Payg'ambarlar qissasi (Bolajonlar uchun)  ( 123357 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 19 B


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:03:24

2. Pand-nasihat.

    Mo'min kishi qavmdoshlariga astoydil pand-nasihatlar qilardi.

    "Iymon keltirgan kishi dedi: Ey qavmim! Sizlar menga ergashinglar, men sizlarni to'g'ri yo'lga etaklayman".

    Kishi bildiki, qavmdoshlari hali dunyo hayoti bilan mast bo'lib yurishibdi.

    Fir'avn molu davlati va kuch-quvvati bilan mag'rur, aldangan.

    Mana shu dunyo mastligi odamlarni Muso alayhis-salomga ergashishdan to'sib turibdi.

    Zero mast kishilarning hushi o'zida bo'lmaydi. Ular na eshitadilar va na sezadilar.

    Mo'min qavmini mana shu g'aflatdan uyg'otishga qasd qildi:

    "Ey qavmim, bu hayoti dunyo faqat bir (arzimas) matodir. Albatta oxiratgina (mangu) qarorgoh bo'lgan diyordir".

    Johil odamlar mo'min kishini kufr va shirkka chorladilar. Ota-bobolari dininga qaytishni maslahat berdilar. Ularga "Allohga qaytingiz!", deyilsa, ular "Ota-bobolarimiz dinini ushlaylik", deya javob berishdi.

    Qavmdoshlari hadeb zalolatga chaqiravergach, mo'min kishi dedi;

    "Ey qavmim, nega men sizlarni najotga-jannatga chorlasam, sizlar meni do'zaxga chaqirmoqdasizlar-a? Sizlar meni Allohga kofir bo'lishga va (o'zim iloh ekanligini) bilmaydigan narsalarni U zotga sherik qilishga chaqirmoqdasizlar. Men esa sizlarni qudratli, benihoya mag'firatli zotga chaqirmoqdaman".

    - Sizlarning olihalaringiz tarafidan biron bir payg'ambar keldimi? Ma'budalaringiz qaysi kitobni nozil qilishdi? Ular faqat sizlar hamda otalaringiz o'zlaricha to'qib olgan nomlar xolos. Alloh taolo hech qachon but-sanamlar haqida hujjat tushirmagan.

    Payg'ambarlar: Ibrohim, Yusuf, Muso... faqat Allohga davat etganlar. Zero har bir  narsa Alloh taoloning borligiga dalolat qiladi. Borliqning hamma burchagidan yolg'iz unga qaytishlikka da'vat keladi.

    "Shak-shubha yo'qki, albatta sizlar meni (ibodat qilishga) chaqirayotgan butlaringiz (jonsiz narsalar bo'lgani sababli) na dunyoda va na oxiratda (biron kimsani o'zlariga ibodat qilish uchun) da'vat qila olmas".

    Qavmining hidoyatga kelishidan butkul noumid bo'lgach, mo'min ularni tark qildi. Va dediki: "Hali (boshlaringizga azob tushganida albatta hozir) men sizlarga aytayotgan so'zlarni eslaysizlar. Men o'z ishimni Allohga topshirurman. Zero, Alloh bandalarini ko'rib turguvchidir".

    Darg'azab bo'lgan Fir'avn malaylari mo'minni o'ldirishga qaror qildilar.

    Lekin Alloh taolo uni o'z himoyasiga oldi. Dushmanlarini esa halok qildi.

    "Bas, Alloh u (iymon keltirgan kishi)ni ularning makr-hiylalaridan saqladi va Fir'avn xonadonini yomon azob o'rab oldi".

Qayd etilgan


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:03:48

3. Fir'avnning xotini

    O'zini aqllar va qalblarga ham hukumron hisoblaydigan Fir'avn Misrda biron kishining undan boshqaga iymon keltirishini tasavvur qila olmasdi.

    Agar Misrning uzoq chekkasidagi bir kishi Muso alayhis-salomga iymon keltirsa, o'sha kuni Fir'avn uxlay olmasdi.

    Goh o'tirib, goh turib, momaqaldiroqdek guldirab, yashindek chaqnab, yonib, bezovta bo'lardi.

    - Qanday qilib mendan beso'roq Musoga iymon keltiradi?!

    - Mening mamlakatimda yashab turib menga bo'ysunmasa! Men bergan rizq-ne'matlarni eb, yana menga kufroni ne'mat qilsa-ya!

    - Axir, Misrdagi har bir kishiga o'zidan ham ko'ra men haqdorroq emasmanmi?!

    Lekin Fir'avn o'zining Alloh erida yashab turib U zotga isyon qilayotganini o'ylamasdi. Alloh bergan rizq-ro'zni eb, so'ng yana unga kufr keltirayotganini unutib qo'ygan edi.

    Alloh taolo unga o'z uyida, ahli oilasida bir oyat-alomat ko'rsatib qo'ydi.

    Alloh taolo aqllarga ham, qalblarga ham - xuddi jasad va tillarga hukmron bo'lgani kabi hokim ekanligini namoyon qildi.

    Alloh taolo agar xohlasa kishi bilan ahli oilasi o'rtasini ajratib qo'yadi. Xohlasa inson bilan uning qalbi orasiga to'siq tashlaydi!

    Iymon Fir'avn xonadoniga ham kirib keldi. Fir'avnning o'zi hali hech narsadan bexabar edi. Uning qo'lidan biron ish kelmasdi.

    Eri Misr mamlakatining sultoni bo'lishiga qaramasdan Fir'avnning ayoli Musoga iymon keltirdi.

    Fir'avnning eng suyukli kishisi uning Robblik da'vosini rad etdi.

    Bu erda shohning qarg'adek shum ayg'oqchilari ham, jallodlari ham ojiz qoldilar. Ular hech narsani sezmadilar.

    Eng yaqin kishisining Allohga iymon keltirganidan Fir'avn hanuz bexabar edi.

    Xo'sh, agar xabar topganida nima qila olardi?

    Chunki uning hukmi jismga o'tishi mumkin, tillarga tushov solishi mumkin. Lekin, aqllarga va qalblarga aslo hukmronlik qila olmaydi.

    To'g'ri, ayol eriga itoat etishi kerak. Lekin, Allohga isyon bo'ladigan ishlarda inson bolasiga itoat qilinmaydi.

    Farzand ota-onasiga quloq solishi, ularga mehribon-mushfiq bo'lishi lozim.

    Agar ular shirkka da'vat qilsalar, ularga bo'ysunmaydi.

    "Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishiga buyurdik (ya'ni ota-ona xoh yaxshi, xoh yomon bo'lsin, xoh musulmon, xoh kofir bo'lsin ularga yaxshilik qilish farzandning burchidir, ammo) agar ular sen o'zing bilmagan narsalarni (ya'ni soxta "xudo" larni) menga sherik qilishing uchun zo'rlasalar, u holda ularga itoat etmagin! (Barchangiz) menga qaytursiz, bas (ana o'sha kunda) men sizlarga qilib o'tgan amallaringizning xabarini berurman".

    Iymon ne'matiga musharraf bo'lgan ayol Alloh dushmanining uyida turib Allohga ibodat qila boshladi.

    U Fir'avnning yaramas ishlaridan bezor edi. Allohga iltijolar qilib bu zolimdan najot berishini so'rardi.

    Alloh taolo Fir'avnning ayolidan rozi bo'ldi va uni eri hamda uning yomon amallaridan qutqardi.

    Bu ayol iymoni va shijoati uchun Qur'onda barcha mo'minlarga namuna qilib keltirildi.

    "Alloh iymon keltirgan zotlar (va ular o'zlari haqiqiy mo'min bo'lsalar, yaqin odamlarining kofir holda bo'lishi ularga ziyon qilmasligi) haqida Fir'avnning ayolini misol keltirdi. O'shanda u: "Robbim o'zing men uchun huzuringda - jannatda bir uy bino qilgin, menga Fir'avn va uning qilmishidan najot bergin va menga bu zolim qavmdan najot bergin", dedi".

Qayd etilgan


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:04:57

4. Banu Isroilning balo-sinovga solinishi

    Banu Isroilga nisbatan Fir'avnning qanday muomala qilayotganini ko'rgan xalq ham Isroil farzandlariga zulm-zo'ravonlik qila boshladi.

    Hatto yosh bolalar ularni so'kar, mahalla itlari esa oldiga solib quvlar edi.

    Har kuni yangi bir balo, har kuni tashvishli bir xabar Banu Isroil boshida hoziru nozir bo'lardi.

    Muso alayhis-salom qavmini sabr qilishga chorlab tasalli berar edi;

    - "(Ey qavmim) Allohdan madad tilab, sabr-toqat qiling! Bu er shak-shubhasiz Allohnikidir. Uni O'zi xohlagan bandalariga meros qilib beradi. Oqibat-natija esa taqvodorlarniki bo'ladi".

    Lekin Banu Isroil bu sinovni yomon qabul qildi. Ular Muso alayhis-salomga "Sen bizga hech qanday foyda berolmading. Bizga yordaming tegmadi" deya malomat qilishdi.

    "Ular aytdilar: "Sen bizga (payg'ambar bo'lib) kelishingdan ilgari ham (ya'ni o'shanda ham Fir'avn o'g'illarimizni o'ldirib, ayollarimizni tirik qoldirib, zulm qilgan edi), Sen kelganingdan keyin ham ozor ko'rdik".

    Muso alayhis-salom umidsizlikka tushmadi.

    "U (Muso) dedi: "Shoyad Robbingiz dushmanlaringizni halok etib, sizlarni bu erga xalifa qilsa va qanday amallar qilishingizni ko'rsa".

    "Ey qavmim, agar Allohga iymon keltirar ekansizlar, demak musulmon bo'lsangizlar, Uning o'zigagina suyaninglar-tavakkul qilinglar!"

    "Bas, ular aytdilar: "Allohning o'ziga tavakkul qildik. Robimiz, bizlarni bu zolim qavmga maftun-aldanuvchi qilib qo'yma. Va o'zing rahm aylab bizlarni bu kofir qavmdan qutqar".

    Fir'avn Banu Isroilni Allohga ibodat qilishdan qattiq qaytarar, agar ular ibodat qilsalar g'oyat darg'azab bo'lar edi.

    U Allohning erida masjidlarning Alloh uchun bo'lishini xohlamasdi. Allohning erida Allohga ibodat qilinsa g'azabi kelardi?!

    Yo tavba! Bu qanday nodonlik?!

    Axir er - Fir'avnniki emas - Allohning mulki-ku!!

    Allohning qullarini Allohning erida Allohga ibodat qilishdan to'sgan kimsadan ham zolimroq kim bor?!!

    Alloh erida turib bandalarni o'ziga ibodat qilishga chaqirayotgan kimsa eng zolim kimsa emasmi?!!

    Lekin, Fir'avn baribir ojiz qoldi. U hech kimni o'z uyida xohlagan ishini qilishdan qaytara olmasdi.

    Alloh taolo Muso alayhis-salom orqali Banu Isroilga quyidagicha amr etdi;

    "Qavmlaringiz uchun Misrda uylar tayyorlanglar va bu uylaringizni qibla-namozgoh qilib (u uylarda) namozni to'kis ado qilinglar".

    Fir'avn ham, uning jallodlari ham Banu Isroilni Alloh ibodatidan to'sa olmadi.

    Axir banda bilan uning Robbisi o'rtasini to'sib bo'larkanmi?!

    Musulmonni Alloh ibodatidan kim to'sa oladi?!

Qayd etilgan


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:05:22

5. Ocharchilik

    Fir'avn tug'yonga kelib g'aflat va kufr qaysarligiga qattiq turib olgach, Alloh taolo unga o'zini o'nglab olishi uchun tanbeh berishni iroda qildi.

    Alloh taolo er yuzida fasodning yoyilishini xohlamaydi.

    U zot bandalarining kofir holda yurishlariga aslo rozi bo'lmas!

    Fir'avn juda nodon podshoh bo'lganligidan pand-nasihatlar unga ta'sir qilmasdi.

    Eshak to urmaguningcha o'z holatini o'zgartirmay yotaveradi.

    Alloh taolo Fir'avnni g'aflat uyqusidan qo'zg'atmoqni iroda etdi.

    Misr yam-yashil diyor! U turli laziz mevalar, don-dunlarga boy o'lka.

    Yusuf alayhis-salom zamonidagi ocharchilik yillarida Shom va Kan'on aholisi Misrdan don tashib kun kechirganlarini yaxshi bilasiz.

    Nil daryosi Misr erlarini sug'orib turadi.

    U Misrda saodat va xayr bulog'i hisoblanadi.

    Butun Misr ahli Nilni rizq-ro'z kaliti deb bilishardi.

    Mana shu sersuv daryo tufayli misrliklar yomg'ir suviga qarab qolmaganlar. Insonlar aslida rizq-ro'z kalitlari Alloh huzurida ekanligidan g'ofildirlar.

    Zero U zot o'zi xohlagan bandasiga mo'l-ko'l rizq berib ne'matlantiradi. Alloh kimgadir kam, kimgadir ko'p rizq ato qiladi.

    Nil ham Uning amri bilan qirg'oqlaridan toshib oqadi.

    Alloh taolo Nilga qurishlikni amr etdi.

    Nil suvi erga singib ketdi.

    Endi Misr aholisining ekin-tikini qaerdan suv ichadi?!

    Hosildan baraka ketdi. Hirmon to'lmadi. Natijada ochlik ketidan ochlik boshlandi.

    Fir'avn ham, Homon ham nima qilishni bilmay hayron edi. Shohning ko'p sonli lashkari ham ocharchilik qarshisida ojiz qolgandi.

    Misr aholisi Fir'avnning hech qanaqa iloh emasligini va rizq-ro'z berish yolg'iz Alloh ixtiyorida ekanini anglay boshladilar.

    Lekin bu na Fir'avnga va na Misr ahliga biron foyda berdi.

    Ular o'zlarini o'nglab olmadilar, g'aflat uyqusidan bosh ko'tarmadilar. Shayton Misr ahlini mav'izaga kar, ibrat olishdan ko'r qilib qo'ygandi.

    Misrliklar mana shu balolarga Musoni, Banu Isroilni sababchi qildilar.

    - Mana shu ocharchilikka Muso va uning qavmining shum qadami sabab bo'ldi!

    Vo ajab! Axir Muso Misrga kecha kelgani yo'q edi-ku!

    Banu Isroil ham uzoq yillardan buyon shu erda yashab kelardi-ku!

    Yo'q! Bu balolar Muso va uning qavmining shum qadamligidan emas, balki Misr aholisining mash'um qilmishlari-yu kufru isyon botqog'iga botganligi sababidandir.

    Fir'avn va uning qavmi hanuz o'zlarining kufroniy qaysarligidan kechmagandi.

    "Ular (Musoga): "Bizlarni sehrlash uchun qanday oyat-mo''jiza keltirsang ham biz senga hargiz iymon keltiruvchi emasmiz", dedilar".

Qayd etilgan


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:05:47

6. Besh oyat-alomat

    Alloh taolo kofir qavmga ketma-ket balolar yubora boshladi.

    Rob ular ustiga suv balosini yubordi. Osmondan yomg'ir quydi. Nil to'lib toshdi. Yomg'ir yog'averdi, yog'averdi, yog'averdi. Ekin maydonlarini suv bosdi. Bog'lar, ekinzorlarga qattiq talofat etdi. Aslida rahmat bo'lgan yomg'ir ularga balo bo'lib kelgandi. Avvallari misrliklar qurg'oqchilikdan shikoyat qilgan bo'lsalar, endi suv toshqinidan nolir edilar.

    So'ng ular ustiga chigirtkalar yuborildi. Mo'r-malaxday bostirib kelayotgan qop-qora to'lqin hech narsani qoldirmay eb, yo'lda davom etar edi.

    Fir'avn qo'shinlari Alloh qo'shini oldida ojiz qolishdi. Axir ular chigirtkalarga qarshi qanday ham jang qilsinlar?!

    Chigirtkaga nayza sanchib bo'lmasa! Ularga qarshi qilich ko'tarish ham befoyda bo'lsa.

    Hozir yana bir bor hammaning ko'z oldida Fir'avn va uning xizmatkorlarinig ojizligi ochiq ko'rinib qoldi. Lekin Misr ahli hali ham bu balolardan ibrat olmasdilar. G'aflat uyqusida tosh qotib yotar edilar.

    Alloh ular ustiga yana bir qo'shin yubordi. Bu son-sanoqsiz bitlar lashkari edi. Misrning hamma yog'ini bit bosib ketdi. To'shaklarda, kiyimlarda bitlar g'ujg'on o'ynardi. Sochlar, badanlar bitlar bilan to'ldi.

    Fir'avn qavmi tun bo'yi uxlamasdan qashlanib, tirnoqlari bilan bit o'ldirib chiqardi. Odatdagidek Fir'avining behisob qo'shini bu erda ham faqat tomoshabin bo'lishga yaradi. Qilichlar, nayzalar, o'q-yoylar bilan bitlarga qarshi hech nima qilib bo'lmadi.

    Keyin Misr ahliga qurbaqa balosi keldi. Ovqatlar ichida qurbaqa, suvlarda qurbaqa, kiyimlarda qurbaqa...

    Yashashning halovati qolmadi.

    Odamlar uylarining qay burchagiga qarashmasin, baqrayib turgan qurbaqani ko'rardilar.

    Uylar qurbaqalarning qurillashiyu vaqillashiga to'lib ketdi.

    Odamlar bitta qurbaqani o'ldirsalar, o'rniga yana o'ntasi paydo bo'lardi. Uydan bitta qurbaqa irg'itilmasdan turib, yangi-yangi qurbaqalar ovoz berardi.

    Xizmatkorlar ham, qo'riqchilar ham qurbaqalardan charchashdi...

    Alloh taolo bu kofir qavmga ibrat bo'lsin deb beshinchi oyat-alomatni — qon balosini yubordi.

    Odamlar burunlaridan tinimsiz qon kelishi oqibatida juda holsizlanib qolishdi.

    Hech qanday dori-darmon qonni to'xtata olmasdi. Tabiblar bu g'alati dard oldida ojiz edilar.

    Kofir qavm har gal boshiga balo kelganida Muso alayhis-salomga yolvorardilar;

    - Robbingga duo qil. Bizdan bu baloni ko'tarsin! Endi tavba qilib biz ham mo'minlardan bo'lamiz. Banu Isroilni sen bilan qo'shib yuboramiz...

    Lekin, boshlaridan balo arigach, yana ahdlaridan qaytar edilar.

    "(Ular) ustiga to'fon (sel), chigirtka, bit, baqa va qon (balolarini) ochiq oyat-mo''jizalar qilib yubordik. (Lekin) ular kibr-havo qildilar va jinoyatchi-osiy qavm bo'ldilar. Qachonki ularning ustiga bu azob tushgach; "Ey Muso, senga bergan va'dasi haqqi-hurmati, Robbinga duo qil. Qasamki, agar bizlardan shu azobni ko'tarsang, albatta senga (Payg'ambarligingga) iymon keltiramiz va Banu Isroilni sen bilan birga (O'z vatanlariga) jo'natamiz," dedilar. Endi ulardan bu azobimizni (ular) etib boruvchi bo'lgan muddatgacha (ya'ni qiyomat kunigacha) ko'targanimizda esa, banogoh (ichgan qasamlarini) buzib turibdilar".

Qayd etilgan


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:06:15

7. Banu Isroilning Misrdan safar qilishi

    Misrning keng erlari Banu Isroil uchun torlik qilib qoldi. Axir, har kuni ming turli azob va xo'rlik ko'ruvchi Isroil farzandlariga Misrning yam-yashil vodiylari qanday ham quvonch bag'ishlasin?!

    Banu Isroil tokaygacha sabr qiladi? Ular ham joni og'riydigan odamlar-ku!?

    Alloh taolo Muso alayhis-salomga tunda Banu Isroilni olib Misrdan chiqib ketishni vahiy qildi.

    Lekin uzunquloq ayg'oqchilar bu xabarni Fir'avnga etkazdilar.

    Muso alayhis-salom Banu Isroilni olib muqaddas zamin - Shom tomon tunda yo'lga chiqdi. Banu Isroil 12 guruhga bo'lingan bo'lib, har bir guruhning o'z amiri bor edi.

    Shom yo'lidan Muso alayhis-salom avval ham ikki marta yurgan edi. (Bir gal Madyanga borishda, ikkinchisi Misrga qaytishda).

    Lekin Musoning xohlagani emas, Allohning xohlagani bo'ldi.

    Muso alayhis-salom taqdiri azalda yozilganidek, bilgan yo'lidan adashib ketdi.

    U Banu Isroil bilan shimol tomonga ketyapman, deb o'ylasa-da, tun qorong'usida o'zining sharqqa qarab yurayotganligini sezmasdi.

    Kutilmaganda ular mavj urib yotgan qizil dengiz qarshisidan chiqib qoldilar.

    - Yo Alloh, yo Robb! Biz qaerdamiz o'zi?!!

    Banu Isroil ortlariga burilib uzoqdan ko'tarilgan qalin g'uborni ko'rdilar.

    Orqadan ufqni to'sib Fir'avnning katta qo'shini ta'qib qilib kelardi.

    Isroil farzandlari umidsizlikka tushib dod-faryod ko'tarishdi.

    Ey Imronning o'g'li! Biz senga nima yomonlik qiluvdik? Fir'avn bizni xuddi sichqon bolasidek o'ldirib tashlashi uchun dengiz qirg'og'iga olib keldingmi? Axir bu erdan hech qayoqqa qochib ketib bo'lmaydi-ku!?

    Nima uchun bizdan intiqom olyapsan? Senga biron yomon so'z dedikmi?

    Shu paytgacha sen sababli ko'rgan jabru sitamlarimiz kammidi? Endi shu erga boshlab keldingmi?

    Oldinda pishqirgan dengiz, ortda esa quturgan dushmanlar.

    Bu kun biz aniq halok bo'lamiz.

    Banu Isroil ko'ziga dunyo qorong'i bo'ldi. Ko'zlar dahshatdan chaqchayib qoldi. Damlar ichga tushdi. Umidsizlik Isroil qavmini to'la qamrab oldi.

    Bugun sarosimaga tushmagan odam qolmadi. Ha, hatto azim tog'lar ham bu qo'rquv qarshisida larzaga kelishi mumkin.

    Lekin Musoning Robbisiga bo'lgan iymoni zarracha susaymadi — larzaga kelmadi.

    Insonlar nubuvvat nuri yog'ilib turgan so'zni eshitdilar.

    "Yo'q, aniqki men bilan birga Robbim bor. Albatta u meni (najot) yo'liga boshlaydi".

    Alloh taolo Musoga asosi bilan dengizni urishga amr qildi. Muso Robbisining amrini bajardi. Shunda dengiz yorilib suv xuddi tog'lardek bo'laklanib qoldi.

    O'n ikki guruh uchun o'n ikki yo'l paydo bo'ldi.

    Banu Isroil dengizdan eson-omon o'tib ketdi.

Qayd etilgan


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:06:35

8. Fir'avnning g'arq qilinishi

    Banu Isroilning dengiz o'rtasidan ochilgan yo'ldan sog'-omon o'tib ketganini ko'rgan Fir'avn o'z qo'shiniga qarab qichqirdi;

    Qaranglar! Qochoqlarni tutishim uchun mening amrimga bo'ysunib dengiz yorildi!

    Fir'avn qo'shini bilan olg'a intildi. Banu Isroilni yana qo'rquv qamradi.

    Zolim dushman ular tomon dengiz o'rtasidan emin-erkin kelmoqda edi.

    Tamom, biz qo'lga tushdik.

    Fir'avn hozir bizni yana xorlab, asir qilib Misrga olib ketadi yoki mana shu kimsasiz erda qilich tig'idan o'tkazadi.

    Muso alayhis-salom dengiz qaytadan asliga kelishi uchun asosi bilan erni urmoqchi bo'ldi.

    Shunda Alloh taolo vahiy qildi;

    Ey Muso, dengizga teginma "albatta ular g'arq qilinuvchi qo'shindir".

    Fir'avn va uning qo'shini yo'l o'rtasiga etgach dengiz harakatga keldi. Ular to'lqinlar tagida qolishdi.

    O'lishini aniq bilgach, Fir'avn o'zining kufr-kibr mastligidan uyg'ondi.

    "Endi unga (Fir'avnga dengizda) g'arq bo'lish (payti) etganida esa, u dedi; hech qanday iloh yo'q, magar Banu Isroil iymon keltirgan zot - Allohgina borligiga iymon keltirdim. Men ham musulmonlardan - Allohga bo'ysinuvchilardanman".

    Lekin, endi Fir'avn uchun tavba qilish fursati o'tgan edi.

    "Na gunoh ishlarni mudom qilib yurib, qachonki birovlariga o'lim kelganida "endi tavba qildim" deydigan va na kofir holda o'lib ketadigan kimsalarning tavbalari qabul qilinmas".

    "Robbingizning ayrim oyatlari keladigan kunda esa ilgari iymon keltirmagan yoki iymonida yaxshilik kasb qilmagan biron jonga (endi keltirgan) iymoni foyda bermas".

    Fir'avnga shunday deyildi.

    - "Endi-ya! Axir sen ilgari (ya'ni shu paytgacha) itoatsizlik qilgan va buzg'unchi kimsalardan bo'lgan eding-ku!"

    Fir'avn dengizga g'arq bo'ldi.

    Minglab go'daklarni qatl qildirgan qonxo'r o'ldi!

    Ming-minglab kishilarni zindonband qilib chiritgan, osgan, so'ygan zolim jon taslim etdi!

    Misr podshohi taxtidan, koshonasidan, saltanatidan yiroqda jon berdi.

    Uning boshida na davolovchi tabib, na mehribon do'st va na yig'lovchi bir ko'z turmadi!

    Banu Isroil hali ham Fir'avnning o'lganiga shubha qilardi. Ular "Fir'avn o'lmaydi" deyishardi.

    - Axir u necha kunlab emasdan, ichmasdan yurar edi-ku?!..

    Faqat dengiz uning jasadini qirg'oqqa chiqarib tashlaganidan keyingina "Fir'avn aniq o'libdi" dedilar.

    Alloh taolo Fir'avnga xitob qilib shunday dedi:

    "Mana bugun o'zingdan keyingi kishilarga oyat-ibrat bo'lishing uchun seni jasadingni qutqaramiz".

    Fir'avn jasadi odamlarga oyat-ibrat bo'lishi uchun asrab qo'yildi.

    Banu Isroilni ta'qib etgan askarlardan biron kishi ham omon qolmadi.

    Shunday muazzam Misr mamlakatidan ularga bir qarich er nasib qilmadi.

    "Ular qanchadan-qancha bog'larni, chashmalarni, ekinzorlarni va ulug'-go'zal joylarni qoldirib (o'zlari g'arq bo'lib) ketdilar va (qanchadan-qancha) o'zlari vaqtichog'lik qilgan ne'matlarni (qoldirib ketdilar)! Mana shunday! Biz u (ne'matlarni boshqa) bir qavmga meros qilib berdik. Bas, ularga osmon ham, er ham (aza tutib) yig'lamadi, ularga (tavba-tazarru' uchun) muhlat ham berilmadi!"

Qayd etilgan


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:07:50

9. Sahroda

    Fir'avn ta'qibidan sog'-salomat qutulgan Banu Isroil bexavotir erga etganlarida ozod kishilardek engil nafas oldilar.

    Bu erda ularga na Fir'avn va na Homon xavf solardi.

    Endi Fir'avn jallodlaridan qo'rqmasdan emin-erkin, xotirjam yurishlari mumkin edi. Lekin, yam-yashil vodiyda o'sgan Banu Isroil sahro quyoshidan ozor chekardi.

    Hozir Isroil farzandlari Allohning mehmoni edilar.

    Siz shohlarning o'z mehmonlariga qanday izzat-ikrom ko'rsatishni bilasizmi? Albatta, aziz mehmonlarni jazirama oftobdan ehtiyot qilib shohona chodirlar tikiladi...

    Alloh izzat-ikromi esa har qanday mehmonnavozlikdan yuqori bo'ladi.

    Pok Rob amri bilan Banu Isroilga bulut soyabon qilindi.

    Isroil farzandlarini quyosh tig'idan saqlovchi bu bulutlar ular bilan hamisha birga yurardi.

    Musoning qavmi to'xtasa, bulut ham to'xtar, yursalar, u ham samoda suza boshlar edi.

    Sahroda na bir quduq va na bir ko'l ko'zga tashlanardi.

    Banu Isroil Onasidan yordam kutgan go'dak misoli Musoga tashnalik azobidan shikoyat qildi.

    Muso alayhis-salom Robbiga iltijo etdi.

    Axir undan o'zga madadkor bormi?!

    "Eslang (ey Banu Isroil) Muso o'z qavmi uchun suv tilaganida, "Asoingni toshga urgil", dedik. Bas, undan o'n ikki chashma otilib chiqdi har bir qabilaga (ular o'n ikki urug' edilar) o'z suvi ma'lum bo'ldi".

    Qorni ochgan Isroil farzandlari yana Muso alayhis-salom oldiga yugurishdi:

    - Sen bizni turli laziz mevalarga boy bo'lgan hushmanzara Misr eridan olib chiqding. Endi, mana bu qup-quruq sahroda bizga kim biron egulik beradi?!

    Muso yana Robbiga duo-iltijolar qildi. Axir undan boshqa kimga ham iltijo qilsin?!

    Alloh taolo ularga eguliklar tushirdi.

    Holva kabi laziz shirinliklar va bedana go'shti daraxt barglariga quyilib tushirildi.

    Mana shu Alloh tomonidan berilgan "shirinlik va bedanalar" edi.

    Mana shu — yaydoq sahroda Banu Isroilning Alloh tomonidan mehmon qilinishi edi.

     

Qayd etilgan


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:08:14

10. Kufroni ne'mat

    Lekin uzoq davom etgan qullik Banu Isroilga o'z ta'sirini o'tkazgan, ularning xulq-atvorini ancha o'zgartgan edi.

    Banu Isroil bola tabiatli bo'lib qolgandi. Ular hech bir narsada uzoq vaqt tura olmasdilar. Besabr, beqaror kishilarga aylanishgan edi.

    Shukri kam, nolishi ko'p, noz-zerikishi xo'b bu qavm ta'qiqlangan narsani xush ko'rib, berilgan ne'matlarni yoqtirmasdi.

    Hali hech qancha o'tmasdan turib ular yana nolishga o'tdilar:

    Ey Muso, bir xil taom jonimizga tegdi. Go'shtu holvalardan zerikdik.

    Erda o'sadigan ko'k-sabzavotlardan egimiz kelyapti.

    - "Ey Muso, bir xil taomga hech qanoat qila olmayapmiz. Robbinga duo qil, bizga erda unib-o'sadigan sabzavotlardan, bodring, sarimsoq, mosh, piyozga o'xshagan o'simliklardan chiqarib bersin".

    Muso ularning bu g'alati so'rovlaridan taajjubga tushib ham inkor, ham tanbeh, ham hayrat ohangida dedi;

    - "Yaxshi narsani past narsaga almashtirishni istaysizlarmi?"

    - Qush go'shtlari, holvalar kabi inson qo'li tegmagan noz-ne'matlarni tashlab ko'k-sabzavotlarni orzu qilasizlarmi?

    - Shohlar taomini dehqonlar eguligiga almashasizlarmi?

    - Eh sizlarning orzu-havaslaringiz?!

    Lekin Banu Isroil o'z talabida qattiq turib olib qayta-qayta so'rayvergach, Muso alayhis-salom ularga dedi:

    - Xohlagan shahringizdan aytayotgan narsalaringizni topasiz.

    "Qaysi shaharga tushsangizlar so'ragan narsalaringiz turibdi-ku?"

Qayd etilgan


ZUBAIR  13 Mart 2009, 00:08:43

11. Qaysar Banu Isroil

    Isroil farzandlari o'jar tabiatli bolaga o'xshardilar.

    Ular buyurilgan ishning teskarisini qilishni yaxshi ko'rishardi.

    Bu qavm o'zlariga aytilgan narsani albatta almashtirish kerak, deb turardi.

    Xuddi o'jar bolalar kabi: Agar siz ularga "Tur!", desangiz o'tirib olishadi. "O'tir!", degan buyruqni eshitishlari bilan sakrab turishadi. "Jim bo'l!", deyilganda gapirib, "Gapir!", deyilsa jim turishadi.

    Banu Isroilning o'jarligida nodonlik, jinnilarcha hatti-harakat va maraz ishoralar ham bor edi.

    Ular bir qishloqqa tushib uning sabzavotlaridan emoqchi bo'ldilar. Lekin Alloh taolo izn bergach:

    "Ushbu qishloqqa (Quddusga) kiringlarda, undan xohlagan joylaringizda eb-ichinglar. Darvozadan sajda qilgan holingizda kiringlar va "afv et" denglar, biz xatolaringizni mag'firat qilamiz va yaxshilik egalariga ziyoda ne'matlar ato qilamiz".

    Banu Isroil ushbu ilohiy amrdan o'zlaricha darg'azab bo'ldilar. Ular shaharga xohlamasdan istehzo qilib orqalari bilan er supirib-sudralib kirdilar.

    "Shunda zolim kimsalar ularga aytilgan so'zdan boshqa so'zni almashtirib aytdilar".

    Alloh taolo ular ustiga vabo balosini yubordi.

    Qavm itdek o'lib ketdi.

    Agar ularga bir narsa buyurilsa, titkilab qayta-qayta savol berishaverardi.

    Kishi bir ishni qilgisi kelmasa, turli bahonalar bilan vaqtni cho'zib yuraveradi. Hadeb savollar beradi.

    Banu Isroil orasida qotillik sodir bo'ldi. Odamlar har qancha urinmasinlar haqiqiy qotilni topisha olmadi. So'ng Muso alayhis-salom huzuriga keldilar:

    - Ey Allohning Payg'ambari! Mana shu masalada bizga yordam bergin. Robbingga duo qil. Qotilning kimligini bildirsin.

Qayd etilgan