Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov  ( 178328 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 43 B


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:51:10

   Poezdda yetti kechayu yetti kunduz yo‘l yurdik. Orenburg, Saratov, Qozog‘istonning bepoyon sahrolari ortimizda qoldi. Nihoyat, yarim kechasi Maymoq stantsiyasida poezddan tushdik. Atrofni zulmat qoplagan o‘sha tun, o‘sha qo‘rquv xotiramga bir umr muhrlanib qoldi. Ertasi kuni tog‘am Suvonbekning aravasiga ko‘ch-ko‘ronimizni ortib, Shakardagi Alimqulning hovlisiga o‘lar holatda yetib oldik.

   Moskva pochtasining blankasiga qistanib yozilgan otamning eng oxirgi maktubi hozirgacha saqlanib qolgan. Uning har bir jumlasidan hadik-xavotir sezilib turadi: «bugun bo‘lmasa, ertaga hibsga oladilar». U onamga bolalarni ko‘z qorachigiday avaylab-asragin deb, qayta-qayta tayinlagan, boz ustiga, mening vijdonim toza, hech qanday aybim yuq deb qasam ichgan edi. Afsuski, u paytlari bunaqa qasamlarning sariq chaqachalik qimmati yo‘q edi.

   Otamni 1 dekabr kuni Moskvada hibsga oladilar va tez kunlarda Frunzega keltirishib, qamoqxonaga tiqadilar.

   «Xalq dushmani»ning oilasi tamg‘asi bilan ovulimizga qaytib borganimizdan so‘ng ko‘pchilik bizdan o‘zini chetga tortdi. O’sha zamonlarda biz odamlardan xafa bo‘lmasdik. Boz ustiga, bizga boshpana bergan qarindoshlarimizdan bag‘oyat minnatdor edik.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:51:45

   Repressiya qarindoshlarimizni ham chetlab o‘tmadi.
   Bobomiz Aytmat bilan Birimqul tug‘ishgan og‘a-ini edilar. Birimqulning uchta o‘g‘li bor edi: Alimqul, O’zibek, Kerimbek. Alimqul mening otamdan bir necha yosh katta edi. U Shakar qishloq sovetining raisi lavozimida ishlardi. Xullas,  Shakarga kelganimizga bir oy bo‘lgach, Alimqulni ham «xalq dushmani»ning og‘asi sifatida hibsga oldilar. Taqdir taqozosi bilan ko‘pincha bir musibat ikkinchi musibatni ergashtirib keladi: Alimquldan so‘ng uning militsioner bo‘lib ishlaydigan ukasi O’zibek ham «xalq dushmani»ning qarindoshi sifatida qamoqxonaga ravona bo‘ldi.

   Biz Moskvadan qaytib kelishimiz bilanoq otamning ukasi Risqulbekni pedagogika bilim yurtidan haydab yubordilar. U xolamiz Qoraqiz ejaning uyida yashay boshladi.

   Kunlarning birida men bomdod mahali uyg‘onib ketdim. Qarasam, Qoraqiz ejam bilan onam yum-yum yig‘lab o‘tirishibdi. Yig‘layverib ko‘zlari shishib ketgandi. Ma’lum bo‘lishicha, yarim kechasi Risqulbekni ham qamoqqa olib ketishgan ekan. Shunday qilib, qisqa fursat ichida bizning urug‘-aymog‘imiz to‘rt erkakdan mahrum bo‘ldi. Faqat xotinlaru bolalar qolishdi, xolos.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:52:36

   Shoxonov. Ha-a, u zamonlar to‘g‘risidagi hikoyalarni  eshitib o‘tirib,  beixtiyor  «xalq dushmani»  fosh etilmagan birorta ham ovul qolmagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylaysan.   Ba’zi  kishilarni  mutlaqo  kurakda  turmaydigan bo‘hton bilan hibsga olishib, shu bo‘hton tufayli aybdor deb topishib, otib o‘ldirganlar, qamoqxonaga tiqib qo‘yganlar yoki uzoq muddatga surgun qilganlar. Tanish adabiyotshunos, ijodingizni puxta tadqiq etgan mashhur akademik Rustan Rahmonalievning otasini qanday qilib hibsga olishganini bilasizmi?

   Aytmatov. Yo‘q, bilmayman.     
   Shoxonov.  Kimdir  Rustanning  otasiga  chekishni taklif qiladi. U qo‘liga tutqazilgan gazeta parchasiga tamakini o‘raydi-da, huzur qilib tutun simiradi. Shu payt xuddi osmondan tushganday bitta notanish kimsa paydo bo‘ladiyu Rustanning otasidan chekayotgan tamakini to‘kib,  o‘ram  qog‘oz  parchasini  ko‘rsatishni talab etadi. Qog‘ozni ochib qarashsa, yarim kuyib ketgan gazeta parchasida  Stalin portreti bo‘ladi.  Ko‘ryapsizmi, qanday qilib tuzoq qo‘yilardi?
   Kechirasiz, boyagi hikoyani davom ettiravering.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:53:35

   Aytmatov. Shunday qilib, Alimqul qamoqda vafot etadi. O’zibek,  dastlab,  Oqtuzdagi qo‘rg‘oshin konida ishlayapman, deb xat yozib yuboradi. Urush yillarida undan xat-xabar kelmay qo‘ydi. Butun boshli inson yo‘q bo‘lib ketaverdi...

   Ovul chegarasida ot mingan pochtalon ko‘rinishi bilanoq biz ko‘zimiz qinidan chiqquday bir alfozda unga termilardik: balki, otamizdan yoki uning og‘a-inilaridan xat keltirgandir? Pochtalon o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolardi. U shoshib-pishib, tezroq yonimizdan o‘tib ketishga harakat qilardi.

   Bir gal Risqulbekdan xat keldi. Xat qirg‘iz tilida yozilgan edi. Shu sababdan tsenzura qilinmagan bo‘lsa kerak.

   Onam tovushini chiqarib xatni o‘qib berdi. Xatida u har birimizni so‘rab-surishtirgan, sog‘ligimizdan xavotirlangan, ayniqsa, og‘asi To‘raqulning taqdiridan ko‘p qayg‘urgan edi. O’zi to‘g‘risida: «Bizni Manchjuriya chegarasiga yaqin joylarga temir yo‘l qurilishiga jo‘natdilar. Juda sovuq. Mening ikki buyragim ham shamollab qoldi. Bu yerda har bir kishiga norma berishadi. Agar normani bajarmasang, ovqatdan mahrum qiladilar. Og‘ir yuk ko‘tarishim bilan buyraklarim sirqirab og‘riy boshlaydi. Kasaldan va qornim to‘yib ovqat yemayotganimdan yarimjon bo‘lib qoldim. O’zlaring ham bilib turibsizlar. Norasida bolalar kamayib boryapti... Agar qurbingiz yetsa, menga yarim pud talqon jo‘natinglar. Shunda yana besh-olti oy yashashim mumkin...», deb yozgan edi.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:54:31

   Risqulbekning og‘ir ahvoli yurak-bag‘rimizni qon qilib yubordi. Onam bilan Qoraqiz ammam to‘xtovsiz bug‘doy qovurib, talqon hozirlashga kirishdilar. Tong otar-otmas onam talqon solingan qopni yelkasiga ortib, rayon markazidagi pochtaxonaga yo‘l oldi...

   Risqulbek qarindoshlari jo‘natgan o‘sha talqonni olgan-olmagani noma’lum. Bizga hech qanday javob kelmadi. Shu tariqa, musofir yurtlarda yo‘q bo‘lib ketdi.

   Biz Shakarda otamning singlisi Qoraqiz ejam bilan uning eri — Do‘stali jezdamizning uyida yashayverdik. Ularning ikki xonadan iborat uylari katta ariq yoqasida joylashgan edi. Bir xonada ular yashardi, ikkinchi xonada biz yashardik. Do‘stali jezdam mehribon, qo‘li ochiq inson edi. Boz ustiga, u tug‘ma ovchi edi. Otni egarlab, yelkasiga miltig‘ini tashlab, ikkita tozi itini ergashtirib toqqa ovga ketardi. Uyiga ayiq, bo‘ri, silovsin terilari osib qo‘yilgan edi. Agar ov baroridan kelgan bo‘lsa, Qoraqiz ammamdan boshlab hammamizni nomma-nom chaqirib kelaverardi.

   U ham bolaligimdan qolgan yorqin xotiralarimdan biridir.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:55:40

   Shoxonov. Xeminguey: «Buyuk yozuvchi bo‘lish uchun iste’dod, bilim kerak va baxtsiz bolalikni boshdan kechirish lozim», degan edi. Ajabki, bolalik paytingizda Siz yozuvchi bo‘lishni orzu qilmagansiz. Siz mashina haydashni orzu qilardingiz. Yanglishmasam, bu haqda «Leninchil jash» gazetasining muxbiri Rayqon Shukurbekovga (u keyinchalik taniqli yozuvchi, dramaturg bo‘lib ketdi) gapirib bergan ekansiz. O’sha suhbat 1935 yilning 5 iyun kuni gazetada e’lon qilinadi. Eski gazetani Sharshen Usubaliev Toshkentdagi arxividan topib beradi. Abdullajon Akmataliev esa uni o‘z kitobida e’lon qiladi.

   O’sha suhbatning bir  parchasi quyidagicha ekan:
   «Chingiz bu yil yetti yoshga to‘ldi.
   U o‘zining yosh do‘stlari orasida doim ozodaligi va tirishqoqligi bilan ajralib turadi. Uyida mustaqil mutolaa qiladi, yolg‘iz o‘zi o‘ynab yuradi. O’zini o‘zi eplaydi. Biz Chingiz bilan bir soatdan mo‘lroq suhbatlashdik. U emin-erkin gaplashadi, tutilmasdan javob qaytaradi.
- Kim bo‘lmoqchisan?
- Shofyor bo‘lmoqchiman.
- Otang qaerda?
- Moskvada.
- U yerda nima qilyapti?
   —   O’qiyapti. Xonamdagi bolalar burchagini otam tuzib bergan. Otam bilan onam menga doim ta’lim-tarbiya berishadi. Men ularning gaplaridan chiqmayman.
   Katta bo‘lsam, shofyor bo‘lishga o‘zim qaror qildim.
   —   Qanaqa o‘yinchoqlaring bor?
   —   Hamma o‘yinchog‘im bor. Faqat bitta mashina yetmay turibdi. Otam olib beraman deb, va’da bergan. Tez kunlarda olib beradi».

   Bu suhbat «Chingiz shofyor bo‘lmoqchi» degan sarlavha  ostida  e’lon  qilinadi.   Muallif  o‘z  nomidan: «Shak-shubha yo‘qki, Chingizning shofyor bo‘lish borasidagi orzusi albatta ro‘yobga chiqadi», deb ilova qilgan ekan. U paytlari avtomobil chambaragini ushlashni orzu qilgan bolakay dunyoga mashhur yozuvchi bo‘lib ketishini muxbir bilmasdi.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:56:36

   Aytmatov. U zamonlarda mashina juda kam edi. Biz shirin xayolimizda mashina haydab yurardik. Faqat o‘zim emas, barcha tengqurlarim shofyor bo‘lishni orzu qilardilar.

   Otam qamoqqa olingach, ovulimizda uning nomini aytishdan qo‘rqishardi. Faqat onam bilan Qoraqiz ejamgina otam to‘g‘risidagi yorqin xotiralarni bolalar qalbiga muhrlashdan aslo cho‘chimadilar. Yolg‘iz qolgan paytlarimizda onam yashirincha otamning suratlarini, hujjatlarini, nishonlarini ko‘rsatardi. Hammasidan ham otamning familiyasi yozilgan shtamp bizni ko‘proq hayratga solardi. Shtampga siyoh surtib, uni qog‘ozga bosib ko‘rsak lotin imlosida yozilgan «Aytmatov T.» paydo bo‘lardi.

   Qoraqiz ejam savodsiz bo‘lsa-da, lekin donishmand ayol edi. U bir umr otam xotirasini muqaddas saqladi. 1964 yili og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etdi. O’limi arafasida bizni huzuriga chorlab:
   —   Men to‘rtovingdan ham roziman. Eh, otalaring yoshlik paytida qurbon bo‘lib ketdi! Agar u yuksak martaba egasi bo‘lmaganda, ko‘p qatori ovulda yashab yurganda bormi, tirik qolardi, — dediyu yig‘lab yubordi.

   Dastlab, rasmiy idoradan bizga yolg‘on ma’lumotnoma jo‘natishdi: «10 yil muddat bilan qamaldi, xat yozish huquqidan mahrum etildi». Bizni intizor etib qo‘ygan so‘ngsiz yillar boshlandi. Har bir kunni sanab yurardik, yo‘llardan ko‘zimizni uzmasdik, umid bilan yashardik.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:57:26

   Bir marta otam to‘g‘risida bo‘layotgan oshkora suhbatning guvohi bo‘lganman. Uyimizga o‘g‘lining qo‘lidan ushlab yuradigan bitta ko‘r odam tashrif buyurdi. Esimda, onamga shunday degan edi:
   —   Meni ham To‘raqul bilan birga qamoqqa olishdi. Biz bitta kamerada o‘tirdik. Dunyoda bor azob-uqubatlarni boshimizdan kechirdik. Ko‘r bo‘lib qolganimdan so‘ng meni ozod qilib yuborishdi. To‘raqul tirik. Baribir adolat tantana qiladi, umidingni uzmagin, Nagima.

   Onam NKVD idorasiga xat ketidan xat jo‘nataverdi, lekin biror tayinli javob ololmadi. Umid bilan un yil ham o‘tdi.

   Shoxonov. Yaqinda biz singlingiz Roza xonim bilan juda uzoq chin dildan suhbatlashdik. U kishi quyidagilarni gapirib berdi:
   «Chingiz institutda «a’lo»ga o‘qirdi. Uni aspiranturaga qoldirishmoqchi edi. Lekin, birdan ustidan xat tushadi: «xalq dushmani»ning o‘g‘li nima uchun Stalin stipendiyasi olyapti?» Shunday qilib, u stipendiyadan ham, aspiranturadan ham mahrum bo‘ldi. Biroq, aslo taslim bo‘lmadi: dam olish kunlari temir yo‘lga borib, hammollik qildi — vagonlardan ko‘mir, o‘tin tushiradi. Choychaqa ishlab kelardi. Halol peshona teri bilan ishlab topgan pullarini sarflamasdan yig‘ib qo‘yardi; yozda ovulga ta’tilga kelgach, hammamizga ust-bosh xarid qilib berardi. Esimda, menga yoqasi uzun, issiq palto olib bergan edi. Qanchalar quvonganimni so‘z bilan ifodalab  bo‘lmaydi.  Umrimda birinchi marta bunaqa  qimmat  kiyim  kiygan  edim-da! Moskvada o‘qiydigan Ilgizga esa o‘zining qayta bichilib, qayta tikilgan   paltosini posilkada yuboradi. O’sha paltoning yon tomonlarida,  ko‘kraklarida cho‘ntaklari ko‘p edi. Chingiz paltoning har bir cho‘ntagiga besh so‘mdan pul solib qo‘yadi. Nazarimda, kambag‘al talaba har bir cho‘ntakka qo‘lini tiqishi bilan pulga duch kelib, juda suyunib ketadi, deb o‘ylagan bo‘lsa kerak...

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:58:11

   1957 yilda NKVD idorasidan bizga chaqiriq qog‘ozi keldi: «T. Aytmatov to‘g‘risidagi so‘rovnomangizga javob olish uchun NKVDga kelishingiz lozim».

   Onamning nechog‘lik hayajonlanganini bir ko‘rsangiz edi! Boyaqish o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi, yuragi hapriqib ketdi. Aksiga olgandek, Chingiz o‘sha kunlari isitmasi ko‘tarilib, ko‘rpa-to‘shak qilib yotgandi. Onam bechora uning tevaragida girgitton bo‘lardi. U onam bilan birga bormoqchi bo‘lib o‘rnidan turdiyu oyoqlari chalishib, yiqildi. Qisqasi, biz onam ikkovimiz chaqirilgan joyga jo‘nadik.

   — Otang Sibirda bo‘lsa kerak, — dedi onam. — Hozir ko‘pchilik o‘sha tomonlardan qaytib kelishyapti. Agar To‘raqul katta bo‘lib qolganlaringni ko‘rsa, bechora nihoyatda suyunib ketadi. Chingiz bilan Ilgiz oyoqqa turib olishdi, oila qurishdi. Lyutsiya ikkovingiz ko‘rkamgina qiz bo‘lib qoldilaring, Otang qanaqa bo‘lib qoldi ekan? Qamoqqa olingan payt 34 yashar edi. Bu yil roppa-rosa ellik beshga to‘ldi. Biz yigirma bir yil diydorlashmadik. Yigirma bir yil-a! Aytishga oson. Hammasiga chidadik. Mayli, ishqilib, otang sog‘-salomat bo‘lsa bas. Eshitishimcha, Sibirga surgun qilingan kishilarning ko‘pchiligi o‘sha yerda uylanib olishgan emish... Ehtimol, u ham shunday qilgandir. Axir, bir iloj qilib yashash ham kerak-da! Faqat salomat bo‘lsa bas. Xudoyim-ey, a’zoyi badanim qaltirab ketyapti. Ishqilib, uchrashuv payti yuragim quvonchdan yorilib ketmasa koshkiydi...

   Onamning so‘zlarini eshityapmanu ko‘zlarimdan yoshlar quyilyapti. Xudoyim, onaginam naqadar bag‘ri keng ayol edi! Mayli, uylangan bo‘lsa ham sog‘-salomat yurgan bo‘lsa bas, deydi. Haqiqiy muhabbat shunday bo‘lsa kerak: o‘ziga hech narsani tilamaydi, hammasi jufti halolimga bo‘lsin, deydi.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 12:59:35

   To‘g‘risini aytganda, onam ko‘zga yaqin, ko‘hlikkina ayol edi. Dunyoqarashi, aql-idroki bilan ovuldoshlaridan bir bosh baland edi. Yashirib nima qildim, ko‘pgina erkaklardan unga sovchilar keldi. Lekin, u To‘raquldan go‘zalroq, To‘raquldan boyroq, To‘raquldan aqlliroq erkak borligini hatto tasavvuriga sig‘dira olmasdi. Onam bir umr o‘zi ko‘ngil bergan erkakni kutib yashadi, unga sajda qilib yashadi, uning har bir savobli ishini eslab yashadi. Ustiga ustak, ana shu olijanob tuyg‘ularni bizning yuragimizga ham quyib qo‘ydi. Shu yo‘sin onam o‘zini nihoyatda baxtiyor inson deb bilardi...

   Nihoyat, biz NKVD idorasiga yetib bordik. Kiraverishda avtomat ushlagan askar turgan ekan. Onam unga chaqiriq qog‘ozini uzatdi.
   — Siz kiravering, — deb askar onamga yo‘l bo‘shatdi.
   Meni ichkariga kiritmadi.

   Onam ichkaridan oyoqlarini arang sudrab chiqib kelguncha oradan ancha fursat o‘tdi. Onamga ko‘zim tushdiyu yuragimda qattiq og‘riq turdi. Uning ko‘zlaridan duv-duv yoshlar oqardi. Lablari titrardi. Darhol onamning  qo‘ltig‘idan  oldim.   Bir  og‘iz  so‘z  aytishga ham madori yetmasdan, bir varaq qog‘ozni menga uzatdi. Qog‘ozda quyidagi so‘zlar yozilgan edi:

   SPRAVKA
   1937 yil 1 dekabr kuni qamoqqa olinganga qadar Qizil Professorlar institutining tinglovchisi bo‘lgan To‘raqul Aytmatovning aybnomasi SSSR Oliy sudining Harbiy Hay’ati tomonidan 1957 yilning 15 iyun kuni qayta kurib chiqildi.

   T. Aytmatovga nisbatan 1938 yilning 5 noyabr kuni Harbiy Hay’at tomonidan chiqarilgan hukm yangi ochilgan shart-sharoit tufayli bekor qilinadi va bu ish jinoyat tarkibi bo‘lmagani uchun to‘xtatiladi.

   T. Aytmatov o‘limidan keyin oqlandi.


   SSSR Oliy sudi Harbiy Hay’at raisining yordamchisi,
   adliya polkovnigi M. Rusakov.

Qayd etilgan