Olloh taolo butun koinotning Rabbidir. U musulmon, nasroniy deb ajratmasdan, kim harakat qilsa, o‘shanga beradi ("Hidoyat" jurnali, 2000 yil, 3-son). Agar biz ham Olloh Qur’oni karim vositasida bildirilgan amrlarga, unda ishorat qilingan haqiqatlarga quloq osib, ularni o‘rgansak va o‘rganganlarimizga amal qilsak, ya’ni hayotga tatbiq etsak, bu yo‘lda Edison, Galileo Galiley, Holuq Nurboqiy lar kabi tinmay izlansak, ko‘plab kashfiyotlarni amalga oshirishimiz mumkin.
Yurtboshimiz "Tafakkur" jurnali bosh muharririning savollariga javoblarida ta’kidlaganidek, "Har qaysi inson Olloh taolo ato etgan noyob qobiliyat va iste’dodini (avvalo o‘zi uchun) oilasining, millati va xalqining, davlatining farovonligi, baxt-saodati, manfaati uchun to‘liq baxshida etsa, bunday jamiyat shu qadar kuchli taraqqiyotga erishadiki, uning sur’at va samarasini hatto tasavvur qilish ham oson emas" ("Tafakkur" jurnali, 1998 yil, 2-son)
Maqsadga erishish, kashfiyotlarni amalga oshirish uchun ham diniy, ham dunyoviy bilimlarni puxta o‘rganishimiz, buyuk ajdodlarimiz, allomalarimiz kabi koinot sirlarini tashuvchi shifr orqali tushuniladigan, faqat yurak yo‘li bilan qamrab olinishi mumkin bo‘lgan Qur’oni karimga suyanishimiz kerak. Ollohga shukurlar bo‘lsinki, buning uchun mustaqil O’zbekistonimizda hamma sharoit yaratilgan.
Hurmatli kitobxon!
Taniqli turk olimi, onkolog-vrach Xoluq Nurboqiyning mazkur kitobi Maraziz A’zam tomonidan tarjima qilingan. Asar Qur’onning tili, qurilishi, matematik, fizik, tibbiy va boshqa mo‘jizalari to‘g‘risida bahs yuritadi. Kitob 1999 yilda "Adolat" nashriyoti tomonidan 10.000 nusxada nashr etilgan edi. U, o‘quvchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi va bugungi kunda yana bu kitobga ehtiyoj sezilmoqda. O’quvchilarning yana shu ehtiyojlarini hisobga olib, nashriyot bu kitobni ikkinchi marta chop etmoqda.
Noshir Tursunxo‘ja Yusufxo‘ja o‘g‘li Xidoyatxo‘jaev