HIKMATLAR. Jaloliddin Rumiy  ( 82679 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 B


Munavvara  22 Mart 2009, 12:43:57

Yo‘q emas, ortida bordir bir kuchi,
Har ne aylanganni aylantirguchi.

Bas, nechuk kelgay-da, ketgay kun, kecha,
Bo‘lmasa ortida qodir bir xo‘ja?

Ne savollar ichra yurgaysen malol,
Bul jihatni ham o‘zingga ber savol.

Uyni tiklovchi binokordir, o‘g‘il,
Yo binokorsiz-da tiklangaymu ul?

Xatni xat qilguvchi kotibdir o‘shal,
O’z-o‘zicha xat yozilgaymu magar?

Jim-qulog‘u ayn-ko‘zu mim-og‘iz,
Yozmasa kotib, yozilgaymu nafis?

Sham yongaymu bilimdon yoqmasa,
Tun aro bir ahli irfon yoqmasa?

Qo‘li cho‘ltoq, ko‘zi ko‘r bo‘lsa, so‘nik,
Ul kishi san’at yaratgaydir nechuk?

Baski bilding, qahr etib turguvchi kim?
Qahr etib, boshingga chun urguvchi kim?

Qayd etilgan


Munavvara  22 Mart 2009, 12:44:20

* * *

Bir kishi qo‘chqor yetaklab, erdi band,
Ipni kesdi o‘g‘ri, chaldi ilkidan.

Sho‘rlik ogoh bo‘ldi, chopdi o‘ngu so‘l,
Axtarib qo‘chqorni topmoq bo‘ldi ul.

Ko‘rdi bir kimsa quduqning boshida,
Qayg‘usi oshkor edi ko‘z yoshida.

So‘rdi: ne bo‘ldi? Dedikim, voy inim,
Shu quduqqa tushdi hamyon oltinim.

Gar olib chiqsang, madad bersang menga,
Yuz dinorning o‘ttizin bergum senga.

O’yladi ul sodda ko‘ngilning quli:
Kam emas bu, o‘nta qo‘chqorning puli.

Bir eshik yopganda ochdi o‘ntasin,
Oldi bir qo‘chqorni, berdi tevasin...

Qayd etilgan


Munavvara  22 Mart 2009, 12:44:36

To‘n yechib, tushdi quduqqa da’fatan,
Ildi-qochdi o‘g‘ri joma-to‘nni ham.

Chora top, manzilga eltsin ul seni,
Eltsa ofatga, tamah deb bil ani.

O’gridir, bir fitna siyratdir tamah,
Har nafas bir o‘zga suvratdir tamah.

Banda bilmas makrini, bilgay Xudo,
Haqqa bor, qolsin alamda ul dag‘o .

* * *

Jon base chekding-ku, ozod bo‘lmading,
Muddao o‘lmokdik erdi, o‘lmading.

O’lmaguncha mehnating bo‘lmas tamom,
Narvonsiz tomga chiqmog‘ing gumon.

Balki ul bir-ikki poya kam bo‘lur,
Tom senga yuksak va nomahram bo‘lur.

Yetmasa arqon quduqqa, bo‘lmagay,
Sen tushirgan ko‘za suvga to‘lmagay.

Kelmaguncha so‘nggi yuk og‘ir, garon,
Kema g‘arq bo‘lgaymu suvga, ey falon?

Qayd etilgan


Munavvara  22 Mart 2009, 12:44:53

Ne etar bo‘lsa, o‘shal yuk etgusi,
Vahmu vasvos kemasin cho‘ktirgusi.

Aqlu hush g‘arq bo‘lsa suvga misli tosh,
O’zni ko‘rgaysen falak uzra quyosh.

O’lmading, chun bo‘ldi jon chekmak daroz,
Yon, ado bo‘l tongda, ey sham’i Taroz.

Bo‘lmaguncha yulduzing ko‘zdin nihon,
Nur taratmas senga xurshidi jahon...

* * *

Bir kishi so‘rdi amirdan ot-ulov,
Ul dedi: ol, senga bo‘lsin shul bedov.

Men bu otni istamasmen, dedi ul,
Olg‘a yurmas, ortga tislangay nuqul.

Shunda mir o‘rgatdi ishning yo‘rig‘in,
Boshin ermas, uyga burgul quyrug‘in.

Nafsing oti quyrug‘i shahvat magar,
Shul sababdin ortga tislangay o‘shal.

Ko‘kdin ermish, angla shu buyruqni sen,
Oxiratga bur o‘shal quyruqni sen.

Bermasang shahvatga nonu oshini,
Ul egar aqli sharifga boshini...

Qayd etilgan


Munavvara  22 Mart 2009, 12:45:08

* * *

Keldi giyloniyga yo‘qsil bir gado,
Qo‘l ochib, xayri duo etdi ado.

Chun duoe etdi ul olganda non:
Manzilingga Tangri yetkazsin omon.

Dedi giyloniy: bu uy-manzil manim,
Manzilingga Tangri yetkazsin seni.

Ahli g‘ofil bo‘ylakim kor aylagay,
So‘ylama, gavhar so‘zing xor aylagay.

Har kishi ham so‘zni uqmog‘i qiyin,
Qaddi bastni ko‘r-da, to‘n bichgil keyin...

* * *

Bir eshikka bir gado kelmish edi,
Yoki qotgan, yoki yumshoq non, dedi.

Dedi sohibxona: bunda non qani?
Non do‘konidin so‘rab, axtar ani.

Dedi: jindak yog‘ xayr etsang-da bas,
Dedi: bu qassob do‘koni ham emas.

Dedi bir kaf un xayr etgil, jigar,
Dedi: bu senga tegirmonmu magar?

Dedi: bir jom suv uzatgil bo‘lmasam,
Dedi: bu anhor emasdir, chashma ham.

Xullasi har ne tilandi, so‘rdi ul,
Yo‘q, debon keldi javobi, yo‘q nuqul.

Shunda uyga kirdi, dedi: qistadi,
Cho‘nqayib, hojat qilishni istadi.

Dedi: hay-hay, ne etarsen xonada,
Bir yozilgum, dedi shul vayronada.

Bas, tiriklikdin yiroq bir xona ul,
Uy emas, aslida hojatxona ul...

Qayd etilgan


Munavvara  22 Mart 2009, 12:45:28

* * *

Kim yomon bir do‘stgakim sabr aylagay,
Sabr ila ko‘nglin munavvar aylagay.

Sabr etib oy tunga, ko‘kda to‘yi bor,
Gul tikanga sabr etib, obro‘yi bor.

Sabr etib, sher yo‘lni poylaydir necha,
O’lja bo‘lgay so‘ngra unga tevacha.

Sabr aylab anbiyo ham har qachon,
Xosi Haq bo‘lmish ular, sohibqiron.

Gar kishi egnida yangi to‘n erur,
Sabru bardosh birla yetmish to‘nga ul.

Gar kishi ersa yalang‘och, benavo,
Besabrdirkim, erur yo‘qsul, gado.

Kimda ersa dardu og‘riq shiddati,
Balki, bir makkor ila bor ulfati.

Sabr etib, gar Haqqa etsayding vafo,
Sen tushib hijronga, chekmasding jafo...

Qayd etilgan


Munavvara  22 Mart 2009, 12:45:40

* * *

Ko‘z-bulut, ko‘ngil - chamandir, jilvagar,
Gar bulut ko‘zyoshi to‘ksa, bog‘ kular.

Yil agar ofatli kelsa, oftob
O’t sochib, bog‘larni qilgaydir xarob.

Yig‘lamoqlik amrini Haq berdi, lek,
Tirjayarsen muncha kuygan kalladek.

Sham kabi ko‘zyoshi to‘kkil, yig‘lagil,
Sham kabi o‘ini munavvar aylagil.

Ota-ona koyisa, istar samar,
Yetmasin der senga bir zahmu zarar.

Kulgular zavqini totding begumon,
Endi yig‘lash zavqini tot, ey falon.

Gar jahannam yodi yig‘latsa seni,
Jannatul ma’vodin ortiq bil ani.

Kulgular izla chu ko‘z yosh ichrakim,
Ganj yotur vayronalarda, ey salim.

Zavqu shavq g‘amlarda ermishdir, ayo,
Obi hayvon bo‘ldi zulmat ichra jo...

Qayd etilgan


Munavvara  22 Mart 2009, 12:45:52

* * *

Yorga yetgach, xomush o‘ltirmoqni bil,
Sen uzukka o‘zni gavhar etmagil.

Boq o‘shal jum’a namozga, damni yut,
Jumla jamdirlar va etgaylar sukut.

Ayla xomushlikni o‘zga chin makon,
O’zgalarga aylama o‘zni nishon.

Dedi payg‘ambar, sharaf bo‘lsin anga,
Do‘stu yoring yo‘lchi yulduzdir senga.

Ko‘zni yulduzlarga tik, tark aylama.
So‘z nazarga rahna solgay, so‘ylama.

Ikki - uch so‘z to‘g‘ri so‘ylarsen, falon,
Egri so‘zlar so‘ngra kelgay nogahon.

Ma’lum ermasmu magar ibrat senga,
So‘zni so‘z ochgay, degan hikmat senga?

To‘g‘ri so‘zni aytmoq istarsen yonib,
Egri so‘zga yondashursen tiyg‘anib.

Toza so‘z aytmoqqa ochgaysen dahon,
Ergashib, bir tiyra so‘z kelgay hamon.

Kimgakim so‘zni vahiy etmish Xudo,
So‘zi sofdir, Unga so‘z aytmoq ravo...

Qayd etilgan


Munavvara  22 Mart 2009, 12:46:07

* * *

Ming o‘qi, gar yetmasa Haqdin karam,
Xotirangda qolmagay bir nuqta ham.

Haqqa xizmat qil, kitobsiz ham ajab,
Yenglaringdin sochilur ilmu adab.

Qo‘yniga qo‘l soldi Muso, topdi nur,
Ko‘kdagi oydan-da porloq erdi ul.

Izlamishding nurni osmondin magar,
Ey Muso, qo‘yningda ermishdir o‘shal.

Boshing uzra necha osmon bahsidir,
Aslida aqli basharshshg aksidir...

* * *

Aqlu hush yurmas umidsiz yo‘lga hech,
Ishq esa yurgay u yo‘ldin erta-kech.

Louboli-ishq emishdirkim, naql,
Qayga borsa, foydasin izlar aql.

Lek balolar ichra ishqning boshidir,
Boshida doim tegirmon toshidir.

Ortga boqmas, olg‘a bosgaydir mudom,
Bahrajo‘ylikdin yiroq ermish tamom.

Boru yo‘g‘in o‘rtaga tashlar o‘shal,
Neki olmish, qaytarib bergay tugal.

Bu sifatni ishqqa bermishdir ulug‘,
Olganin ul Haqqa qaytargay to‘liq...

Qayd etilgan


Munavvara  22 Mart 2009, 12:46:25

* * *

Benavomen, davlatim bergil menga,
Ranj ko‘rdim, rohatim bergil menga.

Bo‘yla ko‘z yoshlarga g‘arq etding meni,
Eshiging ko‘rmoqqa endi ko‘z qani?

Ber bu so‘zsiz bandaga yoshdin ulush,
Sabzalar unsin o‘shal yaylovda xush.

Ko‘zlarimda bitsa yosh bardoshidin,
Ko‘zlarimga ber Nabiy ko‘z yoshidin.

Qancha izzatmandi, behamto, suyuk,
Tangridin ko‘z yoshi so‘rdi ul buyuk.

Yig‘lamasmu bo‘ylakim kelganda kez,
Men kabi bir benavoyu kosales?

Ulki ko‘z yoshlarga chun maftun erur,
Ne ajab, ashkim agar Jayhun erur.

Qatrasi ul necha Jayhundin ziyod,
Insu jinslar topdilar andin najot.

Yomg‘ir istar ersa jannat gulshani,
Istamasmu sho‘rlagan tuproq ani?

Ey rafiq, etgil duoyi nolishing,
Ul qabul bo‘lgaymu, bo‘lmas, ne ishing?

Nonni deb gar ko‘zlaringda bitsa suv,
Sen o‘shal nondin hamono qo‘lni yuv.

O’zni mavzun ayla, epchil, nolakor,
Ko‘zlaring yoshiga ul noningni qor...

Qayd etilgan