpo etgan turkiy davlat), Ko‘kturk, Avar, Hazor, Uyg‘ur, Qoraxoniylar, G'aznaviylar, Buyuk Saljuqiylar, Xorazmiylar, Oltin O'rda, Buyuk Temur, Bobur, Usmoniylar imperiyalari. Bu o‘rinda rus xalqi uch yuz yilga yaqin davr mobaynida mo‘g‘ul-tatar xonliklari qaramligida bo‘lganligini ham unutmaslik kerak.
O'rta Osiyo va Qozog‘istonga yurish davrida Farg‘ona general-gubernatori:
«Bir ming sart bir rus askari etigining poshnasiga arzimaydi». - deb yozgan bo‘lsa, ularning boshqa biri-Turkiston general-gubernatori Fon Kaufman:
«Amir (Buxoro amri) isyonkorlaridan (1868 y.) birortasi ham asir olinmasin. Qo‘lga tushganlarning hammasi, hattoki yaradorlar ham otib tashlansin»,-deb farmon bergan edi.
Harbiy tarixchilar A. Terentev, M. Ivanin, 3. Kastelskaya Qozog‘istondagi shahar, qishloqlarni, O'rta Osiyoning madaniy markazi bo‘lmish Toshkent shahrini vayron etib, ming-minglab begunoh oddiy odamlar qonini daryo qilib oqizgan generallar Chernyaev, Skobelev, Ionov, Kuropatkin, Ivanovlarni qattiq qoralashgan.
«Chernyaev ashaddiy shovinist edi. Uning nazarida, Qo‘qon xonligida yashagan o‘zbeklar, qirg‘izlar, qipchoqlar va boshqa xalqlar faqat to‘n (chopon) kiyganliklari uchungina qirib tashlashga loyiq»,- deb yozgan edi tarixchi zobit Kastelskaya.
«Skobelev Ivanovni zug‘umga olgach,- deb yozadi B. Nalivkin,-
u qo‘l ostidagi askarlarini hujumga boshlab, emizikli bolalargacha chopib tashladi»...davomi...