Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov  ( 178214 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 43 B


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:40:57

To‘g‘ri, mening maslahatim Sulaymon payg‘ambarning nasihatlariga o‘xshamasdi. Biroq, o‘sha paytda boshqa yo‘l topolmadim.

Chike, 1969 yili Moskvada bo‘lib o‘tgan yosh yozuvchilarning uchinchi Butunittifoq kengashi esingizdami? Biz yoshlar uchun u paytlar Sizdek mashhur ustoz bilan hamsuhbat bo‘lish juda katta gap edi. Men Siz bilan shaxsan tanish emasdim. Lekin, Siz qirg‘iz bo‘lganingiz uchun xuddi og‘am kabi o‘zimga yaqin olib, yoningizga borib gaplashmoqchi bo‘ldim. Yosh yukagir yozuvchisi Semyon Kurilovni Sizga tanishtirdim. SSSR Yozuvchilari uyushmasining raisi Konstantin Fedin o‘z nutqida S. Kurilovning «Xanido va Xalerxa» romanini ham tilga olib o‘tgan edi. Kengashning boshqa qatnashchilari ham Kurilov ijodini yuksak baholaydilar. Keyinchalik, «Jalin» nashriyotining direktori Kaldarbek Naymanboevning ko‘magida o‘sha roman qozoq tilida nashr etildi. Uni taniqli jurnalist Minboy Ilyosov tarjima qilgan. Afsuski, ochiq ko‘ngil, iqtidorli Semyon juda erta vafot etib ketdi...

Kurilovning romani yukagir elatining o‘ziga xos solnomasi edi. O’sha yillari yukagirlar, yanglishmasam, bor-yo‘g‘i 608 nafar edi, xolos. Nafsilambirini aytganda,   yukagirlar  ham  va  boshqa  kam  sonli  Shimol xalqlari ham o‘z xotinlarini mehmonga qo‘shib qo‘yishar ekan. Urf-odat shunaqa ekan...

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:41:58

Aytmatov. Shunaqa gapni eshitganman. Albatta, bunday gaplar kishini dovdiratib qo‘yadi. Yovvoyilikka o‘xshaydi.

Shoxonov. Bizga yovvoyiliqday ko‘rinadi. Lekin, tundra va tayga uchun bu ko‘ngilochar ermak emas, buzuqchilik ham emas. Barmoq bilan sanarli miqdorda vakili qolgan kichik elat, ehtimol, xuddi shu yo‘sinda qonini yangilamoqchi bo‘ladi, yashamoqchi bo‘ladi. Sir emas, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh natijasida mayib-majruh farzandlar bino bo‘ladi va oxir-oqibatda xalq qirilib bitadi. Ota-bobolarimizning tajribalari natijasida qaror topgan «etti ota» udumi bizning ongimizga buzib bo‘lmaydigan odob-axloq sifatida singib ketgan.

Yana bir misolni ko‘raylik: agar kelinchak ro‘parasidan kelayotgan qariyani ko‘rib qolsa, aslo yo‘lni kesib o‘tmaydi, balki to qariya o‘tib ketguncha egilib ta’zim qilib turadi. Qolaversa, kelinchak kuyovining qarindosh-urug‘larini ismini aytib chaqirmaydi. Ichki madaniyat, nazokat shunday bo‘lmaydimi?!

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:42:56

Aytmatov. Ayni paytda hazil-mutoyiba ham chetlab o‘tilmaydi. Bizning ovulimizda kuyovning og‘a-inilari uchun hech kutilmagan nomlarni o‘ylab topardilar. Ba’zan mashg‘ulotiga qarab nom qo‘yardilar. Masalan, tegirmonchini «Tegirmontosh og‘a» deyishardi; naynov yigitni esa «Tunduk bosh» — «boshi minoraga yetadigan yigit» deyishardi. Bizning Shakarda nimjongina, paxmoq soch kishi bo‘lardi. Kelinchaklar uni ko‘rib qolsalar: «Qarg‘a kelyapti», deyishardi pichirlashib. Ovulda har kim o‘z maqomiga yarasha nom qozongan edi.

Shoxonov. Shu munosabat bilan xalq orasida bitta rivoyat yuradi. Daryoning narigi qirg‘og‘ida, qamishzorda bitta bo‘ri qo‘zichoqqa tashlanib qoladi. Shu payt kelinchak ko‘za ko‘tarib suv olgani kelib, bo‘rini hurkitib yuboradi. Chalajon holatda tipirchilab yotgan qo‘zichoqqa ko‘zi tushgan kelinchak yonidan pichoq chiqarib, uni qayroqtoshda qayrab qo‘zichoqning kekirdagini uzib tashlaydi va jon talvasasidan qutqaradi. Uyga qaytgan kelinchak daryo yoqasida ro‘y bergan voqeani gapirib bermoqchi bo‘ladi-yu, birdan qaynog‘alarining nomlari esiga tushib qoladi: O’zanboy, Qamishboy, Qo‘ychiboy, Qashqirboy, Kezdikboy (kezdik — pichoq), Qayroqboy. Ularning nomini tilga olsa, odobsizlik qilgan bo‘ladi. Nima qilmoq kerak? Kelinchak o‘ylab-o‘ylab shunday deydi: «Jildiroqning yoqasida, shovulloqning orasida uvlovuq ba’rovuqqa tashlanib qoldi. Men yonimdan kesadiganimni chiqarib, uni o‘tkirlagichga ishqalab, so‘ng kekirdagini uzib tashladim».

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:43:52

Hammasi «sahro akademiyasi»dan boshlangan. Qadimiy ko‘chmanchilar madaniyati unda mujassamlashgan edi. Misol uchun, kimdir uy qurmoqchi bo‘lsa, atrofda yashaydigan kishilar odat bo‘yicha «hashar»ga kelardilar. Ziyofat ham, ma’raka ham ovul aholisi uchun ko‘pga kelgan to‘y hisoblanadi. Bunday paytda kishi o‘zini chetga tortsa, uyat bo‘ladi.

Ishoq ismli tog‘am bo‘lardi. Beozor kishi edi, hech kimga ziyoni tegmasdi. Agar u ot minib ketayotgan bo‘lsa-yu, yo‘lda tosh yotganini ko‘rib qolsa, darhol otdan tushib toshni bir chekkaga uloqtirib yuborardi.

Uning xatti-harakatini kuzatib turgan bekorchixo‘jalarga: «Birov toshga qoqinib ketmasin», deb izoh berardi. Bahor chog‘lari Bodom daryosi toshib, ovul o‘rtasidagi yagona ko‘prikni suv yuvib ketardi. Ovul ikkiga bo‘linib, ikki qirg‘oqda yashaydigan aholi o‘rtasida aloqa uzilib qolardi. Tog‘am otiga minib, bemalol daryoning narigi sohiliga suzib o‘tardi. Gap bunda emasdi. Ishoq tog‘am hech qanday gap-so‘zsiz o‘z bog‘iga boradi va teraklarini kesadi, so‘ng birovdan ko‘mak so‘ramasdan, yolg‘iz o‘zi ko‘prik qurishga kirishadi. Uning kuyib-pishib ishlayotganini ko‘rgan ovuldoshlari o‘zlaridan uyalib, darhol tog‘amga yordam bera boshlaydilar.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:44:32

Xalq an’analarini ko‘z qorachig‘iday asraydigan tog‘am kuzga borib og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etdi. O’limi yaqin qolganini bilib, meni huzuriga chorladi.

— Chirog‘im, gap bunday, — dedi xasta tovushda, — ota-bobolarimiz yoniga butunlay ketyapman. Bir narsa to‘g‘risida sen bilan gaplashib olmoqchiman. Chirog‘im, bilaman, shoir bo‘lmoqchisan. Bunday sharafli kasb har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Lekin, o‘z nomiga dog‘ tushirmagan insongina baxtli bo‘ladi. Yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishtalar «Omin!» deydilar... Agar yo‘ldan ozib ketsang, yaltiroq yolg‘onlarga mahliyo bo‘lsang, albatta, la’natga yo‘liqasan: so‘zlaringga birov ishonmay qo‘yadi. — Shiftga termilib yotgan ko‘yi birpas sukut saqladi. — Sendan eng oxirgi iltimosim shuki, bilmadim, uni ado etasanmi-yo‘qmi, lekin aroqxo‘rlardan sal uzoqroq yurgin. Majbur qilmayman. Iltimosimni yerda qoldirishing mumkin. Yaxshilib o‘ylab ko‘rgin. Keyin javobingni aytasan. Xudo xohlasa, yana ikki kunlik umrim bor. Shu muddat ichida bir to‘xtamga kelgin. Agar, hozir zamon shunaqa, boshqalardan ajralib yurish xunuk bo‘ladi, deb o‘ylasang, mayli, yolg‘on va’da bermay qo‘ya qol. Men xafa bo‘lmayman.

—Ota, bu borada nimani ham o‘ylash mumkin, — deb e’tiroz bildirdim. — Agar siz shuni istasangiz, bo‘pti, bundan keyin aroq ichmayman.

—Ana endi yaxshi bo‘ldi, aylanayin! Iloyim, baxtli bo‘lgin! — Tog‘amning ko‘zlaridan yosh oqib ketdi. Cho‘pday bo‘lib qolgan barmoqlari bilan qo‘llarimni silab-siypaladi. — Endi bemalol Egamga omonatini topshiraman.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:45:52

Tog‘am go‘yo o‘limini oldindan sezganday, roppa-rosa ikki kundan so‘ng bu foniy dunyoni tark etdi.

Onam Umsin Aytboy qizi 85 yoshida, diplomatiya xizmati bilan Qirg‘izistonga kelgan. 1994 yilda qaytish qildi. Siz onamni yaxshi taniysiz. U kishi Sizni uyimizda ko‘p marta kutgan. Onam o‘n uchta farzand ko‘rgan. Lekin, faqat bitta o‘zim tirik qolganman. Onam bilan safarga otlanadigan bo‘lsak, doim qatlama, qazi, qurutni yo‘lga hozirlab qo‘yardi.

Ilgari har xil sabablar bilan Moskvaga tez-tez borib turardik. Shunday paytlarda onam o‘zi taniydigan kishilarga atalgan boyagi taomlarni jomadonimga joylab berardi. Onam o‘qishni ham, yozishni ham bilmasdi. Shunga qaramasdan, Yevgeniy Yevtushenkoni qizg‘in yaxshi ko‘rardi. Ehtimol, o‘g‘lining she’rlarini tarjima qilgani uchun yaxshi ko‘rardi. Balki, boshimga mushkul ish tushgan paytlari yordam qo‘lini cho‘zgani bois mehr qo‘ygandir? Yoki bo‘lmasam, oilamiz atrofidagi kishilar hurmat qilgani sababli yaxshi ko‘rib qolgandir?

- Marhamat, ovuldan keltirilgan tansiq taomlardan tatib ko‘ringlar! Bularni onam berib yubordi! — derdim jomadonimni bo‘shatayotib.

- Sening onang men uchun jamiki qozoq ovullarining timsoliga o‘xshaydi, — degan edi bir gal Yevgeniy Aleksandrovich hazil aralash.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:46:47

   Moskvaga borib yurgan kezlarim Sizning eski qadrdonlaringiz bo‘lmish Rasul Hamzatov va Dovud Qug‘ultinovlar bilan yaqindan tanishdim. U paytlari Oliy Sovet deputatlari «Moskva» mehmonxonasida maxsus ajratilgan xonalarda yashardilar.

   Bir kuni o‘z xonamga kirib, shundoq xolodilnikni ochsam, hech vaqo qolmabdi. Kim o‘z hunarini ko‘rsatib ketganini o‘ylay boshlagan edimki, birdan telefon jiringlab qoldi. Trubkani ko‘tarishim bilanoq Dovud Nikitichning tanish gulduragan tovushi qulog‘imga chalindi. «Dastxatimizni tanidingmi? Yo‘q paytingda Rasul ikkovimiz xonangga kirdik. Menga qara, sen bizni necha marta ovulingga mehmonga chaqirgansan? Mana, endi onang berib yuborgan taomlarni yeb ko‘rganimizdan so‘ng hech kim bizni ovulingda mehmon bo‘lmagan deb ayblay olmaydi».

   Ikkovimiz ham xaholab yubordik. Qalamkash og‘alarim mana shunday beg‘araz hazil-mutoyibaga usta edilar.

   Onam pensiya puliga qog‘ozli qandlar, pechene xarid qilardi. Cho‘ntaklarida har doim shirinliklar bo‘lardi. Onam ostona hatlab ko‘chaga chiqishi bilanoq qo‘shnilarimizning bolalari atrofini qurshab olishardi, quvonib ketishardi. Onam navbati bilan hammaga shirinlik ulashib chiqar edi. Bu ishidan bag‘oyat mamnun bo‘lardi.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:48:04

   ...Kunlarning birida Gurev (hozirgi Atirov) viloyatiga safar qildim. U yerda Ravil Cherdaboev bilan tanishdim. Keyinchalik biz qalin do‘st bo‘lib ketdik. Birinchi marta o‘shanda Maxambet O’temisovning fojiali taqdiri to‘g‘risidagi hikoyani eshitdim. So‘ng eshitganlarim asosida kichikroq doston yozdim. Safarim oxirlayotgan kunlari Baliqchi tumanida menga «Faxriy baliqchi» degan unvon berishdi. Bu yerda taomilga aylangan odat bo‘yicha kaminaga 60-70 kilogramm keladigan baliq sovg‘a qildilar. Baliqning o‘ziga xos xususiyati shunda ediki, og‘irligining to‘rtdan bir qismini qora uvildiriq (ikra) tashkil etardi.

   Mehmondo‘st ovul ahli meni to tayyoragohgacha kuzatib bordilar.
   Samolyotga o‘tirdim. Baliqchi tumani partiya qo‘mitasining birinchi kotibi O’rinbosar Yerkinov ham samolyotga chiqib bordi va semiz jomadonni yonimga qo‘ydida:
   —   Tushayotganingizda esingizdan chiqmasin, — dedi.
   —   Bu nima? — deb so‘radim hayron bo‘lib.
   —   Boya sizga sovg‘a qilingan baliqning uvildirig‘i.

   U paytlari o‘n besh-yigirma kilogramm uvildiriq rasmana boylik hisoblanardi.
   Un kunlardan so‘ng onam Chimkentga yo‘l oldi. Oradan biroz fursat o‘tib, xotinim xolodilnikni ochib qoldi: qora uvildiriq katta kosaning ostidagina qolgan edi, xolos.
—Yana hotamtoyliging tutib, birovga berib yuborgansan! — deb dashnom berdi xotinim.
—Qo‘ysangchi, men xolodilnikka yaqin yo‘laganim yo‘q-ku!
   Uydagilar xiyla besaramjon bo‘lib qoldilar.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:49:13

   Oradan ancha-muncha vaqt o‘tgach, qora uvildiriqning yo‘qolish siri fosh bo‘ldi. Bir kuni oqshom chog‘i ishdan qaytib kelayotsam, uyimizning oldida qo‘shnimiz — rus kampir kutib turgan ekan.

—Muxtor, senga katta rahmat! Voy, sovg‘angni olib shunaqayam suyundik, asti qo‘yaverasan! Axir, juda qimmat turadi. Biz nafaqaxo‘rlar unaqa narsalarni xarid qilolmaymiz. Agar tejab-tergab ishlatsak, yarim yilga bemalol yetadi.

   Kampir yana hamd-sano o‘qiy boshladi.
   Dastlab, gap nima haqda ekanini sira tushunmadim. Oxiri:
   —   Nimalar deyapsiz? — deb so‘radim.
   —   E-e, onangizdan berib yuborganingiz bir tovoq qora uvildiriq to‘g‘risida gapiryapman-da!

   Keyin bir hafta mobaynida boshqa qo‘shnilarimizdan ham minnatdorlik so‘zlarini eshitdim.

   Ma’lum bo‘lishicha, onam uvildiriqni qo‘shnilarimizga tovoqlab ulashib chiqqan ekan. Albatta, jon qo‘shnilarga ko‘proq beribdi.

   Onam safardan qaytib kelgach, endi o‘pkalay boshlagan edik, u kishi kulumsirab:
   — Axir, qo‘shning tinch — sen tinch, deb bekorga aytmaydilar. Agar o‘z vaqtida ulashib bermaganimda bormi, baribir aynib qolardi, — dedi.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:50:10

   Onam shaharda biz bilan ko‘p yillar yashagan bo‘lsa-da, lekin aslo o‘z bilganidan qolmadi. Bu yerda begona odamga salom bermaydilar, hatto devordarmiyon qo‘shning bo‘lsa ham, chaqirilmagan joyga mehmonga bormaydilar. Onam esa bularning hammasiga zid o‘laroq, ovul urf-odatlariga amal qilardi: qo‘li ochiq edi, mehribon edi...

   Chike, keling, endi ilgari boshlab qo‘yganimiz mavzuta qaytamiz. Shakar ovulida otangiz To‘raqul Aytmatov nomida o‘rta maktab bor. Maktabga kiraverishda ajoyib yodgorlik turibdi. Uning muallifi — mamlakatingizda mashhur bo‘lgan haykaltarosh Turg‘unboy Sodiqov. 30-yillardagi ziyolilarning fojiali taqdiri shu joyda ham mujassam. Otangiz Qirg‘izistonda atoqli davlat arbobi edi. U nohaq repressiyaga uchragan, qatl etilgan.

   Aytmatov. Ha, mudhish davr edi. Otam Mogkvadagi Qizil Poofessorlar institutida o‘qigan. Oilamiz onam Nagima Xamzaevna bilan yotoqxonada yashardik. Men to‘rt farzand ichida eng kattasi — to‘qqiz yashar edim, kenja singlim Roza endi olti oylik bo‘lgan edi.

   1937 yilning avgust-sentyabr oylarida «Pravda» gazetasida ikkita maqola e’lon qilindi: «Burjuy millatchilari» va «Qirg‘iziston VKP(b) Markaziy Qo‘mitasining siyosiy xatolari». Mana shu maqolalarning kasofati tufayli respublikamiz rahbarlari birin-ketin qora ro‘yxatga tusha boshladilar. Ko‘pchilik qatori otamning nomi ham tilga olingan edi. Boshida qora bulut quyuqlashayotganini bilgach, u onamga: «Bolalar bilan uyga qaytgin. Agar meni hibsga olishsa, «xalq dushmani»ning xotini sifatida senga ham tinchlik berishmaydi. Yetim bo‘lib qolgan bolalarimizni bolalar uyiga jo‘natishadi. Ustiga ustak, familiyasini ham o‘zgartirib qo‘yishadi. Meni millatchilikda ayblashyapti. Bu qip-qizil bo‘hton. Omon bo‘lsam, o‘zim xat yozaman». Otam bizni Qozon vokzaliga kuzatib qo‘ydi. So‘ng poezdimizga ergashib, madori qurib qolguncha yugurib bordi va qo‘llarini silkitib xayrlashdi. Ehtimol, bizni oxirgi marta ko‘rayotganini ko‘nglidan o‘tkazgandir, aziz kishilaridan — bolalaridan, xotinidan bir umrga ajrashayotganini ich-ichidan sezgandir?!

Qayd etilgan