HIKMATLAR. Jaloliddin Rumiy  ( 82683 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 20 B


Munavvara  19 Mart 2009, 23:27:39

* * *

Jon berar erdi iti, unga qarab,
Voy, itim, derdi-da yig‘lardi arab.

Bir tilanchi so‘rdikim, ey bag‘ri xun,
So‘ylagil, bul ohu faryoding nechun?

Dedikim, sodiq itim bor erdi, hay,
Jon berar yo‘l uzra bundoq, ne qilay?

Kunduz ovchim, kechalar soqchim edi,
O’g‘rilar yo‘liga poyloqchim edi.

So‘rdi: yetmishmu magar zahmu ziyon?
Dedikim, ochlikdin o‘lgaydir hamon.

Dedi: sabr ayla mashaqqatlarga, bas,
Lutfi Ollohdin yetishgaydir evaz.

So‘rdi so‘ngra: xurjuningda, ey xo‘jam,
Ne emishdir, qappayibdir muncha ham.

Dedikim, yo‘l ozig‘im bul, ne emish,
Nonu go‘sht birlan yana anvo yemish.

Itga ham bersang-chi andin bir adad?
Dedi: yo‘qdir menda lutfu marhamat.

Yo‘lda pulsiz, aqchasiz kelmaydi non,
Ko‘zdagi yoshim tekindir, roygon.

Dedi: ey boshingga tuproq, ho‘ppa mesh,
Non senga ko‘z yoshidin avlo emish...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 23:28:24

* * *

Sen oyoqqa boq, qanotga boqma, hay,
To yomon ko‘zlar oyoqdin olmagay.

Tog‘ni silkitgay yomon ko‘z ta’ziyqi,
"Yuzliqu"ni ol-da, Qur’ondin o‘qi.

Ul Muhammad ham jahonda tog‘ edi,
Qup-quruq yo‘l uzra toydi, munkidi.

Bir nafas qoldi taajjub ichra ul,
Dedikim, ermas magar behuda bul.

Keldi oyat shunda, ogoh ayladi,
Bul-yomon ko‘z kasridir, deb so‘yladi.

Sendin o‘zga bo‘lsa, lo bo‘lgay edi,
Ul yomon ko‘zdin fano bo‘lgay edi.

Ismatim yetdi himoyat aylabon,
Toyganing erdi falokatdin nishon.

Ibrat ol tog‘ holidin, ey mayda cho‘p,
Sen o‘zingni elga ko‘z-ko‘z etma ko‘p...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 23:28:37

* * *

Ey Rasulilloh, odamlar bor chunon,
Ko‘z bila kalxatni o‘ldirgay hamon.

Ko‘z bila hattoki sherni tig‘lagay,
Tig‘lanib ko‘zdin, arslon yig‘lagay.

Tevaga tashlab nigohin bir humom,
Ortidin so‘ngra yuborgaydir g‘ulom.

Yog‘idin keltur, degay, osh etgulik,
Qul ko‘rar ul tevani yo‘l uzra muk.

Poygada otlardin o‘zgay erdi to,
Xastalik bois bo‘lib, boshdin judo.

Shum hasad bois bo‘lib beshubha-shak,
To‘g‘ri ermas, egri aylangay falak.

Suv nihon ersa, chig‘irdir oshkor,
Lek chig‘ir tortishda suvdir e’tibor.

Har yomon ko‘zning da’vosi yaxshi ko‘z,
Har xunuk ko‘zning balosi yaxshi ko‘z.

Yaxshi ko‘zlar lutfu rahmatdin kelur,
Lek yomon ko‘z qahru la’natdin kelur...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 23:28:49

* * *

Ko‘rmaguncha to Musoning morini,
Chin degaylar jodugarlar korini.

Qushki aslo ichmamish obi zilol,
Sho‘r, taxir suvlarga urgay parru bol.

Zidni zid yonida bilgaysen, ayo,
Dardki kelgay, unga izlarsen davo.

Lojaram, dunyo muqaddam keldi, bas,
Toki bilgaysen o‘shal qadri Alast.

Bul jahondin ul jahonga qaytasen,
Ul shukur uyida shukron aytasen:

Unda tuproqlarni men sochdim necha,
Bul jahoni pokdin qochdim necha.

Ey darig‘o, koshki oldinroq ajal -
Kelsa, chekmasdim azobim munchalar...

Qayd etilgan


Munavvara  21 Mart 2009, 12:35:06

* * *

Eyki, bundoq aylagan tuproqni zar,
Eyki, tuproqdin yaratgan Bulbashar.

Gar ishing - tabdilu a’yonu ato,
Qilmishim - yanglish, unutmoqlik, xato

Yanglishu nis’yonim olgil, ber bilim,
Men g‘azabdirmen, bag‘ishla sabru hilm.

Ey taxir tuproqni chun non aylagan,
Ey o‘lik nonlarni so‘ng jon aylagan.

Eyki, hayron jonni rahbar aylagan,
Eyki, yo‘l bilmasni sarvar aylagan.

Bo‘ylakim, yerdin yaratding osmon,
Yerda yulduzlarni ham etding ayon.

Kimki topgay dahr aro obi hayot,
Ko‘z ochirmay, unga yetgaydir mamot.

Dil ko‘zi-la kim nazarni burgusi,
Har zamon bir turfa savdo ko‘rgusi.

Tan libosikim, bu yanglig‘ sir erur,
Tanni tan etgan o‘shal iksir erur...

Qayd etilgan


Munavvara  21 Mart 2009, 12:35:30

* * *

Ko‘zni ko‘rmas aylasa, sho‘r aylagay,
Suvki sho‘rdir, ko‘zni ul ko‘r aylagay.

Ko‘ngli ko‘rdir ahli dunyo ul sabab,
Haqni ko‘rmaslar shu obu gil sabab.

Yo‘qsa gar obi hayoting chun zilol,
Sen o‘shal sho‘r suvni ich, ko‘rlikni ol.

Bo‘yla holatda baqo istab to‘la,
Zanjidek shodsen qaro yuzlik bila.

Zanjiga ne ul qarolik, ganjidir,
Chun azaldin ul qarodir, zanjidir,

Ulki ul ko‘rku safolik izlagay,
Yuz qaro bo‘lsa, tadorik izlagay.

Gar uchar qush yerda, uchmasdan qolur,
G’ussavu dardu alamdin dod solur.

Uy qushi yurgay zaminda yo‘rg‘alab,
Donu suvni uyda etgaydir talab.

Ul azaldin sohibi parvoz emish,
Bul azaldin sustu beparvoz emish...

Qayd etilgan


Munavvara  21 Mart 2009, 12:36:33

* * *

Ovladi ohuni bir sayyod, keyin,
Sudradi og‘ilga hech rahm etmayin.

Ko‘p edi og‘ilda eshshak, mol-ho‘kiz,
Qoldi ul og‘ilda ohu chorasiz.

Qo‘rquv ichra o‘zni urdi har tomon,
Tunda sayyod soldi oxurga somon.

Xo‘kizu eshshak somonni yerdilar,
Bul somonmas, shahdu shakkar, derdilar.

Har taraf o‘zni urardi ohujon,
Chang-g‘ubordin yuz burardi ohujon.

Kimki nojins birla hamdam bo‘lgusi,
Tong emaskim, ul tiriklay o‘lgusi...

* * *

Yuz sanoch oltinni to‘ksang, ey g‘ani,
Haq degaykim, topganing ko‘ngil qani?

Rozi ersa gar ko‘ngil, men rozimen,
Yuz o‘girsa sendin ul, norozimen.

Sengamas, ko‘z tashlagum ko‘nglingga men,
Tuhfa aylab, keltir ostonamga sen.

Senga ko‘ngildir nechuk, men ham chunon,
Onalarning poyi ostida - jinon.

Elga ota-ona ermishdir ko‘ngil,
Baxtlidir ko‘ngilni ko‘rgan kimsa ul.

Senga keltirdim, degaysen, dilni man,
Ul degaykim, bo‘yla dillar ne pisand.

Qutbi olam bo‘lgudek ko‘ngil kerak,
Joni odam bo‘lgudek ko‘ngil kerak.

Bir ko‘ngildirkim, musaffo, benazir,
Unga ul sultoni olam muntazir...

Qayd etilgan


Munavvara  21 Mart 2009, 12:37:57

* * *

Dedi Ibliskim, ayo Razzoqi toq,
Ber menga insonni ovlashga tuzoq.

Siymu zar berdi, bedovlar rangba-rang,
Dedi: etgay bu xaloyiqni garang.

Yaxshidir, dedi lain, ko‘rgach ani,
Yuz burib, bujmaytdi lekin aftini.

So‘ng duru gavhar va ma’danlarki, xush,
Berdi Haq Iblisga, chun olguvchi hush.

Dedi: ol ushbu tuzoqni, ey lain,
Dedikim, ber menga bundan yaxshisin.

Moy, asal, halvoyu sharbat berdi Haq,
Zar, ipak to‘n, ya’ni, xil’at berdi Haq.

Dedi: yo Rab, yaxshirog‘in ber atay,
Toki insonlarni bog‘lab, band etay.

Sen ila mast erlaringkim bor abad,
Ul tugun, bog‘larni uzsinlar faqat.

Ul tuzoq insonni taslim aylasin,
Mard ila nomardni ajrim aylasin.

Bir tuzoq ber o‘zga, ey sultoni taxt,
Toki inson aqlini etsin karaxt.

Oldiga changu sharobni qo‘ydi bot,
Sal kulimsab qo‘ydi Iblis, jilla shod.

So‘ng azal izlolidin berdi xabar,
Fitna daryosin, dedi, ul chayqatar.

Qayd etilgan


Munavvara  21 Mart 2009, 12:38:52

Dedi: Muso erdi senga banda, qul,
Dengiz ortini qo‘pormish erdi ul.

Tirqirab suv, bir-birin yiqmish edi,
Loy-g‘uborlar suv uza chiqmish edi.

Shunda Haq ko‘rsatdi xotin husnini,
Er kishining aqlin olgay, sabrini.

Qars urib, Iblis o‘yinga tushdi shod,
Dedi: bergil, hosil o‘lgaydir murod.

Ko‘rdi ul ko‘zlarki erdi nurxumor,
Bir boqib, aqlu xirad ham beqaror.

Ko‘rdi ul yuzlarki naq kunday edi,
Shu’lasi dillarni kuydirgay edi.

Chehravu xol, qoshu lablarkim, aqiq
Shu’lai Haqdek go‘zal erdi, yoniq.

G’amzavu nozlarga bir ko‘z tashladi,
Charx urib, raqs aylamoqqa boshladi...


Qayd etilgan


Munavvara  21 Mart 2009, 12:39:21

* * *

Sajda etmishdi malak ham husniga.
Asta-asta yetdi barham husniga.

Odamiy oh chekdi bunga, Haq dedi:
Ko‘p umr ko‘rding, gunohing shul edi.

Jabrail tutdi basharni, sudrabon,
Chiq, dedi, xushlik diyoridin hamon.

So‘rdi: izzat erdi, ne izlol bul?
Bul adolatdir, dedi, lutf erdi ul.

Dedikim, hoy, sajda etmishding hama,
Endi jannatdin bu quvmog‘ing nima?

Bor libosimdin ayirdi imtihon,
Bir og‘ochdirmen magar, bargim xazon.

Yuzlarimki, rashk etardi oy anga.
Keksayib, bujmaydi, endi voy menga.

Boshda sochim hurpayib, ko‘rkam edi,
Tos bo‘lib, bitdi, to‘kiddi, qolmadi

Qomatim ham nayza erdikim, sinon,
Bukchayib qoldim, netay, qaddim kamon.

Lola rangim za’faron bo‘ldi bugun,
Sher kuchim bitdi, tamom bo‘ldi bugun.

Pahlavonni ham yiqardim ul kuni,
Endi bir eplab yuritgaylar meni.

Bul bari - jonimga yo‘ldosh yo‘lchidir,
Har biri - menga o‘limdin elchidir...

Qayd etilgan