Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov  ( 178366 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 43 B


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:17:09

   Shoxonov. Chike, o‘sha doston otayurtim tarixida ro‘y bergan fojiaviy hodisalar to‘g‘risida edi. Otam eski yozuvni yaxshi bilardi. Arab imlosida yozilgan qissa va dostonlarni bemalol o‘qirdi. Ko‘hna rivoyatlarni yaxshi ko‘rardi. Ma’lum ma’noda, otam mullo edi.

   «Batraklarga qo‘shilgin,
   Boylar bilan mullolarni
   Qamchilab haydagin», deb yozgan edi bitta shoir.

   Mana shunday siyosat natijasida quvg‘inga uchragan otam o‘z vatanini tark etib, Tolibi tumanidagi Qashqasuv ovuliga kelin bo‘lib tushgan qizi Izzatning uyiga ko‘chib ketadi. Men u paytlari chillasi chiqmagan go‘dak edim.

   To‘qqiz yoshga to‘lgan paytim otam vafot etadi. Hali-hali yodimda, otam meni tizzasiga o‘tqazib, O’trorni dushmanlardan qahramonlarcha himoya qilgan yovqur bobolarimiz to‘g‘risida hikoyalar so‘ylardi.

   U meni bolalik chog‘imdan kindik qonim tomgan yurtga muhabbat ruhida tarbiyalamoqchi bo‘lardi. Onam ba’zan: «Hali kichkina, tushunarmikan?» deb shubha bildirardi. «Tushunishi kerak. Agar tushunmasa, o‘ziga qiyin bo‘ladi. Chuqur ildiz otmagan daraxtning umri qisqa bo‘ladi», deb javob qaytarardi otam.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:17:47

   Butun dunyoni zabt etishga qaror qilgan Chingizxonning son-sanoqsiz qo‘shini yashin tezligida hujum boshlaydi. Osmono‘par minorlari bo‘lmagan Markaziy Osiyodagi yirik shaharlar sanoqli kunlar ichida dushmanga taslim bo‘ladi. Yo‘lida uchragan to‘siqlarni changini chiqarib kelayotgan yov qudratini ko‘rib talvasaga tushib qolgan ayrim hokimlar shahar darvozalarini o‘z qo‘llari bilan ochib berganlar. Faqat O’trorgina olti oygacha yovga taslim bo‘lmaydi. Faqat O’tror bosh egmaydi, aholisi qirilib ketguncha qarshilik ko‘rsatadi...

   Chingizxon: «O’trorda birorta ham erkak zoti qoldirilmasin!» deb farmon beradi. O’trordagi barcha erkaklar qahramonlarcha halok bo‘ladilar. Faqat bitta sotqin tirik qoladi, xolos. Mana shu rivoyatni qayta-qayta so‘ylashdan otam sira charchamasdi. Bukilmas Qayirxon va sotqin yigit to‘g‘risidagi tarix men uchun juda katta saboq bo‘ldi. Birgina ana shu rivoyat sharofati tufayli otam ham, O’tror ham mening g‘ururimga aylandilar. Darhaqiqat, tarbiyaning eng oliy ko‘rinishi — tuyg‘ular tarbiyasidir.

   Ehtimol, yoshlik paytimdan otam donishmandlarga xos sabr-toqat bilan meni bobomeros yurtimizni sevishga o‘rgatgani, shuningdek, unga munosabatimning shakllanishi va chin dildan samimiy hurmat paydo bo‘lishi hayot yo‘limni belgilab bergan bo‘lsa-da ajab emas. Otam o‘z umri mobaynida amal qilib o‘tgan tutum men uchun ham o‘zgarmas qoida bo‘lib qoldi. Bitta misol keltiraman. Nima uchunligini bilmayman-u, ammo otam tushgacha soch-soqolini qirmasdi. Qiziq, men shu yoshga yetgunimcha hech qachon tushgacha soch-soqolimni qirmaganman. Bu holatda hech qanday favqulodda ma’no bo‘lmasa kerak. Axir, otam shunday yashagan. Shu irim tufayli ko‘pincha noqulay ahvolga tushib qolardim. Bir kuni Amerikaga uchib ketadigan bo‘lib qoldim. Samolyot aynan tush payti tayyoragohdan osmonga ko‘tarilar ekan. Lekin, men sochimni oldirishim kerak edi. Ertalabdan to tushga qadar soch-soqolni bemalol qirdirishim mumkin. Biroq, bolalikdan buyon amal qilib kelayotganim taomilni buzishim kerakmi? Buni tasavvurimga sig‘dirolmasdim. Xullas, o‘shanda boshqa bir qit’aga soch-soqolimni oldirmasdan uchib ketgan edim.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:18:24

   1992 yili O’trorda yurtdoshlarimning iltimosiga ko‘ra mening ijodiy kecham bo‘lishi kerak edi. Jazirama yoz oxirlab qolgandi. Quyosh ayovsiz kuydirardi, qilt etgan shabada yo‘q. Dim. Oz emas, ko‘p emas, uch ming nafar yurtdoshim meni tuman chegarasida — markazdan o‘ttiz chaqirim narida kutib oldilar. Otamni ko‘rgan mo‘ysafidlar, oq ro‘molga burkangan onaxonlar meni bag‘irlariga uzoq bosib turardilar. Nafasim bo‘g‘ilib, o‘lay derdim. Mahalliy shoirlar biri qo‘yib, biri o‘z she’rlarini o‘qiydilar. Sahro bo‘ylab qo‘shiq, g‘ayrat bilan raqs tushayotgan kishilarning qiyqiriqlari taraldi. Uchta kampir ichiga O’tror tuprog‘i solingan zarhal hoshiyali tumor tikib, bo‘ynimga osib qo‘yishdi.

   — O’g‘lim, qaerda yursang ham mana shu muqaddas tuproq seni yomon ko‘zlardan asrasin! — deyishdi.

   Men o‘z xalqimdan hurmat-e’tibor topdim, ko‘p sovg‘a-salomlar oldim. Olis mamlakatlarda ham menga mukofotlar berishgan. Ammo, otayurt tuprog‘i solingan tumordan qadrliroq birorta mukofot olmaganman. U meni nihoyatda to‘lqinlantirib yuborgan edi.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:19:11

   Aytmatov. Gaplaringni eshitib o‘tirib, bir narsani eslab qoldim: qadim zamonlarda ota-bobolarimiz olis safarga otlansalar, bir siqim tuproqni bellariga tugib ketishar ekan. Askar yigit jangga otlansa, uyda qoladigan xotini yoki mahbubasi unga butun nonning bir chetini tishlatib olar ekan. Keyin kemtik nonni asrab qo‘yarkan. Xalq udumiga ko‘ra, kimning rizq-nasibasi uyda qolgan bo‘lsa, u albatta sog‘-salomat qaytib keladi.

   Shoxonov. Chike, endi men Sizga tarixiy xotira bobida qanday saboq olganim to‘g‘risida gapirib beraman.

   Sergey Tereshchenko degan yurtdoshim bor. Maqol-matallar bilan bezatilgan uning qozoqcha nutqiga ayrim qozoqlar havas qiladilar. U bir necha yil davomida komsomol tashkilotlarida ishladi, Chimkent viloyati partiya qo‘mitasiga yetakchilik qildi. Keyinchalik respublika Vazirlar Kengashining raisi bo‘ldi. Sergeyning otasi uzoq yillar mobaynida Tulqubos tumanidagi yirik xo‘jalikni boshqardi. U Sotsialistik Mehnat Qahramoni, xalq hurmatini qozongan inson. Bir so‘z bilan aytganda, ikkovi ham tugilgan yurtida chuqur iddiz otgan zotlardan.

   Mening do‘stim, Mo‘g‘ilistonning birinchi kosmonavti Jugdemediyn Gurragchani Siz ham tanisangiz kerak. Aytmoqchi, u Sizning har xil tillarda chop etilgan kitoblaringizni to‘plab yuradi. «Agar yana bir marta kosmosga parvoz qilsam, albatta Aytmatovning asarlarini o‘zim bilan birga olib ketaman», deb bir necha bor ta’kidlagan. O’sha kosmonavtni o‘z yurtimga taklif etdim-da, yo‘l-yo‘lakay Sergey Tereshchenko huzuriga kirdim.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:19:48

   — Mo‘g‘il do‘stingga O’trorni va boshqa shaharlarning xarobalarini ko‘rsatgin. U o‘zining bobolari yer yuzidan supurib tashlagan shahar qoldiqlarini ko‘rib qo‘ysin. Balki, u o‘ylanib qolar, — dedi Sergey miyig‘ida kulib.

   O’sha payt shoshib turganim uchunmi, Sergeyning hazilomuz gaplariga unchalik e’tibor bermadim. Oradan ancha-muncha fursat utgach, bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rishga majbur bo‘ldim.

   Nihoyat, biz O’tror tuprog‘iga qadam qo‘ydik. Tuman rahbarlari bizni quchoq ochib qarshi oldilar. Yaqinda barpo etilgan Forobiy nomidagi Madaniyat saroyida oqshom payti biz bilan uchrashuv rejalashtirildi. Safar arafasida Qonjigit Sizdiqov bilan Abulqosim Qulumbetovdan menga «O’trorning faxriy fuqarosi» unvoni berilgani to‘g‘risidagi xushxabarni eshitgan edim. Safardosh do‘stim ham esimga tushdi. O’sha paytlari yer kurrasini aylanib chiqib, qaytib tushgan kosmonavtga qo‘ngan joyining «faxriy fuqarosi» unvoni berilardi. An’ana shunday edi. Olmaotadagi To‘qimachilik fabrikasi Sovet Ittifoqidagi birinchi kosmonavt-ayol Tereshkova nomida bo‘lsa, Qozog‘istondagi yuzlab maktablar, ko‘chalar Gagarin, Titov, Nikolaev nomlarida edi. Shuning uchun o‘yladimki, agar Gurragchaning Janubiy Qozog‘istonga, boz ustiga, O’trorga ilk bora kelayotganini inobatga olib, unga ham faxriy unvon in’om etilsa, birov e’tiroz bildirmasa kerak. Mafkura nuqtai nazaridan bunday hodisa xalqlar do‘stligining ko‘rinishi sifatida baholanardi. Biroq, o‘sha paytlari tuman rahbari bo‘lib turgan Muhammadqosim Shakenov bir oz chaynalib qoldi.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:20:32

   — Muxtor, sizning fikr-mulohazalaringizga qo‘shilaman. Lekin, keling, avval bu masalani oqsoqollar bilan muhokama etib ko‘raylik, — dedi u.

   Erta bahor edi. Ko‘m-ko‘k bo‘lib qolgan dashtu dalalar oftob ostida erkalanib yotardi. Gurragcha ikkovimiz O’tror xarobalari oralab rosa kezdik. Bu xarobalar o‘rnida bir paytlar gullab-yashnagan shahar bo‘lganiga sira aql bovar qilmasdi. Vaholanki, O’tror Buyuk Ipak yo‘li ustida joylashgan, o‘n olti ming nafar aholi istiqomat qiladigan madaniyat va savdo-sotiq markazi edi. Omi odam bo‘lsa, o‘sha paytlardayoq bu shaharga suv quvurlari yotqizilganini afsona bo‘lsa kerak deb o‘ylaydi. O’z paytida aynan O’tror yuksak madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lgan: Abu Nosir Forobiy kabi tarix, falsafa, tabobat, ilmi nujum, riyoziyot fanlarining ulkan namoyondalari yetishib chiqqan edi. Chingizxon qo‘shini tomonidan yo‘q qilib yuborilgan   o‘sha  madaniyat  tarix   sahnasidan  tushib  ketadi.

   Xalq xotirasi qadim zamonlarda ruy bergan vahshiyliklarni hamon unutgan emas. Butun boshli urug‘-aymoqlarni qirib yuborish niyatida homilador ayollarning qorni yorib tashlanadi, go‘daklarni esa osmonga irg‘itishib, nayza tig‘iga sanchib oladilar. Mudhish voqealarning birdan-bir guvohi bo‘lib ana shu quyosh ostida jizg‘anagi chiqib yotgan xarobalaru mozor sukunati qolgan, xolos.

   O’lik shahar bilan xayolan suhbat qurib, nihoyat, pastlikka enib bordik. Ko‘m-ko‘k o‘tloqqa gilamlar, to‘shaklar yozilgan, dasturxon bezatilgan, mis samovar vaqirlab qaynayotgan edi.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:21:23

   Chingizxon misli ko‘rilmagan shafqatsizlik bilan mening otayurtimni tuproqqa qorib, shu yerlik aholining tuxumini quritib, insoniyat taraqqiyotini yuz yil orqaga itqitib yuborgach, oradan yetti yarim asr vaqt o‘tib, biz o‘trorliklar avlodi bir dasturxon atrofida Chingizxonning avlodi bilan do‘stona suhbatlashib o‘tirishimizni kim xayoliga keltiribdi deysiz! Vaholanki, biz aynan o‘sha yovuz daho kulini ko‘kka sovurgan shahar xarobalari poyida, bir-birimizga hech qanday dushmanlikni ravo ko‘rmagan holda bamaylixotir o‘tirardik.

   Ko‘p o‘tmasdan bizning huzurimizga bir nechta otliq mo‘ysafid kelib, egardan tushdi. Ular orasida kamina juda hurmat qiladigan oqsoqollar Musobek Ajibekov, Qutum O’rdaboevlar ham bor edi. Ayniqsa, Janubiy o‘lkaning solnomasini yaratgan donishmand oqsoqol Adham Shilterxanovni boshqacha e’zozlardim. U kishi endi tarixiy mavzularga ham qo‘l urgandi.

   Salom-alikdan so‘ng, ular meni bir chetga boshlab chiqdilar.
   — Muxtorjon, tuman rahbariyatiga sen bir iltimos bilan murojaat qilgan ekansan. Xalqimiz odatiga ko‘ra, sening do‘sting, mehmoning bo‘lmish Mo‘g‘ilistonning birinchi kosmonavtiga qo‘limizdan kelgancha izzat-ikrom ko‘rsatamiz. Lekin, sen taklif etganday, unga O’trorning faxriy fuqarosi unvonini berish masalasiga kelsak... Agar uning ota-bobolari vahshiylik qilmaganda bizning O’tror shu kunlarda ham qo‘r to‘kib turmasmidi? Zangor minoralarini ko‘rib, ko‘zlarimiz  quvonmasmidi?   O’trordan  tashqari,  Sirdaryo havzasidagi yer yuzasidan supurib tashlangan qirq ikki shahar to‘g‘risida nima deysan? To‘g‘ri, bu ishlarda Gurragchaning nima gunohi bor, deb so‘rashing mumkin. O’zimiz ham juda yaxshi bilamiz, bu ishlar uchun u gunohkor emas. Lekin, baribir ota-bobolarining qilmishi uchun Gurragcha ham javobgar. Chunki, uning tomirida oz bo‘lsa-da bobolarining qoni oqyapti. Bizning gaplarimizni tarix xotirasi haqqi-hurmati aytildi deb qabul qilgin. Eski gina-kuduratlarni dilga tugib yurish bizning odatimiz emas. Biroq, tarixni butunlay unutib yubormasligimiz kerak. Shularni o‘ylab ko‘r.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:22:18

   Uch mo‘ysafid otlariga minishib, kelgan tomonlariga qaytib ketishdi.
   O’sha payt ko‘zlarim yarq etib ochilib ketganday bo‘ldi. Xudoyim-ey, shoir degan nomim bo‘lishiga qaramasdan, bu qariyalar oldida naqadar havoyi ekanman. Axir, xalq xotirasini aynan shular avaylab-asrayaptilar-ku! Otamni esladim. Ma’lum bo‘lishicha, O’tror to‘g‘risida otam so‘ylab bergan rivoyatlarning ma’nosini tushunmagan ekanman. Gap buyoqda ekan...

   Keyinchalik, mo‘ysafidlar bilan bo‘lgan suhbat mazmunini Gurragchaga so‘zlab berdim. O’ chin dildan bunday dedi:
   — Qadrli shoir do‘stim, sening baxting shundaki, ovulda ana shunaqa donishmand bobolaring bor. Ular seni xatoliklardan asraydilar, milliy tarix xotirasini aslo unutmaydilar.

   Aytmatov. Rostdan ham, g‘alati hodisa. Mas’uliyatli damlarda odam yetti o‘lchab, bir kesishi kerak. Tokim, noto‘g‘ri xatti-harakati bilan avlodlar manfaatiga zarar yetkazib qo‘ymasin. Biroq, amalda doim shunday bo‘lavermaydi. Daryo-daryo qon oqizib, yarim dunyoni zabt etgan Chingizxon o‘sha paytlari shu haqda o‘ylaganmikan? Aksincha, zobitning fe’l-atvori har qanday fikr-mulohazani bir chetga uloqtirib yuboradi. Mana, asrlar o‘tdi. Albatta. bunda Gurragchaning zig‘ircha ham aybi yo‘q. Ovul oqsoqollari ham buni yaxshi tushunganlar. Ammo, tarix qonuniyati doimiy harakatda bo‘ladi. Tarix xotirasini nazar-pisand qilmaydigan kimsa oxir oqibat manqurtga aylanib qoladi.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:22:48

   Agar o‘tgan davrlarning sarg‘argan sahifalari varaqlab ko‘rilsa, xalqlar o‘rtasida ko‘plab to‘qnashuvlar ro‘y berganiga ishonch hosil qilish mumkin. Xo‘sh, tarix xotirasiga sodiq qolamiz deb biz Chingizxon qilmishlari uchun butun mo‘g‘il xalqini yoki Gitler qilmishlari uchun butun olmon xalqini aybdor sanashga haqqimiz bormi? Misol uchun, bir zamonlar Angliya bilan Frantsiya o‘rtasida yuz yillik muhoraba bo‘lgan edi. Lekin, inglizlar ham, frantsuzlar ham hozir bir-birlarini o‘sha urushlar uchun aybdor deb bilmaydilar, aloqalarini buzmaydilar.

   Tarix xotirasining tor qoliplari ichida o‘ralashib yurish ham millatni to‘g‘ri yo‘lga olib chiqmaydi. Ayni paytda, o‘tmishning butunlay unutilishi ma’naviy manqurtchilikka eltib qo‘yadi.

   Oqilona yo‘l shundan iboratki, umuminsoniy madaniyat taomillariga suyangan holda tarozi pallalari muvozanatini barobar ushlab turish kerak. Shuning uchun ham bu falsafa «sahroyi akademiya» deyiladi. O’tmish tajribalaridan unumli foydalanilgan holda kelajakni ko‘zlab, insoniyat jamiyatining qonun-qoidalariga rioya etib ongli hayot kechirishni o‘rganish lozim.

Qayd etilgan


Abdullоh  07 Mart 2009, 13:23:42

   Shoxonov. Bolalik paytlarimdan esimda qolgan: keksa kishilar quyosh botishini kuzatib o‘tirishib: «Umrning ko‘pi ketib, ozi qoldi», deyishardi. O’sha chog‘lari bitta afsona eshitganman.

   Qadim zamonlarda Sirdaryo sohilida bitta boy yashagan ekan. Bir kuni suv toshqini ro‘y beradi. Boyning to‘plab qo‘ygan davlati ham, mol-qo‘yi ham oqib ketadi. Boy yuzishni bilardi. U bir iloj qilib omon qoladi. Dir-dir titrab qirg‘oqqa chiqar ekan, tizzasigacha suvga botib turgan holda: «Xudoyim, qolgan umrimni munosib o‘tkazishim uchun imkon ber», deb nola qiladi. Uni kuzatib turgan havoyi yigitcha: «Oqsoqol, yoshingiz yetmishdan oshib ketdi. Shu paytgacha yiqqan-terganingizdan ajraldingiz. Yana qanday munosib umr haqida gapiryapsiz?» deydi piching aralash. U otiga qamchi urib, qayoqqadir ketadi.

   Doimiy o‘zgarishda bo‘lgan dunyoda o‘zgarmas narsa bormi?
   Oradan ancha yillar o‘tadi. Bir yili qurg‘oqchilik bo‘ladi. Piching qilgan o‘sha navqiron yangiboy bitta bo‘xcha bilan qoladi. Uning mol-qo‘ylari qirilib ketadi, qarindoshlari ham ochlikdan o‘ladilar. O’zi esa qornini to‘ydirish uchun daydib yuradi. Och-yalang‘och bechora Sirdaryo yoqalab daydib yursa, bir joydan chiqayotgan tutunga ko‘zi tushib qoladi. O’sha tomon yo‘l oladi va bitta o‘tov qarshisidan chiqadi. Tovush beradi. Ayol eshikni ochib, uni to‘riga o‘tqazadi. Mehmonning ochligini ko‘rib, unga ovqat beradi. Oshiq o‘ynab o‘tirgan bolakaylar sho‘xlik qiladilar.
   —   Ovqatlanib oling, dam oling. Hademay xo‘jayin ham kelib qoladi, — deb ayol uy yumushlari bilan ovora bo‘ladi.

Qayd etilgan