Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov  ( 178475 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 43 B


Abdullоh  09 Mart 2009, 17:50:46

   Shoxonov. Jambul ko‘p yillar davomida qirg‘izlarning iste’dodli, usta oqinlari, hofizlari, qiziqchilari bilan yaqin do‘st bo‘lib qolmasdan, balki ularning birodari bo‘ldi. Ikki qardosh xalqni o‘z san’ati bilan xushnud etdi. Tabiiyki, ko‘pgina buyuk iste’dod sohiblari o‘zlarining o‘jarligi bilan boshqalardan ajralib turadilar. O’jarligi uchun o‘zlari azob tortishadi. Bunday paytlarda do‘stlar bir-birlarini qo‘llab-quvvatlaydilar.
   Aytmatov. Buning yorqin misoli — mashhur qirg‘iz oqini To‘qtag‘ul Sibir surgunidan qochib, o‘zining tug‘ilib o‘sgan ovuliga emas, do‘sti Jambulning huzuriga boradi.
   Shoxonov. Shubhasiz, bu boyagi gaplarga yorqin misol bo‘ladi. Aytmoqchi, Jambul ham bir necha kecha-kunduz mobaynida «Manas»ni kuylagan vaqtlar ko‘p bo‘lgan. Mashhur kuychi Murotali bilan Jambulning musobaqa o‘ynaganini eshitganmisiz? Ikki buyuk iste’dod o‘zaro musobaqa payti Jambul qirg‘izlarning o‘n uchta kuyini, Murotali esa qozoqlarning o‘n besh kuyini ijro etganlar. Qariyalar hozirga qadar o‘sha hodisani to‘lqinlanib gapirib yuradilar.
   Bir paytlar Masimxon Beyseboev Qozog‘iston Vazirlar Mahkamasining raisi lavozimida ishlagan. O’sha odamning Jambul to‘g‘risidagi bir hikoyasi hamon yodimda turibdi.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 17:52:34

   — U paytlari men Olmaota viloyati partiya qo‘mitasining birinchi kotibi edim. Jambul o‘shanda juda mashhur bo‘lib ketgandi, shuhrati olamni tutgandi. Hazil gapmi, Stalinning shaxsan o‘zi unga qoyil qolgandi, butun Sovet Ittifoqida uni hurmat qilishardi. Kunlardan bir kun Jambul to‘g‘risida ajabtovur yangilik eshitib qoldim: emishki, yuz yoshga yaqinlashib qolgan oqin yana uylanmoqchi bo‘lib yurganmish. Kelin topib qo‘yibdi, roziligini so‘rabdi. Go‘yo kelin rozi bo‘lganmish. Qozog‘iston Kompartiya Markazqo‘mining birinchi kotibi Jumaboy Shoyaxmetov bu gapni eshitib, shoshib qoladi va meni o‘z huzuriga chaqirtiradi. U qo‘llarini orqasiga qilgancha asabiylashgan holatda xonada u yoqdan-bu yoqqa tinimsiz borib-kelardi. Haqiqatan ham, vaziyat chatoq edi. Birinchidan, respublikamizdagi hurmatli oqsoqolning, xalqimizning faxriga aylanib qolgan oqinning kutilmagan tantiqligi nihoyatda kulgili tuyuladi. Ikkinchidan, o‘sha chog‘lari taomilga aylanib ketgan kommunistik axloqqa to‘g‘ri kelmasdi. «Bunday isnodni hech kim bilmasligi kerak, — dedi Jumaboy Shoyaxmetov. — Darhol bunday bema’nilikka chek qo‘yish lozim. O’sha kelinchakning qarindosh-urug‘lari bormikan?» Aytishlaricha, kolxozda ishlaydigan o‘g‘li bor ekan, dedim. «Tuman partiya qo‘mitasining birinchi kotibi va kolxoz raisi bilan to‘xtovsiz aloqa o‘rnat! Ular darhol o‘sha ayolni bu niyatidan qaytarishsin! Lekin, ehtiyot bo‘linglar, Jambulning o‘zi biror narsadan shubhalanib qolmasin. Menimcha, ayolning o‘g‘li orqali harakat qilsak yaxshi bo‘ladi. Hayronman, u qanaqa valakisalang ekanki, o‘zining bitta onasiga qarab yurolmasa! Senga oldindan bitta gapni aytib qo‘yay: agar mening topshirig‘im bajarilmasa, ishdan ketasan!» deb Shoyaxmetov stolni mushtladi. Bu topshiriqni imi-jimida darhol ado etdim. Bir qator salobatli ishlovlardan so‘ng o‘sha ayol Jambulga erga tegmaydigan bo‘ldi. Ko‘nglimiz joyiga tushib, bu xushxabarni Shoyaxmetovga yetkazishga oshiqdik. Keyin hammamiz birgalikda Jambulni yo‘qlab bordik. «Assalomu alaykum, Jaka!» deb jo‘r bo‘lib takrorladik Shoyaxmetovdan so‘ng. Jambul karavotda yuzini devorga qaratib yotardi. U qo‘lini bir silkitib qo‘ydi, xolos. Oradan birmuncha fursat o‘tgach, Jambul asta-sekin biz tomonga burildi. «Ey, ishton kiyib yurgan xotinlar! — dedi u jahli chiqib. — O’ylaysizlarki, men shahvoniy hirsimni qondirishim uchun uylanmoqchimanmi? Xalq orasida, otni yarim yo‘lda yo‘qotib qo‘ysang, yomon bo‘ladi, degan maqol bor. Kampirim o‘lgandan  buyon  kelinlarimning  qo‘liga  qarab  qoldim.
   Kelinim ostimdagi to‘shakni yangilab ketganini o‘zlaring ko‘rdilaring. Bu gunohi azim. Agar o‘zimning xotinim bo‘lganda, kelinga oson bo‘lardi. E-e, sizlar bunaqa gaplarni tushunmaysizlar! Necha yillardan beri Qozog‘istonga rahbarlik qilayotgan bo‘lsalaring-da, ammo tovuqning miyasicha miyalaring yo‘q!» deb Jambul yana devorga yuzini burib, yotib oldi.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 17:53:34

   Aytmatov. «O’sma ketar, qosh qolar» deb, bejiz aytishmagan. Ajabki, Jambul sho‘xlik bilan donishmandlikni o‘zida mujassamlashtirgan g‘alati inson edi. Umuman olganda, Suyunboy va Qatag‘on, Jambul va To‘qtagul, To‘g‘aloq Mo‘lda va Umbetali, Keken va Alimqul kabi qozoq va qirg‘iz oqinlarining chambarchas do‘stligi va doimiy aloqalari ikki xalq o‘rtasidagi birlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, Jambul bilan Shobdan umrlarining oxirigacha yaqin do‘st bo‘lib qoldilar. Lekin, bu alohida mavzu.
   Shoxonov. Shobdan botir rus armiyasining polkovnigi unvoniga sazovar bo‘ladi, dvoryanlik martabasiga erishadi. Ammo, bu imtiyozlardan shaxsiy manfaati yo‘lida emas, o‘z xalqining manfaatlari yo‘lida foydalanadi. O’zi aslzodalar avlodidan bo‘lsa-da, juda katta nufuzga ega edi. Ochiq ko‘ngul, ziyrak, bag‘ri keng inson edi. Shu tobda Asqar Aqaev bilan shaxsiy suhbatimiz chog‘ida eshitganim bitta voqea esimga tushib qoldi.
   Qaysarligi bilan nom chiqargan Jambul gohida birorta kallavaram ovuldosh biydan ko‘ngli qolsa, darhol otiga minib, Olatovning janubiy etaklariga yuzlangancha: «Qirg‘iz birodarim Shobdan huzuriga ketyapman», der ekan. Cho‘ng Kemin sohilida o‘tirgan Shobdan kunlardan birida general-gubernator Kolpakovskiydan zudlik bilan yetib kelish to‘g‘risida buyruq oladi. Shobdan tezda faytonni qo‘shish haqida amr qiladiyu birdan otini eshiqdan kiraverishga bog‘layotgan Jambulga ko‘zi tushadi.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 17:54:05

   — Shoshmanglar! Kolpakovskiy hatto podshoh bo‘lganda ham, baribir Jambuldan ustun bo‘lmasdi. Jambulni kuzatganimizdan so‘ng yo‘lga otlanamiz. Uni ikki qun mehmon qilamiz, — deydi Shobdan.
   Keyin oqin do‘sti uchun olti qanotli oq yurt tikishni va barcha urug‘-aymoqlarni chaqirib kelishni mulozimlariga topshiradi. Yig‘ilganlarning taklifiga ko‘ra, Jambul tongga qadar «Manas», «Suranchi botir» dostonlarini ijro etadi. Shobdan dostonlarni rohatlanib tinglaydi.
   «Mening toychog‘im yoshligidan saxiy bo‘lgan, — derdi Shobdanning onasi Baali boyvuchcha. — Uni uch yoshigacha emizganman. Ba’zan u qo‘shnilarimizning o‘ziga tengdosh bolalarini ham ergashtirib kelardiyu ularni sutga to‘ydirib qo‘yishimni iltimos qilardi».
   Shobdanning navqiron zobit kiyimida tushgan bitta surati bor. Ko‘ksida ikkita medal yarqirab turibdi. Keksalik paytida tushgan boshqa bir suratida esa avvalgi ikki medaldan faqat bittasi qolgan, xolos. O’zi ham xorg‘in qiyofada. Buning sababi — muqaddam bo‘lib o‘tgan bir voqeaga bog‘liq.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 17:54:56

   Shobdan uyida o‘tirgan kunlarning birida ko‘chadan o‘tib ketayotgan tilanchi eshikdan mo‘ralaydi. Shobdan uni ichkariga taklif etib, xar xil mavzularda suhbat quradi. Ma’lum bo‘lishicha, bu bechora bolalik paytida sag‘ir bo‘lib qolgan, birorta ham qarindoshi yo‘q, faqat tilanchilik bilan kun ko‘rar ekan. Shobdan tilanchiga xayr-ehson qilish uchun uyni bir qur ko‘zdan kechiradi. Uning avvalgi boyliklari allaqachon sovurilib ketgan, bittayu bitta kulrang novvosi qolgandi, xolos. Shunda u ko‘kragini bezab turgan, rus saltanatidan sovg‘a qilingan ikki medalidan bittasini tilanchining qo‘liga tutqazib yuboradi.
   —   Pishpek bozoriga borgin-da, bu medalni sotib, puliga ho‘kiz-po‘kiz xarid qilgin. Turmushingni yaxshilab olgin, — deydi Shobdan tilanchiga.
   Yana bitta voqea esimga tushdi. Boyaka ismli bitta boyning Sadaf degan batragi bo‘ladi. Ayol sho‘rlik tongdan to qora xuftongacha xo‘jalik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib, na dam olishni, na o‘yin-kulgini bilardi. Boz ustiga, ko‘zlari g‘ilay, tili chuchuk edi. Bu yorug‘ dunyoda birorta qarindosh-urug‘i yo‘q, o‘zi hatto qo‘tir it ham orttirmagandi. Faqat pastqamgina ko‘rimsiz ikki to‘sinli kulbada istiqomat qilardi.
   —   Nega meni yer yutmas ekan! — deb ba’zan taqdiridan nolib qo‘yardi.
   Vaqti kelib, Boyaka kuzgi yaylovdan qishloqqa ko‘chib o‘tadi. Eski joyda Sadafning o‘zi yolg‘iz qoladi.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 17:55:34

   Tun bo‘yi kulbasi yonida uvlab chiqqan qashqir tovushidan qo‘rqib, ko‘z yummasdan tong ottiradi. Ertasi kuni oqshomga yaqin kulbasidan tashqariga chiqqan ayol shu tomon otda yo‘rtib kelayotgan Shobdan bilan Boyakani ko‘rib qoladi. Ularning ortidan bir guruh chavandoz ergashib kelardi. Ayol sho‘rlik quvonchini ichiga sig‘dira olmasdan qichqirib yuboradi:
   —   Shobdan botir, maqsim ichib keting!
   Atrofidagi biylaru volost amaldorlarining norozi bo‘lib hay-haylashiga qaramasdan, Shobdan ot yuganini kulba tomon buradi. Labi uchgan kosaga ichimlik to‘ldirib, ayol uni botirga uzatadi. Boyaka esa qo‘li bilan kosani nari surib:
—Ey, baxti qaro, yovg‘on sho‘rvangni yig‘ishtir! Botir ichmaydi! — deydi.
—Bizning odatimizga ko‘ra, ovqatdan ulug‘ narsa yo‘q. Uzating maqsimni! — deydi Shobdan. U otda o‘tirgan ko‘yi bir ko‘tarishda kosani bo‘shatib beradi. — Oh-oh, juda mazali ekan! Maqsimingiz juda zo‘r bo‘pti, darrov chanqog‘imni bosdi! — deb Sadafning ko‘nglini ko‘taradi. — Ertaga yigitlarni jo‘nataman, ular sizni ko‘chirib ketishadi. Yana bir kun sabr qiling, — deb va’da berib ketadi.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 17:56:29

   Chavandozlar yo‘llarida davom etadilar. Kulbadan xiyla olislagach, Shobdan Boyakaga qarab:
   —   Ey, Boyaka, agar o‘z ovulingdagi bitta sho‘rlik ayolga mehring yetmasa, qanday qilib butun boshli aymoqqa hukmron bo‘lib o‘tiribsan?! — deydi g‘azab aralash.
   Tez orada ayolni ovulga ko‘chirib, Shobdan unga to‘rt qanotli yurt qurdirib beradi va oltita qo‘y bilan bitta baytal sovg‘a qiladi.
   Esimda qolgan yana bitta voqea bor.
   Oq podshoning bosqinchilik siyosatiga qarshi bosh ko‘targan va «Oloy malikasi» deb nom qozongan Qurmonjon dodxohni rus armiyasining generali Skobelev asir oladi.
—Bolalaring qaerda? — deb so‘raydi general.
—Daraxt qo‘lingizda turibdi, uning shox-shabbalari qayoqqa ham ketardi? — deb javob qaytaradi matonatli ayol.
   Qurmonjon dodxohning irodasini bukib, bo‘ysundirishga ko‘zi yetmagan general asirani qo‘riqlash uchun o‘ttiz nafar soqchi tayinlaydi.
   Shunda Shobdan botir ayolning yonini oladi.
   —   Agar Qurmonjon dodxoh qochib ketsa, uning o‘rniga meni otib tashlaysiz, — dedi va ayolni asirlikdan qutqaradi.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 17:57:26

   1909—1911 yillarda o‘zi tug‘ilib o‘sgan Cho‘ng Kemin tumanida Shobdan «Shodmoniya» nomli madrasa ochadi. U yerda qirg‘iz, qozoq, o‘zbek, rus bolalari savod chiqaradilar. Keyin ularni botir Olmaotadagi, Pishpekdagi o‘quv yurtlariga shaxsan joylashtirib qaytadi.
   Yoshi bir joyga yetib, hayot tajribalari bilan aqli to‘lishgan botir o‘z farzandlariga bunday deb vasiyat qiladi:
   —   Men manaplarning oxirgisiman. Lekin, sizlar bu martabaga ko‘z tikmanglar. O’sha martaba orqasidan keladigan boylik ham, shon-shuhrat ham o‘tkinchidir. Ishonaveringlar, bu dunyoda dehqonchilik qilib, halol mehnat bilan kun ko‘rishdan yaxshisi yo‘q.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 17:59:40

   Aytmatov. Qoida bo‘yicha, tarix hujjat yordamida tasdiqlanishi kerak. Bizning xalqlarimizning hayoti ko‘pincha afsonaviy tus olib ketadi. O’sha hodisalarga zamondoshlar bilan avlodlarning munosabati shunda bilinadi. Hodisalarning mohiyati va ularga berilgan xalqning bahosi bizga shu tarzda yetib keladi. Misol tariqasida yana Shobdan to‘g‘risidagi afsonaga murojaat etishimiz mumkin. Keksalarning eslashicha, 1912 yili Shobdanning yurtida mashhur botirning xotirasiga bag‘ishlanib elga osh tortiladi. Olatovning janubiy va shimoliy etaklaridan juda ko‘p mehmonlar taklif etiladi. Qozoq va qirg‘iz xalqining munosib vakillari har tomondan yopirilib kelaveradilar; otlarning tuyog‘idan ko‘tarilgan chang-to‘zon vodiy osmonini qoplaydi. Shobdanni tiriklik paytida samimiy hurmat qiladigan Jambul ikki birodari — Kenen va Umbatali bilan birgalikda bir kun oldin yetib keladi. G’ala-g‘ovur, baqir-chaqir ko‘tarilgan poyga ham nihoyasiga yetib, aytishuvga navbat beriladi. Olomon orasidan har bir xalqning bittadan oqini o‘rtaga chiqib, aytishuv musobaqasida o‘z mahoratlarini namoyon qila-dilar. Chorpaxil biylar va kekkaygan manaplar yog‘li qazi-qartalarni yeb, xushta’m qimizlarni simirib o‘tirishadi. Qozoq oqini Umbetali Qoriboev sayroqi ko‘hna do‘mbirasini qo‘liga oladiyu qirg‘izlar bilan qozoqlarning chambarchas do‘stligini, Shobdanning yillar osha o‘sib borayotgan shon-shuhratini madh etib, kuylay boshlaydi. U To‘qtag‘ul sha’niga ham ofarinlar aytadi. To‘qtag‘ul nomi qulog‘iga chalinishi bilanoq bitta bekning aft-basharasi tirishadi.

Qayd etilgan


Abdullоh  09 Mart 2009, 18:00:22

   —   Ovozingni o‘chir! — deb o‘shqiradi u. So‘ng Jambul bilan tizzasini tizzasiga tekizib o‘tirgan To‘qtag‘ulga o‘girilib: — Ey, qochoq, yurtdan yo‘qol! — deb qichqiradi. Shu yo‘sin Sibir surgunidan qochib kelgan buyuk oqinni sharmanda qilmoqchi bo‘ladi.
   Aytishlaricha, shu payt Jambul bagoyat gazablanib ketadi.
   —   Ey, taqsir! — deydi u kekkaygan mahmadonaga qarab. — Shobdan nafaqat qirg‘izlarning, balki qozoqlarning ham chin farzandi edi. U bizga juda ko‘p yaxshilik qildi. Mening qavatimda o‘tirgan To‘qtag‘ul ham ikki xalqning boyligi hisoblanadi. Shundoq bo‘lgach, ulardan birini ko‘klarga ko‘tarib, boshqasini tuproqqa qorib tashlash mumkinmi? Yoki bizning oramizda ulug‘ farzandlar tiqilib yotibdimi? To‘qtagulga o‘xshagan oqinlarni qozoq yoki qirg‘iz ayollari yuz yilda bir marta tug‘sa tug‘adi, bo‘lmasa tug‘maydi! Agar bundan keyin ham To‘qtag‘ul to‘g‘risida yomon gap aytilsa, men ma’rakani tashlab chiqib ketaman!
   Oqinning adolatli so‘zlari Shobdan avlodlarini qoyil qoldiradi: ular Jambulning yelkasiga zarbof chopon tashlaydilar va gijinglab turgan oq arg‘umoq sovg‘a qiladilar.
   Shundan so‘ng Jambul bunday deydi:
   —   Menga ko‘rsatgan izzat-hurmatlaring uchun katta rahmat. Lekin, men bu sovg‘a-salomlarni Sibirdan qaytib kelgan To‘qtag‘ulga topshiraman.
   Shu so‘zlarni aytib, qozoq oqini sovg‘alarni To‘qtag‘ulga topshiradi. Jambulning sa’y-harakatlari do‘stining obro‘-e’tiborini aymoqlari o‘rtasida yanada oshirib yuboradi.

Qayd etilgan