HIKMATLAR. Jaloliddin Rumiy  ( 82668 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 20 B


Munavvara  19 Mart 2009, 18:24:22

Soch o‘zing to‘rtinchi daftar uzra nur,
Oftob to‘rtinchi osmondin kelur.

Soch o‘zing to‘rtinchiga xurshidvor,
Porlasin shahri chamanlar, bu diyor.

Kim buni afsun desa, afsona ul,
Kim haqiqatdir, desa, mardona ul.

Mavji Nil qibtiyga suvmas, xun edi,
Lek Muso qavmiga ul to‘lqin edi.

Bu suxanga kim yomon solgay nazar,
Maskan o‘lgaydir anga qa’ri saqar.

Ey Ziyovulhaq, chu ko‘rding holini,
Haq ayon etdi uning ahvolini.

G’aybni ko‘rgan ko‘zlaring nam bo‘lmasin,
Bu jahonda toleing kam bo‘lmasin.

Mardga yuzlan, ayla nokaslarni tark,
Qissaning poyoniga yetmoq kerak.

Ul hikoyat unda etmishdi davom,
Aylagil to‘rtinchi daftarda tamom...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 18:24:38

* * *

Dahr aro mutlaq yomonlik yuq, inon,
Ne yomonlik borki, nisbiydir hamon.

Bormu zahrekim shakar, qand bo‘lmagay,
Yo oyoq bormu magar, band bo‘lmagay.

Ul birovga poy, birovga poyband,
Og‘u gar Toshmatga ul, Eshmatga qand.

Zahri mor garchi ilonlarga hayot,
Odamiy joniga ofatdir, mamot.

Maxluqi obiyga daryo misli bog‘,
Maxluqi xokiyga lekin margu dog‘.

Ey rafiq, boqqil jahonga bor-bor,
Buyla nisbatlarni ko‘rgaysen hazor.

Zayd birovlar nazdida shayton erur,
Lek birovlar nazdida sulton erur.

Ul degaykim, mo‘min ichra mo‘mini,
Bul degaykim, kofir ul, o‘ldir uni.

Bitta kimsa chun birovlarga jinon,
Lek birovlarga nuqul ranju ziyon.

Istasang gar senga bo‘lsin ul shakar,
Sen anga oshiq bo‘lib solgin nazar.

O’z qarog‘ing birla ko‘rma xubni sen,
Ko‘r faqat tolib bo‘lib, matlubni sen.

Sen ko‘zingni yum uning oldida, bas,
Ko‘rgali oshiq ko‘zin olgil evaz.

Ko‘zni sen andin evaz ol, ey jigar,
So‘ngra ul siymo sari solgil nazar...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 18:24:55

* * *

Banda ranju g‘am chekib, dod aylagay,
Yuz shikoyat birla faryod aylagay.

Haq degaykim, senga yetgan ranju dard,
Haqqa yuzlantirdi, sen bo‘lding jumard.

Boqma ul ne’matga, rad etgil ani,
Ki aziz ostonadin surgay seni.

Darhaqiqat har aduv darmon senga,
Kimiyovu foydavu ehson senga.

Chunki dushmandin qocharsen doimo,
So‘ngra istarsen base lutfi Xudo.

Do‘stlaringdir asli joning dushmani,
Hazratingdin ayru tutgaylar seni.

Barcha bilgaydir magar bo‘rsiq desa,
Ul semirgaydir magar kaltak yesa.

Ko‘rkamu zebo bo‘lur kaltak bila,
Ziyragu dono bo‘lur kaltak bila.

Nafsi mo‘min ham magar bo‘rsiqdir ul,
Mehnatu zahmat ila komil bo‘lur.

Ul sababdin el aro ranju shikast,
Xammadan ham avliyoga yetdi, bas.

Jonlari jonlardin avlodir magar,
Chunki ko‘p jabru jafolar ko‘rdilar.

Yo‘q dema sen, rozi bo‘lgil, ey falon,
Gar Xudoyim bersa kulfat nogahon.

Do‘st balosi poklagay joningni bot,
Ilmu tadbiringdin ul ustun, ziyod...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 18:25:54

* * *

Shahvati dunyo magar gulxan erur,
Ul sabab hammomi zuhd ravshan erur.

Muttaqiylarga o‘shal o‘tdin safo,
Baski, xammom ichradirlar doimo.

Ag‘niyo gulxanga tashlaydir tezak,
Maqsadi o‘tni balandroq aylamak.

Tangri bermishdir ularga hirsi dun,
Har zamon hammomni qizdirmoq uchun.

Hirsingiz o‘tdir jahonda, ey falon,
Har o‘ti ochgay jahonga yuz dahon.

Ulki der, men molu davlat to‘pladim,
Desa bo‘lg‘ay, muncha axlat to‘pladim.

Oftob ko‘kdin olovlar purkagay,
Har ne axlatni olovga burkagay...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 18:26:10

* * *

Ahli mo‘min ayru, iymon bittadir,
Jismu tanlar muxtalif, jon bittadir.

Fahmu jon hayvonda ham bordir necha,
Odamiyning aqlu joni o‘zgacha.

Odamiylar jonikim bundoq erur,
O’zgadir sohib nafaslar joni ul.

Joni hayvoniyda bo‘lmas ittihod,
Izlama yel ruhidin sabru sabot.

Ul tanovul aylasa, bul to‘ymagay,
Unga yuk ort, bunga og‘ir kelmagay.

Balki shod bo‘lgay, sevingay o‘lsa ul,
Lek hasad etgay, muzaffar bo‘lsa ul...

O’zni soliklarga hamroh aylagil,
Ruhi qudsiylarga ruhni boylagil.

Yuz chirog‘ing yonsa, so‘nsa, sir emas,
Ayrudirlarkim,yagona,bir emas.

Ul sababdin jang qilurmiz doimo,
O’zaro jang aylamishmu anbiyo?

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 18:26:25

* * *

Haq demish: jannatda devor borki, bas,
Boshqa devorlar kabi jonsiz emas.

Tan binoying ersa ogoh xonasi,
Bo‘lgay ul xonang - shahanshoh xonasi.

Ul og‘ochu mevayu obi zilol,
Jannat ichra so‘z qotib, so‘ylar maqol.

Demakim, asbobu olat tiklamish,
Ravzani a’molu niyat tiklamish.

Bul bino gar obu gildan, murdadir,
Ul bino toatdin ermish, zindadir.

Bul binoning asli -qing‘irlik, xalal,
Ul binoning aslida - ilmu amal.

Unda ko‘shku taxt ila toju siyob ,
Chun o‘zi so‘rgay savol, bergay javob.

Gul tushaklarkim to‘shalgaylar mayin,
Xona top-toza, supurgi tegmayin.

Toju taxtning o‘zi sayr etgay base,
Kuylagay eshik va eshik halqasi.

Dil uyida g‘am chu beandozadir,
Tavbadin lekin hamisha tozadir...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 18:27:28

* * *

Atri bo‘lsa, sabza gul bo‘lgay edi,
Ul magar bo‘lganda bul bo‘lgay edi.

Bir tarafda ko‘z esa, bir yonda til,
O’rtada yo‘l bor vale minglarcha yil.

Bo‘lma ma’yus, chun saxiydir osmon,
Istasa, Haqdin yetishgay shul zamon.

Qudrati birlan yetishgay sarbasar,
Koni ma’danlarga anjumdin asar.

Haq tilarsa, soya yemrilgay shu tob,
Soya ne ermish, chiqarkan oftob?

Pok nafasli avliyodardin faqat,
Ko‘kda yulduzlarga ham yetgay madad.

Zohiran gar bizga yulduzlar suyanch,
Botinan arzu samoga biz tayanch...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 18:27:43

* * *

Suvrat ichra olami asg‘ar o‘zing,
Aslida lek olami akbar o‘zing.

Gar og‘ochdin meva tongaydir rivoj,
Meva topmog‘i uchun bordir og‘och.

Gar umidi bo‘lmasaydi meva, bol,
Bog‘bon bog‘ ichra ekmasdi nihol.

Hazrati Odam va jumla anbiyo
Bayrog‘im ostidadir, der Mustafo.

Suvrat ichra garchi odamzodamen,
Hazrati Odamga lekin otamen.

Men tufayli sajda etmishdir malak
Yuz ochib Odamga osmonu falak.

Fikri avval topdi oxirda amal,
Xosa fikr erdi magar vasfi azal...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 18:28:01

* * *

Dedi Payg‘ambar: zamona ichra men,
Misli to‘fon ichra suzgan kema men.

Men va ashobim chu Nuhning kemasi,
Kimki qo‘l cho‘zsa, najotin topgusi...

Shayxga hamrohsen, yomonlikdin yiroq,
Kema ichra, beomonlikdin yiroq.

Shayxi jonbaxshing qanoti ostida
Kemada suzmoqdadirsen, osuda.

Mehri birla goh uchirgaydir seni,
Qahri birla goh ko‘chirgaydir seni.

Qahrini mehriga zid deb o‘ylama,
Ikkisi bir narsa, ayru aylama.

Bir zamon bog‘ingni bo‘ston aylagay,
Bir zamon dashtu biyobon aylagay.

Ulki ko‘rdi, o‘zga kymsa ko‘rmadi,
Ko‘ngli poklarga kelur jannat hidi.

Xoli tut ko‘nglingni yor inkoridin,
So‘ngra rayhon uz uning gulzoridin...

Qayd etilgan


Munavvara  19 Mart 2009, 18:28:34

* * *

Haqqa, bas, boshingni indir xam bo‘lib,
Yulduz ermas, Tangriga mahram bo‘lib.

Mahram o‘lsang gar ilohiy sirga sen,
Tunda ham porloq quyoshing ko‘rgasen.

Pok ruhdir bori, o‘zga sharh yuq,
Kechayu kunduzda unga farq yuq.

Kun bo‘lur, gar ko‘kda ul sayron bo‘lur,
Tun tugangay, ko‘kda gar tobon bo‘lur.

Zarra ne ermish, ne ermish oftob?
Oftobing ahli irfon ichra top.

Oftobkim, ko‘k aro raxshonadir,
Unga boqqanlar faqat hayronadir.

Ko‘zlaringga bersa nur Parvardigor,
Ko‘kda oftob ham senga miskinu xor.

Chunki Haq kimyosidin yetdi asar,
Bug‘, tumanlar ko‘kda yulduz bo‘ldilar.

Bir ajib iksirni urdi ul shu tob,
Chikdi zulmatdin yaraqlab oftob.

Buyla san’atkorki aylab bir amal,
Chaqnatib qo‘ydi samo ichra Zuhal.

O’zga yulduzlarki, jon gavharlarin,
Bo‘yla miqyos ichra ko‘rgin, anglagin.

Tindirar hissiy ko‘zingni oftob,
Diydayi Rabboniy o‘zga, izla, top...

Qayd etilgan