HIKMATLAR. Jaloliddin Rumiy  ( 82623 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 20 B


Munavvara  13 Mart 2009, 22:29:05

O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Alisher Navoiy nomidagi
Til va adabiyot instituti

Mavlono Jaloliddin Rumiy

HIKMATLAR


Forsiydan O’zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol tarjimasi

Toshkent
O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
«Fan» nashriyoti
2007
Mavlono Jaloliddin Rumiy - jumla bashariyat nomini hamisha iftixor ila tilga oladigan buyuk ijodkor, betimsol alloma, uning "Masnaviyi ma’naviy" asari esa teran hayotiy o‘gitlar, bebaho hikmatu haqiqatlar xazinasidir. "Masnaviy"ni varaqlab, durdona pandu hikmatlarni saralab, aziz kitobxonlarimiz uchun ixcham bir saylanma tuzdik.
Umid ulkim, ulug‘ bobokalon shoirimizning muborak ruhi shod, uning ruhoniyatiga oshno bo‘lganlarning ko‘ngillari obod bo‘lgay...

Mas’ul muharrir:
To‘ra MIRZAYEV,
filologiya fanlari doktori, professor

So‘zboshi muallifi:
Ibrohim HAQQUL,
filologiya fanlari doktori

Nashrga tayyorlovchi:
Nodir RAMAZONOV

Muharrir:
Jabbor ESHONQUL

Qayd etilgan


Munavvara  13 Mart 2009, 22:31:19

HIKMAT - KO’NGIL CHIROG’I

Ma’lum ermasmu magar ibrat senga,
So‘z ochar so‘zni degan hikmat senga?
Jaloliddin Rumiy

Insonni sev! Uni e’zozla! Bu yangilik emas — juda qadimiy gap. Sevgi va e’zozga loyiq bo‘lolmasa-chi? Noloyiqni sevmoq, birinchidan, fahm-farosat pastligini ko‘rsatadi; ikkinchidan, muhabbatni tahqirlaydi; uchinchidan, insoniylik sharafiga ziyon yetkazguvchi bir ishdir. Chunki hamma kishi ham mehr-muhabbatga munosib bo‘lolmaydi.
Odamni bilish, odam tanishda hikmat ko‘p. Mana shunda adashildimi - bo‘ldi: to‘g‘rilik, insof, muruvvat, vijdon, mardlik - hamma-hammasida chalg‘ib ketiladi. Dononi - nodondan, oqilni - johildan, mardni — nomard va g‘irromdan ajratolmagan, rostlik va halollik qadrini yerga qorishtirib, o‘g‘rilik, muttahamlik va korchalonlikka keng yo‘l ochgan jamiyatning boshi esa musibatdan chiqmaydi, xususan, axloqiy, ruhiy ofatlar uni ichdan kemirib, yemirib yuboradi. Bunday vaziyatda so‘z ham, fikr ham ta’sir kuchini yo‘qotadi. Va o‘zi ishonmaydigan narsaga o‘zgalarni ishontirishta bel bog‘lagan, gapi boshqa, hol va amali mutlaqo boshqa vaysaqi, safsatabozlarning bozori qiziydi. Ammo ulardan hech qaysisi millat, yurt taqdiriga tegishli biror bir mas’uliyatni zimmasiga olmaydi.
Odamning taqdiri va istiqboli jamiyatda hal bo‘lganidek, jamiyatning ijtimoiy, axloqiy, fikriy sog‘lomligi ham odamning butunligi, komilligiga daxldor. Komil inson haqida ko‘p gapiramiz, o‘zimizcha kuyinamiz. Bu yaxshi, albatta. Lekin quruq gap bilan, yolg‘iz kuyinish yoki istak bilan insonni o‘zgartirib, komillashtirib bo‘lmasligini chuqur o‘ylab ko‘rmaymiz. Bizningcha, bu jabhada komil inson masalasini har jihatdan chuqur o‘rgangan tasavvuf allomalarining mulohaza, mushohada va xulosalariga ko‘proq tayanish joiz. "Komil inson" asarining muallifi, buyuk vatandoshimiz Azizuddin Nasafiy yozadi: "Shuni yaxshi bilgilki, odamlarning ko‘pchiligida insonlik qiyofasi bo‘lgani bilan odamiylik ma’nosi yo‘qdir. Bunday kimsalar esa aslida eshak, ho‘kiz, qurt-qumursqa, qoplon, ilon va chayonlardir. Nega, nima uchun bunday deya sira ajablanmaslik lozim. Chunki
har bir kent va shaharda ham ma’nan, ham jisman insonlik sharafiga sohib bir hovuch kishi bordir, xolos...".
Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlab o‘tsak. Insonning axloqiy poklanishi, tafakkur balog‘ati, bir so‘z bilan aytganda, komilligi borasida qadimda ilgari surilgan va asrlar mobaynida o‘zlashtirilib, amal etilib kelingan BOYA va tushunchalardan yiroqlashish, uzilish holati u yoxud bu tarzda butun bashariyat turmushida ko‘zga tashlanib turibdi. Buning bosh sababi Nasafiy bobomiz ko‘rsatgan nuqson - odamiylik ma’nosidan mahrumiyatning keng quloch yozishi erur. Darhaqiqat, o‘z ilohiy mohiyatini tushunish va mushohada qilishda insoniyat oldinga emas, ortga odimlagani inkor aylash mushkul bir haqiqat. Moddiy va texnikaviy taraqqiyot bashar nafsida yangi-yangi "o‘zan"lar ochdi...

Qayd etilgan


Munavvara  13 Mart 2009, 22:34:13

"Aniqki, biz jin va insondan ko‘plarini jahannam uchun yaratdik. Ularning dillari boru anglay olmaydilar, ko‘zlari boru ko‘ra bilmaydilar" (A’rof: 179) Dunyoni botindan bilish layoqatiga sohib odam Qur’oni karimdagi bu kalimalarga zarra qadar ishtiboh qilolmaydi. Shaytoniylik, hayvonlashuv, yirtqichlik shu qadar avj olib ketdi. Ayniqsa, G’arb dunyosidagi ma’naviy xastaliklar, xulqiy buhronlarni aytib ado qilish qiyin. Eng katta fojia esa botin va zohir orasidagi ziddiyat, hol va amalning keskin farqlanishidir. Pul, mol-mulk, mansab, martabaning kuch-quvvatiga ishonch, barcha ishonchning, jumladan, diniy hissiyotlarning ham tamali bo‘layotir. Hozir biror bir din va ilohiy maslak topilmaydiki, "butparastlik" unga suqilib kirmagan bo‘lsin.
Ma’lumki, odamlar ma’nan va ruhan mavjud borliq, ya’ni zohiriy dunyodan yuksakkka ko‘tarila olmaganliklari tufayli oltin, kumush, yoqut, dur kabi jismlardan go‘zal shaklda haykallar yaratib ularga topinganlar. Iloh deb shularga sajda etganlar. Va Olloh sifatlarini mana shu narsalarga nisbat berishgan. His qorong‘uligi, ko‘ngil ko‘rligi bunday bandalarni ilohiy nurdan butunlay yiroqlashtirib tashlagan. Shunday kimsalar yo‘qmi butun? Jahonning hamma joyida ularga duch kelish mumkin. Ular xohlasa dindor, taqvodor, istasa, kambag‘alparvar va fidokor siymosida ko‘rinadi. Biroq Ollohga emas, siyratidagi but-nafsga taslimdirlarki, qorin uchun ular dasturxonga ta’zim etishdan, manfaat va mavqe ilinjida amaldorga bel bukib tilyog‘malik qilishdan, boylik deb shaytonga siginishdan aslo tortinmaydilar. Imom G’azzoliyning mana bu so‘zlariga e’tibor bering: "... Bir jamoat bordurki... o‘zlarining bir rab ekanliklariga inonurlar. Masalan, go‘zal bir inson, bir daraxt, ko‘rkam bir ot yoki boshqa bir qimmatbaho narsani ko‘rishlari zamon darhol unga sajda qilurlar va "U rabbimizdir", derlar..."
Xoh ishoning, xoh ishonmang, ana shu qavmga mansub zotlar hozir ko‘paygan. Faqat ular otgamas, narxi baland xorijiymashinasiga, daraxtgamas, hashamatli imoratlariga, jonining "jonona"siga do‘ngan allaqanday jihozlariga sig‘inishadi. Eng qizig‘i, bular ham "sun’iy go‘zallikka emas, balki tabiiy go‘zallikka" sajda etib, qalblari "go‘zallik nuri ila pardalanib" buzilganini tasavvur ham etolmaydilar.
Umuman, Haq va haqiqatdan olis, na olam, na odam hikmatini idrok qilib bilmaydigan bandaning g‘ayrati ham, tashabbusi va himmati ham xosiyatsiz. "Taom bilan to‘lgan medada hikmat bo‘lmas", deydi Zununi Misriy. Bu - nafs, hirs, tama bandalari hikmatdan benasibdurlar degani bo‘ladi. Chunki, hikmat pokiza ko‘ngil va tazkiya topgan ruhlarga Olloh tomonidan tuhfa yuboriladigan ilohiy so‘z hamda ma’nolardir. Hikmat ahli xos kishilar, ya’ni chin faqir, orif, diydortalab oshiq va abdollar bo‘lgan. Ularning ilmi - laduniy ilm, vujudlari esa ma’rifat suvi bilan yuvilgan. Hikmat egalarining dunyoni anglashlarida tafakkur va sukut alohida o‘rin tutganligi uchun tabiatlarida shoshqinlik, yakravlik, kibr singari nuqsonlardan tozalangan. Rumiyga ko‘ra "Hikmatlar - Alloh lashkaridur, ular Haq, haqiqat bayrog‘ini ko‘tarib, ko‘ngullarni zabt qilur". Bu e’tirof Mavlono hikmatlariga ham to‘la tegishli.

Qayd etilgan


Munavvara  13 Mart 2009, 22:45:50

Abdurahmon Jomiy hazratlari:
G’arqi daryoiy tafakkur shudaem,
Tahnishin chun sadafu dur shudaem, -

deydilar. Chunonchi: biz tafakkur daryosining qa’riga sho‘ng‘idik. Shu uchun sadaf va durga o‘xshab joyimiz pastda - eng chuqurlikdadir. Aqli va dili hikmatga to‘lgan zotlarning, xususan irfon narhidan qonib-qonib suv ichgan haqiqatparastlarning sifat va fazilatlari xuddi shundaydir.
Abu Hasan Bushanchi "Bugun tasavvuf, haqiqatidan mahrum bir ismdir. Bundan oldin esa ismsiz bir haqiqat edi", deydi. Ya’ni: tasavvuf atamasi sahoba va salaf zamonida mavjud emasdi. Biroq ularning har birida buning ma’nosi mavjud edi. Endi esa tasavvufning nomi bor, ammo haqiqat va hikmati yo‘qdir. Ushbu fikrni hozirgi kunlarga ham tadbiq qilsa bo‘ladi. Chunki tasavvuf mavzuida aytilayotgan va yozilayotgan mulohazalarning ko‘pi uning haqiqati, sirli hikmatidan ko‘ra tashqi yoki allaqachon eskirib ulgurgan jihatlariga tegishlidir. Tasavvufning hayotiy ruhi, bebaho duri gavhari, sir-asror xazinasi va go‘zallik shukuhini qaerdan izlash haqida so‘ralsa, hech ikkilanmasdan, adabiyot va san’atni tilga olish lozim. Tasavvuf targ‘ibu tashviqiga safarbar adabiyot ham juda ahamiyatli va ibratli. Lekin tasavvuf olami va haqiqatlari badiiy talqin qilingan Ishq, Ruh, Ko‘ngul, Irfon va Zavq adabiyoti yanada go‘zal, yanada ta’sirlidir. Bu adabiyotda nainki so‘z va ma’no, ohang, rang, tasvir ham o‘zgacha, ya’ni ruh va ko‘ngulni yolqinlantiruvchidir. Mavlono Jaloliddin Rumiy asarlari shu uchun dunyo ahlining yuragini zabt aylab, o‘ziga asir etgan.
O’zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol keyingi yillarda tarjimon sifatida bir qator xayrli va zo‘r ishlarni amalga oshirdi. O’zbek o‘quvchilari uning tarjimasida sharq irfoniy adabiyotining shoh asarlari - Fariduddin Attorning "Mantiqut tayr", Jaloliddin Rumiyning olti jildlik "Masnaviyi ma’naviy"sini o‘qish imkoniga ega bo‘lishdi. "Masnaviy"ning har bir kitobi bor-yo‘g‘i ming nusxada chiqqani inobatga olinsa, uni o‘qiganlar soni orzu darajasida emasligi o‘z-o‘zidan anglashiladi. Holbuki, "Masnaviy" bugun dunyo jamoasini qiziqtirib, bashariyatning najot, umid kitobidan biri bo‘lib turibdi. Ma’lumotlarga ko‘ra so‘nggi vaqtlarda Amerika Qo‘shma Shtatlarida tez-tez nashr etilib, eng ko‘p xarid qilinayotgan kitob "Masnaviy" ekan. Uni o‘qish, o‘rganishga ehtiyojmandlik bizda ham hech bir eldan oz yoki past emas. Shuni nazarda tutib Mavlono hikmatlaridan kichik bir guldasta tuzdik. Bu hikmatlar tuyg‘u va tushunchada tozalik, imon va e’tiqodda halovat demak. Mavlononing so‘z va fikrlaridagi hikmat — insoniylik qadri va sharafini hayvoniy, shaytoniy hirsu ofatlardan ajratish demak.
Sharq donishmandlaridan biri kambag‘al va qashshoqlarni boylikdan nafratlanish, molu dunyoni qoralashga o‘rgatmanglar, odam oldin badavlat bo‘lib, ana undan so‘ng boylikni nazarga ilmaydigan saviyaga yuksalmogi lozim, degan ekan. Bu - to‘g‘ri gap. Xalqimiz bejiz "Ko‘rmaganni - ko‘rgani qursin", demagan. Ochdan, qashshoqdan chiqqan nazari past kimsa dunyo boyligini yig‘sa ham baribir to‘ymaydi, "mol yig‘ishtirur lain"ligicha qolaveradi. Va bunaqa gushnalarning millatga, yurtga, ilm-fan yoki adabiyot va san’atga hech foydasi tegmaydi. Ollohga shukrki, elimiz orasida adabiyotni sevadigan, ilm-fan, ma’rifat qadr-qimmatini har qanday moddiy boylikdan baland ko‘radigan sarmoyadorlar ba’zan uchraydi. Siyrak bo‘lsa-da, bor ular. Mazkur kitob shunday insonlardan birining tashabbusi va himmati bilan chop etildi. Bundan ko‘pchilik minnatdor, Mavlononing ruhlari shod bo‘lur, degan umiddamiz. Axir ma’rifat hamisha madadga muhtojligini Rumiy hazratlari ham inkor qilmaganlar. Haq mayining ayricha toti bor. Mavlono demishlarki:
Haq mayidin kimsa bir kultum ichar,
Bir emas, ul ikki olamdin kechar.
Ul musaffo may sururi o‘zgacha,
Mastligi etgay davom mahshargacha.

O’ylaymizki, ushbu hikmatlarni o‘qigan har bir kitobxon Haq mayidan qultumlab, qon va jonida o‘zgacha surur uyg‘onishini his etarkan, bunga o‘zi ishonch hosil qiladi.
Ibrohim Haqqul,
filologiya fanlari doktori

Qayd etilgan


Munavvara  13 Mart 2009, 23:15:11

BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYM

Tingla naydin, chun hikoyat aylagay,
Ayriliqlardin shikoyat aylagay.

Men qamish erdim, kesib keltirdilar,
Nola cheksam, el hama oh urdilar.

Siyna istarmen to‘lo dardu firoq,
Toki so‘ylay sharhi dardu ishtiyoq.

Kim yiroq tushsa, yo‘qotsa aslini,
Boz izlar ro‘zgori vaslini.

Davralar ko‘rdim necha nolon bo‘lib,
Davradoshim g‘amginu shodon bo‘lib.

Har kishikim bo‘ldi bir dam yor menga,
Bilmadi yordir nechuk asror menga.

Sirrim ermas nola-ohimdin yiroq,
Garchi nur ko‘zu qarog‘imdin yiroq.

Tanga jonu jonga tan mastur emas,
Jonni ko‘rmak kimsaga dastur emas.

O’t erur nayning navosi, yel emas,
Kimda o‘t yo‘qdir, yo‘qolsin, el emas.

Nayni yondirgan o‘shal ishq otashi,
Mayni yondirgan o‘shal ishq otashi.

Qayd etilgan


Munavvara  13 Mart 2009, 23:17:12

Yordin ayrilganga nay yordir, ne bok,
Pardasi pardamni etmish chok-chok.

Nay kabi bir zahru taryoq qayda bor?
Nay kabi damsozu mushtoq qayda bor?

Qonli yo‘llardin hikoyat aylagay,
Ne emish savdoyi Majnun, so‘ylagay.

Bo‘yla hushdir, mahrami behush, bas,
Mushtari unga quloqdin boshqamas.

Kunlarim tun qa’riga jo bo‘ldilar.
O’rtanishlar menga hamroh bo‘ldilar.

Ishq ila kimning yaqosi chok erur,
Hirsdin ozodu aybdin pok erur.

Ey omon bo‘l ishq - ajib savdoyimiz,
Ey hakimi hoziqu donoyimiz.

Lablariga yetsam ul damsozni,
Nay kabi men sochgay erdim rozni...

Kimki bo‘lsa hamzabonidin judo,
Bezabondir garchi unda yuz navo.

Chunki, gul ketsa guliston qolmagay,
So‘ngra bulbul birla doston qolmagay...

Qayd etilgan


Munavvara  13 Mart 2009, 23:23:55

Rabbanodin barcha istarmiz adab,
Beadab ko‘rmas jahonda lutfi Rab.

Yo‘q, faqat etmas o‘ziga ul yomon,
Beadab urgay jahonga o‘t hamon.

Nurga to‘lmishdir adab birlan falak,
Ham adabdin ma’sumu pokdir malak.

Kun tutilsa ko‘kda, gustohlik sabab,
Ko‘kdin haydaldi Azozil, beadab...

* * *

Xastaga mehru muruvvat ko‘rsatib,
Har ne lozim, ko‘rdi, tekshirdi tabib.

Boisi safro emasdi ul butun,
Bilsa bo‘lgay, ne o‘tindin ne tutun...

Zoridin bildi, nechuk zor erdi dil,
Tan salomat, lek giriftor erdi dil.

Keldi oshiqlik ko‘ngilning zoridek,
Yo‘q bemorlik ko‘ngil bemoridek.

Dardi oshiq o‘zgadir olam aro,
Ishq - usturlobi asrori Xudo.

Aql ishq sharhida ojiz ne tariyq,
Ishq ne, oshiq nedir, anglatdi ishq...

Qayd etilgan


Munavvara  13 Mart 2009, 23:25:01

* * *

Gar tikan botsa oyoqqa, begumon
Tizzaga olgung oyoqni shul zamon.

Igna birla chiqmasa ul bir yo‘la,
Lab bosib, olmoq bo‘lursan tish ila.

Bas, tikan botsa oyoqqa, bul azob,
Dilga sanchilsa, ne bo‘lg‘ay, ber javob?

* * *

Mustafo dediki, kim sir tutgusi,
Sir nihon aylab, murodga yetgusi.

Donalar chun yerga pinhon bo‘ldilar,
Barq urib so‘ng sabza, rayhon bo‘ldilar.

Simu zar gar bo‘lmasa ko‘zdin nihon,
Bo‘lmas erdi simu zar berguvchi kon...

* * *

Chashmaning boshi kesilsa, xullasi,
Boisi - mavji, ziloli jilvasi.

O’z pati tovusga dushmandir, qarang,
Chunki ul patning jilosi turfarang.

Bul jahon - tog‘, fe’lu atvoring - nido,
Ul nidoni senga qaytargay sado...

* * *

Ul qizil guldir ochilgan, xun dema,
Ul aqldin mast erur, majnun dema.

Kimki to‘ksa bir musulmon qonini,
Kofir o‘lgum, tilga olsam nomini.

Larza solgay Arshga ham madhi shaqiy ,
Badgumon bo‘lgay bu so‘zdin muttaqiy .

Shoh bo‘lsa, yurtga ogoh bo‘lsin ul,
Xos bo‘lsin, xosi Olloh bo‘lsin ul...

Qayd etilgan


Munavvara  13 Mart 2009, 23:28:16

* * *

Sen azizlarni o‘zingdek bilmagil,
Garchi o‘xshashdir yozuvda "sher"u "shir".

Jumla olam shul sabab gumroh erur,
Kam kishi Haq ahlidin ogoh erur.

Ba’zilar o‘zni nabiy deydi, xolos,
Avliyoni o‘ziga aylar qiyos.

Der: ular ersa bashar, biz ham bashar,
Biz-da non yermiz, ular-da non oshar.

Vah, ular ko‘rmas va bilmas hech qachon
O’rtada bordir tavofut onchunon.

Arilar ham turfadirkim, har mahal
Bittasi zahru biri yiqqay asal.

Ikki ohu bir giyoh yer, sarhisob:
Bittasidin go‘ng, biridin mushki nob.

Ul qamishlar bir ariqdin suv ichar,
Bittasi bo‘m-bo‘sh, birida qand, shakar.

Boqki, o‘xshash jonu jonzot qanchalar,
O’rtada farqu tafovut munchalar.

Ul yesa, undan palid bo‘lgay judo,
Bul yesa, kelgay nuqul nuri Xudo.

Ul yesa, kelgay faqat buxlu hasad,
Bul yesa, bo‘lgay faqat ishqi Ahad...

Harf - idish, ma’no - idishda suv hamon,
Bahri ma’no ham kitob ichra nihon.

Bahri talx, bahri shirin ham mavjlanur,
Lek qo‘shilmas, bir-biridin ajralur...

Qayd etilgan


Munavvara  13 Mart 2009, 23:35:56

* * *

Sen razm sol, ikki yuzni et qiyos,
Balki bo‘lgaysen bu ishdin ro‘shinos.

Jumla iblislarda odamyuzli, bas,
Har kishiga qo‘l berish ham yaxshimas.

Kahru shahvat kimsani aylar g‘ilay,
Ko‘p yomon yo‘llarga ruhni boshlagay.

Bas, g‘araz kelsa, hunar kiygay niqob,
Parda tushgay ko‘zga ko‘ngildin shu tob...

* * *

Gar hasad ko‘nglingga solsa bir g‘uluv,
La’nati Iblisning etgan kori bu.

Ul hasad aylab, mudom jang aylagay,
Odamiyning holini tang aylagay.

Ehtiyot bo‘l, yo‘lda ul tosh bo‘lmasin,
Shum hasad yo‘lingda yo‘ldosh bo‘lmasin.

Gar jasad ermish hasad uyi, va lek,
Ul jasadni pok etur Ollohi nek.

Behasadga aylasang makru hasad,
Ko‘p qaroliklar chekar ko‘nglingga sad.

Mardi Haq bo‘l, bo‘l hasaddin beg‘ubor,
Bizga o‘xshab sen uni tuproqqa qor...

Qayd etilgan